Diqqat, BBC – O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini taqiqlash kerakmi yo tartiblash? - video

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekistonda 2025-yil 1 yanvardan onlayn qimor tashkil etishga bo‘lgan taqiq bekor qilinadi. Avvalroq rasmiylar bunday qaror olinishining sababini taqiqlar amalda ish bermayotgani bilan izohlagan edi.
Bir vaqtning o‘zida mahalliy matbuotda onlayn qimor bilan bog‘liq tashvishli xabarlar hamon chiqmoqda. Shu yil may oyida Buxoroda 16 yashar bola o‘zgalar nomiga jami 100 million so‘m miqdorda kredit olib, onlayn qimorga tikib yuborgani xabar qilindi. Avgustda andijonlik ayol onlayn qimorda 15 ming dollar pulini boy berib qo‘ygach, o‘z joniga qasd qilishga urindi. Oktyabr oxirida esa Andijonda 24 yoshli yigit onlayn qimorda yutqazib qo‘ygani ortidan paynet shaxobchasida o‘zini yoqqani shov-shuv bo‘ldi.
O‘zbek mahalliy nashlari saytlarida onlayn qimor, totalizator, bukmeker kabi kalit so‘zlarni kiritsangiz, bunday xabarlardan ko‘plab topasiz. Hatto, bank yo MIB xodimi kabi vakolatli shaxslar o‘ziga ishonib topshirilgan mablag‘ni onlayn qimorga tikib yuborgani haqidagi xabarlar ham o‘zbek jamiyati uchun allaqachon yangilik bo‘lmay qolgan.
Bu qimorda yutqazib o‘z joniga qasd qilayotgan, qarzlarni to‘lash uchun uyini sotayotgan, umuman olganda, qimor deb hayoti barbod bo‘layotgan o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlarning matbuotga chiqayotgan qismi, xolos.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar 2007-yildan buyon taqiqda edi. Hukumat xoh an’anaviy, xoh onlayn bo‘lsin, barcha turdagi qimor o‘yinlariga qat’iy taqiqlar joriy etgan va qimor bilan bog‘liq jinoyatlar uchun kunora hukmlar o‘qilyotgan esada, o‘zbek jamiyatining tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlardan hali hanuz chanqog‘i bosilmagandek.
Yaqin-yaqingacha bu taqiq qaysidir ma’noda o‘z samarasini berib kelyotgan edi.
Garchi bayram tadbirlarida xo‘roz urishtirish yoki ot choptirish kabi an’anaviy o‘yinlar xalq hayotida u yoki bu ko‘rinishda saqlanib qolgan bo‘lsada, ular fuqarolarning shaxsiy hayotlarida o‘tkazadigan ta’sir ko‘lami anchayin past edi.
Biroq, so‘nggi yillarda mamlakatda internetdan foydalanish miqyosi kengayar ekan, boshqa cheklovlar qatori tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni ham nazorat qilish imkonsizga aylandi. Virtual hayot faollashuvi bilan onlayn qimor o‘yinlarining ham favqulodda ommalashuvi kuzatildi.
Bu jabhada qonundan tashqari faoliyat olib boruvchilar soni kengayib, u bilan parallel ravishda firibgarlik ham avj oldi.
Endilikda hukumat qimorni taqiqlash o‘rniga uni tartibga solib, bu kabi o‘yinlar ortidan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayanchli oqibatlarni kamaytirishga harakat qilayotganini aytadi.
Boshida biroz summa beradi. Don sepadi, semirtiradi. 100 ming pulini 500 ming qilib beradi, 1 millionini 10 million. Odam sekin-sekin azartga kirib ketadi.
O‘zbekistonda qimorga ruxsat beriladi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha cheklovlar mamlakatdan 1 mlrd dollargacha bo‘lgan valyutaning noqonuniy chiqib ketishiga olib kelgan. Joriy yiling 19 aprelida imzolangan “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni kuchga kirgach esa davlat byudjetiga har yili 6 mln dollar foyda olib kelishi ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvaridan boshlab tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Qonun ijrosiga ma’sul Istiqbolli loyihalar milliy agentligining qayd etishicha, mazkur choralar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish, hamda mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.
“Milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyati va ularni monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.
Mazkur faoliyatni asosan internet orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi, ya’ni kazino yoki shunga o‘xshash offlayn o‘yinlarni tashkil etish nazarda tutilmagan.
Ijtimoiy mulohazalar
Qonun loyihasi aholining aksar qismi tomonidan juda yaxshi kutib olindi. Onlayn muhokamalarda ham bu borada iliq izohlarni va amaliyotni qo‘llab-quvvatlovchi fikrlarni odatdagidan ko‘ra ko‘proq uchratish mumkin.
Xususan, teleboshlovchi Davron Fayziev ham asosan sport ishqibozlari orasida ommalashgan onlayn qimor dasturlari xususida so‘z yuritar ekan, ushbu qonun loyihasini ma’qullashini bildira turib, onlayn qimor o‘yinlarini qat’iy taqiqlash shu vaqtgacha hech qanday foyda olib kelmaganini, aksincha, bu orqali yutqazib kelinganini ta’kidlab o‘tgan.
Biznes advokat Bektosh Xatamov esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagicha izoh qoldirgan:
“Zamonaviy dunyoda qimor o‘ynash uchun joyning va ruxsatning umuman keragi bo‘lmay qoldi, chunki bundan buyog‘iga internet qimorxonalar kuchayib boraveradi. Bu poygadek gap, xuddi futboldagi sen urmasang, senga urishadi. Hozir ham onlayn qimorlarga o‘zbekistonliklar tomonidan milliardlab pullar tikilmoqda, bu pullar chetga chiqib ketmoqda, bu pullardan faqat o‘zbekistonliklarga hech qanday foyda yo‘q, soliqlar to‘lanmaydi, lekin milliardlab pullar o‘zbekistonliklar sabab chetga chiqib ketmoqda.”
Garchi qonun loyihasi yuqorida sanalgan sabablar bilan o‘zini dastaklasada, hamma ham uning ijrosini ochiq yuz bilan qarshi olganicha yo‘q. Ba’zilar amaliyot ko‘zda tutuvchi ijro shartlari qimor o‘ynovchilarga noqulayliklar tug‘dirishini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqalar vaziyatga diniy tus berdi.

Surat manbasi, Getty Images
“Qimor to‘g‘risida yaqinda kuchga kiradigan qonunni bekor qilish kerak. Menimcha, butun xalq buni talab qiladi. Hukumat xalq talabini inobatga olsin!” deya post qoldirgandi diniy qatlam orasida mashhur bloger Mubashshir Ahmad o‘zining Telegram sahifasida.
“Bir tanish manzarani aytaymi? Viloyatlarimizda biron to‘y bo‘lsa, ayniqsa vodiyda, qo‘shnining uyi qimorxonaga aylanadi... Bizning, sizning jigarlarimiz ham uning qurboniga aylanishi mumkin, agar biz loqayd bo‘lsak,” deyiladi shuningdek, xabarga ilova qilingan videoda omma orasida an’anaga aylanib ulgurgan ba’zi qimor o‘yinlariga ishora qilinib.
Diniy qatlam qimorga ruxsat berish tartibsizliklarni bartaraf etish o‘rniga mavjud muammolarni yanada ko‘paytirishi mumkinligidan xavotir bildiradi. Ularga ko‘ra, qimorning har qanday shakli har qanday sabablar bilan bo‘lmasin, taqiqlanishi kerak.
Qimorbozlik oqibatlaridan ogohlantirib, qimorni taqiqlashni targ‘ib qilib keladigan bloger Dima Qayumning VVSga aytishicha, har qanday holda ham, qimorning oxiri voy.
“Boshida biroz summa beradi. Don sepadi, semirtiradi. Masalan, 100 ming pulini 500 ming qilib beradi, yoki 1 million pulini 10 million qilib beradi. Oxirida odam sekin-sekin azartga kirib ketadi. Boy bergan 10 million pulini qaytib olish uchun yana o‘ynaydi, yo‘qotishi 20 million, 50 million bo‘ladi. Bu o‘yinning oxiri – 2 metr arqon-da.”
U taqiqqa chaqirsa ham, hozirgi zamonda bu o‘ta qiyin ekanini tan oladi.
“To‘ylarda 100 so‘m-100 so‘mdan karta o‘ynashardi. Uni taqiqlashdi - mana onlayn o‘yinlar chiqdi. Xashaklarni taqiqlashdi – sintetik tabletkalar chiqdi. Bu azartni to‘xtatib bo‘lmaydi. O‘ynayman degan odam, uyi qolmasa ham, mashinasi qolmasa ham, baribir o‘ynaydi. Hech narsasi qolmagach, attang qilishi mumkin, lekin unda kech bo‘ladi. Shu sabab, o‘zini osyapti, o‘zini yoqvoryapti.”
Mahalliy faollar mavzu yuzasidan ikki qutbga bo‘linar ekan, kelgusi yil boshidan amalga ko‘chadigan qimor o‘yinlariga ruxsat berish bo‘yicha qonun loyihasi aslida qanday amaliyotlarni o‘z ichiga oladi, degan savol tug‘iladi.
Xo‘sh, u mavjud tartibsizliklarning oldini oladimi yoki O‘zbekistonni qimor shahriga aylantiradimi?
Qonun loyihasi qanday ishlaydi?
Qonun hujjatiga ko‘ra, endi 1X va shu kabi aholi orasida ommalashgan tashkilotchi kompaniyalar faqat litsenziya asosida faoliyat olib borishlari mumkin. Ushbu litsenziyalar esa qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladi.
Agentlikning har bir tashkilotchi yuzasidan tadqiqot o‘tkazishi va o‘rganishlardan keyingina litsentsiyani tasdiqlashni ko‘rib chiquvchi ishlash usuli jinoiy tarixga ega bo‘lgan kompaniyalarning mamlakat bozoriga kirishiga to‘sqinlik qilishiga umid bog‘lanadi.
Jumladan, agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tashkilotchilarning qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funktsiyalarini ham amalga oshiradi. Bu esa o‘z-o‘zidan tashkilotchilarga o‘yin tashkillashtirishda mutlaqo erkinlik berilmasligini anglatadi.
Shuningdek, qimor o‘yinlarida faqatgina 18 yoshdan katta fuqarolargina ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, har bir ishtirokchidan shaxsiy pasportlari bilan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Ba’zi mutaxassislarning fikricha, ayni shu amaliyot ko‘pchilikning o‘yinlardan tiyilishiga olib keladi.
Fuqarolar bir oy davomida o‘yinga tikishlari mumkin bo‘lgan mablag‘ning eng yuqori miqdori ham belgilab beriladi.
“Farmonga asosan, mazkur faoliyatni asosan internet orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi, ya’ni kazino yoki shunga o‘xshash offlayn o‘yinlarni tashkil etish nazarda tutilmagan”, - deb aytdi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Nodirjon Jo‘raev.
Farmonning amalga oshirilishi mazkur faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratib, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni nazarda tutadi.
Biroq, amaliyot fuqarolarning shaxsiy turmush tarzida qanday aks-sado berishi hanuz savol ostida qolaveradi.
Qimor inson hayotini qanday o‘zgartiradi?

Surat manbasi, PA Media
Ushbu o‘yinlarning oqibatlari mamlakatning umum manfaatlaridan ko‘ra, eng avvalo, odamlarning individual moliyaviy sharoitida, ruhiy salomatligida va insonlar o‘rtasidagi munosabatlarida tezroq namoyon bo‘ladi. Bu kabi holatlarda qonunga qanchalik amal qilinishi yoki qilinmasligi deyarli ahamiyat kasb etmaydi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, totalizatorlarga kirish insonni pulga bog‘lab qo‘yadi. Odatda katta umidlar bilan o‘yinni boshlovchilar uni tez-tez mag‘lubiyat bilan yakunlaydi. Bu iqtisodiy motiv bilan qayta-qayta o‘ynovchilarning yanada qarzga botishiga olib keladi. Firibgarlik, tovlamachilik va jinoyatchilik o‘z-o‘zidan kengayadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sodir etiladigan jinoyatlarning 60 foizdan ortig‘i qimorbozlikka aloqador hodisalar sababidan yuzaga keladi.
Davomli o‘yinlar nafaqat insonning shaxsiy moddiy ahvolini yomonlashtirishi, balki uning oilasi va yaqinlarining hayotiga ham bevosita ta’sir qilishi mumkin. Bunday qarzlar tufayli ko‘pchilik moliyaviy qiyinchiliklarga duch keladi. G‘oliblik uchun kurashish esa o‘yinga qaramlikni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, qimor o‘yinlari odat tusiga aylanishi mumkin. Bu holat insonning hayotida jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirib, uning kundalik vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qiladi.
Butun fikru yodi o‘yin bilan band inson nafaqat qimordagi yo‘qotishlardan aziyat chekadi, balki u oila, ish va ijtimoiy munosabatlar kabi masalalarda ham oqsashni boshlashi mumkin.
Qimor o‘yinlariga qaramlik ko‘plab davlatlarda allaqachon ruhiy kasallik sifatida tasniflangan bo‘lib, ludomaniya deb ataladi. Amerika Psixiatriya Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh katta yoshli aholisining o‘rtacha 2-3 foizi ayni shundan aziyat chekadi.
Qimor o‘yinlarining ramziy timsoliga aylanib ulgurgan Las-Vegasda esa bu anchayin ommalashgan bo‘lib, 4-6 million amerikaliklar qimorbozlik va uning oqibatlari bilan kurashib keladi. Milliy miqyosdagi bankrot vaziyatlarning 15-20 foizi ham ayni qimorbozlikka ruju qo‘yilishidan kelib chiqishi ta’kidlanadi.
Finlandiyada garchi barcha qimor o‘yinlari davlat tasarrufidagi Veikkaus kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, hukumat tomonidan bir qator cheklovchi chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan esada, mamlakat aholisining 3 foizdan ortig‘iga qimorga qaramlik bo‘yicha tashxis qo‘yilgan.
Markaziy Osiyoda qimor
Qimor o‘yinlariga taqiqlar qo‘yilmagan yoki mavjud cheklovlar qaysidir ma’noda yumshatilgan boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham bu vaziyat unchalik begona emas. Jumladan, Qozog‘istonda bu eng og‘riqli mavzulardan biri hisoblanadi.
Yillik aylanmasi 2,2 mlrd dollardan oshuvchi qimor o‘yinlari Qozog‘istonda taxminan bir millionga yaqin o‘yinchilarni qamrab oladi. Ularning asosiy qismi esa yoshlar va maktab o‘quvchilariga to‘g‘ri keladi.
Fuqarolarda tovlamachilik va jinoyatga rag‘batni oshiruvchi bu o‘yinlardan, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy ishlarning 20 foizi yoki 31 mingtasi kelib chiqadi.
Qo‘shni Qirg‘iziston esa bu borada anchayin farqli yo‘lni tanlagan. Prezident Sadir Japarov 2022 yilda mamlakatda qimor o‘yinlarini tashkil etishga ruxsat beruvchi qonunni imzolgan esada, faqatgina xorijiy fuqarolar ushbu o‘yinlarda ishtirok etishlari mumkinligi belgilab berilgan.
Sadir Japarov qonun ijrosi haqida so‘z yuritar ekan, bu sohadagi taqiqlar mamlakat iqtisodiga yiliga 7 million dollarga yaqin zarar keltirish bilan birga taxminan 600 ming qirg‘izistonlikning ishsiz qolishiga ham olib kelganligini urg‘ulagan edi.
Biroq, keyinchalik xorijiy davlatlar fuqaroligini olib, o‘yinlarda qatnashishni boshlagan qirg‘izistonliklar sonining oshib borgani jiddiy xavotirlarni yaratgan edi.
Tojikiston va Turkmanistonda esa qimor va unga aloqador barcha turdagi o‘yinlar qat’iy taqiqlangan.












