Rossiya tojikistonliklarni kiritmayapti, AQSh Afg‘onistonga oziq-ovqat ko‘magini to‘xtatib qo‘ydi va Mirziyoyev dunyo iqtisodiyotidagi vaziyatning O‘zbekistonga ta’siri haqida gapirdi – dayjest

O'qilish vaqti: 3 daq

Kunning eng muhim va dolzarb xabarlaridan dayjestimiz orqali boxabar bo‘ling.

chegara

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Illyustrativ surat

500 nafardan ziyod Tojikiston fuqarolari Qozog‘iston-Rossiya chegarasida turib qolgani xabar qilinmoqda.

Xabarlarda Rossiya chegarachilari ularni mamlakatga kiritmayotgani aytiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu insonlarning bir qismi shaxsiy avtomashinalarda Tojikistondan Rossiya tomon yo‘lga chiqqan. Qolgan qismi esa mamlakatda bo‘lish huquqini qonuniy jihatdan uzaytirish maqsadida Qozog‘istonga o‘tgan, ammo rossiyalik chegarachilar ularning ortga qaytishiga ruxsat bermagan.

Ozodlik radiosining tojik xizmati chegarada turib qolgan insonlardan kelgan videolarni e’lon qilgan.

Videolarda gapirganlar chegara o‘tish punktida 200 ga yaqin avtomobil yig‘ilib qolgani, Rossiya chegarachilari aynan Tojikiston fuqarolarining chegaradan o‘tishiga ruxsat bermayotgani va buning sababini izohlamayotganini ma’lum qilgan.

"Ba’zi yigitlar bu yerda bir haftadan beri turibdi. 200 mashina yig‘ilib qolgan. Qaranglar, qanaqa ahvoldamiz! O‘zbeklar o‘tdi, qirg‘izlar o‘tdi, chunki ularning elchixonalarda tanishlari bor. Bizda hech kim yo‘q", deydi videolardan birida vaziyatga Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi loqaydligi sabab bo‘layotganini da’vo qilgan erkak.

Rossiya tomoni holatga hozircha izoh bermagan.

O‘tgan yil Moskvadagi "Krokus" kontsert zalida terrorchilik akti sodir bo‘lishi ortidan Rossiyada tojikistonlik migrantlarga nisbatan munosabat keskin yomonlashgan edi.

2024 yil davomida Rossiya aeroportlarida tojikistonliklar qattiq tekshirilayotgani va, hatto, hujjatlarida muammo bo‘lmaganlar ham mamlakatga kiritilmagani to‘g‘risida ko‘plab xabarlar chiqqan.

"Investitsiyalar kamaydi"

prezident

Surat manbasi, Official

Prezident Shavkat Mirziyoyev oxirgi kunlarda dunyo iqtisodiyotida kuzatilayotgan xavotirli vaziyatning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siri haqida gapirgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp qariyb butun dunyo davlatlariga qarshi savdo urushi ochishi ortidan investorlar xalqaro moliya bozorlaridan trillionlab dollar pulni olib chiqib ketgan edi.

Prezident Mirziyoyevning ta’kidlashicha, "bu tebranishlar O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi".

"Axir, bu mablag‘larni bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!", degan u.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilning birinchi choragida mamlakatga $8,6 milliard investitsiya kirib kelgan.

Shu bilan birga, 2024 yilda ayrim mamlakatlardan investitsiyalar kamaygani va bu yilda qator yetakchi davlatlar investorlari bilan loyihalar qilinmagani ham qayd etilgan.

Prezident Mirziyoyev investitsiyalar bilan bog‘liq holatda mas’ul rahbarlarning o‘z "dunyoqarashini haligacha o‘zgartirmagani"ni sabab qilib ko‘rsatgan.

"Pul tikaman degan tayyor investorlarni masalasini tez-tez hal qilish o‘rniga, ko‘p rahbarlar byurokratiya qilgani uchun, sarmoyadorlar ketib qolayapti", e’tiroz bildirgan u o‘z raisligida o‘tgan yig‘ilishda.

Elektr o‘g‘irlanganga 10 yil

elektr

Surat manbasi, AFP

Tojikiston elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish jinoyatga tenglashtirildi.

Bu borada mamlakat Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

Endilikda, o‘ta katta miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy miqdorda foydalanganlikda ayblangan tojikistonliklar 10 yilga qadar ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mos ravishda, bunday amal uchun jarimalar miqdori ham sezilarli darajada oshirilgan.

27 mart kuni prezident Emomali Rahmon mamlakatda "elektr energiyasidan nooqilona foydalanish darajasi ortayotgani"dan norozilik bildirgan.

Natijada, Adliya vazirligi zudlikda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va foydalanganlik uchun to‘lov qilmaslikni jinoyatga tenglashtirgan qonun loyihasini ishlab chiqqan, parlament esa uni qisqa vaqt ichida ma’qullab bergan.

Tanqidchilar aholining o‘rtacha daromadi $200 bo‘lgan mamlakat uchun amalga joriy etilayotgan jazolar va jarimalar miqdori yuqori ekanini ta’kidlamoqda.

Tojikiston elektr energiyasi uchun to‘lov miqdorini 1 aprelda 15 foizga oshirgan.

O‘zbekiston ham 2023 yilda energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirgan edi. O‘sha yilda Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar shunday huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini ko‘zda tutadi.

To‘xtatilgan ko‘mak

yordam

Surat manbasi, Getty Images

Amerika Afg‘onistondagi oziq-ovqat ko‘magi ko‘rsatish bo‘yicha bir qancha dasturlar faoliyatini to‘xtatmoqda.

Bu haqda xabar bergan Davlat departamenti so‘zchisi Tammi Bryus shunday qaror olinishiga ko‘rsatilayotgan yordam Tolibon manfaati yo‘lida ishlatilayotgan bo‘lishi mumkinligiga oid xavotirlar sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Bryus xonimning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xavotir uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lib kelgan.

"… Afg‘oniston va Tolibonga taalluqli hisobot oziq-ovqat ko‘magi ko‘rsatish jarayonida kamida $11 million o‘g‘irlangani yoki Tolibonni boyitganini ko‘rsatdi", degan Bryus jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.

Amerikalik mulozim, ayniqsa, naqd pulga asoslangan ayrim dasturlar hisobdorlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab asta-sekin to‘xtatilgani, ammo oziq-ovqat yordami dasturlarining katta qismi hanuz beshikast saqlanib qolganini qo‘shimcha qilgan.