Yangi "neft" yoki Saudiya va BAA sun’iy intellekt yordamida yanada boyiydimi?

Surat manbasi, Khazna
- Author, Samir Hashmi
- Role, Biznes muxbir
- Reporting from, Dubay
- O'qilish vaqti: 5 daq
Donald Tramp joriy yil boshida Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) kelganida, u faqat matbuot sarlavhalariga chiqadigan gaplarnigina emas, balki katta bitimlar, ulkan rejalar va sun’iy intellekt (SI) salohiyatini ham keltirdi.
AQSh prezidentini shohona kutib olish marosimi o‘tkazildi, ammo tashrifning eng muhim voqeasi – BAA va AQSh hamkorligida tashkil etiladigan ulkan SI kampusi haqidagi e’lon bo‘ldi.
AQShdan tashqaridagi eng yirik SI infratuzilma markazi sifatida e’lon qilingan mazkur loyiha Ko‘rfaz davlatlarining global SI xaritasida markaziy o‘rin egallash yo‘lidagi dadil qadami sifatida baholandi.
Trampning tashrifi shuningdek, strategik o‘zgarishlar bilan ham mos keldi – Oq Uy Nvidia kompaniyasining eng kuchli mikrochiplarini BAA va Saudiya Arabistoniga eksport qilishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatdi. Bu qaror AQShning Ko‘rfaz davlatlarini texnologiya bo‘yicha muhim sheriklar sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatdi.
Ko‘rfaz mamlakatlari o‘zining suveren fondlari, qulay geografik joylashuvi va energiyadagi ustunligidan (katta neft zaxiralaridan) foydalanib, o‘zini SI markaziga aylantirishga intilmoqda. Texnologiya esa ularning kelajakda faqat neft daromadlariga bog‘liq bo‘lib qolmaslik strategiyasida asosiy o‘rin tutadi.
Ayniqsa, BAA bu jarayonda peshqadam. Bu harakat markazida ma’lumotlar markazlari turibdi. Abu-Dabi OpenAI va boshqa AQSh kompaniyalari uchun "Stargate" loyihasi doirasida yirik data-markazlar klasterini qurishni e’lon qildi.
Ko‘p milliard dollarlik loyiha BAAda davlatga qarashli texnologiya giganti G42 tomonidan moliyalashtirilmoqda. Nvidia esa eng ilg‘or chiplarini yetkazib beradi. Cisco, Oracle va Yaponiyaning SoftBank kompaniyasi ham G42 bilan hamkorlikda birinchi bosqichni amalga oshirmoqda.
"Qanday qilib Emirates aviakompaniyasi BAAni jahon aviatashish markaziga aylantirgan bo‘lsa, endi BAA SI va ma’lumotlar markaziga aylanishi mumkin," deydi Khazna kompaniyasi bosh direktori Hasan An-Naqbiy.
G42 katta ulushga ega bo‘lgan Khazna BAAdagi eng yirik data-markaz operatori. Kompaniya hozirda mamlakat bo‘ylab 29 ta markazni boshqaradi va Stargate infratuzilmasini qurmoqda.

Surat manbasi, WAM
BAA va Saudiya Arabistoni kuchli SI modellarini o‘qitish uchun zarur bo‘lgan data-markazlarni joylashtirishni ko‘zlayapti. "Hisoblash – yangi neft", deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti katta ilmiy hamkori Muhammad Soliman.
SI sohasida "hisoblash" deganda yuqori darajadagi chiplar va yirik data-markazlar orqali ta’minlanadigan ulkan ishlov berish quvvati nazarda tutiladi – bular Ko‘rfaz davlatlari hozir milliardlab dollar sarmoya kiritayotgan sohalar.
"Infratuzilma – bugungi SI davrining yoqilg‘isi, xuddi sanoat davrida neft qanday ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa," deydi Soliman. Uning aytishicha, o‘tgan asrda Ko‘rfaz neft kompaniyalari global iqtisodiyotni quvvat bilan ta’minlagan bo‘lsa, XXI asrda shu mintaqadagi SI kompaniyalari butun dunyo iqtisodiyoti uchun "hisoblash quvvati"ni taqdim etmoqchi.
So‘nggi yillarda Ko‘rfaz suveren fondlari xorijiy texnologiya gigantlariga milliardlab sarmoya kiritdi, ammo endi ular passiv investorlikdan faol o‘yinchiga aylanmoqda.
Saudiya Arabistonida Davlat investitsiya fondi Humain nomli milliy SI kompaniyasini ishga tushirdi. U kelgusi besh yilda bir necha yuz ming Nvidia chiplari bilan jihozlangan "SI fabrikalari" qurishni rejalashtirmoqda.
BAAda davlatga qarashli Mubadala sarmoya kompaniyasi G42 va MGX'ni qo‘llab-quvvatlamoqda. MGX – Microsoft asosiy texnologiya hamkori bo‘lgan, 100 milliard dollarlik SI yo‘nalishidagi qo‘shma kompaniyadir.
Biroq, yuqori malakali SI mutaxassislarini jalb etish hali ham qiyin. Shu maqsadda BAA xorijiy kompaniyalar va tadqiqotchilarni kam soliq, uzoq muddatli "oltin vizalar" va yengil qonunchilik orqali jalb qilmoqda.

Surat manbasi, Khazna
"Jahon darajasidagi raqamli va SI infratuzilmasini qurish ohanrabodek ta’sir qiladi," deydi BAAdagi SI startapi asoschisi va venchur sarmoyador Bagdad Gerras.
Ayni paytda, mintaqa hali OpenAI, Mistral yoki DeepSeek kabi jahonga tanilgan SI kompaniyasini yaratganicha yo‘q, shuningdek, yuqori darajadagi tadqiqotchi kadrlar zaxirasi ham cheklangan. Gerrasning ta’kidlashicha, BAA aholisi atigi 10 milliondan ortiq bo‘lib, bu katta miqyosli tadqiqot ekotizimini rivojlantirishni qiyinlashtiradi.
Ko‘rfaz davlatlarining SI sohasidagi shijoatli harakati AQSh-Xitoy texnologiya raqobatini sahro o‘lkalariga ham olib keldi.
Trampning tashrifi Vashingtonga mintaqaga oid SI raqobatida kuchli ustunlik berdi, ammo buning o‘z badali ham bo‘ldi. Strategik yo‘nalishdagi o‘zgarish doirasida BAA Xitoy qo‘llab-quvvatlagan ayrim loyihalarni qisqartirdi va Huawei uskunalariga bog‘liqlikni kamaytirdi.
Tramp tashrifi chog‘ida SI bo‘yicha kelishuvlarga katta urg‘u qaratilgani, bu texnologiyaning AQSh diplomatiyasidagi strategik ahamiyati ortib borayotganidan darak beradi.
Tarixan AQSh-Ko‘rfaz munosabatlari "neft-evaziga xavfsizlik" tamoyiliga asoslangan bo‘lsa, hozirda bu format energiya, xavfsizlik va texnologiya yo‘nalishiga siljiy boshladi.
Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Muhammad Solimanning ta’kidlashicha, Tramp tashrifi paytida imzolangan SI kelishuvlari "Ko‘rfazdan ko‘ra ko‘proq Xitoy haqida" edi.

Surat manbasi, Khazna
"Asosan, biz SI sohasida yuksalib kelayotgan va istiqbolli mintaqa – Ko‘rfazni Amerika SI tizimiga, ya’ni 'Team America AI' tarkibiga qo‘shishga harakat qilyapmiz," deydi u.
"AI stack" atamasi chiplar, infratuzilma, modellar va dasturiy ta’minotdan iborat to‘liq sun’iy intellekt zanjirini anglatadi – bu sohaning asosiy qismi hozirda AQSh kompaniyalari tomonidan nazorat qilinadi.
Bagdad Gerrasning aytishicha, Xitoy o‘rniga AQShni tanlash mantiqiy qaror bo‘lgan:
"Hozirgi bosqichda amerikaliklar SI o‘yinida oldinda. Shuning uchun BAA ularga suyangani to‘g‘ri edi," deydi u.
Biroq Reuters xabar qilishicha, ko‘p milliard dollarlik "Stargate" kelishuvi hali ham xavfsizlik bo‘yicha tasdiq kutayapti. AQSh rasmiylari BAAdagi data-markazlarda ehtimoliy xitoylik kadrlar yoki texnologiyalar ishtirokidan xavotirda.

Surat manbasi, .
Shunga qaramay, loyiha amalga oshishi kutilmoqda va AQSh kompaniyalari uni qo‘llab-quvvatlayapti.
AQSh hozirda SI sohasida yetakchi bo‘lib turganiga qaramay, Soliman Xitoyni kamsitmaslikka chaqirdi:
"Ular juda tez kengaymoqda. Ularda allaqachon to‘liq SI tizimi bor. Balki Amerikanikidek qudratli emasdir, lekin arzon. Ko‘p mamlakatlar uchun 'etarlicha yaxshi' – yetarlicha."
Hozircha esa ham AQSh, ham Ko‘rfaz davlatlari hamkorlikdan manfaatdor: AQSh SI va hisoblash sohasida Xitoydan ustunlikka erishish uchun yangi ittifoqchilarga, Ko‘rfaz esa neft daromadlari o‘rnini bosadigan kuchli sherikka ega bo‘ladi.












