Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi. Nimalar muhokama etildi, qanday qarorlar qabul qilindi? Video

Surat manbasi, Prezident.uz
Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammit mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qarorlar bilan yakunlandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qildi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etdi. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston rahbarlari hamda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi vakili qatnashdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Uchrashuv mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, strategik hamkorlikni kengaytirish va global tahdidlarga birgalikda javob berish zarurligini ko‘rsatdi deyilmoqda. Ozarbayjonning qo‘shilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida iqtisodiy va transport aloqalarini kuchaytirish uchun yangi bosqichga chiqishi aytilmoqda.
Nimalar muhokama qilindi?
Muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlar - "Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik kontseptsiyasi" hamda "Tahdidlar katalogi" qabul qilingan. 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan choralar rejasi ishlab chiqilgan. Terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli hamkorlik belgilangan.
Transport va energetika loyihalariga Afg‘onistonni jalb qilish muhim deb topilgan. "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston" temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishlari muhim loyihalar sifatida qayd etilgan.
"Yashil taraqqiyot" kontseptsiyasini qabul qilish, suv tanqisligiga qarshi choralar ko‘rish, 2026–2036 yillarni "Suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi" deb e’lon qilish taklif etilgan. Toshkentda Suv xo‘jaligi bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazini yoshlar uchun jozibador maskanga aylantirish, Ma’naviy meros kongressini muntazam o‘tkazish, BMT Bosh Assambleyasida mintaqa mutafakkirlari merosiga bag‘ishlangan rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan. Ilmiy tadqiqotlar fondini tashkil etish va sun’iy intellektni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Ozarbayjonning o‘rni nimada?

Surat manbasi, Prezident.uz
Janubiy Kavkaz mintaqasida strategik davlat bo‘lgan Ozarbayjon , Markaziy Osiyo bilan tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarga ega. Uning qo‘shilishi ikki mintaqa o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratadi.
Ozarbayjon Transkaspiy yo‘nalishida muhim tranzit davlat. Bu yo‘nalish Markaziy Osiyo mahsulotlarini Yevropaga yetkazishda asosiy koridor hisoblanadi. Sammitda bu imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalasi ko‘tarilgan.
Shuningdek,Ozarbayjon neft-gaz resurslariga boy va energiya eksportida tajribaga ega. Bu Markaziy Osiyo davlatlari bilan energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Ozarbayjonning qo‘shilishi savdo hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va umumiy iqtisodiy makonni shakllantirishda muhim qadam deb hisoblanadi.












