Zangezur kimga yoqmayapti?

Shavkat Mirziyoyev, Ilhom Aliev va Gurbanguli Berdimuhamedov

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston rahbarlari Zangezur yo‘lagini muhokama qildilar
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston rahbarlari Kaspiy dengizi sohilida Zangezur yo‘lagini muhokama qildilar.

Oldingi Krasnovodsk yoki Qizilsuv bandargohi, hozirgi "Ovoza" milliy turistik markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning ilk uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qilishicha, uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Aloqador mavzular

"Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi.

Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.

O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi.

Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.

Bu - o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalaridir", deb xabar qiladi matbuot xizmati.

Zangezur yo‘lagi nima?

Zangezur yo‘lagi

Surat manbasi, .

Sho‘rolar tuzgan xarita bo‘yicha Ozarbayjonning eksklavi Naxichevan Armaniston hududi bilan uzib qo‘yilgan edi.

1988 yilda boshlangan Ozari va Armanilar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar, so‘ng Qorabog‘ urushi tufayli 30 yil mobaynida Turkiyaga chegaradosh Naxichevan Ozarbayjonning asosiy zaminidan uzilib qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston hali 2000 yillari Qorabog‘ni Armaniston ixtiyoriga berish evaziga Zangezur yo‘lagini Ozarbayjonga berishga kelishganlar, ammo bu kelishuv kuchga kirmay qolgan edi.

2023 yili Ozarbayjon Qorabog‘ urushida g‘olib chiqib hudud ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga olganidan keyin Zangezur yo‘lagini barpo etish harakatlari boshlandi.

Eron chegarasi bo‘ylab o‘tadigan, uzunligi 40 kilometrni tashkil etadigan yo‘lakda avtomobil va temir yo‘llarini qurish ko‘zda tutilgan.

Zangezur qurilishi loyihasini boshidan Turkiya qo‘llab-quvvatlab keladi, Naxichevan bilan chegara hududida logistika loyihalariga ham qo‘l urgan.

Shu kunlarda 224 kmlik temir yo‘l qurilishini boshlagani, bu yo‘l Turkiya sharqidagi Karsni Naxichevan bilan bog‘lashi xabar qilindi.

Ayni paytda Ozarbayjonni Eronning Oraz daryosi bo‘ylab Turkiya bilan bog‘laydigan muqobil Oraz yo‘lagi qurilishi ham boshlangan, qurilish ishlari 25 foiz bajarilgan deb ko‘riladi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Eron Zangezur yo‘lagini o‘zining milliy manfaatlariga tahdid deb biladi, yo‘lak qurilishi Eronni Armaniston, janubiy Kavkazdan uzib qo‘yadi, deydi.

Shuningdek, tahlilchilarga ko‘ra, Eronning shimoliy chegaralarida Turkiya va Ozarbayjon mavqe’larining kuchayishi Eron Ozarbayjonida bo‘lginchilik kayfiyatlarining kuchayishiga sabab bo‘ladi, deb xavotirlanadi.

Eron xavotiriga yo‘lak qurilishiga AQSh aralashgani ham sabab bo‘layapti.

Shu yil 8 avgustida Ozarbayjon va Armaniston Vashingtonda Prezident Donald Tramp ishtirokida tinchlik bitimini imzoladilar.

Bu bitimda Zangezur yo‘lagi qurilishi ekslyuziv huquqi AQShga tegishli ekani qayd etildi va "Tramp marshruti" degan nom oldi.

22 avgust kuni Armanistondagi muxolifat nashrlari xabar qilishicha, Yerevanga borgan Rossiya rasmiylari Bosh vazir Pashinyan bilan Zangezur yo‘lagi haqida gaplashganlar, agar Armaniston o‘zi a’zo bo‘lgan Yevrosiyo Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti talabiga ko‘ra, bojxona tekshiruvini yo‘lga qo‘ymasa, yo tashkilotdan chiqib ketishi yoki sanksiyalarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

Ushbu yo‘lak milliardlab dollar daromad keltirishi mukinligi, Yevropaga borayotgan yuk vaqtini 12-15 soat qisqartirishi, Turkiyani Markaziy Osiyo yanada jips bog‘lashi mumkinligi aytiladi.