Isroilning yadro dasturi haqida ma’lumot sizdirgan odam kim? Mordexay Vanunu haqida

Surat manbasi, Reuters
O‘tgan hafta Isroil Eronga qarshi "Qalqayotgan sher operatsiyasi" nomli hujumni boshlagach, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu: "Biz Eronning qurollanish dasturi yuragiga zarba berdik", deb bayonot berdi. Bu so‘zlar Isroilning urushdan maqsadlarini ochiq-oydin ko‘rsatdi.
Eron o‘zining yadro dasturini tinchlik maqsadlarida yuritayotganini ta’kidlab keladi. Ammo Isroil uni yadro qurollari ustida yashirin ishlayotganlikda ayblaydi. O‘z navbatida, Isroilning o‘zi yadro arsenaliga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi – biroq dunyo hamjamiyati keng miqyosda bu davlatda yadro qurollari borligiga ishonadi.
Bu ishonch bir inson nomi bilan bog‘liq: Mordexay Vanunu. U Isroilning yashirin yadro dasturini fosh etib, mamlakatning yadro qudratiga ega davlat sifatida tan olinishiga sabab bo‘lgan. Biroq uning bu qarori unga deyarli 20 yillik erkinlikka tushdi.

Surat manbasi, AFP
Tarixiy fosh etish
1986 yil oktyabrida The Sunday Times gazetasi "Isroilning yadro arsenali fosh etildi" sarlavhasi ostida maqola chop etdi – bu Britaniya jurnalistikasidagi eng muhim fosh etishlardan biri sifatida tan olingan. Manba isroillik yadro texnigi Mordexay Vanunu edi.
Vanunu Negev cho‘lida, Quddusdan 150 km janubda joylashgan Dimona maxfiy yadro tadqiqot markazida ishlagan. Ishdan ketishidan avval u yadro qurollari tayyorlashda foydalaniladigan uskunalar va laboratoriya modellari suratlarini yashirincha olgan.
Gazeta Isroil dunyodagi oltinchi yadro davlatiga aylanganini va taxminan 200 ta atom bombaga ega bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi.
"Kayfiyatimiz tarang, charchagan edik – o‘sha yerda ishlayotganlarning aksariyati hayotida bunday yirik hikoyani yoritmagan edi," deya eslaydi The Sunday Times gazetasining surishtiruvchi jurnalisti Piter Hunam BBC bilan suhbatda.
Ammo aynan The Sunday Times ushbu maqolani chop etgan kuni – 5-oktabrda – ularning asosiy manbasi g‘oyib bo‘ldi.
Xoinmi yoki fosh qiluvchi?

Surat manbasi, Getty Images
Janob Hunam Vanununi birinchi marta o‘sha yil avgust oyida Avstraliyaning Sidney shahrida uchratgan va uning tashqi ko‘rinishi hamda o‘zini tutishidan hayratda qolganini aytadi.
"Vanunu qarshimda paydo bo‘lganida mittigina, ozg‘in, biroz sochlari to‘kila boshlagan, ikkilangan alfozda, oddiygina kiyingan odam edi – u yadro olimi degan tasavvurga hech tushmasdi," deya eslaydi Hunam.
"Biroq u Dimonada ko‘rganlarini dunyoga oshkor etish qarorida qat’iy edi," deb qo‘shimcha qiladi u.
Vanunu 1985 yil oxirida ishdan ketgan va Osiyoga sayohatga otlangandi. Isroilning falastinliklarga nisbatan siyosati hamda yadro qurollari ishlab chiqarayotganidan hafsalasi pir bo‘lgandi. Avval Avstraliyaga, keyin esa Londonga bordi va The Sunday Times jurnalistlariga murojaat qildi.
Bo‘shashidan oldin, u yadro zavodidan ikki rulonlik film tasmasini olib chiqdi – bu tasmalarda radiaktiv moddalarni qurol ishlab chiqarish uchun ajratib olish uskunalari va termoyadro qurilmalarining laboratoriya modellari aks etgan edi.
Bu qaror uni avval Londonga va The Sunday Times'ga olib keldi, so‘ng Rimga ketdi, u yerda Isroil razvedkasi Mossad tomonidan o‘g‘irlandi, Isroilga qaytarildi va uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
"U kamerani tasmasiz holda qanday yashirib olib kirganini, tasmani keyinroq paypog‘iga yashirib olib kirganini va kechasi hamda erta tongda yashirincha suratga olganini hikoya qila boshladi", deydi Hunam.
The Sunday Times tahririyati Hunamga Vanununi Londonga olib kelib, hikoyani chuqurroq tekshirishni tavsiya qildi.
Xavotirlariga qaramay, Vanunu Buyuk Britaniyaga uchishga rozi bo‘ldi. The Sunday Times uni Londondan tashqaridagi sokin bir qishloq mehmonxonasiga joylashtirdi.
Ammo u bezovta bo‘la boshlagach, Londondagi boshqa mehmonxonaga ko‘chirildi. So‘ng kutilmagan voqealar boshlandi.
Hunam eslashicha, "O‘sha hafta oxirida u ko‘chada yurganida bir ayol bilan tanishgan edi. U bilan bir necha bor ko‘rishgan, hatto kinoga ham birga borishgan. Men undan: «Bu ayol chin dildan do‘stlashyaptimi, ishonchingiz komilmi?» deb so‘raganman."
Vanunu Londonda bo‘lib turgan vaqtida Hunam uning xavfsizligidan tobora ko‘proq tashvishga tusha boshladi, undan muntazam xabar olib turdi. U oxirgi suhbatlarini shunday eslaydi:
"U menga: «Men Angliya shimoliga bir necha kunlik safarga ketmoqchiman, hammasi joyida bo‘ladi», dedi. Men unga: «Nima qilishingizdan qat’i nazar, menga kuniga ikki marta qo‘ng‘iroq qiling – xavfsiz ekkaningizni bilib turishim kerak», dedim."
Oradan bir oy o‘tib, Isroil hukumati Vanunu hibsga olinganini e’lon qildi. U klassik "asal tuzog‘i"ga tushib qolgan va hushsiz holda qayiqda Isroilga yashirincha olib ketilgan edi.

Surat manbasi, Reuters
Isroil ichida qamoqqa olib ketilayotgan paytda, Vanunu o‘zining o‘g‘irlab ketilgani tafsilotlarini qo‘lining kaftiga yozib, furgon oynasiga bosib turgan holda jurnalistlarga ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Uning aytishicha, u Londonda kelib chiqishi amerikalik Mossad agenti Sheril Bentov bilan tanishgan, u o‘zini turist sifatida tanishtirgan edi.
30 sentyabrь kuni u bilan Rimga "ta’til"ga yo‘l olgan va u yerda hushsizlantirilib, o‘g‘irlab ketilgan.
1987 yil mart oyida Vanunu xiyonat va josuslikda ayblanib, 18 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu yillarning yarmi bir kishilik kamerada o‘tdi.
"Men dunyoga nima bo‘layotganini aytmoqchi edim... bu xiyonat emas, balki dunyoni ogohlantirish edi, bu Isroil siyosatidan farq qiladi," dedi Vanunu qamoqdagi yozib olingan intervyusida.
U 2004 yil 21 aprelda ozod qilingan, ammo shu paytgacha Isroildan chiqishga ruxsat berilmadi.
Ozodlik shartlarini yoki probatsiya qoidalarini buzganlikda ayblanib, u bir necha bor yana qamoqqa tiqilgan.
2009 yilda yana hibsga olinayotganda Vanunu shunday qichqirdi: "Siz 18 yilda mendan hech narsa ola olmadingiz; uch oyda ham olmaysiz. Uyat senga, Isroil!"

Surat manbasi, Getty Images
Sirli kelishuv
Vanununing fosh qilishiga qadar, Isroilning yadroviy salohiyati haqida hatto uning eng yaqin ittifoqchilari ham ko‘p narsa bilmas edi.
Ehtimolga ko‘ra, Isroil yadroviy dasturini 1948 yilda davlat tashkil topganidan ko‘p o‘tmay boshlagan.
Dushmanlari son jihatdan ko‘p bo‘lgan Isroilning ilk Bosh vaziri David Ben-Gurion yadroviy tiyib turishning ahamiyatini anglagan, biroq beqaror mintaqada bunday qurolga ega bo‘lish orqali do‘st davlatlarni ranjitishni istamagan.
Shuning uchun Isroil Frantsiya bilan yashirin kelishuv tuzib, Dimona yadroviy zavodini barpo qildi. Taxminlarga ko‘ra, bu zavod 1960-yillar boshlarida yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun zarur material tayyorlay boshlagan. Isroil esa uni "to‘qimachilik fabrikasi" deb atagan.
1960-yillarda AQSh inspektorlari bu zavodga bir necha bor kelgan, ammo yerto‘lalar, liftlar va kirish joylari g‘isht bilan berkitilib, suvab tashlangani sababli ular bu joylardan bexabar qolgan.
Hozirda Isroilda taxminan 90 ta yadroviy qurol mavjud bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Qurollarni nazorat qilish va tarqatmaslik markazi (Center for Arms Control and Non-Proliferation).
Shunga qaramay, Isroil yadroviy imkoniyatlari borasida rasman "noaniqlik siyosati"ni saqlab qolmoqda va isroillik yetakchilar ko‘p bor "Isroil Yaqin Sharqda birinchi bo‘lib yadroviy qurolga ega chiqmaydi," degan bayonotni takrorlab kelgan.
1970 yildan buyon 191 ta davlat Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilgan – bu bitim yadroviy qurollar tarqalishi oldini olish va qurolsizlanishni targ‘ib qilishga qaratilgan.
Beshta davlat – AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Xitoy ushbu shartnoma 1967 yil 1 yanvarida kuchga kirishidan oldin yadroviy qurol ishlab chiqargani va sinovdan o‘tkazgani bois, ularga bunday qurollarga egalik qilishga ruxsat berilgan.
Isroil esa bu shartnomani imzolamagan davlatlardan biridir.
Vanunu Isroilda ko‘plar tomonidan xoin sifatida qoralansa-da, 2004 yilda uning ozod etilganini tarafdorlari nishonladi. Uni "tinchlik qahramoni" deb ataganlar ham bo‘ldi.
U ozod bo‘lganidan so‘ng, BBC ga bergan ilk intervyusida "hech qanday afsusim yo‘q," degandi.
"Men qilgan ishim – dunyoga yashirin nimalar bo‘layotganini ko‘rsatish edi. Men kelib, "Isroilni yo‘q qilaylik», yoki «Dimona zavodini vayron qilaylik», demadim. Men shunchaki: mana, ularda nimalari bor – qarang va o‘zingiz xulosa chiqaring, dedim."












