Suriya: Bashar al-Asad mansub bo‘lgan ozchilik – Alaviylar kim?

Asad dastaklovchilari
O'qilish vaqti: 5 daq

Bi-bi-si arxividan – ushbu maqola birinchi marta 27 sentyabr 2013 kuni nashr etilgan va shu kunlarda tahrir qilingan.

Alaviylarning tarixi XVI asr boshlariga borib taqaladi. Aytilishicha, Usmoniylarning eng muhim shaharlaridan bo‘lmish Halabga bir guruh alaviy ulamolar taklif qilingan.

Ular Halabdagi sunniy musulmon rahbarlar bilan muzokaraga kelganlar. Biroq bu qopqon edi. Alaviy ulamolar kishanlarga solinib, boshlaridan judo qilinganlar. Shunday ekan, alaviylar orasidagi ta’qib vasvasasi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

"Jahonning kelgusi qatliomi alaviylarga qarshi bo‘lishi xavfini inkor qilib bo‘lmaydi," - deydi Piter Galbreyt. U AQSh kongressiga Suriya borasida maslahatlar beradi. Uning aytishicha, eski qo‘rquvlar bugungi zamonga ham taalluqli.

"Bugungi vaziyatning mohiyati shuki, ko‘pchilikning ko‘ziga bu guruh nafrat uyg‘otadigan rejimga bog‘liqlikda ko‘riladi, bu rejimning qo‘li qonga belangan. Islomiy va an’anador guruhlar alaviylarni kofirlar, hatto yahudiy va nasroniylardan ham yomon, Xudodan qaytgan guruh deya, ularni faqat o‘limga loyiq deb ko‘radi. Shunday ekan, alaviylarning qirilish xavfi mavjud," - deydi u.

Xavf mavjudligi ayon. Lekin, avvalo, alaviylar kim o‘zi? Ular madaniy guruhmi, yoki etnik yo diniy? Alaviylar o‘zlarini musulmon hisoblashadi, yanada aniqroq aytsak, ular o‘zlarini shia musulmon deb bilishadi. Lekin, ular, masalan, o‘zlarining Eronlik ittifoqchilaridan farq qiladi.

Alaviylarning dini g‘ayrioddiy jihatlarga ega. Alaviylar odatda masjidda ibodat qilmaydilar, ayollari esa hijob o‘ramaydilar. Ularning e’tiqodini tasvirlovchi yashirin, muqaddas kitoblari shayxlar qo‘llari ostida saqlanadi.

Ular reinkarnatsiya, ya’ni insonning qayta hayotga qaytishiga ishonadilar.

An’anaviy musulmonlar uchun bu jihatlar shu qadar nomaqbulki, ular Islomda alaviylarga umuman joy yo‘q deb bilishadi. Oklaxoma universiteti professori Joshua Landis Suriya bo‘yicha G‘arbdagi eng ahamiyatli mutaxassislardan biri. O‘zi ham alaviy ayolga uylangan professor butun umrini Suriyani tadqiq qilishga bag‘ishlagan.

Suriyadagi Asad rejimiga qarshi chiqqan qurollilar. 2013 yil

Surat manbasi, Reuters

"Amerikada cherkov va davlat ayri hisoblanadi va qaysi din haqida qanday fikrda bo‘lishingizga qaramay, qonun qarshisida hamma teng. Lekin, Suriyada ahvol boshqa. Musulmon emas ekansiz, jamiyatda sizga o‘rin yo‘q. "

Boshqa din vakili alaviylikka qabul qilinishi mumkinmi?

"Yo‘q, qabul qilinmaydi. Bu yopiq din. Hatto alaviy oilasida tug‘ilgan odamlar ham rasmiy tarzda alaviy diniga qabul qilinishlari kerak. Bu maxfiy din. Shayxlar qo‘lida saqlanadigan yashirin kitobni o‘qishni istagan istagan 15 yoshli erkak o‘smir maxsus sinov va marosimlardan o‘tadi. Lekin odatda ular uchta dars olib, oxirigacha qolishmaydi. Shuning uchun ham alaviylar orasida o‘z dinini chuqur o‘rgangan odamlar juda kam," - deydi u.

Erkakning jazosi

Alaviy ayollarining o‘z dini haqidagi bilimi undanda sayoz. Ular o‘z sunniy qo‘shnilaridan ko‘ra, ko‘proq ijtimoiy erkinliklardan bahramand bo‘lsalar ham chegaralar bor.

Nadiya Nasif muxolifatchi faol.

"Faqat alaviy erkaklarga din haqida ta’lim olishga ruxsat beriladi. Umuman olganda, alaviy oilalar va alaviy erkaklar ayollarga yaxshi munosabat qilishadi, lekin diniga chuqurroq nazar tashlasangiz, ayollarga ikkinchi darajali insonlar deb qaralishi ayon bo‘ladi. Misol keltiray. Alaviylar insonning qayta hayotga qaytishiga ishonadilar. Ularga ko‘ra, agar erkak o‘z umri davomida gunoh qilsa, kelgusi hayotda ayol bo‘lib yerga qaytadi. Ya’ni, bu Xudo bergan jazo bo‘ladi."

Agar ayol kishi ko‘p savob qilsa, gunohsiz yashasa, erkak bo‘lib qaytadimi?

"Yo‘q, hech qachon. Chunki ayol erkakdan past hisoblanadi va hech qachon yuqori darajaga ko‘tarilmaydi," - deydi u.

Bu juda qiziq. Dinda alaviy ayollar past ko‘riladi deyapsiz, lekin kundalik hayotda alaviy ayollar Suriyadagi sunniy musulmon ayollardan ko‘ra ko‘proq huquqlar va imkoniyatlarga egalar.

"Ha, men bu fikrga qo‘shilaman. Lekin, ustki qatlamni qirtishlab ko‘rsangiz, eski an’analarni topasiz. Ular siz o‘ylaganchalik ochiq tabiatli emas. Ayollarning erkinligi esa iqtisodga bog‘liq. Chunki alaviy tog‘larida qashshoqlik ko‘p, shuning uchun ayollar tahsil olib, ish topishlari muhim sanaladi."

Alaviylar o‘zlarini dunyoviy va nisbatan liberal deb bilishadi. Ular orasida spirtli ichimlik ichish odatiy hol. Ta’kidlash joizki, ko‘p hollarda alaviylar va sunniylar yonma-yon, tinch yashab kelganlar. Lekin yonma-yon degani, birga yashash degani emas.

Ikki guruhning farqlari saqlanib, himoya qilinib kelingan. Suriyada alaviylar aholining 12 foizini tashkil qiladi. Lekin o‘tgan 50 yil ichida ular siyosiy tizimni nazorat qilib kelishdi.

Fatvo

Bugun nimalar bo‘layotganini anglab yetish uchun, bir necha asrlik tarixga yuzlanish lozim. Alaviylar o‘zlarini taniganidan beri ta’qib ostida bo‘lishgan. Ular bugungi Livan va Turkiya janubi o‘rtasida, O‘rta Yer dengizi qirg‘og‘idagi unumsiz yerlarda boshpana topib, qudratli sunniy musulmonlar ko‘zidan yiroq yurishga uringanlar.

Sunniylar fikrida, asrlar avval sotqin alaviylar Quddusga bostirib kelgan salbchilarga yordam berganlar. 14-asrda yashagan ulamo Ibn Taymir fatvosida bunday yozilgan. Darvoqe, u qo‘llagan "nusayrilar" so‘zi bugunda so‘kinish hisoblanadi.

"Nusayrilar yahudiy va nasroniylardan ham ko‘ra yomon kofir hisoblanadi. Ular Muhammadga turklar va salblardan ham ko‘ra ko‘proq shikast yetkazganlar. Shariatga binoan ularni jazolash har bir musulmonning burchi va savob ishdir."

Suratda sobiq Suriya prezidenti Hofiz al-Asad rafiqasi Anissa farzandlari bilan (chapdan o‘ngga) Mohir, Bashar, Bassil (1994 yilda avtohalokatda o‘lgan), Majid va Bushra.

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Suratda sobiq Suriya prezidenti Hofiz al-Asad rafiqasi Anissa farzandlari bilan (chapdan o‘ngga) Mohir, Bashar, Bassil (1994 yilda avtohalokatda o‘lgan), Majid va Bushra.

Bu fatvo ortidan qirg‘in boshlandi, xususan Halabda alaviy ulamolar yoppasiga boshlari tanasidan judo qilindi. Xo‘sh, alaviylar qanday qilib ta’qib ostidagi ozchilikdan Suriyaning eng qudratli hukmdorlariga aylandilar?

12-asrda ularga omad kulib boqa boshladi. Birinchi Jahon urushidan keyin bugun Livan va Suriya hisoblangan yerlar Usmoniylardan ozod bo‘lib, yangi mustamlakachi qo‘liga tushdi.

Mustamlakachilar strategiyasi

Parijning Levant siyosati o‘ta radikal va murakkab edi. Frantsiya beshta alohida davlatni yaratdi. Ulardan biri Alaviylar davlati edi. U qisqa muddat ichida hatto o‘z bayrog‘iga ega bo‘lib, rivojlana boshladi.

Britaniya va Frantsiya 1918 yilda Yaqin Sharqning xaritasini qayta chizdilar. Mustamlakachilar ko‘pchilikka qarshi aynan ozchiliklarga ko‘p qudrat berdilar, chunki bu ularning imperialist ta’siri saqlanib qolishiga yordam berardi.

Suriyaning 1946 yilda mustaqillikka erishishi Alaviylarning istiqloliga yakun yasadi. Biroq ayni damda u alaviylar uchun imkoniyatlarni yaratdi. Ular qashshoq alaviy tog‘larini tark etib, barqaror maoshli Suriya armiyasiga yollandilar.

Avvaliga Suriya armiyasining pastki tabaqasida bo‘lgan Alaviylar 1955 yilga kelib, askarlarning 65 foizini tashkil qilishdi. Armiyani egallab olish bilan ular davlatni ham egallashdi.

1970 yilda Alaviy zobit Hofiz Asad davlat boshiga kelib, Asad sulolasiga asos soldi. Zaif tabaqa endi hukmron tabaqaga aylandi. Hofiz Asadning boshqaruv usuli o‘ta oqilona usul edi. U druzlar va nasroniylar kabi boshqa ozchiliklarga yuzlanib, "Men bilan bo‘lsalaring, Sunniylar senlarga tahdid qila olmaydi" deb ishontirdi.

Kimyoviy hujum joyini tekshirayotgan xalqaro tashkilot vakili

Surat manbasi, AP

Surat tagso‘zi, Damashq tashqarisida amalga oshirilgan kimyoviy hujumda yuzlab odamlar halok bo‘lishi ortidan Suriya hukumatiga xalqaro bosim ortdi

O‘z navbatida u Sunniylarga iqtisodiy erkinlik berib, evaziga ularning sadoqatiga erishdi.

Hofiz al Asadning o‘g‘li, sobiq prezident Bashar al Assadning sunniy ayolga uylanishi ham ana shu taktikaning isboti deb ko‘riladi.

Mafkuraviy masalaga kelganda esa, Asad alaviylarni ozchilik yo kofirlar emas, balki Suriyaliklar va arablar deya taqdim qildi. U "Sunniylar, bizga adovatingizni yig‘ishtiring, axir bir millat vakillarimiz" degandek edi.

Biroq, Asad oilasi milliy xavfsizlik va ichki ishlar kabi ahamiyatli lavozimlarni faqat alaviylarga bo‘lib berdi. Sunniylarga bo‘lgan ishonchsizlik yo‘qolmadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating