Suriya: muvaqqat hukumat tuzildi

Surat manbasi, Telegram
Suriyada muvaqqat tuzildi, uning ilk majlisiga yangi hukumat va prezident Asad hukumati vakillari qatnashganlar.
"Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi Suriya muvaqqat bosh vaziri lavozimiga Muhammad al-Bashirni tayinladi.
Mutaxassisligi elektrik muhandis bo‘lgan Muhammad al-Bashir urushgacha gazni qayta ishlash zavodlarida ishlagan.
Bungacha u "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi nazoratidagi Idlib viloyatiga rahbar, isyonchilar Suriya shimoli-g‘arbida barpo etgan "Suriyani qutqarish hukumati" bosh vaziri bo‘lgan.
Suriyaning muvaqqat bosh vaziri Muhammad al-Bashir aytishicha, ittifoqchilar unga rahbarlikni 2025 yil martigacha berishgan.
Suriyaliklarning "barqarorlik va osoyishtalikdan rohatlanadigan" vaqti keldi, deb aytdi muvaqqat bosh vazir.
Muxbirlarga ko‘ra, Damashqda hayot tobora normal ko‘rinishga qaytayotgani kuzatiladi.
Asadni ag‘dargan isyonchilar Suriya sharqidagi Dayr az-Zor mintaqasini o‘z nazoratiga olganlar.
U yerdan Kurd jangarilari chiqib ketgan.
Neft konlariga ega Dayr az-Zor yangi Suriya hukumati uchun muhim hudud hisoblanadi.
Ayni paytda Isroil Suriya hududida yanada ko‘p joylarni bombalashni davom ettirgan, oxirgi hujumlarda Suriya hukumatiga tegishli bo‘lgan harbiy dengiz flotini nishonga olgan.
Isroil harbiylari Suriya bilan chegaradagi bufer zonadan ham ichkariroq kirgani ma’lum bo‘ldi.

Surat manbasi, .
Suriya: poytaxt Damashqda 40 dan ortiq inson jasadi topildi

Surat manbasi, Getty Images
"Hay’at Tahrir ash-Shom" rahbariyati poytaxt Damashq shifoxonasida 40 dan ortiq inson jasadini topganini xabar qildi, qiynoqlar uchun ma’sul sobiq prezident Asad hukumatidagi mas’ul rahbarlar haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi.
"Hay’at Tahrir ash-Shom" xabar qilishicha, insonlar tanalarida shafqatsiz qiynoq izlari bo‘lgan.
Endi sobiq Suriya hukumati saqlagan tutqunlarni saqlab turish joylarida tekshirish va topilgan inson jasadlari borasida tergov boshlangan.
"Hay’at Tahrir ash-Shom" rahbari Abu Muhammad al-Jo‘loniy aytishicha, Suriya hukumati armiyasi va xavfsizlik xizmatlaridagi yuqori lavozimli zobitlari "urush jinoyatlari" uchun qidiruvga beriladilar, yaqin orada bu rasmiylarning ismi-shariflari e’lon qilinadi.
Poytaxt Damashqdagi "Sidnaya" qamoqxonasida yashirin qamoq bo‘lmalari topilmagani haqida xabar qildi inson haqlari tashkiloti.
"Sidnaya" butun dunyoda mash’um nom qozongan, xalqaro tashkilotlar bu qamoqxonani "inson qassobxonasi" deb ta’riflagan.
Suriya yirik shaharlari nazoratini qo‘lga kiritgan isyonchilar qamoqxonalardagi barcha tutqunlarni ozod qildilar.
Sobiq prezident Asad rejimi qulaganidan keyingi uch kun davomida Isroil Suriya hududini muntazam bombalab kelayapti.
Suriya Inson huquqlari kuzatuv guruhi xabar qilishicha, Isroil oxirgi kunlarda 310 dan ortiq joyga zarba bergan.
Bu hujumlar nafaqat poytaxt Damashq va atrofi, balki Hama shahri chetidagi nishonlarga berilgan.
Isroil aytishicha, Asad hukumatiga tegishli qurol-yarog‘ omborlarini hujumga tutayapti, maqsad - qurol-yarog‘ ekstremistlar qo‘liga tushishi oldini olish.
Asad rejimi qulagani xabarlari tarqalishi bilan Isroil Suriya bilan chegaradagi Jo‘lon tepaliklari va o‘rtadagi bufer zonaga o‘z qo‘shinlarini kiritdi, buni o‘z xavfsizligini ta’minlash ehtiyoji bilan tushuntirdi.
Orada Isroil qo‘shinlari Suriya ichkarisidagi hududga kirib borganlari haqida xabarlar tarqaldi, biroq Isroil Mudofaa kuchlari bu xabarni rad etib, o‘z harbiylari bufer hududda turganini aytdi.
Poytaxt Damashqda bo‘lib turgan Bi-bi-si muxbiri Yogita Limaye xabar qilishicha, shu kecha Isroil harbiy samolyotlari va dronlari uyushtirgan hujumlar oqibatidagi portlashlar tinmagan.
Asad qochganidan ikki kun o‘tib hayot sekin-asta normal sharoitda qaytayotgandek, deydi muxbirimiz.
Ko‘chalarda mashina va odamlar ko‘p.
"Biz ayrim do‘kon va restoranlar ochilganini ko‘rdik. Ayrim joylarda ko‘chada meva-sabzavot sotuvchilar qaytdilar", deydi Bi-bi-si muxbiri.
Minglab odamlarning bayram joyiga aylangan markaziy Ummaviy masjidi atrofida odam siyrak, atrofdagi ko‘cha xiyobonlarni tozalayotgan odamlarni ko‘rdik, dedi muxbirimiz.
Asad rejimi quladi

Surat manbasi, Getty Images
Atigi 12 kun oldin Suriya shimolida hukumat qo‘shinlariga qarshi Hay’at Tahrir ash-Shom isyonchi guruhlari jang boshlaganlaridan keyin Prezident Bashar al-Asad rejimi quladi.
Hay’at Tahrir ash-Shom va boshqa isyonchi guruhlar ittifoqining qurolli qarshiligi Suriyadagi Asad rejimining 50 yillik hukmronligiga yakun yasadi.
Isyonchilar dastlab Suriya shimolidagi Halab shahrini qo‘lga kiritdilar.
So‘ng janubga ildamlashni boshladilar, birin-ketin mamlakatning yirik shaharlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritdilar.
Bir kunlik janglardan keyin Suriyaning uchinchi yirik shahri Homs 7 dekabr kuni isyonchilar qo‘liga o‘tdi.
8 dekabr kuni isyonchilar poytaxt Damashq shahriga kirdilar.
Shu kuni ertalab prezident Asad o‘tirgan samolyot noma’lum tomonga uchgani xabarlari tarqaldi.
Keyinroq Kreml Bashar al-Asad Rossiyada ekani, Rossiya unga siyosiy boshpana berganini xabar qildi.
Poytaxt Damashqda tutqunlarga shafqatsiz muomala qilinishi bilan tanilgan Sidnaya qamoqxonasida saqlangan insonlar ozod qilinganlar.
Britaniya "Hay’at Tahrir ash-Shom"ni terrorchi tashkilot ro‘yxatidan chiqarishi mumkin, biroq Suriya taqdirini hal qiladigan faqat u emas

Surat manbasi, AFP
Asad qulashi - Rossiya obro‘siga zarba

Surat manbasi, Reuters
Faqat Rossiyaning harbi kuchi Bashar Asadga oxirgi to‘qqiz yilda hokimiyatni ushlab qolishga yordam berdi, deb yozadi Bi-bi-sining Rossiya bo‘yicha muharriri Stiv Rozenberg.
Biroq sanoqli kunlar ichida Kremlning Suriyadagi loyihasi parchalanib ketdi, ko‘rinishidan, bunga qarshi Moskvaning qo‘lidan hech narsa kelmadi.
O‘zining bayonotida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Asad prezidentlik lavozimi va mamlakatni tark etdi deb xabar qildi(qayerga ketgani haqida hech qanday ma’lumot bermasdan).
Va vazirlik qo‘shimcha qildi: Moskva Suriyadagi dramatik voqealarni katta xavotir bilan kuzatib turibdi".
Asad rejimining qulashi - Rossiya obro‘siga zarba.
2015 yili Asadga yordam uchun bir necha ming harbiyni yuborish Rossiya oldida turgan asosiy vazifani hal qilish maqsadini ko‘zlagan edi - o‘zining dunyodagi qudratli davlat ekanini ko‘rsatib qo‘yish.
Bu Vladimir Putinning sobiq Sovet makonidan tashqaridagi G‘arb qudrati va ustunligiga ilk bor qarshi chiqishi bo‘lgan edi.

Boshida masala hal qilingandek ko‘rindi. 2017 yili Prezident Putin Suriyadagi Hmeymim Rossiya avia bazasiga tashrif buyurdi va barcha maqsadlarga erishildi dedi.
Rossiya avia zarbalari tinch aholi o‘rtasida qurbonlarga sabab bo‘layotgani haqidagi xabarlarga qaramasdan, Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyaga xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillarini olib borishdan cho‘chimadi, bu bilan Rossiyaning suriyadagi harbiy muvaffaqiyatlarini namoyish etishni istadi.
Ana shunday safarlardan birida zobitlardan biri menga, "Rossiya Suriyaga uzoq vaqtga keldi", deb aytgandi.
Lekin gap faqat obro‘da emas edi.
Harbiy ko‘mak evaziga Suriya Rossiyaga 49 yilga Hmeymimdagi avia bazani va Tartusdagi harbiy-dengiz bazasini ijaraga berdi.
Rossiya sharqiy O‘rta Yer dengizida muhim platsdarmni qo‘lga kiritgan edi.
Ushbu bazalar Afrikaga harbiy buyurtmachilarni yuborish va qaytarishdagi muhim nuqtalarga aylandilar.
Endi Moskvaning oldida muhim savol turipti: endi Rossiya harbiy bazalariga nima bo‘ladi?
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating
O‘z bayonotida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi bazalar "jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan"ini xabar qildi, biroq "hozirgi paytda ular uchun jiddiy xavf yo‘q" ekanini qayd etdi.
Asad Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ishonchli ittifoqchisi edi.
Kreml Asadga katta mablag‘ sarfladi.
Rossiya Asadni hokimiyatda ushlab qolish uchun moliyaviy, harbiy va siyosiy resurslar yotqizdi.
Rossiya rahbarlariga Asad rejimining qulashini Moskvaning yirik mag‘lubiyati deb taqdim etish oson bo‘lmaydi.
Biroq o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi postida Rossiya parlamenti yuqori palatasi spikeri o‘rinbosari Konstantin Kosachev shunday deb yozdi:
"Suriyada yuz berayotgan voqealar hamma uchun fojea. Rossiya uchun eng ustuvor narsa o‘z fuqarolarimizning, ham tinch aholi, shu jumladan, diplomatlar va ularning oilalari va albatta, harbiy xizmatchilarimizning xavfsizligidir".













