Putin Rossiyaga Shimoliy Koreya askarlari kelganini tan oldimi?

Surat manbasi, Reuters
Prezident Vladimir Putin Rossiyaga Ukrainaga qarshi jang qilish uchun Shimoliy Koreya askarlarining yuborilgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.
U koreys xarbiylarining Rossiyada hozirligini rad etmadi, biroq ular qanday maqsadda kelganiga ham aniqlik kiritmadi.
Shimoliy koreyalik askarlar to‘g‘risidagi savolni Putinga Amerikaning NBC telekompaniyasi muxbiri berdi.
U Shimoliy Koreya harbiylarining mavjudligini sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ko‘rsatayotganini aytib, “Ular bu erda nima qilayapti? Bu mojaroning jiddiy avj olishini anglatadimi”, deb savol so‘radi.
Putin yana mojaroga Rossiya harakatlari sabab bo‘lmaganini aytdi va Ukrainadagi 2014 yilgi “davlat to‘ntarishi” haqida gapirdi. U, shuningdek, G‘arb davlatlarini Ukraina armiyasini qurollantirishda hamda urushda yordam berayotganlikda aybladi.
Suratlar — jiddiy narsa. Agar suratlar bor bo‘lsa, demak, ular nimanidir aks ettiradi.
Putin payshanba kuni Rossiya dumasi shu yil yozda Rossiya prezidenti Pxenyanda imzolagan Shimoliy Koreya bilan “har tomonlama strategik hamkorlik” shartnomasini ratifikatsiya qilganini eslatdi.
Unda ishtirokchilardan biriga “tajovuz sodir bo‘lsa, o‘zaro yordam ko‘rsatish” nazarda tutilgan.
“U erda 4-modda bor. Pxenyan kelishuvimizga jiddiy qaraydi”, dedi Putin.
Kelishuvning 4-moddasida “agar tomonlardan biri bir yoki bir necha davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, boshqa tomon darhol unga BMT Nizomining 51-moddasi, shuningdek, KXDR va Rossiya Federatsiyasi qonunlariga muvofiq barcha mavjud vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatadi”, deyilgan.
“Bu modda doirasida nima va qanday qilishimiz bizning ishimiz”, - deya xulosa qildi Putin
U Shimoliy Koreya harbiylarini Rossiyaga yuborish va ularning maqsadlari haqida hech qanday tafsilot bermadi.
“Bu jarayon qanday rivojlanishiga qaraymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Putin, keyin Rossiya harbiylari hozirda Ukrainaning barcha yo‘nalishlarida “ishonch bilan harakat qilayotganini” ta’kidladi.
Putin Amerika jurnalisti ishora qilgan sun’iy yo‘ldosh suratlari borasida hazillomuz: “Suratlar — jiddiy narsa. Agar suratlar bor bo‘lsa, demak, ular nimanidir aks ettiradi”, dedi.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari
Shimoliy Koreya harbiylarini yuborish to‘g‘risida oktyabrь oyida Janubiy Koreya, Ukraina va AQSh xabar bergan edi.
Janubiy Koreya razvedkasi bir nechta sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va rasmlar chop qildi va ularni Rossiyaga tashlangan Shimoliy Koreya askarlari dedi.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga 12 ming harbiyni yuborishi mumkin. Seulning aytishicha, o‘tgan hafta ularning bir qismi Rossiyaning Uzoq Sharqdagi bazalariga etib kelgan.
Janubiy Koreyaga ko‘ra, Moskva KXDR harbiylarini Ukraina armiyasiga qarshi jangovar harakatlarga tashlashni rejalashtirmoqda.

Surat manbasi, NIS

Surat manbasi, NIS
Bi-bi-sining Rossiyadagi muharriri Stiv Rozenberg Putindan nimani so‘radi?

Surat manbasi, Reuters
Yakkalash. Qanaqa yakkalanish? BRIKS sammiti stoli atrofida ko‘plab dunyo rahbarlari to‘plangan va mezbonga e’tibor juda katta bo‘ldi, deydi Rozenberg.
Unga ko‘ra, Putin diqqat markazida bo‘lishni xush ko‘radi.
So‘ng oxirgi 3 yildagi ilk matbuot anjumani tashkil qilindi.
Kreml rahbariga Stiv Rozenberg ham savol berdi. Bu Ukraina ishg‘oli haqida so‘rash imkoniyati bo‘lgan.
Stiv Rozenberg: Sammit global xavfsizlik, barqarolik va dunyodagi adolatga chaqirdi. Lekin bu chaqiriqlar sizning oxirgi 2 yarim yildagi amallaringizga zid keladi. Sizning Ukrainaga bosqiningiz. Bu erda adolat, barqarorlik va xavfsizlik qani? Bu Rossiyaga xavfsizligiga ham taalluqli. Shaharlaringiz dron va raketa hujumlariga duch kelayapti. Bu narsalar sizning Ukrainaga maxsus harbiy amaliyotingizdan oldin bo‘lmagan.
Vladimir Putin: Siz dron zarbalari va boshqalar haqida gapirdingiz. Yo‘q, bu narsalar oldin bo‘lmagan. Lekin vaziyat bundan badtar edi. Bizning G‘arb bilan aloqalarni yanada rivojlantirish harakatlarimizga javoban doim bizni “joyimizga o‘tirg‘izmoqchi” bo‘ldilar. Rossiyani faqat xomashyo bilan ta’minlaydigan ikkinchi darajali mamlakatlar qatoriga surib bordilar”.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi, lekin Putin NATOni ayblaydi.
Vladimir Putin: “Biz ularga “NATOni kengaytirmang, bu bizning xavfsizligimizni buzayapti”, dedik. Lekin kengaytiraverdilar. Bu adolatdanmi? Yo‘q, adolatdan emas va biz buni o‘zgartirmoqchimiz. Va o‘zgartiramiz ham."
Stiv Rozenberg: MI5 da’vosiga ko‘ra, Rossiya josuslik xizmatlari Britaniya ko‘chalari va Evropa bo‘ylab o‘t qo‘yishlar va tartibsizliklarni keltirib chiqarayapti."
Vladimir Putin: "Bu bo‘lmag‘ur gap. Ayrim Evropa shaharlari ko‘chalarida ro‘y berayotgan hodislar – bu o‘sha mamlakatlar ichki siyosatining oqibatidir”.
“Putin o‘ziga ishongan, bo‘ysunmas ko‘rinadi. U o‘zini yangi xalqaro tartibning me’mori, deb ko‘radi. Bu sammit dunyoni o‘zgartirgani yo‘q. Lekin Putinni o‘zi xohlagan joy – geosiyosat markaziga qo‘ydi”, deydi Stiv Rozenberg.
Davlatlarning BRICSda o‘rni qanday?

G‘arb matbuoti yozishicha, Qozon shahridagi BRICS sammiti Ukrainaga bostirib kirgani uchun G‘arb yakkalab qo‘yishga intilayotgan Rossiyaning diplomatik g‘alabasi bo‘ldi.
BRICS sammitiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xitoy Prezidenti Si Tszinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon, bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaev va boshqalar bordilar.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002












