Tramp dunyoni o‘zgartirish uchun o‘zini telba qilib ko‘rsatayaptimi? Bu ish beryaptimi?

Donald Trump surati
Tramp dunyoni o‘zgartirish uchun o‘zini telba qilib ko‘rsatayaptimi? Bu ish beryaptimi?
    • Author, Allan Litl
    • Role, Bosh muxbir
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Yaqinda "Isroil bilan birgalikda Eronga hujum rejalashtiryapsizmi?" deb so‘rashganda, AQSh Prezidenti Donald Tramp shunday javob berdi: "Qilishim mumkin. Qilmasligim ham. Men nima qilayotganimni hech kim bilmaydi."

U go‘yoki Eron muzokaralarni qayta boshlashi uchun ikki haftalik tanaffusga rozi bo‘lganday tasavvur uyg‘otgandi. Shunga qaramay, baribir bomba tashladi.

Bir qonuniyat ko‘rina boshladi: Tramp haqidagi eng kutilgan narsa – bu uning kutilmagan qiliqlari. U fikrini o‘zgartiradi. U o‘z-o‘zini inkor qiladi. U beqaror.

Aloqador mavzular

"[Tramp] siyosiy qarorlar qabul qilish bo‘yicha juda markazlashgan tizimni shakllantirdi, ayniqsa, tashqi siyosat sohasida. Bu Richard Niksondan beri eng markazlashgan tizim bo‘lishi mumkin," deydi London Iqtisod maktabida xalqaro munosabatlar professori Piter Trubovits.

"Bu esa qarorlarni ko‘proq Trampning xarakteriga, istaklari va kayfiyatiga bog‘liq qilib qo‘yadi."

Donald Tramp Oq Uyda vertolyotiga chiqishdan oldin reportyorlar bilan gaplashgan paayt. 24 June 2025.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp bashorat qilib bo‘lmas o‘zini tutishini siyosiy maqsadlari yo‘lida ishlatishni yaxshi o‘rgandi, endi bu uning eng muhim strategik va siyosiy boyligiga aylandi

Tramp buni siyosiy maqsadlarda ishlatdi; u o‘zining kutilmagan qiliqlarini asosiy strategik va siyosiy aktivga aylantirdi. U kutilmaslikni butun boshli doktrinaga aylantirdi. Uning Oq uyga olib kirgan xarakteri tashqi va xavfsizlik siyosatini belgilamoqda.

Bu dunyo manzarasini o‘zgartirmoqda.

Siyosatshunoslar bunga "Telba odam nazariyasi" deb nom qo‘yishgan. Unga ko‘ra, dunyo yetakchisi raqibiga o‘zini temperamenti beqaror, har ish qilishi mumkin bo‘lgan odamdek ko‘rsatishga urinadi va bu orqali qandaydir yon berishlarni qo‘lga kiritishni ko‘zlaydi.

Agar to‘g‘ri qo‘llansa, bu majburlash shakli bo‘lishi mumkin va Tramp bu usul samara berayotganiga ishonadi – AQSh ittifoqchilarini o‘zi xohlagan tomonga yetaklamoqda.

Hujumlar, haqoratlar va qabul qilish

Iqtibos

Surat manbasi, .

Tramp ikkinchi prezidentlik davrini Rossiya prezidenti Vladimir Putinni "qabul qilish" va Amerika ittifoqchilariga hujum qilish bilan boshladi. U Kanadani haqorat qilib, "AQShning 51-shtatiga aylanishi kerak," dedi.

U Grenlandiyani – AQShning ittifoqchisi Daniyaga qarashli avtomnom hududni – harbiy kuch bilan anneksiya qilish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi. Shuningdek, u AQSh Panama kanalini qayta egallashi kerak, deb bayonot berdi.

NATO nizomining 5-moddasi har bir a’zo davlat ittifoqchisini himoya qilish majburiyatini belgilaydi. Tramp esa bu majburiyatni shubha ostiga qo‘ydi.

"Menimcha, 5-modda sun’iy nafas oldirilyapti," degan edi Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Ben Uolles.

Konservativ partiyadagi Bosh prokuror Dominik Griv esa shunday degan:

"Hozircha Transatlantik ittifoq tugadi."

Trampning Oq uyida Yevropaga nisbatan hurmatsizlik madaniyati hukmronligini fosh qiluvchi yozishmalar sizib chiqdi.

"Men ham Yevropadagi tekinxo‘r ittifoqchilarni yomon ko‘raman," deb yozdi AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset o‘z hamkasblariga.

AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset(o‘ngda) va AQSh Vitse-Prezidenti Jey Di Vens

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Sizib chiqqan xabarlarda Pit Xegset(o‘ngda) Yevropa rahbarlarini "tekinxo‘rlar" deb atadi, Jey Di Vens(chapda) esa AQSh bundan keyin Yevropa xavfsizligining kafolati bo‘lmaydi, dedi

Bu yil boshida Myunxenda vitse-prezident J. D. Vens: AQSh endi Yevropa xavfsizligi kafolatchisi bo‘lmaydi, deb e’lon qildi.

Bu go‘yoki 80 yillik Transatlantik hamkorlik sahifasini yopgandek bo‘ldi.

Professor Trubovits shunday deydi:

"Tramp qilgan ishlar – Amerika xalqaro majburiyatlarining ishonchliligiga jiddiy shubha va savollar uyg‘otdi.

Yevropadagi davlatlar AQSh bilan qanday kelishganidan qat’i nazar – xavfsizlik, iqtisodiy yoki boshqa masalalarda – hammasi endi muzokaralar mavzusiga aylanishi mumkin."

"Menimcha, atrofidagi ko‘pchilik Trampning kutilmagan qiliqlarini yaxshi xislat deb biladi, chunki bu Donald Trampga Amerika nufuzini oshirish imkonini beradi…

Bu uning ko‘chmas mulk olamidagi muzokaralari tajribasidan kelib chiqqan xulosasi."

Trampning yondashuvi natija berdi. To‘rt oy avval, Kir Starmer Britaniya parlamentida shunday degan edi: mamlakat mudofaa va xavfsizlik xarajatlarini YaIMning 2,3 foizidan 2,5 foizigacha oshiradi.

O‘tgan oy, NATO sammitida bu ko‘rsatkich 5 foizga yetkazildi – bu ulkan o‘sish bo‘lib, endi uni NATOdagi har bir a’zo qo‘llab-quvvatlamoqda.

Kutilmaslikning kutilganligi

Donald Tramp kutilmaslikni strategiya sifatida qo‘llayotgan birinchi AQSh prezidenti emas. 1968 yili prezident Richard Nikson Vьetnam urushi vaqtida xuddi shunday yondashuvni qo‘llagan edi. Shimoliy Vьetnam bilan tinchlik muzokaralari to‘xtab qolgan paytda, Nikson Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Genri Kissinjerga kutilmagan gap aytgan:

"Sen Shimoliy Vьetnamliklarga Nikson telba deb ayt, – deydi u. – Nimani ko‘zlayotganini hech kim bilmaydi deb ayt, shunday ekan, vaziyat nazoratdan chiqmasidan oldin kelishuvga kelganlari ma’qul".

Bu strategiya "telba odam nazariyasi" nomi bilan tanildi, deydi Notr-Dam universiteti xalqaro munosabatlar professori Maykl Desh.

Richard Nikson va Genri Kisssinjer 1973 yil 26 iyunida AQSh prezidenti samolyotida Bryusselga NATO sammitiga uchib borayotgan payti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Telba odam nazariyasi AQSh prezidenti Richard Nikson(chapda)ning tashqi siyosati bilan bog‘langan. Bu rasmda u Genri Kissinjer(o‘ngda) suhbatlashayapti

London universitet kollejida siyosatshunos Juli Norman Tramp ham xuddi shunday usuldan foydalanishini aytadi. "U ertaga nima qilishi noma’lum – bu uning doimiy uslubi", deydi u.

Tramp o‘zining «kutilmaganlik» obro‘sidan foydalanib, AQSh va NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabatni qayta shakllantirdi. Ayrim yevropalik yetakchilar uning ko‘nglini topish uchun maqtovga to‘la so‘zlar bilan murojaat qilishga urinishdi.

Oxirgi oyda Gaagada o‘tkazilgan NATO sammitida bunday holat ochiq ko‘rindi. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte hatto Trampga "Aziz Donald" deb murojaat qilgan xabar yubordi va Tramp buni ommaga e’lon qildi.

"Erondagi qat’iy harakatlaringiz uchun tabrik va minnatdorlik bildiraman," deb yozgan Ryutte. "Bu chinakam favqulodda ish bo‘ldi."

U, shuningdek, Trampning NATO davlatlarini mudofaa xarajatini YaIMning 5 foizigacha oshirishga majbur qilganini maqtagan va qo‘shimcha qilgan: "Siz necha o‘n yillar davomida hech qaysi prezident eplay olmagan natijaga erishyapsiz."

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va AQSh Prezidenti Donald Tramp. Nato summit on 25 June 2025 in The Hague, Netherlands.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte sammit oldidan Trampni tabrikladi

Biroq Tramp ma’muriyatida qisqa muddat ishlagan kommunikatsiyalar direktori Entoni Skaramuchchi bunga shubha bilan qaraydi. "Janob Ryutte, – deydi u, – u sizni masxara qilmoqchi. U aynan hozir Air Force One bortida o‘tirib, ustingizdan kulyapti."

Bu Trampning "Kutilmaganlik doktrinasi"dagi asosiy kamchilikni ko‘rsatadi: aftidan bu usul avval ko‘ringanchalik aqlli va ayyor emas. Agar xorijiy yetakchilar Tramp uzoq muddatli natijalar emas, balki maqtov yoki tezkor g‘alabalarga muhtoj, deb hisoblashsa, unga oson moslashishadi. Uning hatti-harakati sirli va tushunarsiz emas, aksincha, oddiy va kutilgan harakatga aylanadi.

Savlat ham, tahdid ham ta’sir qilmaydigan dushmanlar

Eng muhim savol shu: Trampning kutilmaganlik strategiyasi, boshqacha aytganda, "telba odam nazariyasi" AQShning haqiqiy dushmanlariga ta’sir qiladimi?

Ukraina misolini olaylik. Prezident Volodimir Zelenskiy AQShning ittifoqchisi sanalsa-da, Oq Uyda Tramp va Vitse-Prezident Jey Di Vensning qattiq tanbehiga uchragandi. Keyinroq Zelenskiy Amerikaga Ukrainadagi mineral zaxiralardan foydalanish huquqini berishga rozi bo‘ldi.

Biroq har kim ham bunday ta’sirga tushavermaydi. Masalan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Trampning na maqtoviga, na bosimiga e’tibor qilayotgani yo‘q. Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng, Tramp Putinning Ukrainadagi urushni to‘xtatish istagi yo‘qligidan "ranjigani"ni bildirdi.

Oq Uyda Zelensky, Trump and Vance

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Oq Uyda Zelenskiy kiyinish tartibini buzgani haqidagi tanbehni eshitdi, biroq keyin Ukraina mineral resurslari huquqlarini AQShga berishga ko‘ndi

Endi Eronga kelsak. Tramp o‘z tarafdorlariga AQShni Yaqin Sharqdagi tugamas urushlardan olib chiqishga va’da bergan edi. Biroq yaqinda u Eronning yadroviy ob’ektlarini bombalashga qaror qildi – bu uning ikkinchi prezidentlik muddatidagi eng kutilmagan qarorlardan biri bo‘ldi. Endi asosiy savol: bu ish berishi mumkinmi?

Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg bu harakat samara bermasligini aytadi. Unga ko‘ra, bu hujum Eronni yadroviy qurol yaratishga yanada ko‘proq undashi mumkin.

Professor Maykl Desh ham bunga qo‘shiladi: "Menimcha, Eron endilikda yadroviy qurol yaratishga qaror qilishi ehtimoli katta, – deydi u. – Ular biroz fursat poylashi mumkin, lekin yashirincha ishni tugatib, yadroviy sinov o‘tkazishsa, men hayron bo‘lmayman."

Desh ta’kidlashicha, Eron tarixdan qattiq dars olgan: Iroqda Saddam Husayn va Liviyada Muammar Qaddafiy yadroviy dasturlaridan voz kechgandan so‘ng hokimiyatdan chetlatilgan. Bu voqealarning sabog‘i hali ham yodda.

"Bunga teskari misol sifatida, – deydi u, – o‘z yadroviy qurollarini saqlab qolgan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In hanuz hokimiyatda. Eron buni kuzatyapti va xulosa chiqaryapti."

Donald Tramp Isroil bilan Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilganidan keyin Livan poytaxti Bayrutda namoyishchilar "Eron g‘alabasi"ni bayram qildilar. 25 June 2025.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ko‘plar fikricha, AQSh zarbalaridan keyin, hoynahoy, Eron yadro quroliga ega bo‘lishga harakat qilishi mumkin

Janubiy Florida universiteti siyosatshunoslik professori va "Eronning yuksalishi va AQSh bilan Yaqin Sharqdagi raqobati" kitobi muallifi Mohsen Milanining fikricha, eng ehtimoliy natija – Islom Respublikasi yanada mustahkamlanadi.

"1980 yili Saddam Husayn Eronga hujum qilib, Islom Respublikasini ag‘darmoqchi bo‘lgan edi, – deydi Milani. – Ammo natija mutlaqo aksincha bo‘ldi."

U shunday xulosa qiladi: "Isroil va AQSh rahbarlari Eron yetakchilarini chetlatsak, tizim o‘z-o‘zidan qulashi kerak, deb ishongan edi. Lekin tarix ko‘rsatdiki, bu doim ham amal qilmaydi."

Muzokaralarga ishonch yo‘qolmoqdami?

Oldinga qaralsa, Trampning kutilmagan qiliqlari ehtimol dushmanlariga ta’sir qilmasligi mumkin – ammo hatto ittifoqchilar orasida ham bu ta’sir qanchagacha saqlanishi noma’lum.

Hozirgacha ko‘p o‘zgarishlar to‘satdan tashlangan qadamlar va impulsiv qarorlar natijasida sodir bo‘ldi. Bu esa xavotir uyg‘otadi: AQSh muzokaralarda ishonchli hamkor sifatida ishonchni yo‘qotayotgan bo‘lsa-chi?

"Agar odamlar AQShga muzokaralarda ishonmasa yoki uning mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlariga sodiqligiga ishonchlari bo‘lmasa, u holda biz bilan hamkorlik qilish istagi pasayadi, – deydi professor Juli Norman. – Shunday ekan, MAGA harakatining ko‘p a’zolari orzu qilayotgan yolg‘izlik siyosati oxirida aks ta’sir berishi mumkin."

Bu o‘zgarishning aniq bir belgisi Germaniya kantsleri Fridrix Mertsdan keldi: u yaqinda Yevropa AQShdan strategik jihatdan mustaqilroq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Professor Trubovits buning ahamiyatini shunday izohlaydi: "Bu bayonot shuni ko‘rsatyaptiki, Yevropa Amerika uchun strategik ustuvorliklar o‘zgarganini tan oldi, ular endi Trampdan avvalgi holatga qaytmaydi."

Germaniya Kantsleri Fridrix Merts va AQSh Prezidenti Donald Tramp 2025 yil 25 iyunda Gaagadagi NATO sammitida .

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Germaniya Kantsleri Fridrix Merts Yevropa AQShdan mustaqil bo‘lishi kerakligini aytdi.

Rostdan ham mustaqil bo‘lish uchun, Yevropa o‘z mudofaa salohiyatini jiddiy kengaytirish kerak bo‘ladi. Professor Maykl Deshning ta’kidlashicha, bu AQSh yetkazib berayotgan harbiy texnologiyalar va qurollarga mos keladigan ulkan mudofaa sanoatini yaratishni talab qiladi.

"Yevropada ba’zi ilg‘or razvedka tizimlari bor, – deydi u, – lekin ularning ko‘pi hali ham Amerika qo‘lloviga tayanadi. Agar Yevropa mustaqil harakat qilishga majbur bo‘lsa, qurol ishlab chiqarish salohiyatini keskin oshirishi kerak bo‘ladi."

Yana bir muammo — harbiy xizmatchilar soni. Deshning ta’kidlashicha, G‘arbiy Yevropa bu borada Polsha tajribasiga qarashi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

Biroq bunday yangi mudofaa infratuzilmasini yaratish yillarni talab qiladi.

Unda, bu o‘zgarishning sababi nima? Trampning kutilmagan harakatlari rostdan ham Yevropani Sovuq Urushdan beri ilk bor G‘arb xavfsizlik tizimini qayta shakllantirishga majbur qildimi?

"Bu albatta ta’sir qilgan, – deydi Trubovits. – Lekin asosiy muammo shundaki, AQSh siyosiy muhiti o‘zgargan. MAGA harakati uchun asosiy tahdid bugun Rossiya emas, Xitoy. Lekin Yevropaliklar bunday fikrda emas."

Professor Mohsen Milaniga ko‘ra, Trampning maqsadi Ikkinchi jahon urushidan keyin qurilgan jahon tartibini buzish emas, balki undagi Amerika ustunligini mustahkamlash.

"U bu tartibni butunlay parchalamoqchi emas, – deydi Milani. – U AQSh pozitsiyasini mustahkamlamoqchi, ayniqsa Xitoy bu ustunlikka da’vo qilayotgan bir paytda."

Biroq bu o‘zgarish shuni ham anglatadiki, AQSh va Yevropaning mudofaa bo‘yicha maqsadlari turli yo‘nalishlarga yuzlana boshladi.

Yevropa yetakchilari Trampni qandaydir darajada hamkor sifatida ushlab qolganmiz, deb o‘ylashlari mumkin, axir u NATOning 5-moddasini yana dastaklashini aytdi. Ammo uning kutilmagan qiliqlari sababli, hech bir narsaga kafolat yo‘q. Yevropa endi avvalgidek AQShga to‘liq tayana olmasligini anglab yetayotgandek.

Shu ma’noda, Trampning "Kutilmaganlik doktrinasi" – u xoh strategik rejadan kelib chiqsin, xoh shaxsiy xarakteri natijasi bo‘lsin – Amerikaning eng eski ittifoqchilarga ham ta’sir qilmoqda.

Maqoladagi birinchi surat muaalliflik huquqi Getty Images ga tegishli