O‘zbekiston tashqi qarzi ortib, yangi loyihalarga xorijiy sarmoya kirishi keskin kamaydi

Bozor

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 2 daq

O‘zbekistonning davlat va xususiy qarzni o‘z ichiga oluvchi tashqi qarzi 9 oy yakunlariga ko‘ra 60 milliard dollardan oshdi. Yangi loyihalarga xorij sarmoyasini kiritish esa keskin, qariyb 50 foizga kamaydi. Bu ko‘rsatgich O‘zbekiston qo‘shnilarida ortgan.

O‘zbekistonning tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi.

O‘zbekistonning davlat va xususiy qarzni qamrab oluvchi tashqi qarzi 9 oy yakunlariga ko‘ra 60,2 milliard dollarga yetdi. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 7,2 milliard dollarga ko‘paygan.

Markaziy bankning to‘qqiz oylik yakunlari bo‘yicha hisbotidan shu ma’lumotni olish mumkin, deb yozadi gazeta.uz.

"Tashqi qarz davlat qarzi va xususiy qarzlardan iborat hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, «xususiy» sektorda qayd etilganlar orasida asosan davlat ulushdor bo‘lgan kompaniyalar va banklar bor (davlat bank sektorining 68 foizga yaqin ulushiga egalik qiladi, shuningdek, 2019−2021 yillarda jami mlrdlab dollarlik qarz qog‘ozlarini muomalaga chiqargan UzAuto Motors va «O‘zbekneftgaz», O‘zbekiston Milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank» kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi)", deya xulosa qiladi nashr.

Gazeta.uz ga ko‘ra, oxirgi ikki yilda xususiy tashqi qarz umumiy tashqi qarz o‘sishining tezlashishiga sabab bo‘layotgan asosiy komponentga aylandi.

Davlat tashqi qarzi qariyb 32,5 milliard dollarni, korporativ (xususiy) tashqi qarz 27,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 7,2 milliard dollarga ko‘paydi.

Yangi loyihalarga xorijdan sarmoya kirish oqimi keskin kamaydi

bozor

Surat manbasi, Getty Images

Ayni damda 2023 yil O‘zbekistonga yangi loyihalarga xorijdan sarmoya kirish oqimi 49 foizga kamayib 4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Daryo.uz nashrining yozishicha, Shimoliy va Markaziy Osiyoga 2023 yilda Grinfild investitsiyalari (noldan rivojlantirish kerak bo‘lgan loyihalar) oqimi 27 foizga oshib, 24,8 milliard dollarga yetdi. Biroq O‘zbekistonga 49 foizga kamayib, 4 milliard dollarni tashkil qildi.

BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy hamda ijtimoiy komissiyasi tegishli hisobotini e’lon qildi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Mintaqada to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning asosiy qismini qabul qilgan mamlakatlar quyidagilar:

  • Qozog‘iston — investitsiyalar 88 foizga ko‘payib, 15,7 milliard dollarga yetdi;
  • O‘zbekiston — 49 foizga kamayib, 4 milliard dollarni tashkil etdi;
  • Qirg‘iziston — 310 foizga oshib, 2,1 milliard dollarga yetdi;
  • Ozarbayjon — 1 foizga ko‘payib, 1,2 milliard dollarni tashkil qildi.

Nashrning yozishicha, Grinfild investitsiyalari — bu noldan boshlab rivojlantirilishi kerak bo‘lgan loyihalardir. Investor sanoat inshootlarini qurish uchun bo‘sh yer maydonini qo‘lga kiritadi. Odatda, bunday yerlar sanoat parklarida joylashgan bo‘ladi. Loyihaning yuqori xarajatlarini hisobga olgan holda, bu sohaga ko‘pincha yirik biznes vakillari qiziqish bildiradi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Markaziy banki xabariga ko‘ra, 9 oy davomida xorijiy sarmoyaning kirib kelishi 7% ga ortgan va 1,9 milliard dollarni tashkil qilgan.