Ramazon: Nimani yeyish va nimadan tiyilish kerak? - Video

Surat manbasi, Getty Images
Dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlar 2025 yil 1 martidan Islom taqvimidagi eng muqaddas oylardan biri bo‘lgan Ramazonni boshladilar.
Bu oy Muhammad Payg‘ambar(S.A.V)ga Islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni Karim nozil bo‘lgan vaqtni belgilaydi.
Ramazonda bir oy ro‘za tutiladi.
Bu Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, barcha musulmonlar bajarishi lozim bo‘lgan farz amallardan hisoblanadi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ramazon oyida musulmonlar tong otishidan oldin "saharlik" deb ataladigan erta tonggi taomni iste’mol qiladilar.
Ular quyosh botgandan keyin "Iftor" deb ataladigan kechki ovqat bilan ro‘zalarini ochmaguncha hech narsa yemaydilar, hatto suv ham ichmaydilar.
Faqat sog‘ligi yaxshi bo‘lgan kishilargina ro‘za tutishi lozim – bemorlar, balog‘atga yetmagan bolalar, homilador, emizikli bolasi bor yoki hayz ko‘rayotgan ayollar va safardagi kishilar ro‘za tutishdan ozod qilinadi.

Surat manbasi, .
Saharlikda nima yeyish kerak?
Saharlik – bu ro‘za kuniga tayyorgarlik ko‘rishdir. Saharlikda kunning oxirida ishtahani kamaytirish uchun to‘g‘ri ovqatlanish muhimdir.
"Ramazon oyida kun davomida tanangiz uchun zarur bo‘lgan quvvat va ozuqa moddalarini olish uchun oqsil, uglevod, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilishingiz va yetarli miqdorda suv ichishingiz kerak," deydi parhezshunos Ismet Tamer.
U yengil, sog‘lom va to‘yimli nonushta qilishni tavsiya etadi.
"Quyosh chiqishidan oldin sut mahsulotlari va pishloq, tuxum, pomidor, bodring kabi yangi sabzavotlarni iste’mol qilish mumkin. Bundan tashqari, har doim sho‘rva, zaytun yog‘ida pishirilgan sabzavotlar va mevalardan iste’mol qilishingiz mumkin," deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Iftor bilan saharlik orasida ikki-uch litr atrofida suv ichish ro‘za paytida tanani suvsizlanishdan saqlaydi.
Dietolog Bridjit Benelamning qo‘shimcha qilishicha, saharlikda murakkab uglevodlarni iste’mol qilish foydali, ayniqsa, to‘liq donli mahsulotlar, chunki bu energiyaning sekin ajralishiga yordam beradi.
"Shunday qilib, suli, butun donli nonlar va yormalar saharlik uchun yaxshi tanlov," deydi u.
Ba’zi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, loviya, no‘xat va mosh kabi manbalardan olinadigan tolalar to‘qlik hissini 30 foizdan ko‘proqqa oshirishi mumkin.
"Shuningdek, siz ro‘za tutishdan oldin suv ichishingiz kerak," deydi Benelam va tuzli narsalarni yemaslik haqida ogohlantiradi.
"Sho‘r taomlar chanqashni keltirib chiqaradi, buni istamaysiz, albatta. Yana suv ichish uchun ko‘p soatlar kerak bo‘ladi."
Saharlikda kofein iste’mol qilmaslik ham chanqoqlik oldini olish uchun muhim bo‘lib, ro‘za paytida suvga to‘yinish uchun iftor va saharlik orasida ikki-uch litr atrofida suv ichish tavsiya etiladi.
Iftorda nima yeyish kerak?
Birinchi marta og‘iz ochganda, odatda ko‘p suyuqlik va energiya uchun ba’zi tabiiy shakarli oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi – masalan, Muhammad Payg‘ambar(S.A.V) davridan beri og‘iz ochishda keng tarqalgan xurmo.

Surat manbasi, Getty Images
"Xurmo va suv iftorlikni boshlashning ajoyib usuli," deydi parhezshunos Bridjit Benelam. "Ular energiya beradi va tanani suvga to‘yintiradi."
"Sho‘rva ham og‘iz ochish uchun ajoyib, chunki unda loviya, dukkaklilar, yasmiq va sabzavotlar kabi ko‘plab masalliqlar bor – bular ortiqcha yuk bo‘lmasdan ozuqa moddalar bilan ta’minlaydi," deydi u.
"Uzoq kun ovqatlanmaganingizdan so‘ng, darhol og‘ir va yog‘li narsadan boshlashni xohlamaysiz, chunki bu sizni toliqtiradi, o‘zingizni lanj va betob his qilishingizga olib keladi."
Og‘iz ochilgandan so‘ng, iftor taomlari turli madaniyat va an’analarda turlicha bo‘lsa ham, ular odatda bir necha taomdan iborat bo‘ladi.
Iftorda iste’mol qilinadigan taomlar kraxmalli oziq-ovqatlar, jumladan, butun donli mahsulotlar, tolaga boy sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, go‘sht, baliq, tuxum va dukkaklilar kabi oqsilga boy mahsulotlar muvozanatini ta’minlash kerak. Shuningdek, ortiqcha vaznga olib kelishi mumkin bo‘lgan shirin taomlar va shirinliklarni ko‘p iste’mol qilishdan tiyilish tavsiya etiladi.
Ba’zi dietologlar iftorlik taomini bitta katta ovqat o‘rniga ikkiga bo‘lib iste’mol qilishni maslahat berishadi. Bu qondagi glyukoza miqdori keskin ko‘tarilishini boshqarishga va hazm qilish bilan bog‘liq muammolar xavfini kamaytiradi.
Ro‘za tutish sog‘lik uchun foydalimi?
Umuman olganda, ro‘za tutishning sog‘lik uchun foydali ekanligi isbotlangan. Hattoki, vaqti-vaqti bilan ro‘za tutish vazn yo‘qotishning ommalashgan usuliga aylangan.
Vaqti-vaqti bilan ro‘za tutish nima yeyish kerakligiga emas, balki qachon ovqatlanish kerakligiga e’tibor qaratadi. Bu har kuni ma’lum soatlar davomida ovqat iste’mol qilmaslikdir.
G‘oya shundan iboratki, tana shakar zaxiralarini sarflab bo‘lgach, yog‘larni yoqishni boshlaydi va vazn kamayadi. Bu jarayon metabolik o‘zgarish deb ataladi.
Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, vaqti-vaqti bilan ro‘za tutish natijasida qon bosimi va xolesterin pasayishi, yallig‘lanishning umumiy kamayishi, insulinga sezuvchanlik yaxshilanishi va 2-turdagi qandli diabet xavfi kamayishi kabi sog‘liq uchun foydali ta’sirlar kuzatiladi.

Surat manbasi, Getty Images
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatdiki, Ramazon ro‘zasi o‘pka, yo‘g‘on ichak va ko‘krak bezi saratoni xavfini sezilarli darajada kamaytirgan.
Ramazon ro‘zasi vaqt bilan chegaralangan uzlukli ro‘zaning deyarli barcha xususiyatlariga ega.
Yaqinda "The American Journal of Clinical Nutrition" jurnalida e’lon qilingan tadqiqot Ramazon ro‘zasi ijobiy metabolik o‘zgarishlar va surunkali kasalliklar xavfi kamayishiga sabab bo‘lishini aniqladi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Ramazon ro‘zasi o‘pka, yo‘g‘on ichak va ko‘krak bezi saratoni xavfini sezilarli darajada kamaytirgan.
Dietolog Bridjit Benelamning aytishicha, odatda odamlar Ramazon oyida bir kilogramm atrofida vazn yo‘qotadi. Ammo u ogohlantiradi: agar iftorda haddan tashqari ko‘p ovqatlansangiz, aksincha, vazningiz ortishi mumkin.
"Insonlarda ko‘proq ovqatlanishga tabiiy moyillik bor. Tanlash imkoniyati qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p ovqatlanamiz. Albatta, turli xil taomlar bilan to‘la iftorlik dasturxoni bunga yorqin misol," deydi u.
"Bor hamma narsani yeyishingiz shart emas. Shuning uchun tanlab va sekin ovqatlaning."












