"Krokus Siti Xoll" mahkamasi yopiq o‘tkazilsin!

Surat manbasi, Mikhail Sinitsyn/TASS
Davlat qoralovchisi jinoyat ishi tergovidagi sirlarni saqlash va jarayon ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash vaji bilan sudni yopiq o‘tkazishni talab qilgani ortidan Moskva sudi sudyasi 2024 yil 22 martidagi Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Xoll"ga qurolli hujumlarda ayblangan shaxslar ustidan mahkamani yopiq o‘tkazishga qaror berdi.
Ushbu jinoyat ishi Rossiya tarixidagi terrorchilikka aloqador eng yirik sud deb ko‘rilayapti.
Mahkama ishini Moskvaning 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi ko‘rayapti, ammo Rossiyada bundan oldin kuzatilgan yirik ovozali jinoyat ishlarida kuzatilgani kabi, hamma ishtirokchilar zal ichiga sig‘ishi uchun Mosgorsud binosida o‘tkazilayapti.
Sudda 19 shaxs ishi ko‘rilmoqda.
Ularning to‘rt nafari bevosita qurolli hujumlarni sodir etishda, 15 kishi jinoyatga sherikchilikda ayblanayaptilar.
Bi-bi-si muxbiri yozishicha, ushbu jinoyat ishida tergov organi hodisaning ikki versiyasini jamlagan.
Rossiya tergovchilari qurolli hujumni IShID - o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhning Xuroson viloyati tashkil qilgani, ayni paytda jinoyatni "Ukraina yuqori rahbariyati manfaati uchun" xorijiy maxsus xizmatlar ishtirokida sodir etganini isbotlashni maqsad qilgan.
Qurolli hujum tashkilotchilari topilmagan.
2024 yil 22 mart kuni kechki soat 8 larda to‘rt qurollangan shaxs Moskva shahriga yaqin Krasnogrosdagi "Krokus Siti" savdo markaziga bostirib kiradilar.
Markaz ichida "Piknik" guruhi kontserti kutilayotgan zalga kirib odamlarni ota boshlaydilar, o‘rindiqlarga o‘t qo‘yadilar.
Savdo markazida yong‘in kelib chiqdi.
Tergov xulosasiga ko‘ra, oqibatda 147 inson halok bo‘lgan.
336 kishi jarohatlangan, uch inson bedarak ketgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Krokus Siti Xoll" hujumida ayblanayotganlar ustidan sud 4 avgust kuni boshlandi.
Davlat qoralovchisining jarayonni yopiq o‘tkazish so‘rovini sudya qondirdi:
"Majlis sudning yopiq rejimida o‘tkazilsin", deb qaror chiqardi hakam.
Ayblanuvchilarga terrorchilik xurujini sodir etish, terrorchilik faoliyatiga sheriklik qilish, terrorchilik faoliyatini sodir etish maqsadida ta’lim olish va boshqa bandlar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.
Rossiya Federal Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, "terrorchilarni tayyorlash amallari, moliyalash, hujum sodir etish va qochish Internet orqali Afg‘oniston-Pokiston chegarasida joylashgan IShIDning "Xuroson viloyati" guruhi a’zolari tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar qilishcha, asli kelib chiqishi Markaziy osiyolik olti shaxsga terrorchilik hujumini tashkillashtirish aybi bilan qidiruv e’lon qilingan.
Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, tashkilotchilar hujumning to‘rt ijrochisini yollaganlar.
Bular bugungi kunda Mosgorsuddagi qora kursida o‘tirgan Dalerjon Mirzoev, Muhammadsobir Fayzov, Fariduni Shamsiddin va Saidakrami Rajabalizoda.
Tergov tomoniga ko‘ra, asli Tojikistonda tug‘ilib o‘sgan bu to‘rt shaxs yollanganlaridan keyin xorijda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib qaytganlar.
Rossiya tergovchilariga ko‘ra, ushbu jinoyat ishida ayblanayotgan ayrim shaxslar Dog‘istonning Kaspiysk shahridagi ko‘ngilochar majmuasida ham qo‘poruvchilik amaliyotini sodir etishni rejalagan bo‘lganlar.
Tergov versiyasiga ko‘ra, ushbu jinoyat Ukraina maxsus xizmatlarining ishtirokida rejalashtirilgan va ijro etilgan.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, terrorchilik xuruji ijrochilari hujumdan keyin Ukraina hududiga o‘tib yashirinishga uringanlar, ammo Rossiya-Ukraina chegarasidagi Bryansk viloyatida qo‘lga olinganlar.

Surat manbasi, .
Halokatli hujumdan keyin mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib IShID bayonot tarqatdi.
Biroq Rossiya rasmiylari "Krokus Siti Xoll" hujumida darhol Ukrainani aybladilar.
Hujumdan oldin AQSh razvedkasi Rossiyani terrorchilik hujumi rejalashtirilayotgani haqida ogohlantirgani xabar qilindi.
Washington Post gazetasi yozishicha, hatto ehtimoliy hujum nishoni sifatida "Krokus Siti Xoll" bo‘lishi mumkinligi ham aytilgan.
Biroq Prezident Putin ogohlantirishni "jamiyatni qo‘rqitish va beqarorlashtirish maqsadidagi shantaj" deb atagan.
Rossiya rasmiylari nafaqat Amerika maxsus xizmatlari ogohlantirishini, balki IShIDning hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani bayonotini ham rad etdilar.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, ushbu hujumni Ukraina ishtirokisiz amalga oshirib bo‘lmagan bo‘lur edi.
Hujum ortidan Rossiya huquq-tartibot organlari ijrochilarni qanday qo‘lga olgani, ular aybni qanday qilib "bo‘yniga olgani" videolari tarqaldi.
Hujumchilar deb xabar berilgan shaxslar qattiq kaltaklangan, ko‘zlari shishib ketgan, Saidakrami Rajabalizoda o‘ng qulog‘i ustiga paxta va skotch yopishtirilgan holda, yana biri esa nogironlar aravachasida keltirildilar, ular qattiq qiynoqlarga solinganlari xabar qilindi.
Ayblanuvchilarning iqrorlik ko‘rsatmalari qiynoqlar ostida olingani taxmini ilgari surildi.
Dastlabki tinglov payti to‘rt ayblanuvchi suddan o‘zlariga nisbatan jinoyat ishini to‘xtatishni, uch nafari sudni hakamlar hay’ati ishtirokida o‘tkazishni so‘raganlar.
Sud ayblanuvchilarning ushbu so‘rovlarini rad etdi.












