Go‘zallik global iqtisodiy kuchga aylanishi mumkin – Janubiy Koreya buni epladi

Video tagso‘zi, Ko‘ring: Koreyaning teri parvarishi bilan shug‘ullanuvchi sanoati ko‘p milliard dollarlik sanoatdir - uning bunchalik kattaligi sababi nimada?
    • Author, Suranjana Tevari
    • Role, Osiyo bo‘yicha biznes muxbir
    • Reporting from, Seul, Janubiy Koreya
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Janubiy Koreya qilgan bu ishi bilan jahon go‘zallik bozorida yirik o‘yinchiga aylandi.

Shilliqqurt mutsini, ya’ni ular ajratadigan yopishqoq modda qo‘shilgan zardoblar butun dunyo bo‘ylab teri parvarishining odatiy qismiga aylanishini kim ham o‘ylabdi deysiz?

Zardobni targ‘ib qiluvchi TikTok chellenjiga ko‘ra, yopishqoq elastiklik eng muhimi. Bu Janubiy Koreyadagi kichik bir marka – CosRX'ni global miqyosga olib chiqdi. Hozirda u mamlakatning eng yirik kosmetika kompaniyasi Amorepacific'ga tegishli.

Ushbu yopishqoq zardobning tez tarqalgani K-beauty'ning (koreyscha go‘zallik) qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lganini ko‘rsatadi. Yuquvchan kontent va trendlar bilan targ‘ib qilingan bu sanoat Janubiy Koreyadagi yirik tarmoqlardan biriga aylandi. Bu mamlakatdagi yuqori raqobatli jamiyatda deyarli benuqson ko‘rinishga talab doimo kuchli bo‘lgan.

2024 yilda ichki bozorning o‘zi taxminan 13 milliard dollar qiymatga ega edi, ba’zi mahsulotlar savdosi ikki xonali raqamlarda o‘sishi kutilmoqda. Dunyoning qolgan qismi ham K- beauty'ga shunchalar qiziqishi bejiz emas, chunki u K-pop va K-dramalarni global hodisaga aylantirgan Koreys to‘lqini – Halyuning bir qismidir.

K- beauty brendlari hozir Sephora'dan tortib Boots va Walmart'gacha bo‘lgan global chakana sotuvchilarning butun peshtaxtalarini egallaydi. 2025 yil birinchi yarmida Janubiy Koreya zamonaviy kosmetika vatani bo‘lmish Frantsiyani ortda qoldirib, go‘zallik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi.

TikTok, Instagram yoki Youtube'da "Koreyscha teri parvarishi" deb qidirsangiz, ba’zilari yuz millionlab obunachisi bo‘lgan inflyuenserlarning kontent to‘foniga duch kelasiz. Ular mahsulot ingredientlari ro‘yxatini tahlil qiladi, qadoqdan chiqarish jarayonini tasvirga oladi va "shisha teri", niqoblar va, albatta, shilliqqurt mutsini kabi g‘oyalar atrofida qurilgan "Men bilan tayyorlaning" mavzularini yoritadi.

"Mahsulotlar va brendlar juda ko‘p, ko‘pincha iste’molchi sifatida millionlab mahsulotlarga duch kelasiz – bu juda to‘yingan va raqobatli bozor", deydi go‘zallik inflyuenseri va AQShda joylashgan K-beauty brendi Krave Beauty asoschisi Liah Yu.

Yuksalish ortidagi formula

K-beauty'ning yuksalishi zamirida innovatsiyalarning to‘xtovsiz sur’ati yotadi. Har bir necha oyda yangi formulalar paydo bo‘ladi, ular ko‘pincha navbatdagi onlayn qiziqishni qo‘zg‘ash uchun mo‘ljallangan.

O‘n bosqichli terini parvarish qilish tartiblari, tungi "nam uyqu niqoblari" va losos spermasi kabi e’tibor tortar ingredientlar bir paytlar tor doirada qiziqish uyg‘otgan yoki jozibador hisoblanmagan edi. Bugungi kunda ularning ko‘pchiligi Londondan Los-Anjelesgacha bo‘lgan vannalardagi javonlarning doimiy qismiga aylandi.

Ijtimoiy tarmoqlar bu o‘zgarishlar markazida edi. Seulda chiqarilgan mahsulotlar TikTok va Instagram lentalari orqali AQSh, Buyuk Britaniya, Hindiston va Avstraliyada darhol paydo bo‘ladi.

Biroq, go‘zallik ideallarining ijtimoiy ta’siri, ayniqsa, yoshlarga ta’siri haqida xavotirlar ortib bormoqda. Mutaxassislar ogohlantirishicha, internetda terini parvarishlash bo‘yicha kontentga doimiy e’tibor berish halovatsizlik va ortiqcha isrofni keltirib chiqarishi mumkin.

K-pop yulduzi Yona Janubiy Koreyaning eng mashhur go‘zallik brendlaridan birini targ‘ib qilmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, K-pop yulduzi Yuna Janubiy Koreyaning eng mashhur go‘zallik brendlaridan birini targ‘ib qilmoqda

"Ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha yoki noto‘g‘ri foydalanish qarshi kayfiyatga sabab bo‘lishi mumkinligini tushunamiz," deydi Amorepacific kompaniyasi bosh ijrochi direktori Kim Seung-hvan, brendlar onlayn platformalardan foydalanishda muvozanatni saqlashi kerakligini qo‘shimcha qildi u.

Sanoat kengayib, unga G‘arb kompaniyalari ham qo‘shilar ekan muammo yanada ortadi.

L'Oréal 2024 yil oxirida Dr.G brendini o‘z ichiga olgan Janubiy Koreya konglomeratini sotib oldi. Kompaniya bu kelishuv samarali, ammo hamyonbop K-beauty mahsulotlariga ortib borayotgan talabni qondirishga yordam berishini aytdi.

Boshqa global shirkatlar o‘z liniyalariga koreys brendlari bilan bog‘liq mashhur ingredientlarni, masalan, sentella asiatika va guruch suvini tobora ko‘proq kiritmoqda.

Janubiy Koreyaning ko‘plab yirik go‘zallik brendlari mamlakatning qudratli konglomeratlari yoki chebollarining bir qismidir.

Amorepacific ichki bozorning taxminan yarmini egallaydi. Uning portfoliosi Sulwhasoo kabi premium brendlardan tortib Laneige kabi global ommaviy bozor nomlarigacha, Innisfree kabi atrof-muhitni asrashga yo‘naltirilgan va tez rivojlanayotgan mustaqil brendlardan iborat.

Жанубий Корея гўзаллик саноати
gettyimages
Janubiy Koreyaning ko‘plab yirik go‘zallik brendlari mamlakatning qudratli konglomeratlari yoki chebollarining bir qismidir.
Suranjana Tevari
Osiyo bo‘yicha biznes muxbir (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ammo chebol bo‘lishiga qaramay, Amorepacific yangi g‘oyalar uchun kichikroq mustaqil brendlarga murojaat qilishini aytadi.

"Asoschisi va CosRX jamoasi orqali biz ularning formula innovatsiyasiga yondashuvini va iste’molchilar ehtiyojlariga qanday tez javob berishni o‘rgandik", deydi Amorepacific'dan janob Kim. "Bu saboqlar keyinchalik bizning butun tashkilotimizga joriy etildi."

2024 yilda Amorepacific'ning daromadi taxminan 3,2 milliard dollarni tashkil etdi. Yana bir yirik konglomerat – LG Household & Health Care 2,1 mlrd dollarlik mahsulot sotgan. Sanoatning ko‘lami Janubiy Koreyaning eksport ko‘rsatkichlarida ham namoyon bo‘lmoqda.

Eksport 2025 yilning birinchi yarmida 15 foizga o‘sib, rekord darajadagi 5,5 milliard dollarga yetdi. Bu asosan AQSh va Yevropadagi sotuvlar bilan bog‘liq bo‘lib, mamlakatning yillik go‘zallik eksporti hajmi 10 milliard dollardan oshishiga olib keldi.

Janob Kimning aytishicha, barcha mijozlar ham bir xil emas.

"Yaponiya, Koreya va Xitoy kabi mamlakatlarda nuqsonsiz teriga qiziqish ko‘proq. Yevropada atir-upalar asosiy toifa hisoblanadi, AQShda esa pardoz vositalari ko‘proq ommalashgan," deydi u.

"Ammo, vaziyat o‘zgarmoqda", deya qo‘shimcha qildi u. Uning ta’kidlashicha, G‘arbdagi iste’molchilarda, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va ultrabinafsha nurlar ta’siri haqida xabardorlik kuchayib borayotgani sababli yosh ko‘rinadigan teri va quyoshdan himoyalanishga qiziqish ortib bormoqda.

Raqobatda bo‘sh kelmaslik

Tobora o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun Janubiy Koreyaning 30 000 ga yaqin go‘zallik brendlari o‘ta murakkab sanoat ekotizimida yashaydi.

Ularni minglab nomdagi mahsulotlar uchun tadqiqot, formula ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan original ishlab chiqaruvchilar yoki ODMlar qo‘llab-quvvatlaydi.

Amorepacific Janubiy Koreyaning eng yirik kosmetika kompaniyasidir.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Amorepacific Janubiy Koreyaning eng yirik kosmetika kompaniyasidir.

2024 yilda u Janubiy Koreyaning 10 milliard dollarlik kosmetika eksportining chorak qismidan sal ko‘prog‘ini tashkil etdi.

Bu mahsulot g‘oyasidan sotuvgacha bo‘lgan jarayonni atigi olti oy ichida amalga oshirishga imkon beradi, ko‘plab G‘arb brendlari uchun bu bir yildan uch yilgacha davom etishi mumkin.

Avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. BBC muxbiri Janubiy Koreya poytaxti Seul tashqarisida joylashgan yirik Amorepacific zavodiga bordi, u yerda atigi bir nechta ishchi Laneige kompaniyasining "Water Sleeping Mask" va CosRX kompaniyasining "Vitamin C 23 Serum" mahsulotlarini to‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalarini nazorat qilardi.

Biroq, tezlikning ham o‘z badali bor. Kuchli raqobat foyda marjalari pastayishiga va biznes muvaffaqiyatsizliklari ortishiga olib keldi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda 8800 dan ortiq kosmetika brendi faoliyatini to‘xtatgan.

"Janubiy Koreyada brendni tezda yaratishga yordam beradigan ajoyib infratuzilma mavjud, ammo muvaffaqiyatli brendni o‘stirish boshqa masala, – deydi Yu xonim. – Bu sizning brend falsafangiz, shaxsiyatingiz va mahsulotlaringiz bozorda qanchalik farqliligiga bog‘liq."

Raqobat kuchaygan sari brendlar shaffofroq bo‘lish va mashhurlar reklamalariga emas, balki ingredientlar va mahsulotlarining samaradorligiga e’tibor qaratish bosimiga duch kelmoqda.

"Hozir biz nafaqat yirik brendlardan xarid qilyapmiz, balki ingredientlar, ularning manbasi va ta’siri haqida gaplashmoqdamiz," deydi taniqli go‘zallik inflyuenseri Mia Chen. "Ko‘plab koreys teri parvarishi vositalari tabiiy ingredientlardan olinadi va biz terimizda nojo‘ya ta’sirlar bo‘lmasligini istaymiz."

Sidni Suini Amorepacific's Laneige brendining global elchisi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Sidni Suini Amorepacific's Laneige brendining global elchisi.

Sanoat o‘zgarib borayotgan bozor ta’sirida ham shakllanmoqda.

Xitoy hozir chet eldagi eng yirik xaridor emas, chunki uning o‘z brendlari bor va ular bir paytlar Yaponiya va Koreya importi egallab turgan o‘rinni egallamoqda.

80 yil ichida birinchi marta o‘tgan yili Amorepacific'ning Shimoliy Amerikadagi biznesi Xitoydagi biznesini ortda qoldirdi, dedi janob Kim va shirkat Yaponiya, Yevropa, Hindiston va Yaqin Sharqda ham o‘sish bo‘lishini kutayotganini qo‘shimcha qildi.

AQSh asosiy bozor bo‘lib qolmoqda, u Janubiy Koreyadan boshqa joylarga qaraganda ko‘proq go‘zallik mahsulotlarini import qiladi. Ammo prezident Donald Trampning Koreyadan importga qo‘ygan 15 foizlik boj biroz noaniqlikni keltirib chiqardi.

Joriy yilda AQShda o‘zining birinchi do‘konini ochishni rejalashtirayotgan Janubiy Koreyaning eng yirik kosmetika chakana sotuvchisi Olive Young Amerikadagi buyurtmalar uchun 15 foizlik bojxona to‘lovini ham qo‘shishga majbur bo‘ldi. Amorepacific narxlarni oshirishni faqat Sephora va Walmart kabi chakana hamkorlar bilan muhokamalar asosida, har bir holat bo‘yicha alohida ko‘rib chiqishini aytdi.

Ammo shirkatlarni Janubiy Koreya hukumati qo‘llab-quvvatlamoqda, hukumat dekabrь oyida K-beauty sanoatini strategik milliy aktiv sifatida belgilab, ishlab chiqarish va eksportni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Bu yuquvchan tendentsiya sifatida boshlangan va hozirda iqtisodiy kuchga aylangan sohaga bo‘lgan ishonchning yorqin ifodasidir.

Jaltsona Akkanatxa Chummara va Juna Mun maqolani birga yozishgan.