Rossiya: migrantlar masalasi prezidentlar e’tiborida, Qozog‘iston va O‘zbekiston AESlarini Rosatom quradi, O‘zbekiston BRIKS bankiga qo‘shilmoqchi

Prezident Mirziyoyev va Prezident Putin

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin aytishicha, migratsiya masalalarini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birga hal qilishga kelishganlar.

"Biz mehnat bozorida ham ijtimoiy xarakterdagi masalalar ko‘pligini yaxshi tushunamiz. Biz(O‘zbekiston Prezidenti) Shavkat Miromonovich(Mirziyoyev) bilan migratsiya masalalarini birga hal qilishga kelishganmiz. Chunki bizdagi mehnat bozorining ahvoli qanday ekani ma’lum. Sizlarda(O‘zbekistonda) muayyan bosim yuz berayapti. Lekin biz nima qilish kerakligini birgalikda kelishib olganmiz. Rossiyada ishlashni istagan odamlarni tayyorlashga", dedi Prezident Putin axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda.

Aloqador mavzular

2000 yillar boshlaridan O‘zbekistonning o‘zida oilasi ehtiyojini qondiradigan daromad topish imkoniga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklar Rossiyani ishlab pul topadigan mamlakat sifatida ko‘rib keladilar.

MDH mamlakatlari o‘rtasida viza tartibi yo‘qligi millionlab o‘zbekistonliklarni Rossiyaga jalb qilgan.

Rossiyadagi qonuniy va noqonuniy o‘zbekistonlik migrantlar soni o‘zgarib turadi.

2024 yili Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyodagi sobiq Sovet respublikalari - O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmanistondan Rossiyaga borib ishlayotgan mehnat migrantlarining soni to‘rt million kishini tashkil etishi haqida xabar qilgan edilar.

Yaqinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bir necha yil oldin bir necha millionni tashkil etgan Rossiyadagi O‘zbek migrantlari soni bir milliondan kamga pasayganini aytdi.

Migrantlar sonining kamayishi Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagani, buning oqibatida migrantlar daromadlarining tushib ketishi, o‘tgan yil Moskva yaqinidagi "Krokus Siti"ga halokatli qurolli hujumlar ortidan aksilmigrant qonunlarining qattiqlashtirilgani sabab bo‘ldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi ish beruvchilar bilan kelishgan holda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan ravishda Rossiyaga ishga yuborishni yo‘lga qo‘ydi.

Ammo Rossiya huquq-tartibot idoralarining xorijiy migrantlarga nisbatan noqonuniy, noinsoniy muomalasi Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasi yo‘llashiga sabab bo‘ldi.

Prezident Putinning o‘zbekistonlik migrantlar haqidagi bayonoti O‘zbekistonning norozilik notasi, ushbu notaga nisbatan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarovaning munosabati ortidan kuzatildi.

Kuzatuvchilar Rossiya tashqi siyosat idorasi vakilasining ohangi oldingi chiqishlariga nisbatan o‘zgarganiga e’tibor qaratdilar.

Jahon Banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ishlab vataniga pul yuborayotgan migrantlarning daromadlari O‘zbekiston YaIMining 14 foizini, Tojikiston YaIMining 45%ini, Qirg‘iziston YaIMining 24 foizini tashkil etadi.

"Rosatom" ham Qozog‘iston va ham O‘zbekiston AESlarining quruvchisi bo‘ladi

Iqtibos

Surat manbasi, .

Axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda Prezident Vladimir Putin, Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan atom energetika sohasida loyihalarni rivojlantirish istiqboli yaxshi, deb aytdi.

"Bizda (Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida) ko‘plab uch tomonlama loyihalar paydo bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham atom energetikasi sohasida jiddiy loyihalar yuzaga kelishi mumkin. Biz bu bo‘yicha jiddiy ishlayapmiz va bu loyihalarni rivojlantirishning yaxshi bosqichidamiz", dedi Prezident Putin.

Rossiyaning davlat nazoratidagi TASS axborot agentligi xabar qilishicha, Prezident Putin, hozirgi paytda Rossiya bilan O‘zbekistonning munosabatlari muvaffaqiyatli va izchil rivojlanayapti, degan.

14 iyun kuni Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatdagi ilk atom elektr stantsiyasi qurilishi tanlovida Rossiyaning "Rosatom" shirkati g‘olib deb topilgani haqida xabar tarqatdi.

Qozog‘iston 2024 yil oktyabrida AES qurish-qurmaslik masalasini umumxalq referendumiga olib chiqdi, bu borada xalq fikri so‘raldi.

Referendumda 71 foiz aholi AES barpo etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

AES uchun Balxash ko‘li sohilidagi joy tanlandi.

Qozog‘iston rahbariyati atom elektr stantsiyasini kim qurishi borasida xalqaro tanlov e’lon qildi.

Bu tanlovda "RosAtom" bilan birga Xitoyning «China National Nuclear Corporation», Frantsiyaning «Électricité de France», Janubiy Koreyaning «Korea Hydro & Nuclear Power» shirkatlari qatnashdi.

Qozog‘iston Atom energiyasi agentligiga ko‘ra, AES bo‘yicha xalqaro konsortsium tashkil etiladi, uning yetakchisi "Rosatom" bo‘ladi.

Xalqaro konsortsiumga Xitoyning CNNC, Frantsiyaning YeDF va Koreyaning KHNP shirkatlari ham kirishi xabar qilindi.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi Tuzkon ko‘li yaqinida kam quvvatli AES qurilishiga kelishilgan, qurilish "Rosatom"ga yuklatilgan.

O‘zbekiston rasmiylari elektr quvvati iste’moli tobora ortib borayotgan mamlakatda katta AESga ham ehtiyoj borligini aytishgan.

Shu kunlarda O‘zbekistonda katta AESni ham "Rosatom" qurishiga kelishilgani haqida Rossiya matbuoti xabar tarqatdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

O‘zbekistonning BRIKS bankiga a’zoligi ma’qullandi

BRICS Yangi Taraqqiyot banki raisi Dilma Russef O‘zbekiston bank a’zoligiga qabul qilinganini aytdi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, BRICS Yangi Taraqqiyot banki raisi Dilma Russef O‘zbekiston bank a’zoligiga qabul qilinganini aytdi

BRIKS tashkilotining banki rahbariyati O‘zbekistonning ushbu bankka a’zoligi arizasini ma’qullagan.

Bu haqda BRIKS Yangi Taraqqiyot banki rahbari Dilma Russef Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda aytdi.

"A’zo sifatida ikki mamlakat tanlandi. Bular O‘zbekiston va Kolumbiya. Yana ikki mamlakat Efiopiya va Indoneziyaning arizalari ko‘rib chiqilayapti", dedi Russef xonim.

Dilma Russef braziliyalik iqtisodchi, u 2011 yildan 2016 yilgacha Braziliya prezidenti bo‘lgan.

Russef xonim aytishicha, BRIKS banki oldida a’zo mamlakatlarning mahalliy valyutalaridan foydalanishni kengaytirish vazifasi asosiy vazifa bo‘lib turipti.

BRIKS - 2006 yili Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tashkil etgan, 2010 yili Janubiy Afrika qo‘shilgan tashkilot.

BRIKS o‘zaro muomalada AQSh dollaridan voz kechish chaqirig‘i bilan tanilgan, ammo tashkilotning so‘nggi sammitlarida bu masala muhokama etilgani yo‘q.

2024 yil BRIKSga Eron, Misr, Efiopiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab amirliklari qo‘shildilar.

2014 yili tashkilotning Yangi Taraqqiyot banki tuzilgan.

Jahon Bankiga muqobil, boy G‘arb mamlakatlari veto huquqiga ega xalqaro moliya tashkilotlaridan farqli o‘laroq Yangi Taraqqiyot banki barcha a’zo mamlakatlarga teng ovoz berilishini aytadi, shu vaqtgacha rivojlanayotgan mamlakatlardagi infratuzilmalarni rivojlantirishga 30 milliard dollardan ortiq yordam bergan.

Dilma Russef Prezident Putin bilan XXVIII Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida uchrashgan.

Peterburg xalqaro forumi 18-21 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Unda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jaev rahbarlari hay’at ishtirok etishi xabar qilingan.

Iqtisodiy forumda gapirgan Rossiya Sberbanki raisi o‘rinbosari Aleksandr Vedyakin Markaziy bankni foiz stavkasini 20 dan 15 ga tushirishga chaqirgan.

Ukrainaga bosqini ortidan qator iqtisodiy sanksiyalarga duch kelgan Rossiya rublining qadri tushib ketdi, iqtisodiy o‘sish pasaydi.

Shunga qaramasdan, Rossiya hukumati 2025 yili iqtisodiy o‘sish 2,5 foizni tashkil etadi, deydi.

Rossiya milliy valyutasining qadrini dollarga nisbatan 78 rublda ushlab turipti.

Urushning uchinchi yilida ko‘p iqtisodiy tahlilchilar Rossiya o‘z iqtisodini harbiy relsga o‘tkazishning uddasidan chiqayapti deydilar.

Buni yaqinda NATO Bosh kotibi Mark Rutte ham tan oldi.

Isroilning Eronga hujumlari jahon bozorida neft narxi ko‘tarilishiga olib keldi, bu hamon neft va gaz davlat g‘aznasining asosiy daromadi bo‘lib turgan Rossiya uchun foydasi ko‘payishini anglatadi.