Rossiya: Migrantlar bolalarining maktabga olinmasligi Putin rejasimi, migrantlarga yashash huquqini vaqtincha cheklash taklif qilindi, noqonuniy muhojirlar Rossiyadan chiqariladi

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyalik deputat migrantlarga yashash huquqi va pasport berishni vaqtincha to‘xtatishni taklif qildi. Migrantlarning qariyb 90 foiz bolalari bu yil maktabga qabul qilinmadi. Putin avvalroq, xorijlik o‘quvchilarning sonini kamaytirishni taklif qilgandi.
Rossiya Davlat dumasi deputati, "Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu" partiyasi rahbari Sergey Mironov migrantlarga Rossiya fuqaroligi va yashash huquqini berishni vaqtincha to‘xtatish taklifi bilan chiqdi.
Mironovning gazeta.ru ga aytishicha, 2030 yilga qadar Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga fuqarolik va yashash huquqini bermaslik haqida moratoriy joriy etish zarur, chunki ortib borayotgan migratsiya oqimi Rossiya milliy xavfsizligi uchun tahdid solmoqda.
"Rossiyaga sust nazorat qilinayotgan migrantlar oqimi tobora ko‘paymoqda. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida xorijliklarga 114 mingga yaqin mehnat ruxsatnomasi berilgan, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan bir yarim barobar ko‘p. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 6,5 milliondan ortiq migrant bor, ularning bir qismi ishlaydi, qolganlari esa oilalari bilan ijtimoiy infratuzilmadan – shifoxonalar va maktablardan foydalanmoqda", — dedi deputat.
Uning fikricha, bu holat Rossiya milliy xavfsizligi va aholi farovonligiga "bevosita tahdid"dir.
Mironov, partiyasi migratsiya sohasida tartib o‘rnatish uchun bir qator qonun loyihalarini Dumaga kiritganini, ammo ular hali qabul qilinmaganini eslagan.
"Shu sabab, 2030 yilga qadar Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga fuqarolik va yashash huquqini berishni to‘xtatishga chaqiryapman. Faqat shundagina vaziyatni barqarorlashtirib, chet elliklar ommaviy kelishi ortidan yuzaga kelgan muammolarni hal qila olamiz", — dedi u.
Bu Mironovning ilk tashabbusi emas. U 2022 yilda tojikistonliklarga fuqarolik berishni to‘xtatish haqida so‘z ochgan, ammo bu taklif hukumat ham, Duma ham tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan edi. 2024 yilda u yana Markaziy Osiyo aholisiga fuqarolik berishni 2026 yilgacha to‘xtatishni taklif qilgan, ammo bu tashabbus ham ro‘yobga chiqmagan.
Avvalroq Mironov mehnat migrantlariga oilalarini Rossiyaga olib kelishni taqiqlashni ham taklif qilgan edi.
Rossiya iqtisodiyotining butun tarmoqlari – qurilish, uy-joy kommunal xizmatlar, logistika, maishiy xizmat ko‘rsatish va yetkazib berish sohalari, shuningdek, o‘z kelgan vatanlari iqtisodiyoti ularning mehnatiga bog‘liq.
Rossiya urushda o‘z fuqarolarini yo‘qotishda davom etayotgan bir vaqtda demograflar qilgan hisob-kitobga ko‘ra, mamlakatda aholini saqlab qolish uchun yiliga 1 million migrant kerak.
Rossiya: Migrant bolalarning 87 foizdan ortig‘i maktabga qabul qilinmadi
2025 yilda Rossiya maktablariga o‘qishga ariza bergan kamida 23 ming xorijlik boladan 87 foizidan ko‘prog‘i qabul qilinmadi. Qabul qilinmaganlarning katta qismining hujjatlari sabab imtihonga qo‘yilmagan. Imtihonga kirganlarning yarmi sinovdan o‘tolmagan.
Bu haqda Rossiya Ta’lim nazorat idorasi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, asosiy sabab — rus tilidan test sinoviga kirish uchun zarur hujjatlarning to‘liq topshirilmagani.
Apreldan avgustgacha 23 616 nafar bola uchun hujjat topshirilgan, lekin ularning faqat 8 223 nafari to‘liq hujjatlarni taqdim etgan. Shundan 5 940 kishi test sinoviga qo‘yilgan, deya xabar beradi Interfaks.
Sinovda qatnashganlarning yarmi undan o‘ta olmagan. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar soni — 2 964 nafar. Bu sinovda qatnashganlarning 50 foizini tashkil etsa-da, umumiy ariza berganlar sonidan atigi 12,6 foizdir.
Rasmiylarga ko‘ra, testlar sinf darajasiga mos holda tuzilgan: birinchi sinfga kiruvchilarda og‘zaki nutq va grammatika, ikkinchi sinfdan esa o‘qish va yozish ko‘nikmalari ham tekshiriladi. Sinov yozma va og‘zaki shaklda o‘tkaziladi.
Imtihondan tashqari, ota-onalar bolaning tug‘ilganlik va qarindoshlik hujjatlari, Rossiyada qonuniy yashashini tasdiqlovchi ma’lumot, tibbiy xulosa va barcha hujjatlarni rus tiliga notarial tarjima bilan topshirishi shart.
Agar hujjatlar to‘liq bo‘lmasa, ariza ko‘rib chiqilmaydi.
Rus tilidan majburiy test 2025 yil 1 apreldan joriy qilingan. Sinovdan o‘tolmagan yoki to‘liq hujjat topshirmagan bolalar Rossiya maktablariga qabul qilinmaydi.
2021 yilda Prezident Putin Rossiya maktablarida migrant-bolalarning ulushini nazorat qilishni taklif qilgan edi.
Uning fikricha, maktabda xorijlik o‘quvchilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning rus madaniyati va tili muhitiga moslashishi shunchalik og‘ir kechadi.
Ularning soni qisqartirilsa, mamlakatning qadriyatlar tizimiga yengilroq singadi, deb hisoblaydi Rossiya Prezidenti.
Rossiya noqonuniy migrantlarni chiqarishni boshlaydi

Surat manbasi, Getty Images
Rossiya 2025 yil 11 sentyabrdan noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yadi. Bu chora Rossiya prezidentining migratsiya amnistiyasi haqidagi farmoni muddati tugaganidan keyin kuchga kiradi. Bu haqda Asia Plus nashri yozmoqda.
10 sentyabrda tugagan amnistiya davrida xorijiy fuqarolarga Rossiyada qonuniy maqom olish imkoniyati berilgan edi. Buning uchun ular yashash joyi bo‘yicha pasport-viza markaziga yoki migratsiya bo‘limiga murojaat qilishi, Moskvada esa "Saxarovo" ko‘p funktsiyali migratsiya markaziga borishi kerak edi.
Muddat o‘tishi bilan huquqiy maqomini rasmiylashtirmaganlar "nazorat qilinadigan shaxslar" reestriga kiritiladi va ularga qator cheklovlar qo‘llaniladi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, bunday shaxslarga Rossiyaga keyinchalik kirish taqiqlanadi. Shuningdek, ular nikohni rasmiylashtirish yoki bekor qilish, bolalarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, mashina haydash huquqidan mahrum bo‘ladi.
Qoidalarga ko‘ra, ular yashash yoki turish manzilini IIV ruxsatisiz o‘zgartira olmaydi, yashash hududini tark etmaydi, mulk sotib olmaydi yoki ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.
Bundan tashqari, ularga bank hisob raqamlari ochish va moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish taqiqlanadi. Nazoratdagi shaxslar IIV chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi va barcha cheklovlarga rioya qilishi shart.
Noqonuniy migrantlarga yordam bergan shaxslar va kompaniyalar ham javobgarlikka tortilishi mumkin. Qoidalarni bir necha bor buzgan migrantlar deportatsiya qilinishi yoki chiqarilgungacha IIVning maxsus muassasalarida saqlanishi mumkin.












