Qirg‘iziston: Parlament tarixda ilk bor o‘zini-o‘zi tarqatdi. Prezident saylov adolatli o‘tishini va’da qilmoqda

Qirg‘iziston parlamenti

Surat manbasi, kenesh.kg

    • Author, Shohruh Soipov
    • Role, Mustaqil jurnalist
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonda muddatidan avval parlament saylovini joriy yilning 30 noyabrida o‘tkazish bo‘yicha farmonni imzoladi. Jo‘g‘o‘rqu Keneshning hozirgi tarkibi mustaqil Qirg‘iziston tarixida hech qanday siyosiy inqirozsiz o‘zini-o‘zi tarqatgan birinchi parlament bo‘lib qoldi.

Aloqador mavzular

Prezident murojaati

Prezident Sadir Japarov 30 sentyabr kuni xalqqa televidenie orqali qilgan murojaatini, parlamentni o‘zini-o‘zi tarqatish masalasi bo‘yicha tashabbus ko‘tarib, qo‘llab-quvvatlagan deputatlarga minnatdorlik bildirish bilan boshladi va buning sababini tushuntirishga harakat qildi.

"Sizlar qolgan bir yillik deputatlik muddatingizni emas, balki davlatning uzoq muddatli barqarorligini o‘yladingizlar. Davlatchilik nuqtai nazaridan fuqaro sifatida fikr yuritdingizlar. Sababi, kelajakda parlament va prezidentlik saylovlari har besh yilda bir-biriga tutashib qolsa, bu, birinchi navbatda, Markaziy Saylov komissiyasi uchun qiyinchilik tug‘diradi, ikkinchidan, siyosiy barqarorlikka salbiy ta’sir qilishi mumkin. Uchinchidan, kelasi yil kuzda Shanxay Hamkorlik tashkilotining sammiti va Ko‘chmanchilar O‘yinlari bizda o‘tkaziladi. Qisqa qilib aytganda, "to‘qqiz to‘lg‘oq" bir vaqtda kelyapti", dedi Prezident Japarov.

Joriy yil boshida yangi qabul qilingan saylov qonunchiligida, parlament saylovi 2026 yilning noyabr oyida, prezidentlik saylovi esa 2027 yilning yanvarь oyida o‘tkazilishi belgilangan edi.

25 sentyabrida Qirg‘iziston parlamentining 7-chaqiriq deputatlari o‘z-o‘zini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qabul qildilar va o‘z faoliyatlarini muddatidan avval to‘xtatdilar.

Tashabbus guruhiga parlamentdagi 90 deputatdan 32 nafari kirgani ma’lum qilindi. Ular, o‘z tashabbuslarini saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar sabab, shuningdek, mamlakatda siyosiy tizim va barqarorlikni mustahkamlash maqsad ekani bilan izohlaganlar.

"Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik emas"

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov

Surat manbasi, President.kg

Davlat rahbari Sadir Japarov xalqqa murojaatida, parlament saylovini muddatidan oldin o‘tkazish prezidentlik sayloviga tayyorgarlik bo‘lishi mumkin ekani to‘g‘risidagi gaplarni rad etdi.

"Ayrim siyosatchilar yoki muxolifatchilar meni bir yildan keyingi prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘ryapti, deb o‘ylashi mumkin. Yo‘q, azizlar. Men hech bir deputatdan tarqalinglar deb so‘raganim yo‘q. 5 yil avval men 80 foiz xalqning qo‘llovi bilan saylanganman. Keyingi saylovga nomzodimni qo‘ysam, 90 foiz bilan o‘taman, deb ishonaman. Chunki xalqning qo‘llovi avvalgidan ham kuchayganini his etyapman", deya o‘zining yana prezidentlik taxtda qolishiga ishora qildi Sadir Japarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatda uzoq muddatli siyosiy barqarorlik o‘rnatildi. Bundan keyin parlament va prezident saylovlari har doim bir yarim yillik oraliq bilan o‘tkaziladi.

2020 yilning 4 oktyabrida o‘tgan parlament saylovi natijalari xalqning norozilik chiqishlariga sabab bo‘lib, iqtidordagi prezident Sooronbay Jeenbekov hokimiyatni, o‘sha paytdagi muxolifat vakili Sadir Japarovga topshirishga majbur bo‘lgan edi.

Oktyabr voqealaridan so‘ng Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi va Bosh qomus - Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Mamlakat parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimiga qaytdi va 2021 yilning 28 noyabrida saylangan yangi parlamentning vakolatlari ancha cheklandi.

"Adolatli saylov o‘tkaziladi"

Prezident Sadir Japarov xalqqa qilgan murojaatida, mustaqil Qirg‘izistonning o‘tgan 30 yillik tarixida uch marta inqilob yuz bergani, ularning barchasiga adolatsiz o‘tkazilgan saylovlar sabab bo‘lganini, endi esa saylovlar adolatli o‘tishini ta’kidladi.

"Davlatimiz uch marta parchalanish xavfiga duch keldi. Chunki saylovlar adolatli o‘tmagan edi. Hozir eski saylov tizimini yo‘q qildik. Ilgarigidek byulletenlarni oldindan yuklab, saylov uchastkasiga olib borib, kechasiyu-kunduzi qo‘riqlab turadigan davr o‘tib ketdi. Hammasi raqamlashtirildi. Hozir saylov uchastkasiga borganingizda, ro‘yxatdan o‘tganingiz bilan byulletenni kompyuter chiqarib beradi. Xohlagan nomzodingizga ovoz berib, byulletenni avtomat qutiga tashlaysiz. Avtomat quti ovozingizni qaysi nomzodga berganingizni darhol hisobga oladi va saylov tugashini kutadi. Kechki soat 20:00 da qutining tugmasini bosish bilan, qaysi nomzod qancha ovoz olganini darhol chiqarib beradi", dedi Prezident Sadir Japarov.

Shuningdek, qutidagi byulletenlar chiqarilib, nomzodlarning kuzatuvchilari bilan birga qo‘lda ham sanab chiqiladi. U byulletenlar bir yil davomida arxivda saqlanadi. Qaysi nomzod qaysi uchastkadan shubha qilsa, ariza yozib, qayta sanashi mumkin.

"Qisqasi, hech bir nomzod yoki kuchlar saylov natijasiga da’vo qilolmaydi. Chunki bizda saylov tizimi to‘liq raqamlashtirilgan va avtomatlashtirilgan. Bunday saylov tizimi MDH davlatlari ichida faqat bizda mavjud. Qirg‘izda, "og‘zi sutdan kuygan ayronni ham puflab ichadi", degan to‘g‘ri so‘z bor. Shuningdek, saylovning "shayton o‘yinlari"dan 30 yilda uch marta to‘ntarish ko‘rgan xalqimiz saylov tizimini inson omili aralashmaydigan darajada raqamlashtirib, avtomatlashtirib qo‘ydik", dedi Prezident Japarov.

Parlamentda ayollar ulushi

Spiker Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li

Surat manbasi, kenesh.kg

Surat tagso‘zi, Spiker Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li bu chaqiriq davomida Jo‘g‘o‘rqu Kenesh muhim qonunlar qabul qilindi dedi.

Prezident Sadir Japarov davlat adolatli saylov tizimini barpo etganini, endi parlamentga munosib deputatlarni saylash xalqning o‘z qo‘lida ekanini urg‘uladi.

"30 yil ichida sizlar ming xil deputatni ko‘rdingizlar. Yaxshisini ham, yomonini ham, populistini ham, demagogini ham, baqir-chaqirini ham, boyini ham, kambag‘alini ham, ovoz sotib olganini ham, sotganini ham ko‘rdingizlar. Shu bois, sizlar deputat saylashda "master" bo‘lib qoldingizlar, deb ishonaman. Shuning uchun, kelayotgan saylovda faqat munosib nomzodlarni saylanglar demoqchiman. Munosiblarni saylash endi sizning qo‘lingizda. "O‘z bolamiz" degan tushunchadan ham uzoq bo‘linglar. Chotqoldan Oloyga, Oloydan Ot-Boshi bilan Qarqiraga borsa ham — hammasi o‘z farzandinglar. Biz bir xalqmiz", dedi prezident.

Yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra, har bir okrugdan uchtadan deputat saylanadi. Bir saylovchi faqat bir nomzodga ovoz bera oladi. Ya’ni, bir saylovchi – bir ovoz. Uchinchi o‘rin ayollarga tegishli.

"Avval ayollar erkaklar bilan teng shartda saylovda qatnashar edi. Ko‘rdingizmi? Dunyoda yo‘q tizimni biz joriy etdik. Ayollarning huquqi toptalmasin dedik. Biz ayollarni hurmat qilgan millatmiz. Bizdan xalq boshqargan ayollar, Vatanini himoya qilgan qahramon qizlar chiqqan. Biz ham inson huquqini, ham ayollarning huquqini himoya qilishimiz kerak. Qolaversa, bu haqda qattiq gapiradigan mamlakatlarning o‘zida ayollar uchun bunday shartlar yo‘q. Ular talab qiladi, lekin o‘zlari bajarmaydi", dedi Prezident Japarov, biroq u qaysi davlatlarni nazarda tutganini ochiqlamadi.

"Ovoz sotmang"

"Biz, hokimiyat tarafidan, toza saylov o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitni yaratdik. Endi sizlar ham toza saylashga o‘rganinglar. Ovozingizni sotmanglar. "Ovoz sotib olaman" deb kelgan nomzodlarni xalq orasida sharmanda qilinglar. "Yo‘l, maktab, bog‘cha solib beraman" yoki "osmondon oyni olib beraman" deganlarga ishonmanglar. Deputat qurilishchi emas, u qonun yozadi, uning bajarilishini nazorat qiladi, xalq bilan hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Ovozingizni sotgan deputat 5 yil davomida faqat o‘zi uchun ishlaydi. Undan el uchun foyda bo‘lmaydi. Qisqasi, bu saylovda yana "o‘shalar"ni saylab, keyin 5 yil "deputatlar – ahmoqlar" deb nolimanglar. Agar nolisangiz, o‘zingizga noliysiz. Kimni saylasangiz ham, ular sizning 5 yillik deputatlaringiz bo‘ladi. Biz, hokimiyat, "nomzodni xalqning o‘zi tanlasin" deb barcha sharoitni berdik. Endi sizlar ham adashmay, to‘g‘ri tanlanglar. Bu safar haqiqiy xalq vakillarini saylaysizlar", dedi Qirg‘iziston xalqiga murojaatida Prezident Sadir Japarov.

Prezident davlat xizmatchilariga, maktab o‘qituvchilariga, shifokorlarga saylov jarayoniga aralashmasalikni maslahat berdi, agar kim aralashsa, faqat ishdan ketish bilan cheklanib qolmay, qattiq jazolanishi haqida ham ogohlantirdi.

"Bu saylovni boshidan oxirigacha men shaxsan kuzataman. Qaysi okrugda adolatsizlik bo‘lsa, Markaziy Saylov komissiyasining tekshiruvlariga shaxsan o‘zim qatnashaman yoki ishonchli odamlarimni yuboraman. Har bir ishning natijasini adolat bilan chiqaramiz. Kelinglar, biz ham rivojlangan davlatlar kabi sivilizatsiyaning eng yuqori cho‘qqisiga intilaylik. Iqtisod bilan shug‘ullanaylik, mudofaa va xavfsizligimizni mustahkamlaylik. Qachongacha tortishuv va janjaldan boshimiz chiqmaydi? Qisqasi, bu saylov tariximizda bo‘lmagan darajada adolatli o‘tishi kerak. Xalq qaysi nomzodni xohlasa, o‘sha nomzod o‘tsin. Xalq saylab bergan deputatlar bilan ishlashga tayyormiz", deya o‘z so‘zini yakunladi Prezident Sadir Japarov.

Kuzatuvchilar nima deydi?

Qirg‘iziston parlamenti o‘zini o‘zi tarqatishi e’lon qilingan majlisi

Surat manbasi, kenesh.kg

2021 yilning 28 noyabrida saylangan parlamentning vakolatlari ancha cheklandi. Shunga qaramay, Jo‘g‘o‘rqu Keneshda tanqidiy qarashdagi yoki muxolifat ruhidagi siyosatchilar ham deputat bo‘ldi. Biroq ularning ayrimlarining orzusi va taqdiri hokimiyat vakillari, ayniqsa Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiev bilan munozaralarda sinovdan o‘tdi. Adaxan Madumarov, O‘murbek Bakirov, Sultonboy Ayjigitov kabi deputatlarning tajribasi boshqa xalq vakillari uchun saboq bo‘lib, parlamentning siyosiy ruhini belgilagandek bo‘ldi.

"Nima uchun yashirish kerak, Jo‘g‘o‘rqu Keneshning 90-95 foizi Prezident ma’muriyatiga to‘liq bog‘liq bo‘lib qoldi desak, adolatli bo‘ladi", deb yozdi o‘zining Feysbukdagi sahifasida siyosiy tahlilchi, Prezident huzuridagi Jusup Abdraxmanov nomidagi Davlat boshqaruv akademiyasining sobiq rektori Almazbek Akmataliev.

U, "deputatlar "yaxshi ishladi", "prezident va hukumatning mamlakat taraqqiyoti uchun qaratilgan barcha qonunlarini qo‘llab-quvvatladi", vakillar "ma’qul" pozitsiyasini tutgan bo‘lsalar, "unda tarqatishning nima hojati bor edi?" degan savolga ham javob izlagan.

"Asosiy javob bunday: yangi Qirg‘iziston qurilayotganda yangi Jo‘g‘o‘rqu Kenesh kerak. Qirg‘iziston mustaqil davlat sifatida yangi davrni boshdan kechirmoqda. Shu bilan birga yangi bayroq, yangi madhiya yaratilayapti. Endi navbat parlamentga", deydi hukumatning bir qator tashabbuslarini qo‘llab kelgan tahlilchi.

Yangilanish deganday, parlament Qirg‘izistonning davlat bayrog‘ini almashtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi, parlament raisi esa davlat madhiyasini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi.

Jamoat va siyosiy arbob Emilbek Kaptagaev "Parlamentning so‘nggi tarkibi nimasi bilan yodda qoldi?" degan savolga:

"Mustaqillik ramzi bo‘lgan bayroqni yiqitishdi, mustaqillik ramzi bo‘lgan madhiyaning qiymatini tushirishdi, hokimiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan parlamentni butunlay izdan chiqarishdi", deb fikr bildirdi Emilbek Kaptagaev.

Biroq bu fikrga parlamentning endilikda sobiq deputatlari qo‘shilmaydilar.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Oq Uyning "notariusi"

Jo‘g‘o‘rqu Kenesh tarqatilishi arafasida parlament raisi Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li bu chaqiriq davomida muhim qonunlar qabul qilinganini ta’kidladi.

"Millatning ozug‘i, qalbi bo‘lgan 'Davlat tili to‘g‘risida'gi konstitutsiyaviy qonunni qabul qildik. Bu ham katta jasorat edi", dedi spiker.

Shuningdek, u O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralarni hal qilish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining kelishuvi, hududiy-administrativ islohotlar bo‘yicha hujjatlar, iqtisodiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun va Sovet davrida repressiya qilingan ajdodlarni oqlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganini alohida qayd etdi.

"Spiker oxirgi nutqida ko‘p ishlar qilindi deb, misollarni sanab o‘tdi. Lekin u ro‘yxatdagi tashabbuslarning barchasi ijro hokimiyatidan, ayniqsa prezident ma’muriyatidan chiqqan qonunlar edi. Masalan, chegara haqida gapiradigan bo‘lsak, bu davlatlararo komissiyaning harakati edi. Parlament esa asosan tasdiqlab berdi. Shu jihat bu chaqiriqning asosiy xususiyati bo‘ldi. Tasdiqlovchi organ, notariusga o‘xshash idora bo‘lib qoldi", deydi siyosatshunos Emilbek Joroev.

Shu bilan birga tahlilchi Jo‘g‘o‘rqu Kenesh haqida tanqidlar ko‘p aytilganiga qaramay, uning faoliyati konstitutsiyaga muvofiq va real siyosiy vaziyatga mos ravishda amalga oshirildi, degan fikrda.

Ekspertning ta’kidlashicha, 2021 yilda o‘tgan konstitutsiyaviy islohot asosida mamlakatda hokimiyat markazlashtirilib, prezidentlik hokimiyati ustunligi o‘rnatilgan.

Oddiy qirg‘izistonliklar nima deydi?

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari o‘zini-o‘zi tarqatib, muddatidan avval saylov o‘tkazilishi oddiy aholi hayoti uchun qanchalar muhim?

Biz bu savol bilan qirg‘izistonliklarga yuzlandik.

Feruza Shamshidinova, menedjer

Parlament o‘zini-o‘zi tarqatishi, birinchidan, qonun ustuvorligi yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ydi, deb o‘ylayman. Xalq qonunlar barqarorligiga ishonadi. Lekin shunga rioya qilinmay, deputatlarni muddatidan avval tarqatilishi, demak Qirg‘izistonda Bosh qomusni xohlagan paytda o‘zgartirsa bo‘lishini anglatadi. Boshqa davlat fuqarolari ham biz haqimizda shunday o‘ylashi mumkin.

Ikkinchidan, tarqatilgan parlament qanday ishladi? Ular qanchalik jiddiy ishlarni amalga oshirdi? Qanday muhim qonunlarni ishlab chiqib, qarorlarni qabul qildilar? Oddiy misol, maktablardagi poraxo‘rlikni bartaraf eta olishmadi. Aliment masalasini ham hal qilisholmadi. Ayollar huquqini himoya qilishga harakat qilishmadi. Qancha ayollar zo‘rlanmoqda, pedofillar chiqmoqda, ularga nisbatan qattiq jazoni qo‘llash kerak deb, bironta deputat gapirmadi. Aslida bunaqa parlamentni ikki yil avval tarqatib yuborish kerak edi. Xalq manfaatiga xizmat qilmagan, arzigulik qonun ishlab chiqmagan parlament kerak emas. Undan avvalroq qutilish kerak edi. Bu yerda kimlarnidur manfaati bormikin, degan fikr ham keladi. Dangal aytadigan bo‘lsam, bunaqa parlamentning boridan yo‘g‘i yaxshi.

Endi keyingi saylovda yangi deputatlar saylanib, xalq uchun ishlaydigan parlament bo‘ladi, degan fikr bor. Lekin, bilmadim, balki yana o‘sha, eski hammom va eski tos, yana eski deputatlar saylanib kelar.

Keyingi yil parlament va prezidentlik saylovi bilan ketma-ket kelib qoladi, shuning uchun parlament saylovini hozir o‘tkazishmoqchi, demak qandaydir manfaat bor, degan fikr ham xalq orasida aytilmoqda. Odamlar gapirgani bilan, hokimiyatdagilar o‘zlari hal qilishayapti.

Oddiy xalq qanday parlament bo‘lishini istaydi? Xalq manfaati uchun ishlaydigan deputatlar kelishini xoxlaydi. Lekin, afsuski, bu faqat orzu bo‘lib qolmoqda. Noumid shayton, deymizu, shunga o‘xshash, yo‘qdan ko‘ra bori yaxshi, deb niyat qilyapmiz. Agar yana o‘sha, eski hammom, eski tos bo‘lsa, Qirg‘izistonda hech qaysi tarmoqda rivojlanish bo‘lmaydi. Ilm-fan, madaniyat, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda poraxo‘rlik avj olgan, pulingiz bo‘lsa sizga xizmat qilishadi, bo‘lmasa yo‘q. Xalq buni yaxshi biladi. Shuning uchun parlamentga keladigan yangi deputatlar xalq uchun ishlashi kerak.

Odiljon Dadajonov, o‘shlik faol

Odiljon Dadajonov

Surat manbasi, Одилжон Дадажонов шахсий архивидан

Har bir davlatning o‘zining siyosati bo‘ladi. Uni hamma har xil izohlashi mumkin. Qanday izohlagan taqdirda ham, bu tabiiy bo‘ladigan jarayon.

Parlamentni tarqatib, muddatidan avval yangi saylov o‘tkazishdan maqsad, shaffof va adolatli saylov orqali yangi deputatlarni parlamentga kelishini ta’minlash, deyilyapti.

Men haqiqatan ham shu narsalar amalga oshishiga ishonaman. Sababi, Prezident Sadir Japarov olib borayotgan siyosatda poraxo‘rlikka barham berilib, mamlakatni tubdan isloh qilish dasturlari amalga oshirilyapti. Buni guvohi bo‘lyapmiz.

Parlamentga yangi deputatlar adolatli saylov orqali saylanib kelishiga ishonaman.

Sababi, hozir davlat idoralari yaxshi ishlayapti, nazoratni kuchaytirgan. Saylovga birovlarni, ayniqsa maktablarda o‘qituvchilarni aralashtirmay, umuman davlat malozimlari, davlat resurslari aralashmasdan shaffof o‘tishi uchun harakatlar bo‘lyapti.

Bungacha saylovlarda juda ko‘p nohaqliklar, pul tarqatishlar oshkora bo‘lganini bilamiz. Mahallalarda yurib bemalol pul tarqatilgan holatlar kuzatilgan. Shular batamom yo‘q qilinib, nomzodlar xolis, adolatli saylanishi uchun harakat qilinyapti. Men bu safargi saylov adolatli o‘tishiga ishonaman.

Sohiba Shokirova, jurnalist

Sohiba Shokirova

Surat manbasi, Соҳиба Шокирова шахсий архивидан

Parlament deputatlarining o‘zini-o‘zi tarqatib yuborish qarori men uchun juda ma’qul bo‘ldi. Kunda shu deputatlarni, xuddi masxarabozlar kabi ko‘raverib, ensam qotib ketgandi. Bu safar parlamentga atayin shunday savodsiz deputatlar to‘planishganmi, dedim.17 yildan beri Jo‘g‘o‘rqu Kenesh sessiyalarini uzmay ko‘rib boraman. Ularga "parlamentning eng sharmanda, bilimi, saviyasi past deputatlari " deb nom bergan bo‘lardim. Xuddi, yildan yilga xalqni savodsizlashtirish protsessi bajarilayotganday… Bu safargi saylovda ham parlamentga deputat bo‘lib kimlar kelishi avvaldan aniq bo‘lib qolgandek.

Yettinchi chaqiriq deputatlari har doimgiday boy otani qaysar bolalaridek bir-biriga so‘z bermaslik, prezidiumdan turib o‘shqirishlar, xuddiki ikki do‘st bularni qo‘lidan xo‘rozqandini olib qo‘yganday tiranishdi. Jo‘g‘o‘rqu Keneshga deputatlar xalq ichidan saylanib kelgan, xalq masalasini yechish, yangi qonun loyihalarini joriy qilish uchun keladi. O‘zlarini qanchalik jahldor ekanligini, yoki vazirlarni, adminstratsiya vakillarini qo‘rqitish uchun emas.

Bu chaqiriq sharmandalarcha yana o‘zini-o‘zi tarqatib yuborgan tantiq deputatlar yig‘ini bo‘ldi. Agar siyosiy imkoniyatimiz bo‘lganida edi, bu chaqiriq deputatlarini ishga layoqatsiz deb topib, Markaziy Saylov komissiyasiga, yangi saylovga qatnashishini ma’n qilardik. Lekin demokratik mamlakatda o‘zini-o‘zi tarqatib yuborgan parlament qaytmasligi aniq. Chunki u parlament o‘zini oqlay olmadi.

Biz o‘zini-o‘zi tarqatgan parlament deputatlarini qayta kelmasligini talab qilamiz. Nega har bir sohadan, har bir regiondan, shahar, viloyat, xududiy o‘z-o‘zini boshqaruvdan ziyoli shaxslar deputatlikka bormay, kim boy bo‘lib, qancha ko‘p pul sarflasa, shu sotib olingan ovozlarni ko‘tarib deputat bo‘lishi kerak? Har bir millatdan ilmli, o‘qimishli, davlat tilini mukammal bilgan, zodagonlarni emas, haqiqiy alp qonun bilan qurollangan siyosatchilarni ko‘rishni xohlaymiz. Prezident rahbarligidagi davlat rasmiylarini qanday ishlayotganini ko‘rib, yangilanish davrini guvohi bo‘lib turibmiz. Yangi Qirg‘izistonimizga yangi bilimli yuzlar kerak.