Ichak saratoni: axlatga qarab uni qanday aniqlash mumkin?

Ҳожатхонада ўтирган аёл

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Agar bo'shalish odatdagidek kechmayotgan bo'lsa, darhol shifokorga murojaat eting!
    • Author, Filippa Roksbi
    • Role, BBCning salomatlik masalalari bo'yicha muxbiri

40 yoshida ichak saratonidan vafot etgan Dama Debora Jeyms ushbu kasallik haqida odamlar xabardorligini oshirish kampaniyasining bir qismi sifatida barchani axlatini tekshirishga undagandi.

Buyuk Britaniyada saratonning eng keng tarqalgan turlaridan biri haqida ko'pchilikni qiynayotgan savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Aloqador mavzular:

Ichak saratonini qanday aniqlash mumkin?

E'tibor berish kerak bo'lgan uchta asosiy nuqta mavjud:

  • axlatda hech qanday sababsiz paydo bo'ladigan qon - u yorqin qizil yoki to'q qizil bo'lishi mumkin
  • axlatni chiqarish usuli o'zgaradi - masalan, siz tez-tez hojatga borasiz yoki axlatingiz suyuqroq yoki qattiqroq bo'ladi
  • dam bo'lib qorin taranglashganda pastki qismida og'riq.

Boshqa alomatlar ham bo'lishi mumkin, masalan:

  • ozib ketish
  • hojatga borganda o'zingizni to'la bo'shanmagandek his qilish
  • odatdagidan ko'ra ko'proq charchoq yoki bosh aylanish.

Ushbu alomatlarning mavjudligi bu ichak saratoni ekanligini anglatmaydi, lekin agar siz ularni uch hafta yoki undan ko'proq vaqt davomida his qilsangiz va biror narsa joyida emasdek tuyulsa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Bu ularni tezda tekshirish mumkinligini anglatadi. Saraton qanchalik erta aniqlansa, uni davolash shuncha osonroq bo'ladi.

Ba'zida ichak saratoni axlatning ichakdan o'tishini to'xtatib qo'yishi mumkin. Bu kuchli qorin og'rig'iga, ich qotishi va ko'ngil aynishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatlarda siz zudlik bilan shifokorga yoki eng yaqin tez yordam bo'limiga murojaat qilishingiz kerak bo'ladi.

Axlatimni qanday tekshirishim mumkin?

Axlat tarkibida qon bor-yo'qligi, shuningdek, orqa chiqaruv teshigi qonagan-qonamaganini tekshirmoq lozim

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Axlat tarkibida qon bor-yo'qligi, shuningdek, orqa chiqaruv teshigi qonagan-qonamaganini tekshirmoq lozim

Hojatga borganingizda axlatni diqqat bilan ko'rib chiqing va bu haqda erkin gaplashing.

Siz axlatdagi qonga, shuningdek, pastdan qon ketishiga e'tibor berishingiz kerak.

Yorqin qizil qon anusdagi shishgan qon tomirlaridan kelib chiqishi mumkin, ammo unga ichak saratoni ham sabab bo'lishi mumkin.

Najasdagi quyuq qizil yoki qora qon ichak yoki oshqozondan kelishi va tashvishga sabab bo'lishi mumkin.

Bundan tashqari, ichakning ishlashida o'zgarishlarni sezishingiz mumkin, masalan, axlatning suyuqroq bo'lishi va tez-tez kelishi.

Yoki ichaklaringiz to'la bo'shamayotgandek bo'lishi yoki hojatga kam borishingiz.

Shifokor oldiga borishdan avval hech narsani esdan chiqarmaslik uchun simptomlar jurnalini yuritishingiz tavsiya qilinadi.

Shifokorlar turli xil ichak muammolari bo'lgan juda ko'p odamlarni ko'radi, shuning uchun sababni aniqlash uchun ularga har qanday o'zgarish yoki qon ketish haqida xabar bering.

Ichak saratoniga nima sabab bo'ladi?

Bunga nima sabab bo'lishini hech kim aniq bilmaydi, ammo ba'zi bir sabablar buning ehtimolini oshirishi mumkin:

  • Yoshingiz qanchalik katta bo'lsa, saraton kasalligi ehtimoli shunchalik yuqori bo'ladi va ichak ham bundan farq qilmaydi - aksariyat hollarda 50 yoshdan oshgan kattalarda uchraydi.
  • qizil go'sht va kolbasa, cho'chqa go'shti, sala kabi go'shtlarni ko'p iste'mol qilish
  • сhekish saratonning ko'plab turlaririvojlanish xavfini oshiradi
  • spirtli ichimliklarni ko'p ichish
  • ortiqcha vazn yoki semizlik
  • ichakda o'smaga aylanishi mumkin bo'lgan poliplar anamnezi bo'lishi.

U irsiy bo'lishi mumkinmi?

Ko'pgina hollarda, ichak saratoni irsiy emas, lekin 50 yoshdan oldin saraton kasalligiga chalingan yaqin qarindoshlaringiz bo'lsa, shifokoringizga xabar berishingiz kerak.

Linch sindromi kabi ba'zi genetik sharoitlar ichak saratoni rivojlanish xavfi ancha yuqori ekanligini anglatadi, ammo shifokorlar kasallik haqida bilsalar, uning oldini olish mumkin.

Ichak saratoni yo'g'on ichakda yoki to'g'ri ichakda boshlanishi mumkin. U kolorektal saraton deb ham ataladi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Ichak saratoni yo'g'on ichakda yoki to'g'ri ichakda boshlanishi mumkin. U kolorektal saraton deb ham ataladi

Xavfni qanday kamaytirish mumkin?

Olimlarning ta'kidlashicha, sog'lom turmush tarziga rioya qilish orqali ichak saratoni holatlarining yarmidan ko'pining oldini olish mumkin.

Bu ko'proq mashq qilish, ko'proq tolali va kamroq yog' iste'mol qilish va kuniga olti-sakkiz stakan suv ichishni anglatadi.

Ammo bu, shuningdek, har qanday tashvishli alomat kuzatilganda shifokorga borishni va saraton kasalligini tekshirtirishni anglatadi.

Qorin qattiq va to'lgandek ko'rinib, qorinda og'riq va damlash kuzatilsa, bu ichak saratoni simptomi bo'lishi mumkin

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Qorin qattiq va to'lgandek ko'rinib, qorinda og'riq va damlash kuzatilsa, bu ichak saratoni simptomi bo'lishi mumkin

Test qildirishim mumkinmi?

Shu erda biz Britaniyada ichak saratonini tekshirish qanday yo'lga qo'yilgani haqida ma'lumot beramiz.

Milliy Sog'liqni Saqlash Xizmati(NHS) tomonidan o'tkaziladigan skrining tekshiruvi ichak saratonini erta bosqichda aniqlashga qaratilgan. U najasda yashirin qonni qidiradigan uy test to'plamini o'z ichiga oladi. Uni bemorga yuborishadi, bemor zaruriy ishlarni qilib, yana qayta jo'natadi.

Ammo bu hamma uchun emas, faqat zaruriy yosh guruhlari uchun mavjud.

Skrining butun Buyuk Britaniyada o'tkazilmadi.

• Angliyada skriningdan o'tish huquqiga ega bo'lganlar yoshi asta-sekin 60 dan 50 va undan pastga tushirilmoqda.

• Shotlandiyada skrining 50 yoshdan boshlanadi.

• Uelsda, 58-74 yoshdagi odamlar uchun.

• Shimoliy Irlandiyada bu 60 yoshdan oshgan odamlar uchun.

Skrining 100% aniq emas va ko'plab sog'lom odamlar tekshirilganda zararli va keraksiz davolanishga sabab bo'lishi mumkin.

Shunday qilib, agar siz yoshroq guruhda bo'lsangiz va simptomlar kuzatilsa, alomatlardan xabardor bo'lishingiz va agar u sizga tegishli bo'lsa, shifokorga tashrif buyurishingiz kerak - o'z-o'zini tekshirish to'plamini xarid qilmang, chunki natijalar chalkash bo'lishi mumkin.

NHS uyda tekshirish uchun test to'plamini yuboradi, bu narsa muayyan yoshdagi insonlarda ichak saratonini erta aniqlashga yordam berishi mumkin

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, NHS uyda tekshirish uchun test to'plamini yuboradi, bu narsa muayyan yoshdagi insonlarda ichak saratonini erta aniqlashga yordam berishi mumkin

Ichak saratoni tashxisi qanday qo'yiladi?

Bemor sinov to'plamini qaytarganidan so'ng, bemorga xavf yo'qligi haqida xabar berishadi yoki mahalliy shifoxona keyingi tekshiruvlar uchun bog'lanadi.

Bu kolonoskopiya, butun ichakni ko'rish uchun uzun trubka ichidagi kameradan foydalanadigan protsedura yoki uning bir qismini tekshiradigan moslashuvchan sigmoidoskopiya bo'lishi mumkin.

Dastlabki bosqichda ichak saratoni tashxisi qo'yilgan odamlarning 90% dan ortig'i besh yil yoki undan ko'proq yashaydi, agar ilg'or bosqichda tashxis qo'yilgan bo'lsa, 44%.

Buyuk Britaniyada omon qolish ehtimoli so'nggi 40 yil ichida ikki barobardan ko'proq oshdi, bemorlarning yarmidan ko'pi hozir 10 yil yoki undan ko'proq yashaydi, 1970 yillarda har beshdan biri edi.

Saratonning boshqa ko'plab turlari singari, 15 yoshdan 40 yoshgacha bo'lgan odamlarda omon qolish darajasi eng yuqori, chunki saraton keksa odamlarda tez-tez uchraydi va o'limga olib keladi.

Umuman olganda, Buyuk Britaniyada omon qolish hali ham Evropaning qolgan qismidagidek yaxshi emas.

Qanday davolash usullari mavjud?

Yo'g'on ichak saratonini davolash mumkin, ayniqsa erta tashxis qo'yilgan bo'lsa.

Davolanish tobora shaxsiylashtirilmoqda va genetik testlardagi yutuqlar har bir insondagi saratonga mos tarzda davolash mumkinligini anglatadi.

Ushbu yondashuv hali yanada sozlanishi kerak, ammo u saraton kasalligiga chalinganlar umrini yanada uzaytiradi.

Bemor saratoni qaysi bosqichda aniqlansa, unga mavjud davolash usullari haqida xabar beriladi.

Bu jarrohlik, kimyoterapiya va radiatsiya terapiyasi, saraton kasalligiga qarab u yoki boshqasi bo'lishi mumkin.

Saraton kasalligining turli bosqichlari qanday?

  • 1-bosqich saraton - kichik, lekin tarqalmagan
  • Saratonning 2-bosqichi - kattaroq, lekin hali tarqalmagan
  • Saratonning 3-bosqichi - limfa tugunlari kabi atrofdagi ba'zi to'qimalarga tarqalgan.
  • Saratonning 4-bosqichi - tanadagi boshqa a'zoga tarqalib, ikkilamchi o'simta hosil qilgan.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bog'laning.