Mirziyoyev kimni nazarda tutdi - Rossiyami yoki G'arb? Jurnalistlar erkinlik bo‘lmasa milliy kontent yaratilmasligini aytishmoqda Yangiliklar

Mirziyoyev va jurnalistlar

Сурат манбаси, Rasmiy

Prezident Shavkat Mirziyoyev axborot makonini to'ldiradigan xorijdagilar deganda kimni nazarda tutdi? Prezident chiqishidan so'ng O'zbekiston mediyasi qaysi tomonga o'zgaradi?

Va yana bir savol: Ushbu fukr so'z erkinligini kuchaytirishga xizmat qiladimi yoki uni zaiflashtirishi mumkinmi?

Bu borada turli mutaxassislarning fikrlarini o'rgandik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig'ilishida axborotga bo'lgan ehtiyoj to'ldirilmasa, buni xorijdagi manbalar amalga oshirishini ta'kidladi.

"Biz O'zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o'z qo'limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma'lumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz to'ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi", degan Shavkat Mirziyoyev.

iqtibos

O'zbekiston davlat rahbari har qanday tanqidga javob berish kerakligini urg'ulagan.

"Jurnalist haq bo'lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo'lsa, unga tushuntirish orqali yolg'on xabarlarning oldini olishga o'rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg'onligini", degan u.

Bi-bi-si O'zbekiston va xorijdagi ushbu soha ichida yurgan mutaxassislarga murojaat qilib, Mirziyoyev kimni nazarda tutganini so'radi.

iqtibos

Gulnoza Said

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining (CPJ ) Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha koordinatori:

Men ham xuddi sizga o'xshab Mirziyoyevning bu gaplari nimani anglatishi ustida taxminlar qilmoqdaman. Gap Rossiyaning tobora o'sib borayotgan ta'siri, shu jumladan informatsion ta'siri haqida bo'lishi mumkin. Ma'lumki, Rossiyaning G'arb davlatlaridagi, xususan Yevropa Ittifoqi va AQSHdagi informatsion ta'siri uning 2022-yil fevralida Ukrainaga qarshi keng ko'lamli urush boshlaganidan keyin ancha cheklandi. Masalan, Yevropa Ittifoqi RT (Russia Today) va «Sputnik» kabi propaganda kanallarini chekladi, u yerda ishlaydigan odamlarga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Kreml propagandasini tarqatishda Rossiya endi e'tiborini boshqa davlatlarga qaratayotganini biz kuzatib turibmiz. Navbat Markaziy Osiyo davlatlariga. Bizning tashkilotimiz o'tgan yili oxirida Tojikistonga safar kildi, va biz uchrashgan tojikistonlik jurnalist va faollar media sohasida Rossiya ta'siri kuchaygani, xususan Rossiya moliyaviy jihatdan ko'proq OAVlarni qo'llab-quvvatlayotganini aytdilar. Pul bilan g'oya va mafkura ham keladi.

Mirziyoyev G'arbda joylashgan OAV nazarda tutdimi? Bu savolga aniq javobni bayonot muallifi biladi, albatta. Prezident Mirziyoyev buni nazarda tutmagan degan umiddaman. Lekin gap shundaki, O'zbekistonda ko'plab amaldorlar eskicha fikrlaydi va bu bayonotni «Prezidentimiz xorijiy OAVga qarshi ekan», deb tushungan bo'lishi mumkin. Bu esa Bi-Bi-Si, Ozodlik va Amerika ovozi kabi O'zbekistonni yoritib kelayotgan OAVni cheklanishiga olib kelishi mumkin. Chunki ayrim boshqa mamlakatlar, masalan o'sha aytganim Tojikiston yoki Ozarbayjonda aynan shunday jarayonlarni kuzatyapmiz. Umid qilamanki, O'zbekistonda bunday bo'lmaydi.

Bundan tashqari, informatsion suverenitet, milliy kontent yaratish kerak degani amalda nimani anglatadi? Birinchi navbatda, so'z va matbuot erkinligini. Ikkinchidan, OAVning moliyaviy mustaqilligini. Masalan, Ukraina yoki G'azodagi voqealarni mahalliy OAV mustaqil ravishda yoritishi, ya'ni unikal kontent yaratishi uchun milliy OAV u mintaqalarda o'z muxbirlariga ega bo'lishi kerak, eng kamida Reuters va Associated Press kabi nufuzli xolis axborot agentliklaridan kontent sotib olishga moliyaviy qurbi yetishi kerak. Bu katta mablag' degani. O'zbekistonda bunday qurbi bor OAV mavjudmi? Ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish uchun nima qilish kerak?

Prezident Mirziyoyevning "har qanday tanqidga javob berishga (tayyor bo'lishimiz), jurnalist haq bo'lsa, buni tan olishimiz kerak" degan gaplari quvonarli, albatta.

Iqtibos

Ilyos Safarov

Jurnalist, Toshkent:

Birinchidan, ayni shu masala prezident tomonidan ko'tarilganidan xursandman. Chunki biz shu paytgacha milliy axborotni kuchaytirish, rivojlantirish, milliy axborot muhitini rivojlantirish haqida juda ko'p gapirardik. Buni rivojlantirish deganda har tomonlama aytayapman. Nimagaki, aslida eng yaxshi propaganda bu eng ochiq axborot siyosatida. Bugun bizda shu paytgacha Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi ko'rsatib berdi. Mana shuning boshida agar odamlarning fikrlari, xulosalari so'ralganda edi, aniqlanganda juda katta qatlam, Rossiyaning bosqinchilik urushini oqlardi. Buning sababi ko'p yillar davomida Rossiya axborot kanallari, telekanallarining propagandasini O'zbekistonda hech qanday cheklovsiz qo'yilganligi. Bizda ko'p yillar davomida axborot maydoni juda yopiq bo'ldi, senzura juda kuchli edi. Jurnalistlarning kichkina masalani ham olib chiqishga, yoritishga imkoni bo'lmagan. Mana shunaqa sharoitda odamlar O'zbekistondagi axborot muhitidan ko'ra, nisbatan erkinroq bo'lgan Rossiya nashrlarini tinglardi, ko'rardi. Mana shu axborotning ta'sirida onggi, tafakkuri shakllantirildi yoki to'yintirildi. Shu ma'noda buning endi bugunga kelib his qilinayotgani kech bo'lsa ham baribir yaxshi deb o'ylayman. Bunga sabab bo'lgan omillar ham borki, o'sha Rossiyaning bugungi kunda Ukrainaga olib borayotgan urushi va bundan tashqari rossiyalik siyosatchilarning O'zbekiston bo'lsin, Qozog'iston bo'lsin, Boltiq bo'yi davlatlari bo'lsin atrofdagi davlatlarga hududiy da'volari oshib borayotgani va bu tobora real xavfga aylanayotgani mana shu haqiqatning anglanishiga sababchi bo'ldi, menimcha. Bu kabi da'volar va xavflar oy sayin ko'payib boryapti. Shuning uchun ham bu masala o'ylanyapti. Milliy axborot deganda agar qandaydir bu hududiy da'volar amalga ko'chib xavflar paydo bo'ladigan bo'lsa, bunga qarshi odamlarni oyoqqa qo'ya oladigan, mana shunday xavflarga qarshi yetarli bir axborot bera oladigan muhit paydo qilish kerak deyapti.

Ikkinchisi, ko'ryapsiz, dunyo notinch, dunyoning juda ko'p nuqtalarida urushlar ketyapti. Mana shunaqa paytda har bir davlatning o'z nuqtayi nazari bo'lishi kerak. O'z manfaatidan kelib chiqib yoritilyapti yoki odamlarga yetkazilyapti. Buni ko'ryapmiz. Bugun eng xolis degan axborotimiz ham qaysidir davlat, hukumatning manfaatiga xizmat qilyapti. Shu ma'noda albatta, dunyodagi urushlar yoki boshqa masalalar, konfliktlarda O'zbekistonning o'zining pozitsiyasi ham bo'lishi kerak. Shu jihatdan ham e'tibor qaratilgani yaxshi deb o'ylayman.

Bu qanday bo'ladi, deyilsa, men o'ylayman, buning tagida O'zbekistonda juda katta muammo yotibdi. Eng birinchi masala, senzura masalasi. 2016-2019 yilgacha bo'lgan yilda erkinlikdagi o'sish bugun to'xtaganday. Qandaydir turg'unlashganday, junalistlarga nisbatan senzura qandaydir kuchayganday bir muhit ko'rinyapti, sezilyapti. Ayniqsa, 2023 yilda jurnalist va blogerlarning sud bilan turli yillarga qamalishi, bu xavotirlar yanayam kuchayib ketdi.

Xo'p, milliy axborot muhitini shakllantirish haqida gapirlyapti. Buni kim qiladi? Men o'ylayman, bugun O'zbekistonda quruq va ta'sir axborot yetkazayotgan nashrlarga, kanallarga bugun ko'pchilikning ishonchi yo'q. Shuning uchun buni milliy axborot muhitini ham o'sha erkin nashrlar yaratishi mumkin. Buni bugungi erkinlik muhiti bilan amalga oshirish juda qiyin. Hozir erkinlik berilishi kerak desam bu ham berilgan erkinlik bo'lib qoladi-da yana. Berildi, qaytarib olindi. Qandaydir erishilishi kerak-da, mana shunga. Bugun juda kam nashrlar, kun.uz, gazeta.uz kichik-kichik masalalarni erkin ko'tara olayotgan nashrlar bo'lsa, ularning ham ustida juda kuchli senzura bor. Buni bilamiz. Shuning uchun buning tagida senzura, moddiy texnik baza, reklama bozori, axborot bozorining shakllanmaganligi, jurnalist kadrlarning mahorati, tayyorlanishi degan juda katta masalalar, muammolar ham bor buning tagida. Shuning uchun bu masalalar ham hal qilinishi kerak. Lekin eng oldinda o'sha senzuradan butkul voz kechilishi kerak. Yuqorida aytganimdek, eng yaxshi propaganda bu - erkin axborot siyosati. Agar axborot, uni olish va berish erkin bo'ladigan bo'lsa, zararli "rus unitazi" deydiyu, Rossiyaning zararli kanallarining axborotlari ham bir tiyinga qimmat ekanligi, qip-qizil propaganda, Putinning maqsadlari va qiziqishlari uchun xizmat qilayotgani oydinlashadi. Odamlar ham tushunib boshlaydi. 2019 yilgacha mana shunday jarayon boshlangandi. Odamlar axborotni mahalliy nashrlardan tekshirayotgandi. Hatto xorij nashrlarida chiqsa ham qani o'zimizda aytildimi deb qarashayotgandi. Lekin axborot maydoni 2020 yildan keyin turg'unlashib qolganidan keyin, endi o'sha mahalliy nashrlardan ko'ra, xorijiy nashrlarga e'tibor oshganini ko'ryapmiz. Men umumiy ma'noda aytayapman. Mahalliy nashrlarga ishonch juda pasayib ketgan. Milliy axborot muhiti deganda, mana shu narsalar ham nazarda tutilyapti. Men G'arbdan ko'ra, Rossiyaning axboriy hujumlari nazarda tutildi degan bo'lardim.

Albatta, buni hech kim inkor qilmasa kerak. Bugun oxirgi yillarda jurnalist va blogerlarning qamalishi, qanday sabab bo'lmasin, uzoq yillarga qamalishi jurnalistikaga, jurnalistlarning kayfiyatiga juda jiddiy ta'sir qildi. Ertangi kun va faoliyatiga xavotir, ishonchsizlik kuchaydi. Endi jurnalistikada ishlamasa ham bo'laveradi, degan qarashlarni ko'p eshityapman. Agar milliy kontentlar haqida gapirarkanmiz, avvalo, jurnalistlar erkin bo'lishi kerak. Qandaydir meros, madaniyat, muhit erkinlik bilan yaratiladi. Kimningdir chizib bergan chegarasi, qoliplari bilan yaratiladigan bo'lsa, bu hech qanday muhitga aylanmaydi, deb o'ylayman. Ishonchsiz bir muhit bo'ladi. Shuning uchun qachon biz erkin bo'larkanmiz, jurnalistlar erkin bo'larkan, ularga qandaydir bosimlar bo'lmasa, chiqarilgan materiallar o'chirilmasa shundagina (milliy kontent, tah.) yaratilishi mumkin . Shuning uchun birinchi erkinlikni qo'yaman men.

iqtibos

Navbahor Imamova

Amerika ovozi (VOA) jurnalisti:

"2017 yildan boshlab O'zbekistonda jarayon astalik bilan jonlangan edi. 2017 yili O'zbekistonda islohotlar e'lon qilinganidan keyin, demokratik yo'ldan boradi deyilgandan keyin ro'y bergan ijobiy jarayonlarning eng salmoqlisi O'zbekistonda o'zbek tilida matbuotining kuchaya boshlagani. Mana shuning oqibatida ham O'zbekistonga ijobiy ruhda yondoshila boshlandi", deydi u.

Imomovaga ko'ra, leyin so'nggi vaqtlarda O'zbekistonda jurnalist va blogerlarning ruhi tushib ketgan.

"Nafaqat tizimga nisbatan ishonchi pasaygan, balki ishimiz o'z samarasini bermayapti, deb o'z sohasiga nisbatan ham ishonchi pasaygan. Lekin baribir tashqaridan qaraganda O'zbekistonda ruhiyat u qadar, ya'ni jurnalistlar, blogerlar va hatto hukumatdagilar o'ylaganidek u qadar past emas".

Navbahor Imomovaning aytishicha, O'zbekistonda hamon norasmiy senzura hukmron va avtoritar media muhit sanaladi. Chunki media makondagi asosi rolda hamon hukumat.

"Endi prezident Mirziyoyevning gapidan kelib chiqib, bu yog'iga milliy kontentni oshirish uchun media xilma xillik ta'minlanadimi? Chunki hamma media hozirgiga o'xshab aksariyat hollarda adolat nima desa shuni bersa, yoki hukumat propagandasi bilan mashg'ul bo'lsa, unda demak sifat o'zgarmaydi. Bu degani media kontentning qamrovi ham oshmaydi. Ya'ni o'sha-o'sha gap, minglab nashrlarda bir xil gap chiqayapti, hamma prezident matbuot xizmatining videosini beryapti. Hech kim savol berolmayapti, hech kim rahbariyatni savolga tutolmayapti. O'zbekistondagi media hozirgi minimal tushuntirish darajasida qoladimi? Yoki vazirliklar, qo'mitalar, davlat organlari matbuot xizmatlari jurnalistlar bilan ko'proq ishlay boshlaydimi?" deydi "Amerika ovozi" jurnalisti.

Navbahor Imomaga ko'ra, prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston axborot makoni xorijdan turib to'ldiriladi, degan Rossiyani nazarda tutganiga ishonadi.

Ammo Rossiyada ham media erkin emac, avtoritar boshqariladi, deydi u.

"O'zbekiston hukumati oldida juda muhim qaror turibdi. O'zbekistonda matbuot sizning propaganda vositangiz bo'lib qolishini xohlasangiz va media makon kengayishi va kuchayishi kerak deganda, agar shuni nazarda tutayotgan bo'lsangiz. Ya'ni hukumat nima deyotgan bo'lsa shuni yoriting, boshqa manbalarga murojaat qilmang deyayotgan bo'lsangiz. Bu yerda hech qanday jurnalistik o'zgarish bo'lmaydi. Bu aniq", deydi Imomova.

Iqtibos

Zafarbek Solijonov

Jurnalist, Toshkent:

"Milliy kontent yaratishimiz deganda menimcha, o'ziyam urg'ulagan, dunyodagi voqealarga degan. Endi bu qaysi davlat va qaysi masalaligini aniq aytmagan bo'lsa ham, mening taxminimcha, ko'proq katta davlatlarning bizga bo'ladigan bosimi. Ayniqsa, o'sha Rossiya masalasi. Chunki oxirgi vaqtlar Rossiya tarafdan, Kremlga yaqin odamlar, rasmiy va norasmiy shaxslar tarafidan bizning hududlarimizga ko'z tikish, qanaqadir signallar jo'natish kabi holatlar ko'payib qoldi. Prelepinga ham guvoh bo'ldik.

Undan tashqari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan masalasi. Bizda rus telekanallari erkin uzatiladi. Menimcha, o'shani cheklamasdan o'zimizning maydonda ko'proq haqiqatni yoritish masalasini ko'rishsa kerak. Ya'ni cheklashsa qanaqadir diplomatik urushlar boshlanib ketishi mumkin. Mirziyoyev juda ko'p holatlarda diplomatik urushlardan qochishga harakat qilyapti. Buni o'sha Tashqi ishlar vazirligining ehtiyotkor munosabatlaridan ham bilsak bo'ladi. Menimcha, o'sha targ'ibot ketib yotibdi. Yarim aholi bostirib kirganlik masalasida Rossiya haq deydi, boshqasi nohaq deydi. Shu masalada o'zimizning manfaatimiz nuqtayi nazaridan kengroq platformalar, u televizor bo'ladimi yo radio bo'ladimi yoki internet bo'ladimi , shunda o'zimizning kontentni yaratish masalasini ko'zda tutdi, menimcha.

Bitta narsa bor. Bizda milliy kontent bo'lganidan keyin ertaga jurnalist, Ozodlik yoki Bi-bi-si katta surishtiruvlar chiqarsa ularga qarshi ishlatilishi ham mumkin. Chunki qaysidir holatlarda materiallarda savol ostidagi qanaqadir masala bo'lishi mumkin. O'shanda mana deb o'zlarining haqiqatini ko'rsatishga harakat qilsa kerak ular ham. Yoki qanaqadir raddiya yo munosabat berib. Menimcha, ko'proq raddiya berishni maqsad qilishsa kerak. Shu tarafga burilib ketish ehtimoli juda katta.

Men o'ylaymanki, bunga alohida pul ajratib, milliy kontent yaratish kerak emas. Bor resurslardan oqilona foydalanish kerak. Chunki alohida kontent yaratib, pul ajratsangiz u havoga uchib ketish ehtimoli bor. O'zini tiklagan platforlardan, jurnalist va blogerlardan foydalanib, ular haqiqiy, to'g'ri savollarni qo'yib borishi kerak, deb o'ylayman. Chunki biz tarafda hokimiyalarning baribir o'z haqiqati bo'ladi-da. Haqiqat rivojlangan davlatlar o'tgan tajribalardan farq qilishi mumkin, ochiqlik, oshkoralik, boshqa masalalarda. Lekin bular targ'ibot yo'lidan bormoqchi. Bu narsaga pul ajratilib, propaganda qilinishini men oqlamayman. Bor resurslardan foydalansin. Ularga hech qanaqa tazyiq va majburiyat yuklamasin. Agar rostdan ham qo'llamoqchi bo'lsa, ularga faqatgina sharoit yaratish kerak va faqat haqiqat, adolatli narsalarni ko'rsatish kerak. Ko'rinib turgan haqiqatni berkitishga harakat qilsa yoki boshqacha tarzda o'zining haqiqatini ko'rsatmoq bo'lsa milliy kontent o'sha kuni o'ladi".

Kuzatuvchilar Mirziyoyev kelgan yili boshlangan matbuot va so'z erkinligi shamollari so'nggi yillarda yomon tomonga o'zgara boshlaganini aytishadi.

O'zbekiston "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining reytingida o'tgan yil 4 pog'ona pastlab, 137-o'rinni egalladi.

Mamlakat ichida turli sabablar bilan qamalayotgan blogerlar soni ortib bormoqda.

Nisbatan erkin deb ko'riladigan onlayn nashrlar esa, norasmiy senzura kuchayyotganidan shikoyat qilishmoqda.

Mirziyoyevning jurnalistlarni himoya qilib gapirib chiqqandan 2 kun o'tib, 14 yanvar kuni Novosti Uzbekistana - Nuz.uz jurnalisti o'z xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda qo'lga olingan.

Mixail Dovlatov poytaxtning Uchtepa tumani aholisdan kelib tushgan shikoyatni o'rganayotgan mahalda avvaliga uni "jamoat joyida chekish" aybi bilan 5 soat Uchtepa ichki ishlar boshqarmasida ushlab turishgan.

Keyin unga huquq tartibot organi xodimlarining buyrug'ini bajarmadi, degan ma'muriy ish ochishgan.

Nuz.uz jurnalist nisbatan ochilgan ish uning kasbiy faoliyatiga to'sqinlik ekanligi haqida maqola yozganidan so'ng, Bosh prokuratura Dovlatovga nisbatan ochilgan ishni bekor qildi va holat yuzasidan tekshiruv tayinladi.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002