Yangiliklar: Koreyadan quvilgan 22 oʻzbek talaba – oʻzbekistonliklar “bemalol kamsitiladigan millat”ga aylanib qolganmi?

Сурат манбаси, Screenshot/Courtesy video of the students
Yuzdan ziyod tashkilotlar Janubiy Koreyadan chiqarib yuborilgan oʻzbekistonlik talabalar voqeasi chuqur tekshirilishini talab qilib chiqdi. Faollar esa xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolari himoyasi haminqadar ekani haqida gapirmoqda, yuz bergan holatni oʻzbekistonliklar bemalol kamsitiladigan millat darajasiga tushib qolgani belgisi oʻlaroq koʻrmoqda.
Koreys tili kursida oʻqiyotgan 22 nafar oʻzbekistonlik talabaning noyabr oyi oxirida majburan oʻz vataniga qaytarib yuborilgani Janubiy Koreya jamiyatida hamon qizgʻin muhokama qilinmoqda.
Koreys matbuoti talabalar tahdid-poʻpisa ostida mamlakatdan chiqarib yuborilganini yozgan, mahalliy huquq himoyachilari esa bu holatni inson haqlari toptalishining xunuk misoli, deya atagan.
Yil tugashiga yaqin Seul shahrida yigʻilgan yuzdan ziyod inson huquqlari tashkilotlari, talabalarning yaqinlari va qonuniy vakillari Janubiy Koreya hukumatidan mazkur holatni chuqur tekshirishni talab etgan.
Bu harakatga bosh-qosh boʻlayotgan boshqa oʻzbekistonliklarning Bi-bi-siga aytishicha, ayni vaqtda bir nechta koreyalik advokatlar talabalarga oʻz himoyasini taklif etgan, sudga tayyorgarlik ishlari ketmoqda.
Bir vaqtning oʻzida, faollar Oʻzbekiston elchixonasi muhtoj holatga tushib qolgan talabalarning qoʻngʻiroqlariga javob bermagani, buning oʻrniga, ularning noqonuniy deportatsiyasi ortida turgan oliygoh bilan holatni "imi-jimida" hal qilishga uringanini daʼvo qilmoqda.
"Elchixona hech qanaqasiga qarashmadi. Bizga qoʻshilgan koreys advokatlar ham elchixonani aralashtirib oʻtirmanglar, kuchi yoʻqligini bilasizlar-ku, deyapti. Boshqa davlatning fuqarolari huquqi shunaqa buzilsa, elchixonasi allaqachon nota bilan chiqar edi", soʻzlaydi oʻzbekistonlik talabalar huquqlarini qayta tiklash harakatini muvofiqlashtirishda koʻngilli oʻlaroq ishtirok etayotgan Elyor Nurdinov.
Shuningdek, bu voqea xorijdagi oʻzbekistonliklarning qadri va mavqeiga oid xavotirlarni qaytadan yuzaga chiqargan.
Aloqador mavzular:
Poʻpisa, avtobus va aeroport
Oʻzbek jamoatchiligi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan 22 nafar yosh yigit-qiz tahdidlar va kamsitilish ostida Janubiy Koreyadan majburlab chiqarib yuborilgani haqida koreys matbuoti orqali xabar topgan.
12-dekabrda paydo boʻlgan ilk xabarlarga koʻra, Seuldan uncha uzoq boʻlmagan universitetda endi tahsil olishni boshlagan oʻzbekistonlik yoshlar mamlakatdan jismoniy kuch va aldov ishlatish yoʻli bilan chiqarib yuborilgan.

Сурат манбаси, Courtesy
Turli koreys nashrlarida eʼlon qilingan voqealar silsilasi tasviri bir-biridan u qadar farq qilmaydi.
Xabar qilinishicha, Seuldan uzoq boʻlmagan Kyongi provinsiyasida joylashgan Hanshin universiteti qoshidagi koreys tili kursida taʼlim olayotgan 23 nafar oʻzbekistonlik talaba 27-noyabr kuni avtobusda toʻgʻri Incheon aeroportiga olib borilib, Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan.
Koreys matbuoti bilan suhbatlashgan oʻzbekistonlik yoshlarning maʼlum qilishicha, ular aeroportga borgunga qadar deportatsiya qilinayotganliklaridan bexabar boʻlgan.
Eʼlon qilingan hikoyalarda universitet maʼmuriyati 27-noyabr kuni jami 23 talabadan yotoqxona yaqinida yigʻilib turishni soʻragani aytiladi.
"Avtobusga chiqishda professorlarimiz va rasmiylar xorijlik talabalar uchun ID karta tayyorlatishga immigratsiya boʻlimiga ketayotganimizni aytishdi", deya The Korea Times nashri oʻzbekistonlik talabalarning biridan iqtibos keltirgan.
Xabarlarda oradan hech qancha vaqt oʻtmay, qoʻriqlash xizmati xodimlari kabi kiyingan oʻndan ortiq shaxs (keyinroq bu shaxslarni Hanshin universiteti tartibni saqlash maqsadida yollagani maʼlum boʻlgan) avtobusga chiqqani, talabalarning telefonlari olib qoʻyilgani va noinsoniy muomala qilish boshlangani aytiladi.
Universitet xodimlari tarjimon orqali endigina koreys tilini oʻrgana boshlagan oʻzbekistonlik yoshlarga ular zudlikda Oʻzbekistonga qaytishi shartligi, aks holda, immigratsiya qonunlarini buzganlikda ayblanib, hibsga olinishidan ogohlantirgan, yozadi koreys nashrlari.
Shuningdek, yoʻl-yoʻlakay ulardan oʻqish pulini qaytarish tartibi va aviachipta xarajatini ayni mablagʻ hisobidan undirish toʻgʻrisidagi hujjatga imzo chekish talab qilingani ham bildirilgan.

Сурат манбаси, Screenshot/Courtesy video
Shundan soʻng deportatsiya qilinayotgani haqida na Koreya, na Oʻzbekistondagi yaqinlariga xabar qila olmagan talabalar Incheon xalqaro aeroportiga olib borilgan va vataniga joʻnatib yuborilgan.
Faqatgina bir talaba aeroportda hushidan ketib qolishi ortidan shifoxonaga olib ketilgan va u hanuz Janubiy Koreyada qolayotgani aytiladi.
"Avtobusda olingan videoda tarjimon orqali talabalarga murojaat qilayotgan koreysning gaplarini eshitsangiz, jahlingiz chiqadi. Sensirab, ikkinchi sort odamlarga muomala qilgandek gapirgan. Bundan tashqari talabalarimizga na yuklari, na hamyonlarini olishga ruxsat berilmagan", soʻzlaydi Elyor Nurdinov.
"Voyaga yetmaganlar ham bor edi"
Bi-bi-siga mazkur ish yuzasidan ochilgan jinoyat ishida himoya tomonda ishlayotgan advokatlar tomonidan yigʻilayotgan talabalarning koʻrsatmalari taqdim etildi.
Oʻz koʻrsatmalarida talabalar majburiy deportatsiya kunida boshdan kechirganlarini soʻzlab berganlar.

Сурат манбаси, Screenshot/Courtesy video
Quyida ayni koʻrsatmalardan parchalar juzʼiy imlo oʻzgartirishlari bilan keltirilmoqda:
"Barcha talabalarga 22-noyabr kuni ID karta uchun deb pasportlarimizni yigʻib olishdi. 25-noyabr kuni barcha talabalarga xabar keldi, xabar mazmunida esa: barcha talabalar yotoqxonasi 27-noyabr kuni dezinfeksiya bolishi aytilgandi, yaʼni biz ID karta uchun ketayotganimizda xonalar dizinfeksiya boʻlishi aytilgandi. bizga bu xabarlarni barchasini Hanshin Universiteti samushilida ishlovchi oʻzbek talabalarga masʼul ... shaxs aytgan edi".
"Men oʻzim bilan sumkamni ham ololmadim, chunki bizga ID kartaga roʻyxatdan oʻtib, yana Hanshin Universitetiga qaytib kelishimizni aytishdi. Bizning Pasportimiz universitet vakillarida edi. Avtobusga chiqqan Oʻzbek talabalarning hech birining yonida pasporti yoʻq edi".
"Qora kiyimli barzangilar bizga juda qattiq bosim oʻtkazdi, bizni joyimizdan turishimizga ham qoʻyishmadi. Bizga Oʻzbekistonga uchayotgan samolyotga chiqqunimizgacha bosim oʻtkazishdi, turtkilashdi, bizni oramizda voyaga yetmagan bollar ham bor edi, lekin ularni ham qoʻlidan tortqilab, samolyotga chiqishga majbur qilishdi".

"Aeroportga yetib bordik, barcha talabalarni avtobusdan tushirishdi, immigratsiyaga boramiz degan talabalarni ham majburlab pastga tushirishdi. Barchamizni qoʻriqchilar oʻrab olgan edi, biz juda qattiq stress holatida boʻlganimiz sababli hech kimdan yordam soʻrash hayolimizga kelmadi. Bizni barchamizni oʻrab olib, samolyotga chiqish joyigacha majburlab olib borishdi va u joyda telefonlarimizni qaytarishdi. Aeroport ichida ham majburlab oʻrab olgan qora ustivoshli qoʻriqchilar samolyotga chiqarib yuborishdi".
"Mening dadam Koreyada E7 viza turi bilan istiqomat qiladi va boshqa talabarning ham yaqinlari Koreyada edi, ammo bizni oila aʼzolarimiz bilan koʻrishishimizga yoʻl qoʻyishmadi, ular biz Oʻzbekistonga ketayotganimizdan bexabar edilar. Biz oʻzbekistonga kelganimizdan keyin xabar topishdi".
Deportatsiya sababi nimada?
Mazkur holat noyabr oxirida yuz bergan boʻlsada, koreys matbuoti undan dekabr oʻrtasiga kelib xabar topgan.
Aniqlik kiritilishicha, muddati 2024-yil mart oyigacha boʻlgan talaba vizasi bilan Janubiy Koreyaga kelgan oʻzbekistonlik yoshlar viza talablarini toʻliq bajarmagani maʼlum boʻlgan. (Janubiy Koreya qonunchiligiga oʻtgan yil iyun oyida kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, til kurslarida oʻqishga kelayotgan oʻzbekistonlik va vyetnamliklardan talaba vizasini olish uchun oʻz bank hisobida kamida uch oy davomida 10 million von yoki, taxminan, $7,700 saqlab turganini dalillovchi hujjat koʻrsatishi talab etiladi).
Holat matbuot yuzini koʻrishi ortidan Hanshin universiteti talablar bajarilmagani tufayli oʻzbekistonlik talabalarga vizani uzaytirish rad etilgani, shu sababdan ularda oʻz ixtiyori bilan mamlakatni tark etishdan boshqa chora qolmaganini iddao qilgan.
Universitet, shuningdek, "noqonuniy ishlar tufayli" talabalarning darsga kelmasligi holatlari koʻpayib ketgani ham ularning mamlakatdan chiqarib yuborilgani asosiy sabablaridan boʻlganini daʼvo qilgan.
Biroq talabalarning huquqlarini tiklash harakatida koʻngilli sifatida ishtirok etayotgan tarjimon Abdulatif Qudratovning Bi-bi-siga aytishicha, talabalarni viza talablarini bajarmaganlikda aybdor, deb boʻlmaydi.
"Viza olishdan avval [Hanshin] universitet vakili Oʻzbekistonga borib, yoshlarni shu universitetning til kursida oʻqishga taklif etgan, viza uchun bank hisobida bir kungina pul saqlash yetarli ekanini aytgan. Bolalar bu gapga ishongan. Immigratsiya ofisi pul hisobda kamida uch oy davomida saqlangan boʻlishi kerakligini aytganda, universitet bolalar Koreyaga kelgandan keyin shunday qilishiga ishontirib, vizalarni chiqartirishga erishgan".
"Vizalar chiqib, pasportlarga bosilgandan keyin uchib ketishga bir kun qolganda, universitet uch oylik bank schet qilish kerakligi haqida xabar bergan. Biletlar qoʻlda, Koreyaga uchib ketishga bir kun qolganda, kimning bankka uch oyga pul qoʻydirgisi keladi? Chunki bank schet qilish ming dollardan ziyod turadi", qoʻshimcha qiladi Qudratov.

Сурат манбаси, Screenshot/Courtesy video
Janubiy Koreya matbuoti Adliya vazirligiga boʻysunuvchi tegishli immigratsiya boʻlimi bank hisob raqami holatiga oid talab qilingan hujjatlar koʻrsatilmaganiga qaramay, 20 nafardan ortiq oʻzbekistonlikka viza berishni maʼqullagani aniqlangani haqida yozgan.
"Oqibatda, vazirlikning oʻz tartib-qoidalariga oʻzi amal qilmagani xorijlik talabalarning misli koʻrilmagan holda majburan vataniga qaytarib yuborilishiga sabab boʻldi", deya yozgan Hankyoreh nashri.
Tarjimon Abdulatif Qudratovning soʻzlashicha, Hanshin universiteti oʻzbekistonlik yoshlar Janubiy Koreyaga yetib kelgandan soʻng bank hisob raqamiga oid talablarni bajarishni soʻragan.
"Lekin bolalarga xabar yaxshi yetib bormaganda. Nomiga bir marta mana shunday bank scheti haqida spravka qilib beringlar, deyilgan xolos. Doimiy soʻralmagan".
Elchixona aralashuvi
Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi 13-dekabr kuni mazkur holat boʻyicha rasmiy maʼlumot eʼlon qilgan.
Maʼlumotda elchixona vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Hanshin universiteti rahbariyati bilan bogʻlangani, oliygoh maʼmuriyati talabalar oʻrtasida mavjud tartib qoidalarga amal qilish boʻyicha zaruriy tushuntirish ishlarini olib borgani aytiladi.
"Shunga qaramasdan, oʻqish boshlanishi bilan Oʻzbekistonlik talabalar orasida universitet ichki tartib-qoidalariga amal qilmaslik, Koreya Respublikasi immigratsiya qoidalariga muvofiq universitet tomonidan soʻralgan hujjatlarni taqdim etmaslik, ruxsatsiz va noqonuniy mehnat faoliyatini yuritish va buning oqibatida darslarga qatnashmaslik hollari keskin koʻpaygan.
Ushbu holatni oldini olish maqsadida universitet maʼmuriyati talabi boʻyicha talabalarga nisbatan intizomiy chora koʻrilgan va barcha talabalardan 2023-yil 8-noyabr kuni ushbu taʼlim maskani qoidalariga amal qilish boʻyicha majburiyat xati olingan.
Universitet maʼmuriyati talaba yurtdoshlarimizga Koreya Respublikasida yashash qonun-qoidalarini va oliy taʼlim muassasasi ichki tartibini buzmasliklari, bunday holat yana takrorlansa, talabalarga nisbatan qatʼiy chora koʻrilishi haqida ogohlantirilgan.
Lekin koʻrilgan choralarga qaramasdan, talabalar tomonidan qoidalarni buzish holatlari davom etavergan", maʼlum qilgan Oʻzbekiston elchixonasi.
Talabalarning oʻzi tartib-qoidalarga amal qilmagani ortidan Janubiy Koreya hududidan chiqarib yuborilganini taʼkidlagan elchixona majburiy deportatsiya qonuniyligini aniqlash borasida Koreya huquq-tartibot idoralari bilan muzokaralar olib borilayotganini qoʻshimcha qilgan.
Majburiy deportatsiyaning asl sababi nimada oʻzi?
Oʻzbek talabalar huquqlarini himoya qilishda oʻz xizmatini bepul taklif etganini Bi-bi-siga bildirgan koreyalik advokat Jivon Lining taʼkidlashicha, Hanshin universitetida xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish vakolati mutlaqo mavjud emas.
"Viza muddati hali tugamagan, ayniqsa, oʻz taʼlim dargohi aʼzosi boʻlganlarni mamlakatdan majburan haydab chiqarish orqali universitet talabalarning fuqarolik va konstitutsiyaviy huquqlarini qoʻpol tarzda buzgan", degan advokat oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Koreys matbuotining yozishicha, Hanshin universiteti viza tartibining kelajakda buzilishining oldini olish maqsadida oʻzboshimchalik bilan oʻzbekistonlik talabalarni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan.
Talabalarning qonuniy vakili oʻlaroq jarayonda ishtirok etayotgan Abdulatif Qudratov sabablarni qisqacha shunday tushuntiradi.
"Hanshin xususiy oliygoh. Asosiy daromadi chet ellik oʻquvchilar toʻlaydigan oʻqish pullaridan keladi. Viza olishda universitet vositachilik qilgan, talablarni chetlab oʻtgan, oʻquvchilarimiz noqonuniy migrantga aylanmaydi, deb tegishli organga vaʼda bergan. Lekin bank hisobida uch oy davomida pul turgan boʻlishi kerakligi haqidagi talab toʻsatdan aytilganda, oʻquvchilarning hammasi ham sharoiti tufayli buni bajara olmagan. Shunda universitet agar vizalar uzaytirilmasa, oʻquvchilar noqonuniy migrantga aylanib ketadi, deb xavotirlangan va ularni aldab-suldab, avtobusga oʻtirgʻizib, aeroportdan majburan chiqarib yuborgan. Chunki oʻquvchilari nelegal boʻlib ketsa, kelgusida universitetga chet ellik talabalarni olishga cheklov qoʻyib qoʻyadi, daromadi boʻlmaydi".
Dekabr oʻrtasida Janubiy Koreya Adliya vazirligi oʻzbek talabalarning deportatsiyasiga aralashmagani, boshlangan tergov harakatlarida ishtirok etishini bildirgan.
"Immigratsiya xizmatining kelgusi yil mart oyiga qadar mamlakatda qonuniy boʻlishiga ruxsat berilgan talabalarning deportatsiya qilinishida ishtirok etishida biror maʼno yoʻq", taʼkidlagan vazirlik oʻz bayonotida.
15-dekabr kuni Hanshin universiteti prezidenti oliygoh nomidan yuz bergan shov-shuvli holat yuzasidan kechirim soʻragan.
"Oʻquvchilarning oʻqish uchun toʻlov pullari qaytarib berildi va mazkur choralar ularning [mamlakatga] yana qaytib kelish uchun zamin yaratish maqsadida amalga oshirildi. Agar qoʻllangan uslublar notoʻgʻri boʻlgan boʻlsa, men oʻzimizni oqlaydigan biror sabab keltira olmayman. Vataniga qaytib ketgan talabalardan chin dildan uzr soʻrayman", deyiladi oliygoh vebsaytida eʼlon qilingan uzrnomada.
"Kuchi yoʻq" elchixona
Bi-bi-si bilan suhbatlashgan oʻzbekistonlik faollar elchixonaning dekabr oyida eʼlon qilingan bayonotini jiddiy savol ostiga olishlari haqida gapirdilar.
"Talabalarning noqonuniy ishga chiqib ketganiga hozircha dalil yoʻq", soʻzlaydi tarjimon Abdulatif Qudratov.
"Majburiy deportatsiya vaqtida Koreyada yaqinlari bor oʻquvchilar elchixonaga telefon qilib koʻrgan, telefonni hech kim koʻtarmagan. Elchixona yordam bermadi toʻgʻrisi", davom etadi u.
Jarayonda ishtirok etayotgan boshqa bir faol - Elyor Nurdinov Oʻzbekiston elchixonasining "bir tomonlama" bayonoti deportatsiyaga yuz tutgan yosh oʻzbekistonliklarning "tushkun holat"ga solib qoʻyganini taʼkidlaydi.
"Ancha yildan beri Koreyadaman. Ochigʻini aytaman — boshida kelganlarning koʻpi bu yerda nelegal ishlaydi. Nelegal degani shunchaki Koreya davlatidan ruxsat olmasdan ishlash, degani. 99,9 foiz talabalar shunday ishlarda ishlaydi. Lekin nelegal ishlading, deb chiqarib yuborish juda katta xato. Faqatgina Koreya immigratsiya xizmati qandaydir jinoiy ish boʻlsagina, chiqarib yubora oladi. Oʻquvchilar bilan yuz bergan holatda immigratsiya xizmati ham chiqarib yuborishiga biror sabab boʻlmagan. Lekin universitet shunday qildi".
"Menga eng yomon taʼsir qilgani elchixona faqatgina aslida oʻzi noqonuniy ishga qoʻl urgan universitet bilan gaplashib, shov-shuv boʻlib ketmasidan imi-jimida hal qilaylik, degandek bir tomonlama bayonot berib yubordi. Bu bayonotdan keyin oʻzi tahdid va jismoniy kuch ostida chiqarib yuborilganidan shokka tushib qolgan oʻquvchilarning, hatto, qon-qarindoshlari ham oʻzlaringda ekan-ku ayb, devoribdi. Shu sababdan hozir oʻquvchilar ommaga oʻzini bildirishni ham, matbuot bilan gaplashishni ham xohlamayapti", qoʻshimcha qiladi Nurdinov.

Oʻzbek talabalarining majburiy deportatsiya qilingani Koreya jamoatchiligi orasida keskin tanqidlarga sabab boʻlgan, bu holat konstitutsiyaviy huquqlarning qoʻpol tarzda buzilishi, deya atalgan.
22-dekabr kuni 130 ta inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot va guruhlar vakillari Seulda yigʻilib, Janubiy Koreya Adliya vazirligidan yuz bergan holatni sinchiklab oʻrganishni talab etgan.
Oʻz navbatida, Adliya vazirligi qonunchilikdagi talablar ado etilmasidan turib oʻzbekistonliklarga viza berishni maʼqullagan immigratsiya boʻlimi faoliyati tekshirilayotganini bildirgan.
Elyor Nurdinovning qoʻshimcha qilishicha, Koreya jamoatchiligi katta hissa qoʻshayotgan talabalar haqlarini qayta tiklash harakatida muhojir fuqarolar huquqlarini himoya qilish asosiy vazifalaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston elchixonasining ishtiroki sezilmayotir.
"Avvaliga bu voqeaga koreyslarning oʻzi ham u qadar eʼtibor bermadi. Keyinroq bu holat xorijda ham ovoza boʻla boshlagach, xalqaro studentlarni jalb uchun byudjetdan katta pul ajratayotgan paytimizda imidjimizga putur yetmasin, deb jurnalistlar oyoqqa turdi. Lekin, hozircha, Koreya Taʼlim vazirligi, immigratsiya xizmati bu boʻyicha tushuntirish bermadi, anjuman ham oʻtkazmadi. Chunki elchixonamiz tomonidan qonuniy soʻrov yuborilmadi. Qonuniy soʻrov yuborilsagina, Koreya rasmiylari reaksiya bildiradi-da toʻgʻrisi".
"Elchixona kuchi yoʻqligini oʻzi ham yaxshi biladi. Agar men ularning oʻrnida boʻlganimda, Koreyaga norozilik notasi kirgizgan boʻlardim. Lekin bular shunaqa qilmay, xuddi tinch yoʻl bilan imi-jimida hal qilib yuborish uchun universitet bilan gaplashishdi, oʻquvchilar bilan umuman aloqaga chiqishgani yoʻq", deydi Koreyadagi oʻzbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqdagi guruhi maʼmuri ham boʻlgan Nurdinov.
Bi-bi-si yuqorida tilga olingan iddaolar yuzasidan izoh olish maqsadida Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasiga murojaat yoʻlladi.
Biroq ushbu maqola chop etilayotgan vaqtga qadar elchixonadan javob kelmadi.
Bi-bi-si suhbatdoshlari Hanshin universiteti bilan bogʻliq yuz bergan bu voqea Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklarning yillardan buyon shakllanib kelayotgan siymosiga oid vaziyat xavotirli darajaga yetganini koʻrsatgani haqida gapirdilar.
"Avval ham Koreyada oʻzbekistonliklarga nisbatan past nazar bilan qarash, ularning pasportlarini olib qoʻyish holatlari mavjud edi, lekin bu yerda shuncha yil yashab, aldovlar va tahdid bilan mamlakatdan bunday tarzda chiqarib yuborishni endi koʻryapman", deydi tarjimon Qudratov.
"Til kursida oʻqimoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklarning birinchi maqsadi Koreyaga kirib olish. Kelganlarning asosiy qismi oʻqish bahonasida qora ishlarda ishlab, pul qilishga harakat qiladi. Biznikilarga ikkinchi sort odamga qaragandek qaraydi. Chunki shunaqa imijimizni yaratib qoʻyganmiz. Ammo bu safar jinoyatchiga muomala qilgandek, xuddi odam oʻrnida koʻrmasdan chiqarvordi", oʻxshash fikrni ilgari suradi Nurdinov.
Elyor Nurdinov majburiy deportatsiyaga yuz tutgan oʻzbekistonlik yoshlarning huquqlari tiklanishi ehtimoli yuqori ekanini qoʻshimcha qiladi.
"Sudga tayyorgarlik koʻryapmiz. Yutib chiqishimiz ehtimoli juda yuqori. Buni his qilgan Hanshin universiteti mojaroni yumshatish maqsadida talabalarga Koreya vizasini qayta olishda yordam berishni allaqachon vaʼda qilyapti", deydi u.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.












