O'zbekiston: “Qiz bola boʻlib tugʻilganimdan nafratlanib ketyapman”. Faollar taʼlimdagi imtiyozlar adolatsizlikka sabab boʻlayotganini aytmoqda

Сурат манбаси, Skrinshot/Qalampir.uz
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Jurnalist, O'zbekiston
"Toʻgʻrisi, oʻzimdan oʻzim nafratlanib ketyapman. Shu oʻqishga topshirganimdan, shu ballni olganimdan va qiz bola boʻlib tugʻilganimdan!"…
Bu Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)ga kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan Muhayyo Abduvohidovaning Qalampir.uz bilan suhbatidan parcha.
Sentyabr oxirida eʼlon qilingan nashr bilan intervyusida Muhayyo maksimal ball toʻplashiga qaramasdan kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingani haqida alam bilan soʻzlaydi.
U bilan birga mahalliy matbuotga dardini ochib sochgan yana toʻrt talaba yoshlar byudjet hisobidan oʻqiydiganlar safiga tusha olmaganliklari sababini bugungi kunda avj olgan imtiyozlarda koʻrishlarini aytadilar.
"Men qiz bolaman,"Temurbeklar maktabi"da oʻqiyolmayman. U yerda faqat yigitlar oʻqiydi. Xoʻsh, men nima qilay? Oddiy oilaning farzandiman. Hech qanday imtiyozim yoʻq. "Temurbeklar maktabi" bitiruvchilari oʻgʻil bola boʻlgani uchungina davlat granti kvotamni olib qoʻydi, deb hisoblayman...", deydi Muhayyo ayni intervyuda.
(Prezidentning 30-oktyabrdagi qarori bilan 2024-2025-oʻquv yilidan boshlab, endilikda, qizlarning ham "Temurbeklar maktabi"da oʻqish imkoni paydo boʻlgan).
Aloqador mavzular:
Keyinroq Muhayyo va Qalampir.uz nashriga intervyu bergan qolgan yoshlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan imtiyozga muvofiq davlat granti asosida oʻqiydigan boʻlgani xabar qilingan.
Kimdir bu oʻgʻil-qizlar muammoni dadil aytib chiqqani ortidan maqsadiga erishganini eʼtirof etgan boʻlsa, kimdir imtiyozlar oqibatidan yozgʻirgan yoshlarning oʻzi "imtiyozxoʻr"ga aylanganini taʼkidlagan.
"Imtiyozlilar" tabaqasi

Сурат манбаси, BBC Uzbek
Haqiqatan, chetdan nazar tashlar ekansiz, oliy taʼlim muassasalariga kirishda "imtiyozlilar" degan qatlam vujudga kelgandek tuyiladi.
Va bu mavzu bugun kun tartibiga chiqayotgani yoʻq.
Anchadan buyon ayrim faollar har yili yangidan yangi turi chiqayotgan imtiyozlar ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlikka sabab boʻlayotgani haqida bong urib keladilar.
Chunki kamida 43 toifadagi abituriyent imtihonga qoʻlidagi imtiyozi bilan keladi, ular orasida "Temurbeklar maktabi" oʻquvchilari, harbiylar-u bojxonachilarning farzandlari bor.
JIDU talabalarining shov-shuvga aylangan voqeasi esa imtiyozlar shu koʻrinishda davom etsa, kelgusi yilda ham bunday nohaqliklar bilan toʻqnash kelishimiz tabiiy qabilidagi fikrlarni oʻrtaga olib chiqqan.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, mamlakat bunday holatlarning oqibatlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashishi kerak.
Xudoyberdiyev ayni maqola chop etilayotgan vaqtda oʻchirib tashlangan Telegram kanalidagi postida masʼullarni xatolardan xulosa chiqara olmaslikda ayblagan ham.
"…ilgari harbiy tavsiyanomalilarga qoʻshimcha ball berilishi natijasida uzoq yillar qizlar va tavsiyanomasi yoʻq yigitlarga nisbatan adolatsizlik boʻlgan edi, bu haqda ham koʻp marta yozganman. Keyinchalik jamoatchilik tanqididan soʻng ball qoʻshish shaklidagi imtiyoz bekor boʻlib, alohida kvotali imtiyoz berildi. Lekin ne ajabki, yana oʻsha xato takrorlandi. Yana harbiylar bilan bogʻliq, yana qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz. Hammasi bir xil. Tovba, nahotki oʻzimizning xatolarimizdan xulosa chiqara olmaymiz. Nahotki har safar boshimizni bitta devorga uraverishimiz shart boʻlsa? Shunchalik ham soʻqirmizmi-yey?", yozgan hissiyotlarini yashirmagan bloger.
Kimlar imtiyozxoʻr?

Сурат манбаси, Skrinshot
Bu mavzudan jiddiy jigʻibiyron boʻlgan bloger-faollar erinmay barcha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun imtiyozga ega oʻzbekistonliklarning norasmiy roʻyxatini ham tuzib chiqqan.
Ular orasida "Nihol" mukofoti sovrindorlaridan tortib soʻxlik maktab bitiruvchilarigacha bor.
"OTMga qabuldagi har qanday imtiyoz adolatsizlikdir", deya mulohaza yuritadi ushbu roʻyxatni Telegramdagi oʻz kanalida ulashgan taʼlim mavzusidagi postlari bilan taniqli Shokir Tursun.
Haqli toifa?
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov imtiyozlarning maqsadi faqat bitta — imkoniyatlarni tenglashtirishdan iborat boʻlishi zarur, deb hisoblaydi. Uning fikriga koʻra, imtiyozlar ijtimoiy sabablarga koʻra doimiy asosda faqat ikki toifaga berilishi kerak:
• nogiron va imkoniyati cheklanganlarga;
• yetim-yesirlarga.
"Yana siyosiy sabablarga koʻra, depressiv mintaqalarda tugʻilganlar uchun umummilliy manfaatlardan kelib chiqib, faqat cheklangan muddat davomida imtiyozlar taqdim etilishi mumkin", deya qoʻshimcha qiladi u.
Jamoatchilik faoli, bloger Shahnoza Soatova ham ayni fikrda.
"Xorijiy top universitetlar tajribasiga qaraylik shu yerda. Qayerda oʻqigan, qanday davlat mukofotini olgan, ota-onasi qayerda kim boʻlib ishlagan - bular test natijalariga hech qanday taʼsir qilmasligi kerak", deya taʼkidlamoqda u.
Masʼullar ham muammodan xabardor ekanidan signal bergan.
23-avgust kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlar Muhayyo kabi 189 ball olgan abituriyentlarning kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingani haqida masʼullarga yuzlangan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbari Majid Karimov savolga javoban eng maksimal ballni toʻplab ham kontraktga kirish juda katta muammoligini bildirgan.
"189 eng maksimal ball, bu balni olgan hech qaysi abituriyent eʼtibordan chetda qolmaydi. Bu masalani davlat komissiyasi ham koʻradi. 189 ball olib kontraktga kirsa, bu juda katta muammo. Bu oʻrganiladi", degan mulozim.
Adolat tarozisining buzilishimi?

Сурат манбаси, Tsue.uz
Oʻzbekistondagi taʼlim sifati bilan imtiyozlilardan kerakli kadrlar yetishib chiqa oladimi?
Masalan, sport boʻyicha Zulfiya mukofotini olgan qiz imtiyoz bilan iqtisod yoʻnalishidagi muassasaga oʻqishga qabul qilinsa, OTM uni yaxshi kadr qilib yetishtira oladimi?
Bi-bi-si mazkur savol bilan taʼlim boʻyicha ekspert Komil Jalilovga yuzlandi.
"Menimcha yoʻq. Umumiyatda olsangiz, Oʻzbekistonning aksar OTMlari yaxshi mutaxassis chiqara oladigan dargoh emas. (Toʻgʻri, istisnolar bor — yaxshi, oʻz ishini sevadigan mutaxassislar bor, lekin undaylar "critical mass" emas) OTMlar koʻp hollarda talabani 4 yil ushlab oʻtirib, diplom beradigan dargoh. Albatta, buning sabablari koʻp. OTM professor-oʻqituvchilariga qoʻyiladigan byurokratik talablar, sohada ilm qilishga sharoitning haminqadarligi, OTMlarda erkin muhitning yoʻqligi (erkinlik boʻlmasa, ilm boʻlmaydi, universitetlar uchun erkinlik suv va havodek zarur) va hokazo. OTMlardan, mening fikrimcha, aksar hollarda talaba "due to" (sababli) emas, "despite" (...ga qaramasdan) yaxshi mutaxassis boʻlib chiqadi. Shunday ekan, sport boʻyicha Zulfiya mukofotini olgan qiz imtiyoz bilan iqtisod yoʻnalishidagi muassasaga oʻqishga kirib, yaxshi kadr boʻla olmaydi. Har qalay, shunday boʻlsa ham bu universitetning hissasi boʻlmaydi aksar hollarda. Lekin bu degani unga imtiyoz berish kerak degani ham emas, chunki imtiyoz — bu adolat tarozisining buzilishi", taʼkidlaydi ekspert.
"Yoʻqolsin imtiyozlar"
JIDU talabalari voqeasidan soʻng imtiyozlar tizimi butkul bekor qilinishi lozim qabilidagi qarashlar yana yangray boshlagan.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirovning yozishicha, bu ish dastlab prezident maktablaridan boshlanishi kerak.
"Toʻrt muchasi sogʻ, ayniqsa oʻzini iqtidorli, deb bilganlar imtiyozdan foydalanishdan uyalishlari kerak. Taʼlim mafkurasi ham shuning ustiga qurilishi zarur", fikr bildiradi u.
Komil Jalilov mazkur fikrga qoʻshilgan holatda "imtiyozlar "tartibga solinishi", "alohida kvota" degan nomlar bilan xaspoʻshlanishi emas, tugatilishi kerak, demoqda.
Unga koʻra, oʻzini "iqtidorli" hisoblaydiganlar "oddiy" maktablarni bitirganlar bilan teng kurashda oʻz iqtidorini koʻrsatishi lozim.
Jalilov, shuningdek, 2020-yilda eʼlon qilgan maqolasida mamlakatning Bosh qomusi va testologiya fani qoidalariga zid boʻlgan ulkan, mantiqsiz imtiyozlar tizimi yosh avlodning adolatga ishonchini yoʻqqa chiqarishi, oliy oʻquv yurtlariga kelajakda malakali mutaxassis boʻlib yetishishi mumkin boʻlgan eng munosib nomzodlarni qabul qilishga toʻsqinlik qilishi haqida yozgan edi.
"Imtiyozchilarning aksariyati qoʻshimcha kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi va goʻyo bilimli abituriyentlarga "xalaqit bermaydi", deya eʼtiroz bildirishlari mumkin. Ammo davlat byudjeti chegarasiz emas — qoʻshimcha kvotalar har qanday holatda ham boshqalarning talaba boʻlish imkoniyatiga taʼsir koʻrsatadi: umumiy "qozon"dan ajratilgan bu qoʻshimcha kvotalar boʻlmaganida, umumiy roʻyxatdagi oʻrinlar soni biroz koʻproq boʻlishi mumkin edi. Barcha qonun oldida teng boʻlgan, har kim oʻz ishini sifatli bajaradigan, shu bilan oʻzi va butun jamiyat farovonligini taʼminlaydigan huquqiy davlatga intilar ekanmiz, bunday tizimdan voz kechishimiz zarur", deyiladi Jalilovning Gazeta.uz nashrida eʼlon qilingan oʻsha maqolasida.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.













