Putin va Pezeshkiyon Ashxobodda nimani gaplashdilar?

Россия Президенти Путин ва Эрон Президенти Пезешкиён

Сурат манбаси, Reuters

Ўқилиш вақти: 5 дақ

Isroil Eronga javobiy hujumlari halokatli bo'lishi haqida ogohlantirib turgan bir vaqtda Eronning yangi saylangan Prezidenti Ma'sud Pezeshkiyon Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Turkmaniston davlat rahbarlarini atoqli Turkman shoiri Maxtumqulining 300 yillik tantanasiga taklif etdi.

Marosimda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ham ishtirok etdi.

Aloqador mavzular:

Ashxoboddagi konferentsiya payti Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Prezidenti Ma'sud Pezeshkiyon Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama etadilar, deb xabar berdi Kreml voizi Dmitriy Peskov.

"U yerda jiddiy muloqot bo'ladi. Bu birinchi uchrashuv", dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

Mas'ud Pezeshkiyon shu yil mayida tikuchar halokatida nobud bo'lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o'limidan keyin o'tkazilgan muddatidan oldingi saylovda g'olib chiqdi.

U Eron prezidenti vakolatlarini bajarishga iyul oyida kirishdi, Rossiya Prezidenti Putin bilan ilk yuz ko'rishmoqdalar.

Rossiyaning Tehrondagi elchixonasi Eronda bo'lgan rossiyaliklarga ogohlantirish bilan chiqdi, Isroil raketa hujumlari ehtimolidan ehtiyotkorlik choralarini ko'rishga chaqirdi.

Ashxoboddagi Maxtumquli ijodiga bag'ishlangan konferentsiyada so'zlagan Eron Prezidenti Pezeshkiyon Isroilning G'azodagi "shafqatsiz" urushini qoralagan, Eron prezidentining rasmiy veb-sahifasi Pezeshkiyon mar'ruzasining to'liq matnini e'lon qildi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabar qilishicha, Eron va Rossiya prezidentlari dastlab delegatsiyalar tarkibida, so'ng yuzma yuz uchrashganlar, uchrashuv bir soat davom etgan.

Prezident Pezeshkiyon shu oy BRICS sammitida qatnashish uchun Rossiyaga borishi va Prezident Putin bilan uchrashishi xabar qilinmoqda.

Rossiya Ukraina bosqinini boshlaganidan keyin rasmiy Tehron bilan Moskva harbiy hamkorlikni kuchaytirdilar deb ko'riladi.

Ашхободда Махтумқули 300 йиллиги юбилейига тўпланган давлат раҳбарлари

Сурат манбаси, Reuters

Ukraina har tun o'z hududiga Rossiya Eronning "Shahid" dronlari bilan hujum qilayotganini aytadi, Eronni o'z instruktorlarini Rossiyaga, dronlardan qanday foydalanishni o'rgatish maqsadida yuborganlikda ayblaydi.

Rossiya Eron dronlarini o'z hududida, Tataristonda "Geranь" nomi bilan ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygani xabarlari tarqalgan.

Eron Rossiyaga Ukraina urushida harbiy yordam berayotgani xabarlarini rad etib keladi.

G'azodagi Hamas harakatining 1200 ga yaqin insonni o'ldirgan, 250 dan ortiq kishini garovga olgan qurolli hujumlari bir yilligi kunlarida Eron Isroilni raketalar hujumiga tutdi.

Bu Hizbulloh rahbari Hasan Nasrullohning Livan poytaxti Bayrutda o'ldirilishiga Eronning reaktsiyasi bo'ldi.

Shu yil 23 sentyabridan Isroil Livan hududiga qo'shinlarini kiritganini, "cheklangan quruqlik amaliyoti" o'tkazishini e'lon qildi.

Hamas va Hizbulloh Eron ittifoqchilari deb ko'riladi.

Oxirgi bir yilda Livanda joylashgan Shia Hizbulloh qurolli guruhi Isroil hududida raketalar hujumlariga tutib keladi, buning oqibatida Isroil shimolidan tinch aholini xavfsiz joyga ko'chirishga to'g'ri kelgan.

Isroil Livanga qo'shin kiritish bilan o'z hududida Hizbulloh tomonidan bo'layotgan raketa hujumlarini to'xtatish, shimoliy aholisini o'zlarining yashash joylariga qaytarish maqsadini ko'zlaganini aytadi.

Ayni paytda Eron raketa hujumlaridan keyin Eronning yadroviy hamda neftь inshootlariga Isroil javob zarbasi berishi lozim degan chaqiriqlar Isroil siyosatchilari tilidan yangray boshlagan, kuni kecha Mudofaa vaziri Yoav Gallant o'zlarining Eronga javobiy hujumlari "halokatli, aniq va hammasidan ham muhimi, hayratga soluvchi" bo'ladi, deb aytdi.

Ushbu bayonot Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan AQSh Prezidenti Jo Bayden, Vitse-prezident Kamola Harris bilan yarim soatlik telefon muloqoti ortidan berildi.

Isroil qanday javob qaytaradi? Eron-chi?

Frank Gardner

BBCning xavfsizlik masalalari bo'yicha muxbiri

Eron Isroilga otgan 180 raketadan biri qoldig'i

Сурат манбаси, EPA

Сурат тагсўзи, Eron Isroilga otgan 180 raketadan biri qoldig'i

O'tgan haftada Eron tomonidan amalga oshirilgan ko'p sonli raketa hujumlariga Isroilning muqarrar javobi yaqin kunlar ichida yuz beradigandek koʻrinadi.

Eron bu hujumlar Isroil tomonidan Eronning yaqin ittifoqchilari, Hizbulloh yetakchisi Hasan Nasrulloh va undan oldin Hamas siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning o'ldirilishiga javoban amalga oshirilganini ta'kidlagandi.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant 9 oktyabr kuni Isroilning javobi "aniq va halokatli" bo'lishini va Eron buni sezmay ham qolishini ta'kidladi.

Eron, ayrimlari Isroil bilan to'liq diplomatik aloqalarga ega bo'lgan Fors ko'rfazidagi arab davlatlarini o'z havo hududlaridan hujum uchun foydalanishda ruxsat bermaslikka chaqirdi. Shuningdek, Isroilga hujum qilishda yordam bergan har qanday davlat Eronning javob hujumi nishoniga aylanishi mumkin.

Ayni paytda AQSh va Isroil o'rtasida Isroilning rejalashtirilgan hujumi qanday shaklda bo'lishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.

Vashington Eronning yadro inshootlariga qarshi har qanday hujumni qoʻllab-quvvatlamasligi allaqachon ma'lum qilingan.

AQSh prezidentlik saylovlariga to'rt hafta qolganda, Oq Uy yonilg'i narxlarini oshiradigan neft inshootlariga hujumni ham, ehtimoliy yangi Yaqin Sharq urushiga tortilishni ham istamaydi.

Endi nima bo'ladi?

Эрон ракеталари етиб бориши мумкин бўлган масофалар

Сурат манбаси, .

Avvalgi, aprel oyidagi qarama-qarshilikda Isroilning ittifoqchilari tomonidan ilgari surilgan urushdan qaytarish choralari bu safar unchalik sezilmayapti. Livan, G'azo, Yaman va Suriya bilan bir vaqtda barcha dushmanlariga qarshi kurashishga qat'iy tayyor bo'lgan Netanyahu hukumati bu safar orqaga chekinishni xohlamaydiganga o'xshaydi.

AQShning sun'iy yo'ldosh razvedkasi va Isroil Mossad agentlarining Eron hududidagi ma'lumotlari yordamida Isroil Mudofaa Kuchlari (IMK) bir nechta obyektlarni moʻljalga olishi mumkin. Ushbu nishonlarni uchta asosiy kategoriyaga bo'lish mumkin:

  • An'anaviy harbiy obyektlar - Eron tomonidan ballistik raketalar uchirilgan bazalar birinchi va oson nishonga aylanishi mumkin. Bu esa uchirish maydonchalari, qo'mondonlik markazlari, yoqilg'i saqlash omborlari va boshqa infratuzilmalarni qamrab oladi. Shuningdek, Eronning Islomiy Inqilob qo'riqchilari korpusi (IIQK)bazalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa raketa batareyalariga ham hujum amalga oshirilishi mumkin. Eronning ballistik raketa dasturida ishtirok etayotgan asosiy shaxslarni o'ldirishga urinish ehtimoli ham bor.
  • Iqtisodiy nishonlar - Bunda Eronning xavf ostidagi davlat aktivlari nishonga olinishi mumkin: neft-kimyo zavodlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish va kemachilik inshootlari. Bu hujum turi eronliklarning oʻta salbiy qarshiligiga duch kelishi tayin, chunki bu oddiy odamlarning hayotiga harbiy obyektlardan ko'ra ko'proq zarar yetkazishi mumkin.
  • Yadro obyektlari - Bu Isroil uchun eng muhim nishon. BMTning Atom Energetikasi bo'yicha Xalqaro Agentligi (AEAA) tomonidan tasdiqlangan ma'lumotlarga ko'ra, Eron fuqarolik maqsadlari uchun zarur bo'lgan 20% darajadan ancha yuqoriroq miqdorda uran zaxirasini kengaytirmoqda. Isroil va boshqalar Eron qisqa muddat ichida yadro bombasini qurishi mumkin deb gumon qiladi. Isroil tomonidan nishonga olinishi mumkin bo'lgan joylarga Parchin, Tehron, Bonab va Ramsardagi tadqiqot reaktorlari hamda Bushehr, Natanz, Isfahon va Fardovdagi asosiy obyektlar kiradi.

Bu rejalar Eron qanday reaksiya bildirishi mumkinligini oldindan bilishga va undan keladigan xavfni kamaytirishga qaratilgan. Eronning hozirgi mavqesiga koʻra, u Isroilning harbiy obyektlariga hujum qilish bilan barcha hisob-kitoblarni hal qildi. Ammo Isroil javob beradigan boʻlsa, Eron yana hujum qilishi muqarrarligi haqida ogohlantirmoqda.

"Eronning mavjud salohiyatlaridan faqatgina bir qismini ko'rdingiz", dedi Eron prezidenti Mas'ud Pezeshkiyon.

Islomiy inqilob qo'riqchilari esa bu fikrni qoʻllab-quvvatlab: "Agar Isroil rejimi Eronning harakatlariga javob qaytaradigan boʻlsa, unda halokatli zarbalar amalga oshiriladi", deya ogohlantirish berdi.

Eron Isroilni harbiy jihatdan mag'lub eta olmaydi. Eronning havo kuchlari anchayin eskirib ulgirgan, havo mudofaasida esa zaifliklar mavjud hamda u yillar davomida G'arb sanksiyalari bilan kurashib keladi.

Biroq Eron hali ham ko'p sonli ballistik raketalar, portlovchi dronlar va Yaqin Sharq bo'ylab ko'plab ittifoqchi guruhlarga ega. Keyingi raketa zarbalari Isroilning harbiy bazalari o'rniga, uning aholi yashash punktlariga yo'naltirilishi mumkin. 2019-yilda Eron qoʻllab-quvvatlagan guruh tomonidan Saudiya Arabistonining neft inshootlariga qilingan hujum uning qo'shnilari qanchalik zaif ekanligini ko'rsatgan edi.

Fors ko'rfazida harakat qiluvchi Eronning Islomiy Inqilob qo'riqchilari korpusi (IIQK) dengiz kuchlari kichik va tezkor raketa qayiq flotiga ega bo'lib, ular AQShning 5-floti kema himoyasini yoppasiga hujum bilan yengib o'tishi mumkin. Agar buyruq berilsa, ular Fors ko'rfazida minalarni joylashtirib, dunyodagi kundalik neft eksportining 20% ga yaqin qismini to'xtatishi mumkin, bu esa global iqtisodiyotga katta ta'sir ko'rsatadi.

Shuningdek, Quvaytdan Ummongacha, Fors ko'rfazining arab tomonida joylashgan AQSh harbiy bazalari ham Eron nishoniga aylanishi mumkin. Eron, agar unga hujum qilinsa, nafaqat Isroilga, balki bu hujumni qo'llab-quvvatlagan har qanday davlatga zarba berishidan ogohlantirib oʻtgandi.

Tel-Aviv va Vashingtondagi mudofaa rejalashtiruvchilari hozirda shu va shu kabi senariylarni ko'rib chiqmoqdalar.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002