Hindiston Pokistonni harbiy bazalariga hujumda aybladi, Islomobod rad etib, "biz yashirmaymiz" dedi

Surat manbasi, EPA
Hindiston Pokistonni dron va raketalar orqali uning uchta harbiy bazasiga hujum qilganlikda aybladi. Islomobod esa bu ayblovni rad etib, hujum qilsa yashirib o‘tirmasligini aytdi.
Hindiston armiyasining ma’lum qilishicha, Pokistonning Janmu va Udxampurdagi (Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmir) hamda Panjob shtatidagi Patxankot harbiy bazalariga hujum uyushtirishga urinishlari bartaraf etilgan.
Payshanba kuni kechqurun Jammu shahrida portlashlar sodir bo‘lgani va mintaqada elektr ta’minoti uzilgani xabar qilindi.
Pokiston mudofaa vaziri Havaja Osif BBC bilan suhbatda ular hech qanday hujum uyushtirmaganini bildirdi.
"Bu ayblovni rad etamiz, hozircha hech qanday amaliyot o‘tkazmadik. Agar hujum qilsak, uni rad etmaymiz", dedi Osif.

Surat manbasi, EPA
Bu voqeadan avval, Hindiston chorshanba kechasi Pokiston harbiy ob’ektlariga hujum qilgani va Islomobodning harbiy nishonlarga zarba berish urinishlarini "zararsizlantirgani"ni aytgan edi.
Pokiston esa bunga javoban Hindiston harakatini "yana bir tajovuz akti" deb baholadi. Bu chorshanba kuni Pokiston va Pokiston tomonidan boshqariladigan Kashmirdagi nishonlarga qilingan Hindiston raketalar hujumidan keyingi voqea edi.
Chorshanba kungi Hindiston zarbalari xalqaro hamjamiyatda jiddiy tashvish uyg‘otdi. BMT va dunyoning yetakchi davlatlari vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.
Bu ayblovni rad etamiz, hozircha hech qanday amaliyot o‘tkazmadik. Agar hujum qilsak, uni rad etmaymiz.
Chegara hududlaridagi artilleriya zarbalari va hujumlar ikki yadroviy davlat o‘rtasida keng qamrovli urush boshlanish xavfini oshirmoqda.
Bu so‘nggi yigirma yildagi eng jiddiy to‘qnashuv deb baholanmoqda.
Hindiston chorshanba kuni o‘tgan oy Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda turistlarga qilingan terrorchilik hujumiga javoban, to‘qqizta "terroristik infratuzilma" ob’ektiga zarba berganini ma’lum qildi.
Pokiston esa bu ayblovlarni keskin rad etib, Paxalgam shahrida 26 fuqaro halok bo‘lgan hujum ortida turmaganini aytmoqda.
Bu hujum Kashmirdagi so‘nggi yillardagi fuqarolarga qarshi eng qonli harakat bo‘lib, vaziyatni keskinlashtirdi. Halok bo‘lganlarning aksariyati hindistonlik sayyohlar edi.
Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda uzoq yillardan buyon isyon davom etmoqda. Bu mojaro minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan.
Kashmir — ikki davlat 1947 yili Britaniya Hindistonidan ajralib, mustaqil bo‘lganidan beri ular o‘rtasida nizo nuqtasidir. Ikki davlat ham bu mintaqani o‘z hududi deb da’vo qiladi va shu masalada ikki marta urush qilgan.

Surat manbasi, Reuters
Chorshanba kuni Hindiston tomonidan amaliyot boshlanganidan keyin dunyoning turli davlatlari taraflarni o‘zaro tiyilishga chaqirdi.
Biroq payshanba kuni Hindiston ham Pokiston ham bir-birini yangi harbiy harakatlarda ayblashdi.
Pokiston harbiylarining bayonotiga ko‘ra, Hindiston tomonidan bir necha manzilga dron uchirilgan.
"Kecha Hindiston Pokiston hududida bir necha manzilga dron yuborish orqali yana bir tajovuz harakatini amalga oshirdi", dedi general-leytenant Ahmad Sharif Chodriy. "Bular: Laxor, Gujranvala, Chakval, Ravalpindi, Attok, Bahavalpur, Miano, Chor va Karachining yaqini".
Uning so‘zlariga ko‘ra, Sind viloyatida bir fuqaro halok bo‘lgan, Laxorda esa to‘rt harbiy yaralangan.
Laxordagi AQSh konsulligi o‘z xodimlariga binoda xavfsiz joyda qolishni buyurdi.
Hindiston esa mazkur harakat Pokistonning "Shimoliy va G‘arbiy Hindistondagi harbiy nishonlarga zarba berish urinishi"ga javoban amalga oshirilganini aytmoqda.
Hindiston Mudofaa vazirligi bayonotida: "Laxordagi havo mudofaasi tizimi yo‘q qilingani ishonchli manbalar orqali ma’lum qilindi", deyiladi.
Pokiston bu da’voni rad etdi.
Ayni paytda ikki davlat bayonotlari mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan.
Keyinroq Nyu-Dehlida matbuot anjumani o‘tkazgan Hindiston tashqi ishlar kotibi Vikram Misri: "Biz vaziyatni keskinlashtirmoqchi emasmiz, faqat dastlabki hujumga javob qaytarmoqdamiz", dedi.
Ayni paytda qurbonlar soni oshib bormoqda. Pokistonning ma’lum qilishicha, chorshanba tongidan beri Hindiston havo zarbalari hamda nazorat chizig‘i bo‘ylab olib borilgan otishmalar natijasida Pokiston va Pokiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda kamida 31 kishi halok bo‘lgan, 57 kishi yaralangan.
Hindiston armiyasi esa bahsli Kashmir mintaqasidagi Pokiston tomonidan amalga oshirilgan o‘t ochishlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 nafarga yetganini, ular orasida uch ayol va besh bola borligini ma’lum qildi.
Avvaliga Hindiston Paxalgamdagi hujum ortida qaysi guruh turganini aytmagandi, ammo 7 may kuni bu harakat uchun Pokistonda joylashgan "LashkariToyyiba" guruhini aybladi.
Hindiston politsiyasi hujumchilardan ikki nafari pokistonlik ekanini iddao qilmoqda. Islomobod esa bu da’voni rad etib, 22 apreldagi hujumlar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Chorshanba kechasi xalqqa qilgan murojaatida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Hindiston zarbalarida halok bo‘lganlar uchun intiqom olishini va’da berdi.
U shuningdek, Pokiston Hindistonning beshta qiruvchi samolyotini urib tushirganini yana bir bor ta’kidlab, buni "munosib javob" deb atadi. Hindiston bu da’volarga izoh bermadi.
Payshanba kuni Jammu shahrida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalganidan keyin mahalliy OAV Hindiston harbiy manbalarga tayanib, Jammu mintaqasidagi boshqa shaharlar — Axnur, Samba va Katxuada ham portlashlar kuzatilganini ma’lum qildi.
7 may: Hindiston Pokistonga zarbalar berdi – Nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Reuters
Hindiston boshqaruvidagi Kashmirda sayyohlarga qarshi sodir etilgan qonli hujumdan ikki hafta o‘tib, Hindiston Pokiston va Pokiston nazoratidagi Kashmirga bir qator zarbalarni amalga oshirdi.
Hindiston Mudofaa vazirligi ushbu zarbalarni "Sindur amaliyoti" deb nomlangan. 22 aprel kuni ro‘y bergan, 25 hindistonlik va bir nepallik sayyoh halok bo‘lgan hujum uchun javobgarlarni jazolashga berilgan "va’da"ning bir qismi ekanini ma’lum qildi.
Biroq o‘tgan oygi hujumga har qanday aloqasi borligini rad etadigan Pokiston va bu zarbalarni "asossiz" deb atadi. Bosh vazir Shahboz Sharif bu "qotillik harakati jazosiz qolmaydi", deb bayonot berdi.
Pokiston armiyasi beshta Hindiston uchog‘i va bir dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Hindiston hozircha bu da’volarga javob bermagan.
Pokiston armiyasi matbuot kotibi, general-leytenant Ahmad Sharif Chaudriy, kamida 26 kishi halok bo‘lgani va 46 kishi yaralanganini aytdi. Hindiston esa Pokiston tomonidan boshqariladigan Kashmirga qilingan artilleriya hujumlarida kamida yetti fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Hindiston qaerlarni nishonga oldi?
Dehli chorshanba kuni tongda Pokiston va Pokiston nazoratidagi Kashmirda to‘qqizta turli joyga zarba berilganini ma’lum qildi.
Bu ob’ektlarni hujumlar rejalashtirilgan va boshqarilgan "terroristik infratuzilma" deb tasniflangan.
Bayonotda ta’kidlashicha, Pokistonning biror harbiy ob’ektlariga hujum qilinmagan, va ularning "harakatlari aniq mo‘ljallangan, mezonga solingan va keskinlikni kuchaytirmaslikka qaratilgan" bo‘lgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Pokiston ma’lumotlariga ko‘ra, Muzaffarabod va Kashmirdagi Kotli hamda Bahavalpur (Pokistonning Panjob viloyatida) hududlari zarbaga uchragan.
Pokiston mudofaa vaziri Hovaja Asif GeoTV telekanaliga bergan intervyusida, zarbalar fuqarolar yashaydigan hududlarga berilgani, Hindistonning "terrorist lagerlarini nishonga oldik" degan da’volari yolg‘on ekanini aytdi.
Nima uchun Hindiston hujum boshladi?
Bu zarbalar yadroviy qurolga ega ikki qo‘shni o‘rtasidagi keskinlik oshgan paytda, kurort shahar Paxalgamda sodir bo‘lgan otishmalardan so‘ng amalga oshirildi.
22 aprelda sodir etilgan hujumda 26 kishi halok bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, hujumchilar asosan hindu erkaklarini nishonga olishgan.
Bu hujum Qashmirda oxirgi yigirma yilda fuqarolarga qarshi amalga oshirilgan eng dahshatli hujum bo‘lib, Hindistonda keng norozilik keltirib chiqardi.
Bosh vazir Narendra Modi hujumchilarni "jahonning har bir burchidan topamiz" deb va’da berdi va buni rejalashtirganlar "tasavvur qilolmaydigan jazoga" duchor bo‘lishini aytdi.
Biroq Hindiston Paxalgam hujumida kimni ayblayotganini rasman aytmagan va bu hujumni aniq kim amalga oshirgani hali ham noaniq.
Ammo Hindiston politsiyasi ikki hujumchini Pokiston fuqarosi deb aybladi, Dehli esa Pokistonni terroristlarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi — bu ayblovlarni Islomobod rad etdi va 22 apreldagi hujumlarga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
Shundan beri ikki davlat ham o‘zaro diplomatlarni chiqarib yuborish, viza berishni to‘xtatish va chegaralarni yopish kabi choralarni ko‘rdi.
Ammo ko‘pchilik bu 2019 yilda 40 nafar hindistonlik harbiy xizmatchining o‘limiga sabab bo‘lgan Pulvama hujumlaridan keyingiga o‘xshash chegaralararo zarbaga aylanishini kutgan edi.
Nima uchun Kashmir Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi kelishmovchilik manbai hisoblanadi?
Kashmirni Hindiston va Pokiston to‘liq da’vo qiladi, lekin 1947 yilda Britaniyadan mustaqillikka erishgandan keyin hudud har ikki davlat tomonidan qisman nazorat ostida.
Mamlakatlar bu hudud uchun ikki marta urush olib borgan.
Ammo yaqinda esa jangarilarning hujumlari ikki mamlakatni urush yoqasiga olib keldi. Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda 1989 yildan beri Hindiston hukmronligiga qarshi qurolli isyon davom etmoqda, jangarilar xavfsizlik kuchlari va tinch aholini birdek nishonga olmoqda.
Bu 2019 yilda Kashmirga yarim mustaqil maqom bergan 370-modda bekor qilinganidan beri tinch aholiga qarshi sodir etilgan birinchi yirik hujum edi.
Bu qarordan so‘ng mintaqada noroziliklar kuzatildi, lekin shu bilan birga jangarilik susaydi va mintaqaga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni keskin oshdi.
2016 yilda Urida 19 nafar hindistonlik askar o‘ldirilganidan so‘ng, Hindiston Nazorat chizig‘i bo‘ylab - Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi amaldagi chegara bo‘ylab - jangarilar bazalariga qarshi "jarrohlik zarbalar" berdi.
Dunyoning turli mamlakatlari va diplomatlari tomonidan hozirgi vaziyatning keskinlashishini to‘xtatishga urinishlar bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish allaqachon "o‘ta ehtiyotkorlik"ka chaqirdi, AQSh prezidenti Donald Tramp esa janglar "juda tez tugashiga" umid bildirdi.












