Ingliz tarixchi: Amir Temur Chingizxondan vahshiyroq bo‘lgan - video

Professor Piter Jakson

Surat manbasi, BBC/Mas'ud Xolov

Surat tagso‘zi, Professor Piter Jakson
O'qilish vaqti: 11 daq
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Britaniyada Amir Temurni ko‘plar bilmasa-da, ziyoli qatlam unga asrlarki mahliyo bo‘lib kelgan. Mashhur dramaturg Kristofer Marlou u haqida hali 1588 yilda "Tamberlane" nomli pьesasini yozgandi. 1724 yilda esa Londonda yashagan nemis bastakori Jorj Friderik Handel "Tamerlano" operasini Britaniya poytaxtidagi Qirol teatrida namoyish qilgan.

Endi esa ingliz olimi Piter Jaksonning oxirgi kitobi – "Chingizxondan Temurlanggacha: Mo‘g‘ul Osiyosining qayta uyg‘onishi" Yevropa adiblari tomonidan olqishlarga sabab bo‘lyapti.

"Temurni barcha dahshatli va qonli savlatini istaganlar uchun Jakson yetarlicha tafsilot, tahlil va hayratlanarli chuqur tadqiqotni beradi. 720 betlik kitob eng talabchan o‘quvchini ham qondira oladi." – Vilyam Dalrimpl, Financial Times gazetasi.

"Barcha original manbalarni o‘n yillab o‘rgangan yoshi ulug‘ olimdan tarixiy nashr." – Noel Malkolm, The Telegraph gazetasi.

"Jahondagi eng buyuk istilochi va imperiya quruvchilaridan birining ajoyib qayta taqdimoti." – Jastin Marotstsi, "Temurlang: Islom qilichi, dunyo istilochisi" kitobi muallifi.

Britaniyaning Keele universiteti professori Piter Jakson o‘tmishda ham bir necha tarixiy asarlari bilan tanilgan. Ular sirasiga «Dehli sultonligining siyosiy va harbiy tarixi», «Mo‘g‘ullar va Islom dunyosi», «Yettinchi salb urushi, 1244-54: Manbalar va hujjatlar» kitoblari kiradi. U Kembridj universitetidagi doktorlik unvonini 1977 yilda «Mo‘g‘ullar va Hindiston, 1221-1351» tadqiqot ishi bilan olgan.

Professor Jakson oxirgi kitobi uchun arab va fors tilidagi original manbalar, hamda Xitoy, turk, yunon, lotin, ko‘hna frantsuz, tibet, rus, Suriya, Qofqoz va Markaziy Osiyo manbalarining tarjimalariga yuzlangan.

Ibrat Safo u bilan Londonda suhbatlashdi.

Britaniyada Amir Temurni ko‘plar bilmasa-da, ziyoli qatlam unga asrlarki mahliyo bo‘lib kelgan.

Surat manbasi, Mas'ud Xolov

Surat tagso‘zi, Britaniyada Amir Temurni ko‘plar bilmasa-da, ziyoli qatlam unga asrlarki mahliyo bo‘lib kelgan.

BBC: Siz bu kitobda "Amir Temur haqida hikoyalar va afsonalar ko‘p» deb yozgansiz. O‘zingiz nega u haqida yozishga qaror qildingiz?

Asosiy maqsadim ham shu bo‘ldi. Men, ta’bir joiz bo‘lsa, haqiqatga, faktlarga yaqinlashishga, va balki, o‘sha ba’zi afsonalarni puchga chiqarishga harakat qildim. Bu qanchalar hush qarshi olinsa yo olinmasa ham.

BBC: Bu kitobni yozishingizga ko‘p yillar ketibdi. Amir Temur sizning ko‘z o‘ngingiz va ongingizda qanday gavdalandi? Uni to‘liq ocha oldingizmi, yoki siz uchun yiroq bir siymo bo‘lib qoldimi?

Ha, yiroq siymo bo‘lib qoldi, deb o‘ylayman. Lekin, ayni damda, menga u yaxshi do‘st, ammo yomon dushman bo‘lib tanildi. U ba’zi xunrezliklariga qaramay, menga inson sifatida namoyon bo‘ldi. O‘zi inson bo‘lish, xunrezlikni amalga oshirishga qodir bo‘lishni anglatadi va biz insonlar buni ko‘p ham tan olavermaymiz. Temur o‘z oilasi a’zolari bilan juda yaxshi aloqalarda bo‘lgandek ko‘rinadi. Uning o‘g‘illariga, ayniqsa nabiralariga bo‘lgan muhabbatiga qarab turib, ko‘pchiligimiz menda ham shunday bobom bo‘lsaydi, deb o‘ylasak ajabmas.

BBC: Amir Temurning, boshqa hukmdorlarga qaraganda, unikal tarafi nimada? Siz yozgansizki, uning qirg‘inlari hatto mo‘g‘ullarnikidan ham jozibador bo‘lgan. Financial Times kitobingizga taqriz yozganida, Temur o‘z shuhratidan ham yomonroq bo‘lgan deb yozdi. Amir Temur haqida shunday qarash shakllangan. Bu adolatli qarashmi? Faktlarga asoslanganmi?

Ha, shunday deb ishonaman. Uning qirg‘inlari, unga qarshilik ko‘rsatganlarga qarshi tutgan yo‘llari, shubhasiz, mo‘g‘ullarnikiga solishtirganda, ancha vahshiyroq bo‘lgan. U Chingizxon balki botina olmagan imidjni o‘zi uchun yaratishga intilgandek namoyon bo‘ladi. U atayin dahshatli bo‘lib ko‘rinishga uringan. Mo‘g‘ullar, bugun ular qanday yomon obro‘ga ega bo‘lishiga qaramay, unday ambitsiyaga ega bo‘lgan deb o‘ylamayman.

BBC: Nima uchun bunday qilgan, nega u shunday ko‘rinishga uringan deb o‘ylaysiz?

O‘zining kelgusi o‘ljalaridagi aholini bo‘ysundirishga majburlash uchun. Shaharlarni qamalda ushlab turish va ularga bostirib kirish, askarlar va moliya jihatidan, juda qimmat bo‘lgan. Aholi tezroq va osonroq taslim bo‘lishi Temur uchun ancha manfaatliroq edi. Bu barcha istilochilarga xos xususiyat bo‘lsa kerak. Ayniqsa Temurga.

Skip Ijtimoiy sahifalarimizni kuzating and continue readingIjtimoiy sahifalarimizni kuzating

End of Ijtimoiy sahifalarimizni kuzating

BBC: Kitobingizda juda dahshatli misollarni keltirgansiz. Masalan, Temurning Usmonlilarga qarshi urushidan. Shaharlarni ishg‘ol qilishi va aholini o‘ldirishi... Masalan, u qon to‘kmaslikka va’da beradi, lekin so‘ng barcha erkaklarni tiriklayin ko‘madi va qon to‘kmaslik va’dasida turganini aytadi. Bularni urush taktikasi deb bo‘ladimi, yo‘qmi – sizningcha, bu usullarning aniq maqsadi bo‘lgan, va u shunchaki qonxo‘r yo ruhiy xasta bo‘lgani uchun buni qilmagan?

Albatta, bu usullar ish bergan. Lekin, har doim ham emas. Masalan, shunday misollar borki, siz hozir keltirgan Anatoliyadagi Sivas shahridagidek vahshiyliklar boshqa shaharlar hukmdorlarini baribir qarshilik qilishdan to‘xtata olmagan. Ehtimolki, ba’zi hukmdorlar va ba’zi shaharlar aholisi Temurning shafqatsizligini oldindan bilganlari sabab ham unga taslim bo‘lishni istamaganlar. Demak, bu usullarning teskari ta’siri ham bo‘lishi mumkin.

Kitobdan parcha:

"Shubhasiz Temurning qirg‘inlari mo‘g‘ullarnikidan ancha jozibador edi. Chingizxon shunchaki minglab odamlarning boshi kesilishini buyurgan (chunki bu bilan keyinroq qancha odam o‘ldirilgani hisoblangan). Temur boshlardan minoralar tiklatgan, masalan Siston, Isfaxon, Tikrit, Dehli, Halab, Bag‘dod (Ibn Arabshohga ko‘ra, u yerda 120 minora tiklangan) va Smirna shaharlarida. Isfaxonda boshlar 70 mingta bo‘lgan, qulagan shaharni aylanib chiqqan Hofizi Abro‘ 28 ta minorani sanagan va har birining har tarafida o‘rtacha 1500 ta boshni ko‘rgan. Halabdagi vaziyat yanayam dahshatliroq bo‘lgan, chunki boshlar atayin tashqariga qaratib qo‘yilgan, vizantiyalik tarixchi Dukas shunga o‘xshash holat Smirnada bo‘lganini yozadi. Sharofiddin Yazdiyning yozishicha, Isfaxonda ba’zi askarlar o‘ldirishdan charchagan va ish tezroq olib borilishi uchun boshlarni boshqalardan sotib ola boshlaganlar, har bir boshga 20 ko‘peki dinordan to‘langan."

BBC: Siz u o‘z o‘g‘il va nabiralarini jazolagani haqida ham yozgansiz. Masalan, bir holda u nabirasi Iskandarni oyog‘i tagidan savalatadi. Bu uning odilligidan darakmi?

Ha, bunday misollar bor. Lekin odatda Temurning ishonchini oqlamagan shahzodalar shunchaki taxtidan tushirilgan yo kichikroq lavozimga o‘tkazilgan va uyatga qolgan. Odatda shahzodalar Temur ularga ishonib topshirgan xalqlar ustidan ancha erkin hukmronlik qilganlar. Lekin Temur baribir ularga to‘la ishonmagan. U hech kimga yuz foiz ishonmagandek namoyon bo‘ladi, ayniqsa o‘z tug‘ishgan vorislariga. Aftidan u katta yer va aholiga ega bo‘lgan shahzoda mustaqil davlat qurishdek nafsni tiya olmay qolishi xavfini bilgan.

BBC: Bu siz yozgan yana bir jihatga bog‘liqmi? Siz kitobda u o‘zidan so‘ng yaxshi boshqaruv tizimini qoldirmadi va uning o‘limidan keyin bu tizim parokanda bo‘ldi deb yozgansiz. Shunda boshqa bir biografdan iqtibos keltirgansiz – «Temur bir kishilik tomosha edi». Bu hukmronlarga xos xislatmi, vorisni tayyorlamaslik? O‘zbekistonning yaqin tarixida o‘xshash holatga guvoh bo‘ldik – sobiq prezident Islom Karimov olamdan o‘tgach, u o‘z o‘rniga vorisni tayyorlamagani haqida ko‘p gapirildi va endi qanday yo‘l tutamiz degan mavhumlik yuzaga keldi. Temur ham shunday yo‘l tutgan, chunki hech kimga ishonmagan deb o‘ylaysizmi?

U hech kimga to‘la ishonmagan bo‘lsa-da, o‘ziga vorisni tayinlagan. Ko‘p hollarda vorislar undan oldin halok bo‘lishgan. O‘zi olamdan o‘tganida u valiahd etib nabirasini tayinlab ketgan, lekin boshqa oila a’zolari bunga rozi bo‘lmagach, ilk kunlaridanoq parokandalik yuzaga kela boshlagan. Chingizxonda masalan, bunday bo‘lmagan.

BBC: Yaxshi boshqaruv tizimini qoldirmagan, deganda nimani nazarda tutgansiz?

Uning qo‘li ostida aniq boshqaruv tizimi bo‘lmagan, chunki hokimiyat juda shaxsiy xarakterga ega edi. Bu o‘rta asrlarga xos narsa, aslida. Aynan boshqaruv strukturasiga kelsak, bu deyarli mavjud bo‘lmagan. Temurning rejimidagi ishlar ko‘p hollarda uning nomini tilga olish bilan yuritilgan. Bu ham Temurning o‘z qo‘li ostidagilarga, qarindoshmi yo begona, to‘liq ishonmaganiga ishoradir.

Kitobdan parcha:

"Temurning tinimsiz yurishlariga asosiy sabab katta ko‘lamdagi o‘ljani qo‘lga kiritish istagi bo‘lgan. [Piter] Golden uni "o‘z qo‘shnilarini talash turizmi" bilan shug‘ullanganini yozadi, [Deyvid] Morgan esa Temurning hayotini «bahaybat ko‘lamdagi talonchilik yurishlari majmuasi" deya umumlashtiradi. [Deyvid] Kristianga ko‘ra, Temurning cho‘ponlar, piyoda askarlar va otliqlardan tashkil topgan gibrid armiyasi boshqa an’anaviy cho‘l armiyalaridan ancha qimmatroq edi, shuning uchun u Chig‘atoy ulusidan tashqarida qo‘lga kiritilgan yerlarni shunchaki talonchilik hududlari deb ko‘rgan… O‘ta katta hududlarni boshqarish katta ma’suliyatni anglatadi. Buning uchun garnizonlarni joylashtirish, yillik naqliyot va hisobchilik xarajatlari kerak bo‘ladi. Shuning uchun, Temurning harbiy amaliyotlari tuturiqsiz samarasizlikdek ko‘rinadi, ba’zida u bitta yerni bir necha bor ishg‘ol qilishiga to‘g‘ri kelgan."

Peter Jackson
BBC
U asosiy motivatsiyasi Islom ekanini namoyon qilishga uringandek ko‘rinadi. U o‘zini mujohid deb sanagan. U jihod tilini qo‘llagan.
Peter Jackson
Professor, tarixchi (bbc.com/uzbek)

BBC: Temurning yurishlarida Islom qanday o‘rin tutgan? Uning yangi-yangi yerlarni ishg‘ol qilishida asosiy motivatsiya Islom edimi?

U asosiy motivatsiyasi Islom ekanini namoyon qilishga uringandek ko‘rinadi. Va ayni damda u Islomdan ilhomlanmagan deb aniq aytishga ham asosim yo‘q. U o‘zini mujohid deb sanagan. U jihod tilini qo‘llagan. Lekin, bir inkor etib bo‘lmaydigan jihat shuki, Temurning aksar urushlari musulmonlarga qarshi olib borilgan. U musulmon bo‘lmagan dunyoga deyarli shikast yetkazmagan.

BBC: Siz uning musulmon qarashlarini savol ostiga olganda, Suriyaga yurishini va u yerdagi Ummaviy masjidni vayron qilganini yozgansiz.

Ummaviy masjidi alohida bir holat, chunki an’anaviy musulmonlar ummaviylar sulolasini haqiqiy musulmonlar deb hisoblashmagan. Ular, da’vo qilinishicha, payg‘ambarning oilasidan xalifalikni tortib olganlar. Qariyb yuz yildan keyin ummaviylar tor-mor qilinganida, taxt payg‘ambarning amakisiga qarindosh oilalar qo‘liga qaytarilgan. Shunday ekan, qaysidir ma’noda, balki Temur payg‘ambar oilasining manfaatlari uchun yurish qilgan, deb ham aytish mumkin.

BBC: O‘zbekiston tarix kitoblarida biz Amir Temurni Qur’onni yoddan tilovat qilgan shaxs sifatida, ziyoli odam sifatida taniymiz. Lekin, sizning kitobingizda u bunday gavdalanmaydi. U qanchalar savodli edi, yozish va o‘qish kabi qobiliyatlariga kelganda?

U nisbatan savodli bo‘lib namoyon bo‘ladi. Uni o‘qimishli odam deb bo‘lmasa kerak, lekin u bilimga chanqoq bo‘lgan. U o‘z hukmi ostidagi yerlardan tashqari dunyoga ham qiziqqan. Bunga albatta boshqa sabablar bo‘lishi mumkin. Biz odatda unga uning marokashlik sayyoh Ibn Xaldun bilan munosabatlari asosida baho beramiz. Ibn Xaldun Temurning yonida biroz vaqt safar qilgan. Ibn Xaldun Temurni tashqi dunyoga katta qiziqishi bo‘lgan odamdek tasvirlaydi. Uning hikoyalariga tayansak, Temurni aslo tor dunyoqarashli deb baholab bo‘lmaydi. Shu bilan bir vaqtda, Ibn Xaldun u bilan bir-ikki yil o‘tkazgan, xolos.

Amir Temur o‘zi jang qilgan bironta urushda mag‘lub bo‘lmagan.

Surat manbasi, Mas'ud Xolov

Surat tagso‘zi, Amir Temur o‘zi jang qilgan bironta urushda mag‘lub bo‘lmagan.

BBC: Siz Temurga unchalik ham ijobiy baho bermagan boshqa arab manbalarni keltirgansiz. Masalan, Ibn Arabshoh. Ibn Arabshoh Temur tarixga juda qiziqqanini, ammo fors, turk va mo‘g‘ul matnlarini o‘qish qobiliyati cheklangan edi, arabchani esa deyarli bilmasdi, deb yozadi.

Albatta, biz bu mualliflar qaysi nuqtai nazardan yozganlarini hisobga olishimiz kerak. Ibn Xaldun Temurning yonida muayyan davrni o‘tkazgan va uning marhamatidan bahra olgan. Ibn Arabshoh esa Temurning qurbonlaridan biri edi, chunki Temurning armiyasi uning ona shahri bo‘lmish Damashqni vayron qilgandi va uni oilasi bilan asirga olib Samarqandga olib ketgan. U bir necha yil o‘tib Damashqqa qayta olgan. Demak, Ibn Arabshoh nega bunday baho berishini tushunsak bo‘ladi.

BBC: Kitobingizda Temurning har bir so‘zini yozib olgan uyg‘ur xattotlar haqida yozgansiz. Bu matnlar saqlanib qolganmi?

Yo‘q, saqlanib qolmagan.

BBC: Siz Temur haqida yozilgan matnlarning aksari uning o‘limidan so‘ng yozilgan deysiz.

Ha, nisbatan o‘limidan ko‘p o‘tmay desak bo‘ladi. Ibn Xaldun asosan uning o‘limidan keyin yozgan, bir qismi Temur tirikligida yozilgan bo‘lishi mumkin. U Temur yonida qisqa davr bo‘lgan. Ibn Arabshoh esa Temur imperiyasi Mamluqlar qo‘li ostidagi Suriya va Misrdan chekinganidan keyin yozgan. O‘ylashimcha, Temurning hayotligida yozilgan yagona matn ispaniyalik elchi Klavixo qalamiga mansub. U 1404 yilda yozgan.

BBC: Uning Temur haqidagi taassurotlari qanday bo‘lgan?

Umuman olganda, ancha ijobiy. Lekin, u ham Temurning marhamatidan foydalangan va unga diplomatik vakil sifatida yaxshi munosabat qilishgan. Undan Ibn Arabshohdek tasvirlarni kutib bo‘lmaydi. Menimcha, u bizga yaxshi muvozanatni beradi.

Kitobdan parcha:

"Temurning yana bir usuli o‘z harakatlari haqida atayin noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish edi. Bu ba’zida o‘ta samarali usul bilan «makkor Temur» deya tanildi. [Jan-Pol] Ru Temurniki deya yozib qoldirilgan hiylalar bizga yosh bolanikidek va «G‘arblik odamga yarashmaydigan» ko‘rinadi, lekin fakt shuki, ular muvaffaqiyat keltirgan. Masalan, 1394 yilgi Diyorbakirga yurishida Temur o‘zining chekinayotgani haqida mish-mish tarqatadi va dushmanlari hujumga tayyor bo‘lmaydi. Ibn Xaldunga Temurning imomi Abduljabborning aytishicha, Temur muxolifatni aldash uchun atayin o‘z qo‘shinlarini noto‘g‘ri yo‘lga boshlagan, Klavixo esa Qipchoq cho‘lidagi bir yurishda Temur dushmanlarini adashtirish uchun o‘z jamlog‘idagi ayollarni erkaklarcha kiyintirib, jamloqni himoya qilishga tashlab ketgani va o‘z qo‘shinlari bilan To‘xtamishga ortdan hujum qilganini yozadi.»

Book
BBC
U shu qadar qasoskor, shu qadar shafqatsiz bo‘lishi shartmidi? Bu kelajakda muxolifat bo‘y ko‘tarmasligi uchun atayin qilingan taktikamidi, yoki u bundan zavq olganmi?
Peter Jackson
Professor, tarixchi

BBC: Tadqiqotingizni olib borish qanchalar oson yo qiyin bo‘ldi? U haqida manbalarni qayerdan oldingiz va qanday ishlatdingiz?

Unchalik qiyin bo‘lmadi. Eng asosiy manbalarning originalidan ham, tarjimasidan ham foydalandim. Men Kastiliya tilini bilmaganim uchun Klavixoni ingliz tilida o‘qidim. Fors manbalarni fors tilida o‘qidim, Ibn Arabshohniki esa arab tilida. Uning ingliz tiliga tarjimasi uncha yaxshi qilinmagan, shu sababdan arab originaliga yuzlandim.

BBC: Fors manbalarida Amir Temur haqida nima deyilgan?

Bunga umumiy bitta javobni berish qiyin. Fors tilidagi manbalarning aksari yo Temurning qo‘li ostida, yoki aniqrog‘i, uning me’rosxo‘rlari nazorati ostida yozilgan. Masalan, Nizomiddin Shomiy 1404 yilda hali Temur hayotligida yoza boshlagan. Sharofiddin Yazdiy esa uning o‘limidan 10-15 yil o‘tib Temurning nabiralari hukmi ostida yozgan. Ikkala matnda ham Temurga nisbatan ijobiy va diplomatik baho beriladi. O‘ylashimcha, bu mualliflar haqiqatdan ham Temurdan hayratlangan bo‘lishlari mumkin, chunki Amir Temur misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi zaminlarni ishg‘ol qilgan, Markaziy Osiyo, Suriya, va hokazo. U o‘lganida Xitoyni ishg‘ol qilishga otlangan edi. Buning uddasidan chiqa olarmidi, yo‘qmi – biz bilmaymiz.

BBC: Shu yerda yana bir parallelni chizishimga turtki berdingiz. Islom Karimov ham olamdan o‘tganida uning vafoti bir necha kun sir saqlangani aytildi. Siz yozishingizcha, Temurning O‘trorda vafot etishi ham sir saqlangan ekan. Bunday misollar tarixda yana uchraydi. Nega hukmdorlarning o‘limi sir saqlanadi?

Ba’zi doiralarda uning hukmronligi hush qarshi olinmagan edi. Uning ko‘plab fuqarolari o‘zlarini kemtik sezgan bo‘lishi mumkin, chunki ularga ko‘ra, o‘ljalar adolatli taqsimlanmagan. Temur vafot etganida, u tayinlagan valiahd butun imperiya ustidan nazoratni olib bora olishiga hech kimda ishonch yo‘q edi. Unday bo‘lmadi ham. Uning vafotidan keyin boshqa bir nabirasi Movaraunnahrni o‘z qo‘liga oldi. Bunga Temurning poytaxti Samarqand ham kirardi. Poytaxt deymiz, lekin u aksar vaqtini yurishlarda o‘tkazgan.

BBC: Ayol yaqinlariga kelganda, siz Temur o‘zining qizi Og‘abegim, xotini Dilshod og‘a, singlisi Qutlug‘ Turkonlar vafot etganida shunchalar g‘am va iztirob chekkanki, davlat ishlariga qiziqmay qo‘ygan deb yozasiz. Demak, uning ancha yumshoq ko‘ngilli tarafi ham bo‘lgan.

Ha, u oilasiga juda yaqin inson bo‘lgan. Lekin, bu borada juda ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Masalan, nabirasi yoki o‘g‘illarining o‘limiga qanday munosabat bildirgani yoritilmagan. Bu borada o‘ta stereotipik misralar yetib kelgan. Albatta, uning hissiyotlarini shubha ostiga olishimizga asos yo‘q. O‘z hayoti davomida u o‘g‘il va nabiralariga katta yerlarni ishonib topshirib, ularni yaqin tutgan.

BBC: Kitobda yozasizki, Islomiylashishga qaramay, Temuriylar davridagi ayollar roli ahamiyatini ozaytirmasligimiz kerak. Ularning so‘zlariga quloq tutilgan. Siz keltirgan bir misolda, Temur kelinining shikoyatini tinglagach, o‘z o‘g‘lini jazolagan. Ya’ni, u ayollarga quloq solgan.

Ha, chunki Markaziy Osiyo va mo‘g‘ul jamiyatlarida ayollar, aytaylik o‘sha davrdagi Yevropaga solishtirsak, ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishgan. Chingizxon davrida ham, o‘limidan keyin ham uning xotinlari, mo‘g‘ul bevalar ancha katta ta’sirga ega bo‘lishgan va regent bo‘lib hukmdorlik qilishgan. Temur ayollari ham bundan istisno emaslar. Ular Temurga ta’sir o‘tkaza olganlar va kim jazolanishini belgilaganlar.

Belgiyalik mustamlakachilar Kongo aholisini, hatto bolalarni ham, jazolash uchun qo‘llarini kesganlar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Belgiyalik mustamlakachilar Kongo aholisini, hatto bolalarni ham, jazolash uchun qo‘llarini kesganlar.

BBC: Kitobingizda «tatar» so‘zi ishlatilgan, va bu G‘arb tarix kitoblarida ko‘p uchraydi. Turkiy xalqlar, markaziy osiyoliklar, mo‘g‘ullarni ko‘pincha tatar deya tanishtiradilar. Nega shunday?

Ochig‘i, biz aniq bilmaymiz. Mo‘g‘ullar g‘arb va janub sari kengaya boshlaganlarining ilk bosqichlarida tatarlar deya nomlana boshlaganlar. Biz tarixchilar tatarlarni Chingizxon Mo‘g‘ulistonda tor-mor qilgan raqib qabila sifatida bilamiz. Chingizxon ularning ko‘pini qirgan. Lekin Chingizxongacha «tatar» so‘zini Mo‘g‘ulistondan g‘arbda joylashgan ayniqsa musulmon xalqlar sharqdagi ko‘chmanchilarni tasvirlash uchun qo‘llaganlar. Shu yo‘sin, tatar so‘zi muhrlanib qolgan va mo‘g‘ullarni shu so‘z bilan atay boshlaganlar. Bunda ironiya bor, agar Mo‘g‘ulistonning o‘zidagi tarixni bilsangiz.

BBC: Amir Temur haqida G‘arb adabiyoti va tarixida gap ketganda, ko‘pincha uning ismi oldiga sifat qo‘shilgan bo‘ladi – qonxo‘r, vahshiy, beshafqat va hokazo. Nima deb o‘ylaysiz, G‘arb ziyolilarida osiyolik yoki G‘arblik bo‘lmagan hukmdorlarga qarshi qandaydir kalondimog‘lik yo yovqarash bormi? Chunki Yevropa mustamlakachilari o‘zlari bosib olgan yerlarda o‘zlari ham shafqatsiz va vahshiy bo‘lishgan, dahshatli jinoyatlarni amalga oshirganlar, masalan belgiyaliklarning Kongodagi xunrezliklari yodga keladi. Yoki britanlar va qullik. Lekin negadir o‘sha dahshatli sifatlar hukmdorlarning nomiga qo‘shib ishlatilmaydi. Bu qanchalar adolatli?

Men Temur o‘zidan oldin o‘tgan Chingizxondek hukmdorlarning zo‘ravonligidan ham zo‘ravonroq bo‘lishga atayin uringaniga ishonaman. U ayni damda Chingizxonga o‘xshashga ham uringan. Undan keyingi yevropalik istilochilarga solishtiradigan bo‘lsak, ko‘p tarixchilar aytadigan bir gap bor – bu mening tadqiqot maydonim emas. Lekin, Temur muayyan imijni yaratishga va unga sodiq bo‘lishga uringan. Ayni vaqtda u juda rahmdil ham bo‘la olgan. U hatto taslim bo‘lmagan joylarda ham muruvvat ko‘rsatgani holatlari mavjud. Bir-ikkita misollar borki, ko‘p tarixchilar undan haqiqiy qirg‘inni kutishgan, lekin u kutilmaganda ancha yumshoqlik bilan u yerlarni egallagan. Bu uning o‘sha vaqtdagi kayfiyatiga bog‘liq bo‘lishi mumkinmi? Masalan, bir holatda bunga sabab uning o‘g‘il nabirasining tug‘ilgani bo‘lgan. U ishg‘ol qilingan aholini qirmaslik bilan, nabirasining tavalludini nishonlagan.

BBC: Amir Temur haqida o‘zingiz qanday xulosaga keldingiz? Uni qanday gavdalantirdim deb o‘ylaysiz? Ba’zi adiblar, masalan Vilyam Dalrimpl sizning kitobingizga taqriz yoza turib, Temurni biz bilgandan ancha yomon deya tasvirladi. Lekin, men sizning kitobingizni o‘qiganimda, u ancha muvozanatli ko‘rindi, aftidan siz Temur xarakterining barcha tomonlarini ochib bergansiz. Sezganim shuki, taqrizlar yozilganda, tanqidchilar muayyan misralarni tanlab oladilar va shu paytgacha shakllangan narrativga tushadigan «qonxo‘r», «shafqatsiz» va o‘xshash so‘zlarni old qatorga olib chiqadilar. O‘zingiz Temur haqida qanday fikrdasiz?

Men muvozanatni ushlashga harakat qildim, bu shubhasiz. Kitobni yozayotganimda men bu odamga qarshi shakllangan qarashlardan ogoh edim. Lekin, men uning ijobiy hislatlarini hurmat qilaman. Avval aytganimdek, u oilasiga yaqin odam edi. Hammayam unday bo‘lmagan yo unday emas. U o‘ziga xizmat qilganlarni mukofotlashda sahiy bo‘lgan. Bunga gumonim yo‘q. Lekin, boshqa tomondan, u shu qadar qasoskor, shu qadar shafqatsiz bo‘lishi shartmidi? Bu kelajakda muxolifat bo‘y ko‘tarmasligi uchun atayin qilingan taktikamidi, yoki u bundan zavq olganmi? Bunga hanuz javob topmaganman. Shunday ekan, ochiq aytishim kerak, men uni sevib qolganim yo‘q.