Muhammad Aziz Umurzoqov AQShdagi 389-ommaviy otishma qurboni - Video

Muhammad Aziz Umurzoqov

Surat manbasi, GoFundMe саҳифасида эълон қилинган фото сурат

Surat tagso‘zi, Muhammad Aziz Umurzoqov neyrojarroh bo‘lishni orzu qilgan
O'qilish vaqti: 3 daq

Neyrojarroh bo‘lib yetishish maqsadida AQShdagi eng nufuzli oliy o‘quv dargohlaridan birida tahsil olayotgan talaba Muhammad Aziz Umurzoqovning fojeali o‘limi butun dunyodagi o‘zbeklarni larzaga soldi.

Fojea 13 dekabr kuni AQShning Rod-Aylend shtati Providens shahridagi Braun Universiteti binosida ro‘y berdi.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, universitetning injenerlik va fizika fakulteti birinchi qavatdagi auditoriyasida u yerda bo‘lgan insonlarga qarata o‘qotar quroldan o‘t ochilgan.

Oqibatda ikki inson hayotdan ko‘z yumgan, to‘qqiz kishi yaralangan.

Halok bo‘lganlardan biri Muhammad Aziz Umurzoqov bo‘lgan.

Aloqador mavzular

Guvohlarga ko‘ra, shanba kuni soat 16:00 larda imtihon bo‘layotgan vaqt qurollangan shaxs auditoriya eshigini ochgan, nimadir deb, ichkaridagilarga qarata o‘q otishni boshlagan.

Politsiya qurolli hujumda gumon qilingan shaxs hibsga olinganini xabar qildi.

Biroq keyin u qo‘yib yuborilgan.

Mahalliy matbuot xabar qilishicha, gumondorni qidirib topish Providens shahri markazida yangi yil bayrami oldi xaridorlar ko‘p bo‘lgani hamda kontsert tomosha qilish uchun minglab odam kelgani tufayli qiyinlashgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Reuters axborot agentligi boshqa mamlakatlarga nisbatan ham AQSh o‘quv dargohlari va boshqa jamoat joylarida ommaviy otishma ko‘proq ro‘y berishini eslatadi.

Buning sababi Qo‘shma Shtatlardagi qurolga egalik bilan bog‘liq qonunchilik taraqqiy etgan mamlakatlardagi eng yengil qonunchilik hisoblanishidadir.

Gun Violence Archive tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 15 dekabrigacha AQShda 392 ta ommaviy otishma ro‘y bergan, Braun Universitetidagi 389-ci bo‘lgan.

Ommaviy otishma deb to‘rt yoki undan ko‘p inson yaralanishi yoki halok bo‘lishiga olib kelgan o‘qotar qurol ishga solinishi deb hisoblaydilar.

Tashkilotga ko‘ra, 2024 yili AQShda 503 ommaviy otishma qayd etilgan.

Providens shahri otishmadan keyin

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Politsiya dastlab hujumchi deb gumon qilingan shaxs qo‘lga olinganini xabar qildi, so‘ng bu shaxs qo‘yib yuborilgan

Nufuzli oliygoh

Braun Universiteti kampusidagi Barus va Holley injenerlik va fizika fakulteti binosi yetti qavatli bino bo‘lib, unda uchta yirik auditoriya, ko‘plab sinfxona va laboratoriyalar, jami 117 xonasi bor.

Providens shahri hokimi Brett Smayley aytishicha, binoning tashqi eshiklari yopiq bo‘lgan, otishma bo‘lgan auditoriyaga kirish uchun imtihon topshiruvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjat talab qilingan.

Shuning uchun ham qurollangan shaxsning hodisa joyiga qanday qilib kirgani savoliga politsiya javob bergani yo‘q.

Ushbu binodagi va fakultetga yaqin kutubxonadagi odamlar otishma ovozlarini eshitganlaridan keyin yashirinishga majbur bo‘lganlar.

Politsiya kelib tekshirib ruxsat berganidan keyin yashiringan joylaridan chiqqanlar.

Braun Universiteti AQShning eng qadimgi universitetlaridan biri bo‘lib, unga 1764 yili asos solingan.

Braun Universiteti Hedera yoki Chirmovuq Ligasi (Ivy League) deb nomlanadigan, Amerikaning eng nufuzli sakkiz xususiy universiteti guruhiga kiradi.

Bu ligaga oliy akademik standardlari, talabalikka qabul qilishdagi qattiq tanlov va obro‘si baland universitetlar kiritiladi.

Braun Universitetida 11 mingdan ortiq talaba o‘qiydi.

Muhammad Aziz Umurzoqov oilasiga hamdardlik

Iqtibos

Surat manbasi, .

Muhammad Aziz Umurzoqov AQShda o‘sib ulg‘aygan, u Virjiniya shtatidagi Midlotian maktabida tahsil olgan.

Qobiliyatli yosh o‘zbek yigitining bevaqt o‘limi haqida uning oilasi a’zolari xabar qildilar.

"U haddan ziyod mehribon, aqlli va quvnoq edi. Uning neyrojarroh bo‘lish va insonlarga yordam berishdek ulkan orzulari bor edi. U hamma jihatda oilasi uchun ibrat bo‘lib qoladi", deb yozdi yaqinlari GoFundMe veb-saytida.

Muhammad Azizni yaqindan bilgan insonlar veb-saytda o‘z xotiralari bilan bo‘lashdilar, yaqinlariga ta’ziya izhor etdilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShdagi O‘zbekiston elchiligi marhum oilasi bilan doimiy aloqada ekanini xabar qildi:

"O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQShning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib bormoqda", deb yozdi vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov o‘zining Telegram kanalida.

Fojea munosabati bilan Amerika-O‘zbekiston Assotsiatsiyasi Muhammad Aziz yaqinlariga ta’ziya izhor etdi.

"13-dekabr kuni Braun universiteti talabasi Muhammad Aziz Umurzoqovning fojiali vafot etgani haqidagi xabarlar meni chuqur qayg‘uga soldi. Biz Aziz Umurzoqovning oila a’zolari, do‘stlari va kursdoshlariga samimiy hamdardlik bildiramiz hamda uning porloq orzulari amalga oshmay qolganidan cheksiz qayg‘udamiz. Marhumni Xudo rahmat qilsin", deb yozdi Toshkentdagi AQSh elchiligi rasmiy veb-sahifasida elchi Jonatan Henik.