Shavkat Mirziyoyev G‘arb sanktsiyasiga tushgan, Rossiya bosqini tarafdori bo‘lmish artistni taqdirladi

Surat manbasi, president.uz
Ikki davlat rahbarlari Rossiyada o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” arafasida san’atkorlarga orden berdi. Prezident Mirziyoyev taqdirlagan ikki rossiyalik san’atkordan biri Sergey Bezrukov Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevropa Ittifoqi va Kanada sanktsiyalariga tushgan.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” ochilishidan bir kun oldin 18 noyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston estradasi yulduzlari Farrux Zokirov hamda Sevara Nazarxonni “Rossiya va O‘zbekiston madaniyatlarini yaqinlashtirish va o‘zaro boyitish borasidagi samarali faoliyati uchun” “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan.
O‘sha kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan ikki nafar rossiyalik artist — Moskva drama teatri badiiy rahbari, teatr va kino aktyori Sergey Bezrukov hamda balet raqqosasi va rejissyor Andris Liepani “Do‘stlik” ordeni bilan mukofatlagan.
Farmonda ushbu artistlar “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, xalqlarimizning an’anaviy do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, o‘zining yorqin va betakror iste’dodi, xususan, kino va teatr yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun” taqdirlangani aytilgan.
Sergey Bezrukov Rossiya propagandasini tarqatgan va Rossiyaning Ukrainaga agressiv urushini qo‘llab-quvvatlagan.
Teatr va kino aktyori Sergey Bezrukov Rossiyaning Ukrainaga bostirb kirishini faol qo‘llovchi faol sifatida tanilgan.
U Rossiya harbiylarini dastaklash uchun tashkil qilinadigan tadbirlarda faol ishtirok etadi. Askarlarning xizmati uchun minnatdorchilik bildiradi.
Bergan intervyularida va ijtimoiy tarmoqlarda qilgan chiqishlarida Bezrukov bir necha marotaba vatanparvarlik va urush vaqtida mamlakatdagi birdamlik haqida gapirgan. Rossiya fuqarolarini o‘z askarlarini qo‘llab-quvvatlashga va ularning yutuqlaridan faxrlanishga chaqirgan.
Shunga qaramasdan u tinchlik va barqarorlikka erishish muhimligi haqida ham gapirgan. Mojaroni bartaraf etishda diplomatik harakatlarning zarurligini ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqi 2022 yilning iyul oyida Bezrukovni sanktsiyadagi Rossiya fuqarolari safiga qo‘shdi.
Ittifoq qarorida aytilishicha, “Yagona Rossiya” partiyasining bosh ommaviy shaxslaridan biri bo‘lmish Bezrukov “Rossiya propagandasini tarqatgan va Rossiyaning Ukrainaga agressiv urushini qo‘llab-quvvatlagan”, shuningdek, urushda ishtirok etayotgan Rossiya harbiylarining oldida chiqish qilgan.
Keyinchalik Kanada hukumati “dezinformatsiya tarqatishda” aloqador bo‘lgani uchun Sergey Bezrukovni sanktsiyalar ro‘yxatiga tirkagan.
Shavkat Mirziyoyev nima uchun ushbu bahsli shaxsni ordenga loyiq ko‘rgani borasida rasmiy xabar yo‘q.
O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi masalasida doim betaraf pozitsiyada ekanligi aytiladi.
Biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan bir oy ham o‘tmasdan 13 mart kuni Turkiyada o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘ziga xos chiqish qildi.
U O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda ekanligini va zo‘ravonlikni to‘xtatish kerakligi hamda barcha masalalarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan yechish tarafdori ekanligini aytib chiqdi.
2022 yilning 17 mart kuni esa Oliy Majlis senatida hisobot bergan Abdulaziz Komilov Ukrainada urush harakatlari zudlik bilan to‘xtatishi kerakligini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmaymiz”, degandi Abdulaziz Komilov.
Ushbu chiqishidan bir oy o‘tib Abdulaziz Komilov tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod qilindi.
U prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Telegram kanalimiz:














