Xitoy: AQSh bo‘lmasa butun dunyoda boy xaridorlarimiz ko‘p - Video

AQSh Prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan "savdo urushi" oqibatida Amerika shirkatlarining aktsiyalari keskin tushib ketdi, Amazon va Apple kabi shirkatlar bundan keyin ishlab chiqarishni Xitoy zavodlaridan olib chiqish yo‘lini izlashga tushdilar.
Oxirgi kunlarda aktsiya bozorlari savdogarlari, "yaqin orada Amerika bilan Xitoy boj tariflarini tushirish bo‘yicha kelishuvga borsalar kerak", deb umid qilyaptilar, bu umid esa AQSh birjalaridagi narxlardaa ham sezilayapti.
Kuzatuvchilarning yozishicha, Donald Tramp joriy etgan tariflar Xitoydagi ishlab chiqarish korxonalariga zarba berishni boshlagan, rasmiy ma’lumotlar ishlab chiqarish susayganini namoyish etayapti.
Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo deyarli to‘xtab qoldi.
Bunga AQSh Prezidenti Donald Trampning Xitoy tovarlariga 145 foizlik poshlina kiritgani, bunga javoban Xitoy ham AQSh tovarlariga bojlarni ko‘tarib yuborgani sabab bo‘ldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Donald Tramp prezidentligining 100 kunligi munosabati bilan Xitoy video e’lon qildi.
Bu videoda Xitoy Vashington oldida tiz cho‘kmaydi deyiladi.
Bi-bi-si muxbiri Laura Biker Xitoydagi Yivu shahriga borib xitoylik tujjorlar va tahlilchilar bilan suhbatlashdi.
Yivu hatto butun dunyodagi eng yirik ulgurji bozor hisoblanadi.
Bu suhbatlardan nafaqat Xitoy hukumati, balki oddiy xitoyliklar ham AQSh "savdo urushi"dan cho‘chimayotganlari ko‘rinadi.
Chunki Xitoy tovarlari butun dunyoni egallagan, AQSh yirik bozor bo‘lgani bilan agar Xitoy mahsulotlari yo‘liga to‘siq qo‘yadigan bo‘lsa, mahsuloti narxini pasaytirib bo‘lsa ham xitoyliklar Yaqin Sharq, Afrika yoki Yevropadan yangi mijozlar topish yo‘lini izlayveradilar.

Bi-bi-sining Tramp haqidagi fikri qanday ekani haqidagi savoliga Yivu shahridagi xitoy savdogari Hu Tianqiang shunday dedi:
Tramp? U hazilkash-ku. Har kuni bir yangi latifa aytadi. Boj kiritish hazildek gap uning uchun. Oldin Amerikadan xaridorlarimiz bor edi. Endi bizga farqi yo‘q. Butun dunyodan boy xaridorlarimiz ko‘p. Ular bilan biznes qilgan yaxshiroq.
"Amerikada ko‘p norozilik namoyishlari bo‘layapti, deb eshitdim. Ularning ko‘p tovari bu yerdan boradi. Ular bizga muhtojmi? Albatta, muhtojlar", dedi boshqa bir tojir Lin Siupeng.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida sotiladigan o‘yinchoqlarning 80 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan.
AQShdagi yirik savdo do‘konlari tizimi bo‘lgan Walmart bilan Target "yaqinda peshtaxtalarimiz bo‘shab qoladi", deb ogohlantirib chiqdilar.
Bi-bi-si muxbiri Laura Biker so‘zlariga ko‘ra, ilgari 5 yoki 10 AQSh dollariga sotilgan o‘yinchoqlarning narxi ikki baravar qimmatlashib ketdi.

"Trampning ilk 100 kunligida kichkina bir ermak lyuks tovarga aylandi. Endi ikki mamlakat savdogarlari ham tez muzokaralarga umid qilayaptilar", deydi muxbirimiz.
Xalq ozodlik armiyasining sobiq polkovnigi professor Jou Bo, "o‘z fursati kelmaguncha Xitoy yon bosmaydi", deydi.
"Xitoyda "o‘q o‘tib ketguncha boshingni pasaytirib tur" degan iboramiz bor. Bu degani, hozir atrofni urush tumani qoplagan, keyin nima bo‘lishini bilaymiz. Bunday jiqqamusht bo‘lish vaqtincha deb o‘ylayman. Balki bir-ikki oy. Oqibatda Xitoyga qisqa muddatli shikast yetadi, Amerikaga ham. Oxir-oqibat Xitoyning qo‘li baland keladi, deb o‘ylayman", deydi professor Bo.
Ishlab chiqarishi sustlashayotganidan xitoylik ishchilar aziyat chekayaptilar.
Biroq bojlar dunyoning eng yirik bozori bo‘lgan AQShni yopib qo‘ysa, Xitoy vaziyatga moslashishga intiladi.
2 may kuni Xitoy Savdo vazirligi matbuot kotibi Pekin AQSh bilan tarif muzokaralarini o‘tkazish imkoniyatini baholab chiqayotganini e’lon qildi.
"AQSh amaldorlari bir necha bor Xitoy bilan tariflar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish istagini bildirishdi", dedi matbuot kotibi jurnalistlarga.
"Xitoyning pozitsiyasi o‘zgarmas. Agar biz kurashsak, oxirigacha kurashamiz; agar gaplashsak, eshik ochiq... Agar AQSh gaplashmoqchi bo‘lsa, u o‘zining samimiyligini ko‘rsatishi va noto‘g‘ri amaliyotlarini tuzatishga va yakka tomonlama tariflarni bekor qilishga tayyor bo‘lishi kerak."
Bu bayonot Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq Veybo akkaunti AQSh muzokaralarni boshlashga intilayotganini aytganidan bir kun o‘tib va Tramp muzokaralar allaqachon boshlanganini da’vo qilganidan bir hafta o‘tib keldi - bu Pekin tomonidan rad etildi.
"Xitoyning AQSh bilan gaplashishga hojati yo‘q", degan bayonot e’lon qildi Veybo ijtimoiy tarmog‘idagi Xitoy Markaziy televideniesi (CCTV)ga tegishli deb ko‘rilgan akkaunt. "Muzokaralar nuqtai nazaridan hozirda AQSh ko‘proq xavotirda bo‘lishi kerak."
Bunday izohlar AQSh va Xitoy tomonidan har ikki tomon ham jamoatchilik oldida muzokaralarni boshlashdan bosh tortgan holda bildirilgan da’volar va rad etishlar davriga mos kelmoqda.
Savol bu muzokaralar bo‘ladimi yoki yo‘qmi, balki qachon, qanday sharoitlarda va kimning tashabbusi bilan bo‘lishida.
30 aprel. Tramp prezidentligi 100 kunida 100 o‘zbekistonlik badarg‘a qilinadi

Surat manbasi, AFP
Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘z vakolatini bajarishga kirishgan davlat rahbarining 100 kunda o‘z saylovoldi va’dalaridan nimalarga erishgani va erishmagani, reytingi yuqorilagani yoki pasaygani diqqat bilan kuzatiladi, oldingi prezidentlarga solishtiriladi. Donald Tramp prezidentligining ikkinchi muddati 100 kunligi tahlil qilinayapti, shu kunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 100 dan ortiq o‘zbekistonlik AQShdan vataniga qaytarilishi haqida xabar tarqatdi.
"... joriy yilning 30 aprel kuni AQSh hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu-York – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etiladi", deb yozdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov o‘zining Telegram kanalida.
"Mazkur repatriatsiya tashabbusi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, xalqaro me’yorlar, majburiyatlar va inson huquqlari doirasida amalga oshiriladi. Gap viza talablarini buzgan yoki AQShda qonuniy qolish muddati tugagan fuqarolar haqida bormoqda. Repatriatsiya jarayoni insonparvarlik va huquqiy tamoyillar asosida tashkil etilib, fuqarolarning munosib va xavfsiz qaytishini ta’minlaydi.
Charter reysni tashkil etish ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Barcha choralar repatriatsiya qilinayotgan fuqarolarning huquqlarini maksimal darajada hurmat qilgan holda, O‘zbekiston va AQShning amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda ko‘rilmoqda", deb yozdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi.
Donald Tramp doim AQShga noqonuniy migrantlar kirishiga qarshi bo‘lib kelgan, nolegal muhojirlar oqimini to‘xtatish maqsadida o‘zining birinchi prezidentligi davrida AQSh bilan Meksika o‘rtasida devor qurishni boshlagan.
Shu yil 20 yanvarida Tramp Oq Uyda ikkinchi prezidentlik vakolatini ado etishga kirishdi, dastlabki imzolagan farmonlari ham noqonuniy muhojirlarga qaratildi.
12 fevral kuni Amerika harbiylari samolyotida 119 xorijlik AQShdan Panamaga olib chiqilib, mehmonxonalarga joylashtirildi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor edi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik Tramp ma’muriyati uchun noqonuniy migratsiya ustuvor masala ekanini urg‘ulagan, bu masalada O‘zbekiston rasmylari bilan hamkorliklaridan mamnun ekanliklarini aytdi.
Amerika elchisi so‘zlariga ko‘ra, hozir "AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning beqiyos darajasi kuzatilayapti".
Aprel oyi boshida Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati hay’ati AQShda mehmonda bo‘ldi, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Butun dunyoga "savdo urushi"ni e’lon qilgan Prezident Tramp Ukraina minerallarini qo‘lga kiritishga jazm qilgan, jahondagi minerallarning aksar qismi Xitoy zaminida joylashgan, rasmiy Pekin bilan 145 foizlik boj tariflari vaziyatida Xitoy minerallari muqobilini topish talab qilinadi.
AQSh-O‘zbekiston muzokaralarida O‘zbekiston minerallari ham muhokamada bo‘lgani xabar qilindi.
O‘zbekiston Donald Trampni Toshkentda rasmiy safar bilan mehmonga chaqirgan ilk davlatlardan bo‘ldi.
100 kunlik sarhisobi: Tramp reytingi tushib ketganini feyk deydi

Surat manbasi, .
Donald Tramp prezidentligi 100 kunligini Detroytda o‘z tarafdorlari davrasida "bayram qildi", u yerda nutq so‘zlab, shu davra mobaynida ulkan yutuqlarga erishganini aytdi.
"Biz endigina boshladik, siz hali hech narsa ko‘rganingiz yo‘q", dedi Prezident Tramp.
Chindan ham AQShga kirgan noqonuniy muhojirlar soni keskin tushib ketdi, shu yil mart oyida 7000 dan ortiqroqni tashkil etgan, o‘tgan yil martida bu raqam 140 mingni tashkil qilgan.
Oq Uyga ko‘ra, shu vaqtgacha Amerikadan 65 ming noqonuniy muhojir deportatsiya qilingan, AQSh mulozimlariga ko‘ra, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 270 mingni tashkil qilgan.
2 aprel kunini Tramp "Ozodlik kuni" deb e’lon qildi, boshqa mamlakatlarga nisbatan boj tariflarini ko‘tardi.
Aksar mamlakatlarning mahsulotlariga 10 foizlik boj e’lon qilindi, O‘zbekiston ham ana shu 10 foizlik tarif joriy qilingan mamlakatlar ro‘yxatiga kirdi.
AQSh siyosatiga qarshi Xitoy ham Amerika tovarlariga bojlarni ko‘targanidan keyin Tramp Pekinga qarshi foizlarni 145 ga chiqardi.
Trampning ushbu siyosatlari moliya bozorlarini larzaga soldi, aktsiyalar baholari keskin pasayib ketishiga, obligatsiya hamda valyuta bozorlaridagi alg‘ov-dalg‘ovga sabab bo‘ldi.
Prezident Tramp byudjet xarajatlarini kamaytirish maqsadida milliarder Ilon Maskni hukumat samaradorligi deb nomlangan DOGE tuzilmasiga rahbar etib tayinladi, Ilon Mask barcha hukumat vazirliklari, idora va tashkilotlari sarf-xarajatlarini reviziya qilishni boshladi.
Xodimlardan o‘zi ishlayotgan tashkilot haqidagi fikrlari talab qilindi, qator vazirliklarni yopib yuborish, xodimlarini ishdan bo‘shatish qarori olindi.
Bunga javoban ishchi, xodimlar va tashkilotlar hukumatni sudga berdilar.
Tramp boshqaruvi vaqtida inflyatsiya, energiya haqlari va ipoteka foizlari pasaydi, biroq ishsizlik ko‘paygani kuzatildi.
Tramp Federal rezerv yoki markaziy bank rahbari Jeremi Pauelldan foiz stavkasini pasaytirishni talab qilmoqda, ammo Jeremi Pauel bu qarorni mamlakatdagi iqtisodiy ahvoldan kelib chiqib qabul qilishini aytayapti, Trampning lavozimidan bo‘shatish po‘pisasiga konstitutsiyagaa binoan prezidentning markaziy bank rahbarini ishdan olishga haqqi yo‘qligini aytaayapti.
Tramp prezidentlining 100 kunida uning ommaboplik reytingi 44% ga tushdi.
Oxirgi asrlardagi AQSh prezidentlari orasida hech qaysi prezident qo‘llab-quvvatlovi bu darajada pasayib ketmagan.
Biroq Tramp reytingi tushib ketgani xabarlarini soxta deydi, aksincha, reytingim baland deydi.












