Rossiya, migrantlar: Endi soxta nikohlar yo‘qoladimi yoki VNJ nima bo‘ladi - Rossiyada yangi qonun va yangi shartlar

Nikoh marosimi

Surat manbasi, gettyimages

Surat tagso‘zi, Chet el fuqarolarining Rossiya fuqarolari bilan nikohdan o‘tish orqali RVP va VNJ olishi borasidagi statistikaning yildan yilga keskin ortib borayotgani hukumatning ham e’tiborini tortdi.
    • Author, Sohiba Hayot
    • Role, Jurnalist, ekspert
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Rossiyada nikoh asosida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) va doimiy yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) olish tartibi kuchaytirildi.

Agar nikoh bekor qilingan bo‘lsa, yoki sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan hollarda, RVP yoki VNJ ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin.

Rossiya migratsiya siyosatiga oid mazkur qonun 25 yanvardan kuchga kirdi.

Bu Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab Markaziy osiyolik migrantlar uchun nimani anglatadi?

Aloqador mavzular:

Skip Bizga a’zo bo‘ling: and continue readingBizga a’zo bo‘ling:

End of Bizga a’zo bo‘ling:

Patent, RVP va VNJ farqlari

Markaziy osiyolik migrantlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2020 yilda 100 mingdan ortiq chet el fuqarolari VNJ olgan bo‘lsa, 2025 yilda 180 mingga yaqin xorijlik VNJ sohibi bo‘lgan.

RVP va VNJ o‘zi nima? Bu hujjatlar Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari uchun qanday yengilliklar beradi? Ularni rasmiylashtirishning migrantlar uchun eng ommalashgan mehnat patentiga egalikdan ko‘ra, qanday afzalliklari bor?

Rossiyada yashab ishlash uchun chet el fuqarolari faqatgina ishga ruxsatnoma asosida emas, balki vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomalari orqali ham qonuniy maqomlarini ta’minlashlari mumkin.

Mehnat patenti eng sodda usul – Rossiyaga kirib kelgach, 1 oy ichida bu mamlakatda ishlashga ruxsat beruvchi mehnat patentiga hujjat topshirib, olish mumkin. Patent muddati – 1 yil. U tugagunga qadar, tabiiyki, ("propiska" bo‘yicha ) yashashga ruxsat beriladi.

Mehnat patenti uchun har oyda belgilangan soliq to‘lovi to‘lab boriladi va muddati tugashi bilan yashash huquqi ham tugaydi.

RVP va VNJ Rossiyada xorijiy fuqarolar uchun migratsiya maqomini belgilaydigan ikki muhim huquqiy hujjatlardir.

RVP (Razreshenie na vremennoe projivanie) xorijiy fuqaroga Rossiyada qonuniy ravishda vaqtinchalik yashash huquqini beradi.

Bu hujjat ham muddatli bo‘lib, odatda 3 yilga beriladi. U chet el fuqarosiga Rossiya hududida erkin harakatlanish, ishlash va muayyan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish huquqini beradi.

Xorijlik fuqaro Rossiyada doimiy yashash maqsadida RVP asosida keyinchalik VNJ uchun murojaat qilishi mumkin.

RVA kvotalar asosida beriladi, ammo nikoh yoki umumiy bola bo‘lgan taqdirda soddalashtirilgan tartibda (kvotasiz) olinishi mumkin.

VNJ (Vid na jitelstvo) – xorijiy fuqaroga Rossiyada doimiy yashash huquqini beradi va doimiy asosda ko‘proq imkoniyatlar yaratadi:

  • Muddatsiz yoki uzaytiriladigan hujjat bo‘lib, birlamchi holda odatda 5 yilga beriladi.
  • Rossiyada uzoq muddat yashash, o‘qish, ishlash va davlat xizmatlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi. Rossiyada yashash uchun pasportga muhr qo‘yiladi.
  • VNJ olish Rossiya fuqaroligini olish uchun birinchi qadam hisoblanadi. U Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish uchun asosiy talablardan biridir. Shuning uchun RVP vaqtinchalik maqom sifatida, VNJ esa doimiy yashash uchun asos sifatida qaraladi.

Migrant kamaygan, talab oshgan

Rossiyadagi migrantlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Migrantlar asosan, hujjatlarga va soliqlarga to‘lanadigan mablag‘larni tejab, oilalariga ko‘proq pul yuborish maqsadida RVP va VNJ olishga intilishadi.

Bu ikki hujjat ko‘p yillarki, Rossiyadagi Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini mehnat patentidan ko‘ra tejamkorligi, uzoq muddatliligi, afzalliklari va imtiyozlari uchun jalb qilib keladi.

So‘nggi 5 yilda Rossiyada mehnat muhojirlari soni ikki barobarga kamaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yillarda mamlakatda 12 million atrofida mehnat migrantlari yashab ishlagan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqam 6 million atrofidani tashkil qilmoqda.

Shunga qaramay, RVP va VNJ ga talab pasaygani yo‘q.

Masalan, 2020 yilda 100 mingdan ortiq chet el fuqarolari VNJ olgan bo‘lsa, 2024 yilda 180 mingga yaqin xorijlik VNJ sohibi bo‘lgan.

Migrantlar asosan, hujjatlarga va soliqlarga to‘lanadigan mablag‘larni tejab, oilalariga ko‘proq pul yuborish maqsadida RVP va VNJ olishga intilishadi.

Ammo ularga erishish migrantlarga oson va arzonga tushmaydi. Rossiyada amaldagi migratsiya siyosati, ajratilgan kvotalarga nisbatan talabgorlarning ko‘pligi, byurokratiya va korruptsiya mamlakatdagi muhojirlar uchun RVP va VNJ olishni murakkablashtirgan.

Shu bois, Markaziy osiyolik, jumladan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida bu hujjatlarga ega bo‘lish uchun noqonuniy yo‘llardan boruvchilar talaygina.

Ulardan eng ko‘p tarqalgani – RVP va VNJ ni soxta nikoh orqali olishdir.

"Qimmat, ammo tejamkor yo‘l edi"

Sohiba Hayot
facebook
Garchi RVP va VNJ olishning muhojirlar uchun boshqa yo‘llari bo‘lsa-da, Rossiyada nikoh orqali olish nisbatan imkonliroqligicha qolmoqda.
Sohiba Hayot
Jurnalist, ekspert (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Soxta nikoh orqali RVP va VNJ olish sxemasi qanday ishlagan? Undan o‘zbekistonlik migrantlar qanchalik keng qo‘llanishgan?

Bu savolning javobini shu yo‘l orqali avvaliga RVP, bir necha yildan so‘ng esa VNJ olgan o‘zbekistonlik muhojirdan oldik:

- 7 yil oldin RVP, uning ortidan VNJ olganman. Har oy patentga pul to‘lab ishlash kerak edi. Undan tashqari ijara va yeb-ichishga pul ketadi. Moskvada er-xotin birga ishlaymiz. 2 kishiga ketayotgan bu katta harajatlarni birimizga RVP qilish bilan tejashni o‘yladik.

O‘rtakash shirkatlardan biri bilan gaplashdik (o‘rtakash ham o‘zbekistonlik). Ularda soxta nikohga rozi "mijozlar" bo‘larkan. Men uchun Moskva viloyatidan bir ayolni uchun gaplashdi. O‘sha paytda 120 ming rublga rasmiy nikohdan o‘tdik.

Aytgancha, meni O‘zbekistonda rasmiy nikohim bor. O‘rtakash meni ajrashganligim to‘g‘risida qalbaki hujjat tayyorladi.

Ma’lum vaqtdan keyin, Rossiya fuqarosi bilan olgan ZAGS qog‘ozimiz asosida RVP ga hujjat topshirdim. Undan keyin, shu hujjatlar asosida VNJ oldim.

To‘g‘ri, katta pullar ketdi. Ammo bu Rossiyada ishlab 10 yil davomida patentga to‘lanadigan pullar bilan taqqoslaganda, ancha tejamkor yo‘l edi", gapirib berdi Umidbek.

Shubhalar asosli chiqdi

Nikoh uzuklari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Chet ellik muhojir bilan oila qurishni istovchi rossiyalikni topish hamma vaqt ham "omadli" bo‘lavermaydi. Bu yog‘i yo ko‘ngil, yoki katta pul masalasi.

Aksar muhojirlarning soxta nikoh asosida migratsiya maqomiga ega bo‘lish sxemasi shunday.

O‘rtakashlarsiz yo‘li esa, haqiqatda Rossiya fuqarolari bilan oila qurish orqali bu hujjatlarni olishdir.

Chet ellik muhojir bilan oila qurishni istovchi rossiyalikni topish hamma vaqt ham "omadli" bo‘lavermaydi. Bu yog‘i yo ko‘ngil, yoki katta pul masalasi.

Haqiqiy rasmiy nikoh asosida RVP va VNJ olgan xorijliklar ham bu hujjatlarga ega bo‘lish uchun bir necha yillar, talay qog‘ozbozliklar, byurokratiya va sarsongarchiliklar jarayonidan o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan.

Garchi RVP va VNJ olishning muhojirlar uchun boshqa yo‘llari bo‘lsa-da, nikoh orqali olish nisbatan imkonliroqligicha qolmoqda.

Chet el fuqarolarining Rossiya fuqarolari bilan nikohdan o‘tish orqali RVP va VNJ olishi borasidagi statistikaning yildan yilga keskin ortib borayotgani hukumatning ham e’tiborini tortdi.

Rossiya IIV rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda RVP olgan xorijliklarning 40 foizi nikoh asosida rasmiylashtirgan.

Rasmiylar shubhasi ortidan huquq tartibot idoralarining tekshiruvlari boshlandi va tez fursatda buning asossiz emasligi ma’lum bo‘ldi.

Rossiya prokuraturasi 2021 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida soxta nikoh alomatlari bo‘lgan 4 mingdan ziyod materiallarni sudga topshirdi. Shu bilan birga ularning tegishli migratsiya hujjatlari bekor qilinishiga olib keldi.

2025 yil 25 yanvardan boshlab kuchga kirgan soxta nikohlar va Rossiya fuqaroligi bo‘lgan bolalarga soxta ota-onalik rasmiylashtirilishiga qarshi qonun shuning ortidan yuzaga keldi.

Ya’ni, Rossiya migratsiya siyosatidagi yangi qonun nafaqat migrantlarning o‘zlari, balki ularning farzandlariga ham bevosita taalluqli.

Yangi qonun, yangi shartlar

Rossiya pasporti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Agar farzand Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan nikohda tug‘ilgan (yoki farzandlikka olingan) bo‘lsa, xorijiy fuqarolar soddalashtirilgan tartibda doimiy yashash ruxsatnomasi – "VNJ"ni olishlari mumkin bo‘ladi.

- 25 yanvardan boshlab xorijiy fuqarolar Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan rasmiy nikohdan o‘tganiga uch va undan ko‘p yil bo‘lgan yoki ushbu nikohda umumiy farzand tug‘ilgan bo‘lsagina "RVP" olishlari mumkin bo‘ladi.

Agar farzand Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan nikohda tug‘ilgan (yoki farzandlikka olingan) bo‘lsa, xorijiy fuqarolar soddalashtirilgan tartibda doimiy yashash ruxsatnomasi – "VNJ"ni olishlari mumkin bo‘ladi.

Agar ota-ona o‘rtasida nikoh ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, ularning mamlakatda kamida uch yil birga yashaganliklari va umumiy ro‘zg‘orlari borligi sud tomonidan tasdiqlanishi va farzandni parvarish qilishda xorijlik ota-ota faol ishtirok etayotganini tasdiqlovchi hujjat olinishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, sud tomonidan Rossiya fuqarosi bilan tuzilgan nikoh soxta deb topilsa, ushbu nikoh asosida avval olingan, shu jumladan, 2025 yil 25 yanvargacha berilgan barcha huquqiy maqomlar, masalan, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi va doimiy yashash ruxsatnomasi bekor qilinadi, - deya batafsil izoh bergan rossiyadagi yuristlardan biri.

Imkonsizlik ortidagi qonunbuzarliklar

Rossiya qonunchiligidagi bu o‘zgarishlar Markaziy osiyolik muhojirlar uchun qanchalik ahamiyatli?

Bu savolni Rossiyada ishlayotgan o‘nga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga berdik.

Ularning bir qismi Rossiyada vaqtincha ishlayotgani, O‘zbekistonga qaytishi, bu yerda uzoq muddatli hujjat rasmiylashtirishga hojati yo‘qligini bildirdi.

Ba’zilari esa ko‘p harajatli RVP, VNJ u yoqda tursin, soddaroq mehnat patent rasmiylashtirish uchun ham imkonsizligini aytdi.

RVP va VNJ asosida yashab ishlashni istaydigan bir kishigina, "bu hujjatlar patentni olishdek qulay bo‘lsagina harakat qilib ko‘rishim mumkin", dedi.

Rossiya o‘n yillarki, mukammal bir migratsiya siyosatini yuritish uchun urinadi. Bu borada tizim va qonunchilik tamal o‘laroq, bir necha bora o‘zgardi va yangilandi. Ammo ularning samarasi haligacha ijobiy shaklda ko‘rinmadi.

Mamlakatdagi millionlab migrantlar va Rossiyaning o‘zi uchun ham qulay va manfaatli tizim yuritish uchun amaldagi byurokratiya va korruptsiya eng katta to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Aeroportdagi ayol, illyustrativ

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2023 yilda 8 milliondan ziyod chet el fuqarolari bo‘lgan bo‘lsa, bu raqam 1 yilda 2 millionga (6,1 mln) kamaydi.

Migrantlar ketayaptimi?

Rossiyaning qattiqqo‘l migratsiya siyosati o‘zining aks ta’sirini bermoqda: yuz minglab muhojirlar noqonuniy yo‘llarni tanlashmoqda.

Ayniqsa, mamlakatdagi "Krokus" voqeasidan keyingi aksilmigrant siyosat Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini yanada boshi berk ko‘chaga kirgizdi.

Keti uzilmagan reydlar, qattiq tekshiruvlar, migrantlarga nisbatan salbiy qarashlarning kuchayishi va noinsoniy munosabatlar muhojirlarning bu mamlakat bilan bog‘liq rejalarini ham o‘zgartirdi.

Dollar kursining oshib ketishidan tushkun kayfiyatdagi muhojirlar bu muhit ortidan o‘z kelajagini Rossiya bilan bog‘lamay qo‘ydi. Ishlab, imkon qadar tezroq maqsadidagi pulni yig‘ib uyga qaytishni istovchilar ko‘paydi. Shu bilan birga vatanga qaytganlar soni ham ortdi.

Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2023 yilda 8 milliondan ziyod chet el fuqarolari bo‘lgan bo‘lsa, bu raqam 1 yilda 2 millionga (6,1 mln) kamaydi.

Statistika Rossiyadagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat ortidan 1 mln ga yaqin muhojirlar O‘zbekistonga qaytganini ko‘rsatmoqda.