Kurd PKK jangarilapi qurollarini qozonda yoqdi, endi Turkiyada tinchlik bo‘ladimi?

Video tagso‘zi, Turkiya bilan mojaroni tugatish tomon ramziy qadam sifatida PKK Kurdlari qurollarini yoqdilar
    • Author, Oysha Sayin
    • Role, Bi-bi-si Turk xizmati, Anqara
    • Author, Pol Kirbi
    • Role, Yevropa muharriri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Turkiyaga qarshi 40 yil davomida qurolli kurashgan va ta’qiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) qurolsizlanish jarayonini ramziy marosim bilan boshladi.

Taxminan 30 nafar PKK jangchisi – erkak va ayollar – qurollarini katta qozonga qo‘yib, yoqib yuborishdi. Shu tarzda, ular butun yoz davom etishi kutilayotgan qurolsizlanish jarayoniga rasman start berishdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu marosimni "terrorizmdan xoli Turkiya sari tashlangan muhim qadam" deb atadi.

1984 yilda boshlangan PKK va Turkiya o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarda taxminan 40 ming kishi halok bo‘lgan.

PKK Turkiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniya tomonidan terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etilgan.

Qurolsizlanish jarayoni nafaqat Turkiyada, balki Iroq, Suriya va Erondagi vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qurolsizlanish qanday boshlandi?

Jurnalistlar va siyosatchilardan iborat karvon, jumladan, Turkiyaning kurdparast Demokratiya partiyasi a’zolari Iroq Kurdistonidagi Sulaymoniya shahridan 50 km shimoli-g‘arbida joylashgan Jasana g‘origa olib borildi.

PKKning to‘rt nafar yuqori lavozimli qo‘mondoni ishtirok etgan marosimda jangchilar qurollarini qozonga tashlab, yoqib yubordilar.

A woman places a gun into a cauldron

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Iroq Kurdistonidagi qurol yoqish marosimida 15 ayol va 15 erkak jangari qatnashdi

PKK bayonotida shunday deyiladi: "Biz qurollarimizni ixtiyoriy ravishda yo‘q qilmoqdamiz. Bu yaxshilik va qat’iyat ramzi bo‘lgan tarixiy, demokratik qadam."

Hafta boshida PKK yetakchisi Abdulloh O‘jalon bu jarayonni "qurolli to‘qnashuv bosqichidan demokratik siyosat va huquq davriga ixtiyoriy o‘tish" deb ta’rifladi.

O‘jalon 1999 yili qamalganidan beri Istanbul janubi-g‘arbidagi Imrali orolida yolg‘iz qamoqda saqlanayapti.

Bi-bi-si Turk xizmati xabar berishicha, qurolsizlanish jarayoni yaqin oylarda Turkiya, Iroq va Kurdiston mintaqaviy hukumatlari hamkorligida tashkil etiladigan maxsus punktlarda davom etadi.

PKK nima va nega urush shuncha vaqt davom etdi?

A supporter holds a flag with the face of Abdullah Ocalan, with his face also on the backdrop behind her

Surat manbasi, DELIL SOULEIMAN/AFP

Surat tagso‘zi, Tutqunlikdagi PKK rahbari O‘jalonni hamon ko‘plab Kurdlar qo‘llab-quvatlaydilar

Bu Turkiya bilan PKK o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga birinchi urinish emas. Ammo hozirgi jarayon – 1984 yilda boshlangan qurolli kurashni to‘xtatishga qaratilgan eng katta umidli qadam sifatida baholanmoqda.

Avvaliga marksist g‘oyalar asosida tashkil etilgan Kurdiston ishchilar partiyasi Turkiya hududida mustaqil Kurd davlati tuzishni maqsad qilgan. 1990-yillarga kelib, PKK mustaqillik o‘rniga kengroq madaniy va siyosiy avtonomiya talab qila boshladi. Turkiyada Kurdlar aholining taxminan 20 foizini tashkil etadi.

O‘jalon 2013 yili otashkesim e’lon qilgan va PKK kuchlarini Turkiyadan olib chiqishga chaqirgan. 2015 yilda e’lon qilingan Dolmabahche kelishuvi Kurdlarga demokratik va til huquqlari berishni nazarda tutgan edi. Ammo ushbu kelishuv ko‘p o‘tmay buzildi, Diyorbakir kabi Kurdlar yashovchi shaharlarda zo‘ravonliklar avj oldi.

Turkiya havo kuchlari shimoliy Iroqdagi PKK bazalariga zarbalar berdi. Shuningdek, Suriyadagi Kurdlar yetakchiligidagi kuchlarga qarshi bir necha harbiy amaliyotlar o‘tkazildi.

Anqara hukumati PKK qurol tashlamagunicha muzokaralarga qaytmasligini bildirgan edi.

Endilikda bu talab bajarila boshladi.

PKK nima uchun qurol tashlashga qaror qildi?

PKK fighters training in Iraqi Kurdistan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2015 yili PKK bilan mo‘rt otakshesim e’lon qilingan edi

2024 yil oktyabrida Turkiyada milliyatchilik g‘oyalarini ilgari suradigan yirik siyosiy arbob va Prezident Erdo‘g‘anning yaqin ittifoqdoshi Devlet Bahcheli hukumatning "terrordan xoli Turkiya" deb atalgan yangi siyosiy jarayonini boshlab berdi.

U PKKning qamoqdagi yetakchisi Abdulloh O‘jalonni tashkilotni tarqatishga chaqirishga da’vat etdi. Bahchelining ta’kidlashicha, agar bu amalga oshsa, O‘jalonni Imrali orolidagi qamoqdan ozod qilish imkoniyati tug‘ilishi mumkin.

Shundan so‘ng, Turkiya hukumati PKK bilan muzokaralarni Demokratiya partiyasi orqali boshladi. 2025 yil fevralida O‘jalonning tarixiy murojaati partiyaning ikki nafar deputati tomonidan o‘qib eshittirildi – ular qamoqxonaga borib, yetakchi bilan uchrashib qaytishgan edi.

O‘jalon o‘z murojaatida: "Barcha guruhlar qurollarini tashlashi, PKK esa o‘zini tarqatishi lozim," deb bayonot berdi.

U PKK avvaliga "demokratik siyosiy kanallar yopiq bo‘lgani uchun" tashkil etilganini aytdi. Ammo Bahcheli va Erdo‘g‘andan kelayotgan ijobiy ishoralar endi kurashni tinch siyosiy jarayon orqali davom ettirish uchun zarur muhitni yaratganini ta’kidladi.

O‘jalonning chaqiruvidan so‘ng PKK otashkesim e’lon qildi va keyinroq "tarixiy missiyani yakunladik" deya bayonot berdi. Ularning ta’kidlashicha, endi Kurdlar masalasi "faqat va faqat demokratik siyosat orqali hal qilinishi mumkin".

Prezident Erdo‘g‘an buni "terror devorini buzish sari tarixiy qadam tashlash imkoniyati" deb baholadi va aprel oyida Kurd siyosatchilar bilan uchrashdi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

O‘jalon nega bu darajada muhim?

Seven men - three sitting and four standing - are in front of a camera looking solemn.

Surat manbasi, ANF

Surat tagso‘zi, Surat markazida o‘tirgan O‘jalon 9 iyul kuni video murojaat e’lon qildi

PKK asoschisi Abdulloh O‘jalon ko‘plab turklar uchun hanuzgacha qattiq nafrat uyg‘otuvchi shaxs hisoblanadi – u 26 yildan buyon qamoqda yolg‘iz saqlanishiga qaramay, ko‘plab kurdlar uchun u hali ham muhim siyosiy ramzdir.

"Menimcha, u hali ham katta ta’sir kuchiga ega; u aksar kurdlar uchun asosiy ramz," deydi Niderlandiyadagi Vageningen universiteti professori, 41 yillik to‘qnashuvlar bo‘yicha mutaxassis Yost Yongerden.

Qurolsizlanish boshlanishiga ikki kun qolganda, O‘jalon so‘nggi 20 yil ichida ilk bor videomurojaat bilan chiqish qildi.

Yetti daqiqa davomida so‘zlagan O‘jalon ta’qiqlangan guruhga murojaat qilib: "Men siyosat va ijtimoiy tinchlik kuchiga ishonaman, qurol kuchiga emas. Sizlarni shu tamoyilni amalga oshirishga chaqiraman," dedi.

O‘jalon jigarrang Lacoste polo futbolkasini kiygan edi va bu qiyofasi siyosiy mazmundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi – ushbu futbolkani sotadigan vebsaytlarda u tezda tanqis bo‘lib qoldi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Turkey's President Erdogan looks at the camera

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Turkey's President Erdogan has denied wanting to continue in office when his term runs out

Endi jarayon Turkiya parlamentiga, Anqaraga ko‘chadi.

U yerda hukumatning keyingi qadamlarini belgilash uchun maxsus komissiya tuziladi.

Yozgi ta’til yaqinlashib kelayotgani sababli, yaqin oylarda aniq qarorlar qabul qilinishi kutilmayapti.

Parlament a’zolari komissiya tavsiyalarini ovozga qo‘yadi, so‘nggi qaror esa Prezident Erdo‘g‘an tomonidan qabul qilinadi.

Abdulloh O‘jalonning kelgusi taqdiri hozircha noaniq.

Hukumat uning qamoqdagi sharoiti qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirmoqda.

Ammo uning ehtimoliy ozod etilishi faqat jarayonning keyingi bosqichlarida muhokama qilinishi mumkin.

Erdo‘g‘an uchun bu jarayondan nima naf?

Prezident Erdo‘g‘an rahbarligidagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi (AKP) Turkiya konstitutsiyasini o‘zgartirish ustida ishlamoqda.

Shu sabab 2028 yilda uning Erdo‘g‘an prezidentlik muddati tugaganidan so‘ng yana saylovda ishtirok etish imkoni bo‘lishi mumkin, degan taxminlar paydo bo‘lgan.

AKP va kurdparast Demokratiya partiyasi tinchlik jarayoni bilan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘qligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, agar Erdo‘g‘an bu partiya qo‘llovini olsa, u o‘zgartishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ancha yaqinlashadi.

Hozirda Erdo‘g‘an so‘rovnomalarda asosiy raqibidan ortda ketmoqda.

Uning bosh siyosiy raqibi – Istanbul shahri hokimi Ikrom Imomo‘g‘li korruptsiyada ayblanib qamoqqa olingan (u bu ayblovlarni rad etadi).

Shu bilan birga, so‘nggi haftada yana bir necha muxolifatchi shahar hokimlari ham qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.