Suriya: Ahmad ash-Sharaa tinch aholi o‘limida aybdorlarni jazolamoqchi

Surat manbasi, Getty Images
Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Sharaa Alaviy diniy ozchiligidan bo‘lgan yuzlab tinch aholini o‘ldirilgani zo‘ravonliklari yuzasidan mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etish haqida farmon chiqardi.
Muvaqqat prezident farmoni matni Suriyaning Sana axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi.
Ahmad ash-Sharaa Suriyaning hozirgi hukumati xavfsizlik kuchlari bilan Bashar al-Asadga sodiq kuchlar o‘rtasidagi bir necha kunlik to‘qnashuvlar ortidan tinch aholiga shikast yetkazishda ishtirok etgan har qanday shaxsni javobgarlikka tortishga va’da berdi.
Suriya televideniesida efirga uzatilgan va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan nutqida ash-Sharaa, Asadga sodiq shaxslarni ham qidirib topishga va’da berdi.
Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlarini kuzatish markazi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, 6 mart kuni boshlanib ketgan janglarda Suriya xavfsizlik kuchlarining 231 nafar va sobiq prezident Asadga sodiq harbiylardan 250 nafari halok bo‘lgan.
SOHR juma va shanba kunlari g‘arbiy sohilda Alaviylarga qarshi sodir etilgan "qirg‘inlar" haqida xabar berdi, 830 tinch aholi o‘ldirilganini ma’lum qildi.
SOHRga ko‘ra jami qurbonlar soni 1311 ni tashkil etgan.
Bi-bi-si qurbonlar sonini mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi, ushbu zo‘ravonliklar Asad rejimi qulaganidan keyingi Suriyadagi eng halokatli zo‘ravonlik bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
"Bugun, biz bu muhim paytda turganimizda, o‘zimizni yangi xavf - sobiq rejimning qoldiqlari va ularning xorijiy homiylari tomonidan yangi nizolarni qo‘zg‘atish va mamlakatimizni fuqarolar urushiga tortib kirishga urinishlariga duch kelayapmiz, buning maqsadi mamlakatimizni bo‘lib tashlash va uning birligi va barqarorligini yo‘q qilish", - dedi muvaqqat prezident Ash-Sharaa televizion murojaatida.
"Biz tinch aholini qonga botirgan yoki xalqimizga zarar yetkazishda, davlatning vakolatlarini oshirib yuborgan yoki o‘z maqsadlariga erishish uchun hokimiyatdan foydalangan har qanday shaxsni qat’iy va shavfatsizlik bilan javobgarlikka tortishimizni tasdiqlaymiz", - dedi ash-Sharaa.
"Hech kim qonundan yuqori bo‘lmaydi va qo‘li suriyaliklar qoniga bo‘yalgan har kim bugun yoki erta adolat oldida javob beradi", dedi Suriya muvaqqat prezidenti.
U milliy birdamlikka chaqirdi, lekin o‘z tarafdorlari tomonidan Latakiya va Tartus sohil viloyatlarida qirg‘inlar sodir etilayotgani haqidagi ayblovlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi.
"Alloh xohlasa, biz bu mamlakatda birga yashaymiz", - dedi u Damashq masjididan alohida murojaatda.

Surat manbasi, Getty Images
Reuters axborot agentligi Suriyadagi xavfsizlik manbasiga tayanib yakshanba kuni Latakiya, Jabla va Baniyas shaharlari atrofida janglar susayganini ma’lum qildi.
So‘nggi zo‘ravonlik 6 mart kuni hukumat kuchlariga qarshi sodir etilgan hujumdan keyin boshlangan.
Ushbu hujumni Suriya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi "xavfsizlik xodimlariga qarshi "xiyonatkor hujumlar" deb ta’rifladi.
Shundan keyin sobiq prezident Asadga sodiqlar va hukumat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar to‘lqini boshlangan.
Janglar davomida O‘rta Yer dengizi sohili bo‘ylab yashaydigan yuzlab tinch aholi vakillari uylarini tashlab qochganlar.
Latakiya va Tartus viloyatlari Suriyaning qudratdan ag‘darilgan prezidenti Bashar al-Asadning sobiq vatani hisoblanadi, Asad ham Alaviylar ozchiligiga mansubdir.
Alaviylar Shia musulmonlari hisoblanadilar, ular Suriya aholisining taxminan 10 foizini tashkil etadi.
Aholining qolgan 90 foizi Sunniy musulmonlardir.

Surat manbasi, Getty Images
Latakiyadagi bir faol, juma kuni Bi-bi-siga bergan intervyusida, ushbu zo‘ravonliklar Alaviylar jamoasini "dahshat"ga solganini aytdi.
Reuters xabariga ko‘ra, ko‘p sondagi odamlar Latakiyadagi Hmeymim Rossiya harbiy bazasi ichidan panoh topdilar.
Reuters tarqatgan videoda harbiy baza tashqarisida "xalq Rossiya himoyasini xohlaydi" deb baqirayotgan o‘nlab odamlar ko‘rinadi.
Shuningdek, mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, o‘nlab oilalar qo‘shni Livanga ham qochib ketgan.
BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen Suriyaning sohil hududlarida "tinch aholi qurbonlari haqidagi xavotirli xabarlar"dan "juda tashvish"ga tushganini aytdi.
U barcha tomonlarni mamlakatni "beqarorlashtirishi" va "ishonchli va inklyuziv siyosiy o‘tish"ni xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Shunday, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha rahbari Volker Turk bu xabarlarni "juda xavotirli" deb atadi va barcha qonunbuzarliklarni "tezkor, ochiq va xolis tekshirish"ga chaqirdi.
Eronning Livandagi elchisi Mujtabo Amaniy Latakiya va Tartusdagi Alaviylarning o‘ldirilishini "tizimli" va "haddan ziyod xatarli" deb atadi va Suriyaning muvaqqat hukumatini inqirozni nazorat qila olmaganida aybladi.
"Asad hukumati qulaganidan keyin Suriya qiyin o‘tish davrini boshidan kechirishi kutilayotgan edi", - dedi Amaniy. "Biroq hozir ro‘y berayotgan zo‘ravonlik miqyosi misli ko‘rilmagan va juda tashvishlanarli".
Eron o‘tgan yil dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan Suriyadagi Bashar al-Asad rejimining ittifoqchisi edi.
Asad oilasi o‘nlab yillar davomida Suriyani zulm va shafqatsizlik bilan boshqardi, deyarli 14 yillik fuqarolar urushidan keyin hokimiyatdan chetlatildi.












