Rossiya: Chaqimchilar avjiga chiqdi - Stalin davri qaytdimi? (Video)

- Author, Amaliya Zatari va Viktoriya Arakelyan
- O'qilish vaqti: 9 daq
Bugungi Rossiyada dushmanni ichkaridan ovlash boshlangan. Rossiya urushini tanqid qilgan har bir odamning ustidan yozilishi, u ayblovlarga yuz tutishi, sudga tortilishi va, ko‘p hollarda, qamalishi mumkin.
Ba’zilar o‘z nishonlarini ochiqchasiga qoralaydi. Vladimir Solovьyov kabi taniqli boshlovchilar o‘z ko‘rsatuvlarida kimnidir osongina "xalq dushmani" deya tamg‘alashi mumkin. Yekaterina Mizulina kabi siyosatchilar esa bloger va san’atkorlarni jazoga tortishga chaqiradi.
Ba’zilar esa atrofidagilar vatanparvar emasligini gumon qilgach, tashabbusni o‘z qo‘llariga olishadi. O‘tgan yil avgustida ikki erkak "Vagner" jangarilar guruhini "qotillar" deb so‘kkan 87 yashar qariyani do‘pposlashgan, uning qo‘llarini qayirib avtobusdan uloqtirishgan.
Yana ba’zilar buni hech kimga bildirmasdan, yashirincha qilishadi.
Nega ular bunday qilishadi? Ularning qurbonlariga so‘ng nima bo‘ladi? Ular o‘zi kimlar?
ChAQIMChILAR: Ichkaridagi dushmanga ov
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Hali yaqin-yaqingacha, Sovet Ittifoqi fuqarolari bir-birini chaqib berishga rag‘batlantirilgan. Bu mash’um udum qatag‘on yillarida "donos" (chaquv) deya nom olgandi. Yumaloq xat (kimningdir ustidan yozilgan imzosiz xat)lar ham avj olgan. Stalin o‘limiga qadar, kommunistik partiyaning uchdan bir qismi donosga tushib, g‘oyib bo‘lgan.
"Xalq dushmani" deb ayblangan millionlab odamlar yo qamoqda yo majburiy mehnat koloniyalarida o‘lgan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan, bu eski an’ana yana qaytti.
Bu safar bir ashaddiy chaqimchi hammadan ajralib turdi. Anna Korobkova ismli shaxs Rossiyada eng faol chaqimchiga aylandi. Lekin uning kimligini hech kim bilmasdi.
Rossiyada bu g‘ayrioddiy ism emas, lekin uning imeyl adresi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga to‘g‘ri kelmasdi. Uning kim ekani, va nimadan ilhomlanishini tushunish uchun Bi-bi-si uni tekshira boshladi.
Kutilmaganda, u bizning imeylimizga javob berdi:
"Salom, Bi-big‘si ajoyib hujjatli filmlar qiladi. Mening otam Stalin vaqtida chaqimchi bo‘lgan. U menga yumaloq xat yozishni o‘rgatgan. Maxsus harbiy amaliyot boshlanganidan beri, men tinmay yozayapman. Jadval bilan ishlayman. Oldin kim nima deganini kuzataman, so‘ng ikki kun to‘xtamay xatni yozaman. Keyin besh kun dam olaman. Kim nima deyishini YouTube, Ozodlik, "Nastoyaщee vremya"da ko‘raman."
Uni ko‘proq tushunish uchun, uning qurbonlarini topishga harakat qildik.

2022 yil kuzida Rossiyadagi universitetda ishlovchi antropolog olima Aleksandra Arxipova uni chaqib berishganidan xabar topgan. Xat muallifi Anna Korobkova edi.
"Xat men ishlaydigan joyning rektoriga yuborilgandi. U juda uzun edi. "Bu xatdan maqsad - xodimingiz Aleksandra Arxipovaning ahloqsizligidan sizni xabardor qilish. Xodimingiz Rossiya armiyasini obro‘sizlantirib, qonunni buzdi," – deya xatdan parcha keltiradi olima.
Arxipovaning bizga aytishicha, Korobkova uning do‘stlari va hamkasblari ustidan ham yozgan.
"Bir hamkasbim menga g‘amgin qaradi-da, cho‘ntagidan g‘ijim xatni chiqardi. U juda o‘xshash donos edi. Yozilish uslubi bir xil, lekin bunisi u haqida. Muallifi yana – Anna Korobkova. Shunda o‘yladim, tendentsiya sezilyapti. So‘ng uchinchisi chiqdi, beshinchisi... Men ularni yig‘a boshladim."
O‘zi va yaqinlari ovlana boshlaganini anglagach, Arxipova Frantsiyaga qochdi. Va u yerdan o‘z tergovini boshladi.

Uning do‘stlariga ko‘ra, Anna Korobkova ortida Rossiya maxfiy xizmatlari, FSB turgandi.
Arxipova bu fikrga qo‘shilmadi.
"Bu FSBning ishi ekaniga ishonmadim, bitta odam o‘ziga missiya qilib olgan, dedim. Missiya shuki, xalq dushmanlarini topish, davlatga yordam berish va vatanni tozalash."
Buni aniqlash uchun Arxipova yumaloq xat egasini muloqotga chiqishga undadi.
«Mana unga yozgan ilk xatim: "Hurmatli Anna. Mening ismim Aleksandra Arxipova, men "maxsus harbiy amaliyot" oqibatida ijtimoiy munosabatlar qanday o‘zgargani va odamlar hukumatni qanchalar dastaklashini o‘rganayotgan tadqiqotchiman." Bu esa bir haftadan so‘ng olgan javobim:
"Men bepul ishlaydigan chaqimchiman. Bizdeklar Rossiyada juda kam, tadqiqotga kiritishga yetmaydi."
Yumaloq xatchi Korobkova Bi-bi-si bilan yozishmalarini bir qancha vaqt davom ettirdi, lekin intervyu berishni so‘raganimizda, buni rad etti:
"Matbuotda Anna Korobkova soxta, degan xabarlarni ko‘rdim.. OAVda chiqsam bo‘lardi, lekin menga tahdidlar bo‘lishi mumkin. Xavfsizligim sabab, yuzimni ko‘rsatmayman."
Lekin, har bir xatda uning shaxsiga ishoralar sezilardi:
"Men aholisi 1,5 millionlik, Ukraina chegarasidan minglab kilometr uzoqdagi shaharda yashayman. Universitetda dars beraman. Hamkasblarim va do‘stlarim nima qilishimni bilishmaydi."
Arxipova tezda Korobkova Rossiyaning to‘rtinchi eng yirik shahri bo‘lmish Yekaterinburgda yashashini gumon qila boshladi. U yerda har doim Rossiyaning eng ko‘p chaqimchilari yashagan.
Mizulina
Yekaterina Mizulina Rossiya siyosiy fazosida yarqirayotgan yulduz.
O‘ta millatchi Mizulina yaqinda Rossiya internet xavfsizligi ligasi raisi etib tayinlandi. Rossiya internetini senzuralash vazifasi uning Yevropa Ittifoqi, Britaniya va AQSh sanksiyasiga tushishiga yetaklagan.

Surat manbasi, Yekaterina Mizulina
"G‘arb siyosatchilari so‘z erkinligini qo‘llashlarini aytishadi. Men o‘z yurtimdagi odamlarga yordam berish uchun nimadir ijobiy ish qilmoqchi bo‘lsam, ular yo‘q, sen sanksiyadasan, cheklovga tushding, deyishadi. Aftidan, bu yerda qandaydir ikki yuzlamachilik bor", - deydi Mizulina intervyularidan birida.
Mizulina Rossiyadagi eng taniqli arboblarni qoralash bilan tez orada mashhurlikka erishdi.
Jumladan, taniqli bloger Artyomiy Lebedevni. U Lebedevni natsizmni oqlashda va shakkoklikda ayblagan. Bunga Lebedevning Ikkinchi Jahon urushi 1939 yilda SSSR va Germaniya Polshaga hujum qilishi bilan boshlanganini yozgani asos bo‘lgan.
"Tarixning bunday buzib ko‘rsatilishi qayerdan kelishini tushunish qiyin. Bu yerda natsizmni qaytarishga harakat bo‘lyapti. Uni dinimiz va avliyolarimiz haqida iflos gaplarni tarqatgan shakkok, bloger Artemiy Lebedev yozgan. Internet xavfsizligi ligasi uning sudga tortilishi yo‘lida ishlaydi", - dedi o‘shanda Mizulina.
O'z yurtimdagi odamlarga yordam bermoqchi bo'lsam, sen sanksiyadasan deyishadi. Bunda ikkiyuzlamachilik bor.
Chaquv va yumaloq xatlar Rossiyada katta ta’sirga ega bo‘lyapti. Ukrainadagi urushning ilk yilida hukumat aholidan 300 mingdan oshiq yumaloq xat oldi. 2024 yil oxiriga borib, kamida 3 ming urush tanqidchisi sudda aybdor topildi.
"Hukumat odamlarga jazo muqarrarligini anglatmoqchi. Lekin, jazo pala-partish. Hamma biladiki, urushga qarshi post yozsang, ba’zida hech nima bo‘lmaydi. Lekin shunday postga layk bossang, yetti yilga qamalishing mumkin", - deydi Arxipova.
Qochqin repper
Repper Noize MC o‘zining o‘tkir ijtimoiy muammolar haqidagi misralari bilan tanilgan.
Urushdan oldin bu uning kontsertlari bekor bo‘lishiga sabab bo‘lgandi, lekin unga qarshi ilk rasmiy tergov ochilishiga uning o‘z muhlisi yozgan xat asos bo‘ldi.
"Ijtimoiy tarmoqda kimdir mening albomimini eshitibdi, so‘ng hafa vatanparvar sifatida ba’zi so‘zlarimni savol ostiga olibdi. "Qanday haddi sig‘di? Eng sharafli va halol politsiyamizni korruptsiyada ayblayapti. Hukumatga qarshi ishlayapti. Tezda qo‘lga olinib, qamalishi kerak," – deya postni eslaydi Noize MC.
Bu post hazil bo‘lgan ekan. Buni uning muallifi ham aytgan.
"Men atayin postni shunaqa ahmoqona qilib yozgandim. Uni o‘qigan odam, kulsin degan maqsadda. Men donos yozadigan odamlarni kalaka qilgandim. Afsuski, yozganlarimni jiddiy qabul qilishdi", - deydi Dmitriy Yakushev.
Ammo, natijada Noize MC natsizm va eksterizmni targ‘ib qilish gumoni bilan tergovga berildi.

"Ular tergovga nimadir turtki berishi uchun bahonani kutishayotgandi. Yana erinmasdan yakshanba kuni tergov qo‘mitasi ana shu chaquv asosida tergovni boshlayotganini e’lon qildi", - deydi Noize MC.
Bosim oshishi bilan Noize MC, boshqa liberallar kabi, Rossiyani tark etishga qaror qildi.
"Oxirgi yillarni oson kechirgan odamni topishim qiyin. Men uchun oson bo‘lmadi. Men ko‘chib ketishga majbur bo‘ldim, o‘z uyim, va qadrli narsalarimni ortda qoldirdim."
Rossiya ongining qo‘riqchilari
Rossiya jamiyati o‘zgaryapti.
Urush holatida harbiylar dasturxonning eng to‘riga chiqarilyapti. Faxriylar maxsus imtiyozlar bilan siylangan. Ularning ba’zilari o‘zlarini Rossiya ongining qo‘riqchilari etib tayinlashgan.
Harbiylar jamoatchilik arboblarini chirigan axloqda ayblab, chaquv xatlarini yozishadi.
Shunday guruhlardan biri, "Za Drugi svoya"ning lideri Valentin Botsvin buni bizga shunday izohladi:
"Men ko‘p xatlar yozaman, lekin ochig‘i, ko‘pi nashr etilmaydi. Hozirda insoniy qadriyatlar uchun urush yuz beryapti. Ular boshqacha qadriyatlar bilan tinchlikka qarshi tizimni yaratishyapti. Urush shuning ustida ketyapti."
Hozirda insoniy qadriyatlar uchun urush yuz beryapti. Ular boshqacha qadriyatlar bilan tinchlikka qarshi tizimni yaratishyapti. Urush shuning ustida ketyapti.
2024 yil mayida Valentin Botsvin rassom Alisa Gorshenina ustidan yozib berdi.
Alisa endi uni nimalar kutayotganini bilmasdi.
"Mavhum vaziyat edi. Meni so‘rab kelishadimi, yo‘qmi - bilmaganman. Sarosimada edim, pod’ezd oldiga kelgan mashinalardan, yo qorong‘inda qandaydir erkakni ko‘rsam, izimdan tushdimi deb qo‘rqdim", - deydi Gorshenina.
Alisa ustidan xatga u "Pussi Rayot" guruhining yangi klipi uchun dizayner rassom bo‘lib ishlagani sabab bo‘lgan.
"Ular jirkanch narsalar edi, hatto ruhoniy arboblar bilan seksual xarakterdagi sahnalar. Bu mutlaqo nomaqbul. U "men rassomman" dedi. Uzr, lekin, bunaqasi ketmaydi. Men chora ko‘rishlarini so‘rab o‘sha xatlarni yozganman", - deydi Botsvin Bi-bi-siga.
Klipda qo‘shiqchilarning quyidagi misralari yangragan: "Sizni kechirmaymiz, qoldiqlaringizni toptab tashlaymiz, Ostankino minorasi chiroyli yonadi."

Faxriylarning xatlari Alisaning onasini shunchalar xavotirga soldiki, u Botsvinga qizini tinch qo‘yishini so‘rab, yalinib maktub yo‘lladi.
"Onasiga javob berdim, qizingizga gapiring. Uzr so‘rasa, bari tugaydi, dedim."
"U ko‘rgazmamni "jirkanch axlat" deb atagan. Onamga quyidagicha javob bergan: "Qayerga qarayotgandingiz? Nega uning axlat bilan oziqlanishiga va maxluq bo‘lib o‘sishiga yo‘l qo‘ydingiz," – deya javobni o‘qib beradi Alisa.
O‘z ijodi va erkinligi xavf ostida bo‘lsa-da, Alisa Rossiyada qolishga ahd qildi va advokatlardan maslahat so‘radi. Birinchi yurist unga "keting" dedi. Zudlik bilan. Qayerga bo‘lsa ham.
Alisa Gorshenina 2025 yil aprelida hibsga olindi. Hibsda 10 kun qolishi ortidan, u "ekstremist" ramz, ya’ni kamalak emojisini namoyish qilishda va Rossiya armiyasini obro‘sizlantirishda aybdor topildi. U ozod etildi, lekin jarimaga tortildi. Hozirda u hukm ustidan shikoyat qilmoqda.
Korobkova topildimi?
Parijdagi quvg‘inidan Aleksandra Arxipova eng faol chaqimchi Anna Korobkovaning aslida kimligini bilishga urinishda davom etti.
Korobkova mingdan ortiq yumaloq xat yozganini aytsa-da, hayotda uni hech kim ko‘rmagan.
Ikki yil ichida Arxipova Korobkova yozgan 74ta yumaloq xat va tahdidlarni yig‘di.
Lingvist ekspert Daniil Skorinkin bilan ular bu hujjatlardagi stilistik uslubni tahlil qilishdi.
U "Men maxsus harbiy amaliyotni mutlaqo qo‘llab quvvatlayman deb yozadi. Nuqta. "Barcha qonunbuzarlikka qarshiman." Bular formula deb ataladi. "Ahloqsizlik amali" kabi ibora ham formula, u har doim xatlar oxirida. Bu katta xatlarning aksari ana shunday aniq elementlarga ega", - deydi Arxipova.
Bu menga kerak bo‘lgan eng oxirgi dalil edi. Men Ivan Abaturov muallifligida yozilgan xatni topdim. So‘ng menga qarshi Anna Korobkova yozgan xat bilan solishtirdim. Ikkovi bir xil.
Ular Korobkova dastxatida takrorlanuvchi uslubni aniqlashdi.
Haqiqiy topilma esa ular Korobkovaning Vikipediya sahifasini tahlil qilganlarida chiqdi.
Unda Korobkovaning yumaloq xatlariga xavfsizlik xizmatlaridan qaytarilgan javoblar suratlari bor edi.
"Xavfsizlik xizmatlari yuborgan javoblar ommaga ochiqlanmaydi. Demak, bu maqolani yozgan odam yo shu xatlarni ko‘rgan yoki ular buni Korobkovadan olishgan. Demak, ular tanishlar", - deydi Arxipova.
Vikipediyadagi maqolada ham formulalar Korobkova xatidagilarga o‘xshash edi.
Xuddi, ularni bir kishi yozgandek.
So‘ng, jamoa sahifadagi fotolarni tahlil qildi.
Bu suratlarni olgan kamera juda noyob kamera bo‘lgan.
"So‘ng, Viki Kommonsga qaradik, u yerda ana shu kameradan yuklangan boshqa suratlar ham bor edi. Vikipediyaga faqat bir kishi shu kameradan surat yuklagan, uning ismi - Ivan Abaturov. Biz Ivan Abaturovning suratini topdik. Aynan o‘sha kamera uning kamaridan osilib turgandi", - deydi Arxipova.
Ivan Abaturov Yekaterinburgdan, tarix bitiruvchisi. U YouTubeda donoschiklarga qiziqishi haqida gapirgan.

"Bugun chaqimchilar haqida gaplashamiz. O‘rtoq Stalinning hukmronligi davrida "Katta terror" bo‘lgan, 1937-38 yillarda. Unda 700 ming nafarcha odam qatl qilingan", - deb gapiradi Abaturov o‘z videosida.
Chuqurroq tekshirishsa, Ivan Abaturov universitetda g‘alamis bo‘lgani aniqlandi. Past baho qo‘ygan Tarix fakultetidagi domlalariga u tahdidlar qilgan.
So‘ng Arxipova jumboqning oxirgi parchasini topdi:
"Bu menga kerak bo‘lgan eng oxirgi dalil edi. Men Ivan Abaturov muallifligida yozilgan xatni topdim. So‘ng menga qarshi Anna Korobkova yozgan xat bilan solishtirdim. Ikkala yumaloq xat mutlaqo bir xil edi."
Arxipova o‘z topilmalarini Bi-bi-sining rus xizmatiga berdi.
Bi-bi-si so‘ng Abaturovning IP adresi Korobkovanikiga mos ekanini aniqladi.
Ular deyarli bir xil edi.

Arxipova Abaturovni internetda fosh qilishi ortidan Abaturov buni rad etib chiqdi.
"Men u xatlarni yozmaganman. Xorijiy matbuot haqiqiy ekspert bo‘lmagan odamlarni ishlatadi. Masalan, bittasi xorijiy agent. Ularga "xato qilyapsizlar" deb yozdim. Sun’iy aql har kimni o‘xshatib beroladi. O‘sha antropolog moliya olish uchun shu hikoyani o‘ylab topgan", - deyiladi Abaturovning raddiyasida.
Ammo, Arxipova uning raddiyasi qaytanga unga qarshi isbotni kuchaytirganini aytadi:
"Raddiya ham o‘sha formulalar va o‘sha bir xil lingvistik xatolar bilan yozilgan. Abaturov qancha ko‘p yozgani bilan, Korobkovaga aylanib boraverdi."
Bi-bi-si bu ayblovlarni Korobkovaga yo‘llaganida, u javob bermadi. Abaturov ham javob bermadi.
Panadagi hayot
Bugunda Rossiyada chaquv qurboniga aylanish oqibatlari juda xavfli bo‘lishi mumkin.
"Shunday voqe’likda ashayapmiz. Ba’zida noto‘g‘ri rangli kiyimda ko‘chaga chiqib ham, mening ahvolimga tushib qolishingiz mumkin", - deydi Alisa.
Xavflarga qaramay, ba’zilar Rossiyani tark etmaydi.
"Qolish men uchun muhim. Shundoq ham ko‘p huquqlarimdan ayirishdi. Endi buni ham olmasliklari kerak."
"Agar yosh rassomlarda e’tiqod yo ruhiy negiz bo‘lmasa, albatta ular noto‘g‘ri yo‘lga kiradi. Sen o‘zing tushunmaydigan dunyo bilan o‘ynashyapsan. Aralashma, aks holda, badalini to‘laysan", - deydi urush faxriysi Botsvin.
Chaqimchilar Rossiya tarixida qolgan arvohlarni tiriltirish bilan tahdid qilishadi. Bu haqida Abaturov o‘z videosida berilib gapirgan:
"Chaqimchilar ikki turga bo‘linadi – qadri baland va qadri yo‘q chaqimchilar. Qadri yo‘q bo‘lganlarini o‘z qurbonlari va qonun qo‘liga tashlab tilka-pora bo‘lishiga qo‘yib berishadi."
Arxipovaga ko‘ra, har qanday odam ertaga chaqimchi qurboni bo‘lishi mumkin:
"Odamlar projektor qachon ularga qarashini bilishmaydi. Chaqimchilar aslida o‘sha projektorlar."
Yumaloq xatdan qo‘rquv ichida rossiyaliklar qanday jazolanishlarini bilishmaydi.
Ular o‘zlarini senzura qilish, panada yurish va ehtiyot bo‘lib gapirish bosimi ostidalar.












