Britaniya tinchlikni saqlash uchun o‘z askarlarini Ukrainaga yuborishga tayyor

Bu Starmerning Ukrainaga askarlarni yuborish bo‘yicha qilgan ilk bayonoti.

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Bu Starmerning Ukrainaga askarlarni yuborish bo‘yicha qilgan ilk bayonoti.
O'qilish vaqti: 2 daq

Britaniya, agar zarurat bo‘lsa, o‘z harbiylarini tinchlik bitimi shartlari amalga oshishini ta’minlash uchun Ukrainaga yuborishga tayyor, dedi Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer Telegraph gazetasidagi maqolasida.

Nashrga ko‘ra, bu britan bosh vazirining Ukrainada britan tinchlikni saqlovchi kuchlarini joylashtirish borasidagi ilk bayonoti bo‘lyapti.

Uning maqolasi dushanba kuni Parijda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Yevropa liderlari uchrashuvi arafasida chiqdi.

"Britaniya Ukraina xavfsizligi kafolatlari yo‘lidagi ishlarni tezlashtirishda yetakchi rolni o‘ynashga tayyor. Bularning sirasiga Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etish ham kiradi. Britaniya allaqachon bu ishlarga yiliga 3 milliard funt ajratgan va bu kamida 2030 yilgacha davom etadi. Bu shuningdek, agar zarurat tug‘ilsa, o‘z maxsus qo‘shinlarimizni kiritib Ukraina xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga hissa qo‘shishga tayyorligimizni anglatadi", - deb yozdi Starmer.

17 fevralda Parijda uchrashadigan Yevropa davlatlari rahbarlari Ukrainadagi vaziyatni muhokama qiladilar.

Yevropa Ittifoqi davlatlari AQSh Prezidenti Donald Trampning Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga ularni jalb qilmaslik qaroridan norozilar.

Kutilishicha, Parijdagi uchrashuv ortidan Yevropa liderlarining so‘zlarini Trampga yetkazish uchun Starmer Vashingtonga uchadi.

Getty Images
Украина борасидаги АҚШ ва Россиянинг ҳар қандай қарорини ҳеч қачон қабул қилмайман, ҳеч қачон.
Володимир Зеленский
Украина президенти (bbc.com/uzbek)

Buning ortidan Yevropa rahbarlari Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida yana bir sammit o‘tkazishni rejalashgan.

Bu bilan bir vaqtda Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh rasmiylarining uchrashuviga tayyorgarlik ketyapti. Ular tinchlik kelishuvi, hamda Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuviga tayyorgarliklarni muhokama qilishadi.

"Kommersant" gazetasi va Axios portaliga ko‘ra, vakillik guruhlarining ilk uchrashuvi Ar-Riyodda seshanba kuni bo‘ladi.

Unda AQSh tomonidan Davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uoltts va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff ishtirok etishi kutiladi.

Rossiyaliklar guruhiga kim boshchilik qilishi rasman aytilmayapti, ammo ba’zi manbalarga ko‘ra, bu Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bo‘ladi.

Ukraina hukumatidagi yuqori darajali manba avvalroq Bi-bi-siga Saudiya Arabistonidagi muzokaralarga Kiev taklif qilinmaganini aytdi. Bi-bi-si muxbirlariga ko‘ra, Ukraina ilk muzokaralarga jalb qilinmasligi mumkin.

Tramp yakshanba oqshomida Ukraina prezidenti tinchlik muzokaralarida ishtirok etishini aytgan.

Zelenskiy bir necha bor Ukraina ishtirokisiz erishilgan tinchlik kelishuvini qabul qilmasligini aytgan. AQShning NBC kanaliga gapirgan Zelenskiy "Ukraina borasidagi AQSh va Rossiyaning har qanday qarorini hech qachon qabul qilmayman, hech qachon", deb aytgan.