O‘zbekiston: Hokimlar yo‘qotadigan vakolat, yangi Damas va uch muammoga bir yechim

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati
Hokimiyatda yangi islohotlar
O‘zbekistonda hokimiyat tizimida yangi islohotlar - vakolatlar ajratilishi barcha tuman va shaharlarda joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonning barcha 208 tuman va shaharlarida hokimlar va mahalliy kengashlar o‘rtasida vakolatlarni ajratish tizimi amalga kiritiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabrь kuni parlament va xalqqa yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, hokim va xalq deputatlari kengashi raisi lavozimlari alohida qilinadi. Ilgari hokimlar bir vaqtning o‘zida ham ijroiya, ham vakillik hokimiyatini boshqarib kelgani hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni buzgani ta’kidlandi.
Prezident buni "jiddiy siyosiy islohot" deb atadi va xalqning ovozini eshitish, uning takliflarini inobatga olish fuqarolar ishonchini qozonishning yagona yo‘li ekanini qayd etdi. "Bugun uyg‘onmasak, ertaga kech bo‘ladi", - dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, kengashlar aholi manfaatlarini ifoda etuvchi haqiqiy organga aylanishi shart.
Deputat so‘rovlari ijrosi qat’iy nazoratga olinadi, sansalorlik holatlari prokuraturaga yuboriladi.
Prezident shuningdek, yangi tizim xalqning 30 yillik orzusini ro‘yobga chiqarganini eslatdi va barcha rahbarlarni xalq ovozini eshitishga chaqirdi.
30 yilda yangilik

Surat manbasi, UzAuto Motors
UzAuto Motors bozorga ikki yangi tijorat avtomobilini chiqarishini ma’lum qildi: Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move. Bu 30 yil deganda xalq sevgan Damaslarning yirik modernizatsiya qilinishi bo‘ladi.
Yangi modellar zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Ular xavfsizlik yostiqchalari, ABS tizimi va qulaylikni oshiruvchi jihozlar bilan ta’minlangan. Bu modellar tadbirkorlar va oilaviy mijozlar talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, Damasning oldingi versiyasi ishlab chiqarishda qoladi va sotuvda davom etadi.
Ham tejaydi, ham sovutadi

Surat manbasi, Rasmiy
Yangi Toshkentda yuqori samaradorlikka ega yopiq turdagi energetika podstantsiya qurilmoqda
Podrobno.uz saytining xabar berishicha, O‘zbekiston Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda Yangi Toshkent hududida birinchi yopiq turdagi yuqori samaradorlikka ega energetika podstantsiyasi barpo etmoqda.
U zamonaviy trigeneratsiya texnologiyasi asosida ishlaydi. Uning o‘ziga xosligi - bir vaqtning o‘zida shaharni isitish, sovitish va energiya tejash imkonini berishida deyilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevga loyiha haqida ma’lumot berilgan.
"Yangi Toshkentdagi asosiy binolar va inshootlar energiya bilan aynan shu podstantsiya orqali ta’minlanadi", - deb yozadi veb sahifa.
Loyihaning birinchi bosqichida 75 MVt isitish, 100 MVt sovitish quvvati va 17 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Birinchi 100 MVtlik podstantsiya shaharning dastlabki ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli deyiladi xabarda.
Shuningdek, bunday inshootlar an’anaviy ochiq turdagi podstantsiyalarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega ekanligi ta’kidlanadi.
Bu turdagi podstantsiyaning shahar muhitiga uyg‘un tarzda moslashishi, arxitektura manzarasini buzmasligi, shovqin darajasi odatiy podstantsiyalarga nisbatan ikki barobar kam, egallaydigan maydoni esa uch barobar kichikligi ham aytib o‘tilgan.
Bu muhandislik kontseptsiyasi murakkab bo‘lgan Yangi Toshkent uchun ayniqsa muhim ekanligi ham ta’kidlangan.












