Markaziy Osiyo dayjesti: Ombudsman vakili Mubashshir Ahmad bilan uchrashdi, Prezident Japarov mol-mulki qancha? - Video

Surat manbasi, ombudsman.uz
2025 yilning oktyabrida 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilib, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan diniy ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning advokati Abdulloh Sodiq mahkumning ahvoli og‘ir ekani haqida mahalliy matbuotga bildirgan.
Unda u mahkum majburiy tarzda ishga chiqarilayotganini va yetarli tibbiy muolaja olmayotganini aytdi.
"Jazoni o‘tash davomida Alisher Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. U sog‘lig‘ining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda" — dedi advokat.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bu esa keyingi kunlarda O‘zbekiston jamoatchiligi orasida ham turli fikr va mulohazalarni keltirib chiqardi.
Jumladan, siyosatshunos va faol Hamid Sodiq o‘z Telegram sahifasida shunday yozib qoldirdi:
"Mubashshir Ahmad domlani ozodlikka chiqarib unga davolanish imkonini berish kerak."
Ayni xabarlar tarmoqlar bo‘ylab tarqalgach, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirgani haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Ombudsmani idorasiga ko‘ra, monitoring davomida mahkum Alisher Tursunov bilan holi tarzda suhbat o‘tkazilgan va uning salomatligiga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishilgan.
"Oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham shikoyat bildirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi. Mahkum A.T. bilan o‘tkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi", — deyiladi rasmiy munosabatda.
Biroq, mahbusning advokati Abdulloh Sodiq mahalliy nashrlarga bildirishicha, Alisher Tursunov muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahkumlar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganini aytgan.
Prezident Japarovning qancha mol-mulki bor?

Surat manbasi, Getty Images
Qirg‘iziston soliqchilari davlat amaldorlarining 2024 yilgi daromadlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.
24.kg Internet nashri Prezident Sadir Japarov ikki yil oldin qancha daromad qilgani ma’lumotini ochiqladi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidentining bir yillik daromadi 2 million 214 ming 482 Qirg‘iz somini tashkil etgan.
AQSh dollarining Qirg‘iz somiga nisbati 86,91 bo‘lgani inobatga olinsa, 2025 yil 1 yanvarida Prezident Japarov rasmiy daromadi 25480 AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Surat manbasi, 24.kg
"Amerikaliklarga vizasiz tartibni bekor qilaylik"
Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov AQSh tomonidan Qirg‘iziston fuqarolaridan B-1/B-2 vizalari uchun ariza topshirishda viza garovi talab qilinishiga javoban amerikaliklar uchun vizasiz kirish tartibini bekor qilishni taklif qildi.
"Kecha Davlat departamenti e’lon qilgan yangi viza talablaridan so‘ng, amerikalik fuqarolar uchun vizasiz rejimimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak, deb hisoblayman. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolari viza arizasini topshirganda 15 ming dollargacha viza garovi qo‘yishi talab etiladi", deb yozdi Baysalov X ijtimoiy tarmog‘ida.
"Viza siyosati o‘zaro tenglik va hurmat masalasidir. Agar bizning fuqarolarimiz uchun bunday yuqori to‘siqlar joriy etilsa, biz o‘zimizni hech narsa bo‘lmaganday ko‘rsatolmaymiz".
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi AQShga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarni yangilangan viza talablarini oldindan o‘rganib chiqishga, vizani olish va AQShda bo‘lish shartlariga qat’iy rioya qilishga hamda qabul qiluvchi davlatning viza va migratsiya qonunlarini buzmaslikka chaqirdi, deya xabar tarqatdi AKIpress axborot agentligi o‘sha kuni.
21 yanvardan boshlab, Qirg‘iziston fuqarolari AQShning B-1 (biznes) va B-2 (turizm) toifasidagi noimmigratsion vizalariga ariza berganda 5 ming dollardan 15 ming dollargacha qaytariladigan viza garovi to‘lashlari talab qilinadi.
AQSh fuqarolari Qirg‘izistonga 60 kungacha vizasiz kirishlari mumkin, ammo uzoqroq bo‘lish uchun viza olishlari kerak.
8 yanvar. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari AQSh vizasi uchun endi minglab dollar garov to‘lashlari kerak. O‘zbekistonliklar-chi?

Surat manbasi, Getty Images
AQSh ma’muriyati mamlakatga safar qilishga ruxsat beruvchi viza uchun katta miqdorda garov to‘lashlari kerak bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni kiritdi.
AQSh Davlat Departamenti veb-sahifasida 6 yanvar kuni nashr qilingan ma’lumotga binoan Turkmaniston fuqarolari 2026 yil 1 yanvardan boshlab, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari esa 21 yanvardan boshlab qiymati 5, 10 yoki 15 ming amerika dollariga qadar garov puli to‘lashlari kerak bo‘ladi. Garov puli qiymati elchixonalarning Konsullik bo‘limlarida viza olish uchun o‘tkazilgan suhbat vaqtida belgilanishi ham aytilgan.
Lekin garov to‘langanligi viza olish kafolatini anglatmasligi ham bildirilgan. Agarda viza arizasi rad etilsa yoki viza olgan shaxs vaqtida ortga qaytgan taqdirda garov puli qaytarib berilishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari garov evaziga viza oluvchilar AQShga faqatgina 3 aeroport orqali kirib kelishlari mumkin bo‘ladi. Bu aeroportlar Boston Xalqaro aeroporti, Nyu- Yorkdagi Jon Kennedi Xalqaro aeroporti va Vashingtondagi Dallas Xalqaro aeroportidir.
O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari hozircha viza uchun garov to‘lashlari kerak bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Viza cheklovlari AQSH xavfsizligini himoya qilish uchun kiritilmoqda"
AQSh Davlat Departamentga ko‘ra, bu choralar ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlardan AQShga safar qiluvchilar viza berilgan muddat tugashi bilan chiqib ketishlariga erishish yo‘lida kiritilmoqda.
O‘tgan yili Turkmaniston fuqarolariga viza berish muvaqqat ravishda to‘xtatilib, keyinchalik bekor qilingandi.
AQSh Davlat Departamenti veb-sahifasidagi fuqarolari viza uchun garov to‘lashlari kerak bo‘lgan ro‘yxatdagi mamlakatlar soni shu bilan 38 ga yetgan. Ulardan ba’zilari uchun bu choralar joriy 2026 yilning turli sanalarida, asosan 21 yanvardan boshlab kirtilishi qayd qilingan. .
AQShga kelishlari mutlaqo taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatida esa hozirda Afg‘oniston, Eron va Yaman doxil 19 mamlakat bor.

Surat manbasi, Getty Images
Viza cheklovlari o‘zbekistonliklar uchun nimani anglatadi?
Donald Tramp qayta prezidentlikka saylanganidan beri mamlakatga muhojirlar sonini qisqartirish yo‘lida ko‘plab choralarni kiritib kelmoqda.
Bu choralar sirasida viza olish uchun shaxsan suhbatdan o‘tish, Ijtimoiy Tarmoqlardagi chiqishlar haqida ma’lumot berish, sobiq safarlar va yashagan mamlakatlar borasida aniq ma’lumotlar taqdim qilish ham bor.
2025 yil dekabr oyida esa Donald Tramp Grin karta lotereyasi tizimini ham to‘xtatib qo‘ygandi. Bu qaror Braun Universitetida o‘zbekistonlik talaba, 18 yoshli Muhammad Aziz Umurzoqov doxil 2 kishi otib o‘ldirilgandan so‘ng qabul qilingandi.
Otishmada AQShga Grin karta olib kelgan portugaliyalik shaxs gumon qilingan.
Grin karta lotereyasining to‘xtatilishi ko‘plab o‘zbekistonliklarni o‘ylantirib qo‘yishi tabiiydek. Chunki AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi Grin karta tizimi orqali kelganlar orasida o‘zbekistonliklar soni juda ko‘p ekanligi aytiladi.

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekistonliklar uchun Grin kartadan tashqari hozircha bu kabi viza cheklovlari kiritilmagan bo‘lsa ham mahalliy nashrlarning xabar berishlaricha, 2024 yili viza olish uchun Toshkentdagi AQSh elchixonasiga murojaat qilganlardan deyarli 65 foizi rad javobini olgan.
Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida viza arizasi rad etilganining eng yuqori ko‘rsatgichi bo‘lgani ham aytilgan. Kun.uz nashriga ko‘ra, viza arizasini topshirgan qozog‘istonliklardan 39, turkmanistonliklardan 53, tojikistonliklarning 54 va qirg‘izistonliklarning 59 foiziga viza berilmagan.
Oq uy ma’muriyati viza cheklovlarini "AQSh xavfsizligini himoya qilish uchun," deya asoslamoqda.
Amerika rasmiylariga ko‘ra, mamlakatga keluvchilar orasida viza muddati tugashi ortidan qoluvchilar soni ko‘p. Bundan tashqari viza cheklovlari kiritilishiga sabab qilib ariza beruvchilar haqidagi ma’lumotlarni aniq tekshirish imkoni yaratilmagani, korruptsiya, terroristik faoliyat va deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarib olishda hamkorlikdan bosh tortish kabi omillar ham keltirilgan.
Donald Tramp ilk bor prezidentlikka saylangan vaqti 2017 yilda ham muhojirlarga nisbatan taqiq va cheklovlarni tatbiq qilgandi.












