O‘zbekiston uchun Xitoydan boshqa yo‘l yo‘qmi? Video

O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev va Xitoy rahbari Si Szinpin

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston – Xitoy yuz milliardlab dollar sarflayotgan Makon va Yo‘l loyihasining ayni yuragi.
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston va Xitoy. Tomonlar yanada yaqinlashmoqda.

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston – Xitoy yuz milliardlab dollar sarflayotgan Makon va Yo‘l loyihasining ayni yuragi. Xitoy sanoatining energiyaga bo‘lgan keskin talabi ayni hudud orqali qoniqmoqda. Shuningdek, Xitoy mintaqaning eng yirik kredit hamkorlaridan.

Sharqiy qo‘shni mintaqaga faqat qarz va diplomatik siyosat bilan emas, balki yo‘llar va infratuzilma orqali ham yaqinlashmoqda. O‘zaro munosabatlar gaz quvurlari va qo‘shma bayonotlar bilan cheklanmay, yaqin kelajakda siyosiy hamkorlik darajasiga chiqishi mumkin.

Ammo til, madaniyat va hatto yaqin tarix jihatidan ham turfa bo‘lgan bu ikki hudud bir-biriga nega kerak? Shiddat bilan mustahkamlanib borayotgan aloqalarning sabab va oqibatlari nimada?

"Bir makon, bir yo‘l" Xitoyni quruqlik orqali G‘arbga va Fors ko‘rfaziga olib chiqadi. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston ayni ishlanmaning qoq markazida joylashgan. Loyiha doirasida, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistral temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Temir yo‘l ishga tushishi bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Xitoy eksporti uchun muhim tranzit mamlakatlarga aylanadi. Har ikki davlat mintaqaviy va global savdodagi iqtisodiy rolini oshirishi hamda tranzit to‘lovlaridan sezilarli foyda olishi mumkin.

Aleks-Jasur-Mavlonov bir necha yillardan buyon Shanxaydagi logistika xizmati bilan ishlaydi. U Xitoydan O‘zbekistonga og‘ir texnikalarni yetkazib beradi. Bunda yuk mashinalari asosiy transport vositasi. Biroq, yo‘llar mavsumiy. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi unga katta umid bermoqda. Sababi, temiryo‘l ishonchli, tezkor va qish mavsumida ham doimiy bo‘ladi.

"Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham juda ko‘p infratuzilma qurilmoqda. Shu sababdan ham biz iloji boricha ko‘proq logistika servislarini ochishga harakat qilyapmiz. Agar infratuzilma, yo‘llar va hamma narsa tekis bo‘lsa, bu juda yaxshi. Ammo quruqlik transportidan foydalanish bu mavsumiy. Misol uchun, qish mavsumida Markaziy Osiyo va cho‘llarda ob-havo juda yomonlashadi. Qor ko‘p yog‘adi. Yo‘llardagi vaziyatni taxmin qilish qiyinlashadi. Temiryo‘l qurilishi esa eng muhim narsa, doimiylikni ta’minlaydi. Qor yog‘adimi, yomg‘ir yog‘adimi, buning ahamiyati yo‘q. Yuklar hech bir qiyinchiliksiz manzilga osongina yetib boradi," deydi u.

Jasur Mavlonov, tadbirkor
BBC
Temiryo‘l qurilishi eng muhim narsa, doimiylikni ta’minlaydi. Qor yog‘adimi, yomg‘ir yog‘adimi - ahamiyati yo‘q. Yuklar hech bir qiyinchiliksiz manzilga osongiga yetib boradi.
Jasur Mavlonov
Tadbirkor

Biroq, salkam 30 yil deganda haqiqatga ko‘chgan tashabbusda ehtimoliy xavf ham bo‘lishi mumkin. Sababi, qurilish ilk bosqichining o‘ziyoq xavotirlarni uyg‘otmoqda. Taxminan 532 kilometrga cho‘ziladigan ushbu temir yo‘l loyihasining qiymati 8 milliard AQSh dollari.

Garchi xarajatlarning yarmidan ko‘pi allaqachon Xitoy tomonidan moliyalashtirilsa-da, Qirg‘iziston o‘z ulushidagi xarajatlarni qoplash uchun Xitoydan kredit so‘ragan. Bu yondashuv Qirg‘izistonni Xitoyning qarz tuzog‘iga tushirishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

O‘zbekiston zimmasidagi to‘lovni qanday amalga oshirayotgani jamoatchilikka ma’lum emas. Biroq, qurilish 2030 yilda yakunlanishi va keyingi 30-40 yil ichida o‘zini oqlashiga umid bog‘lanayotganligi hisobga olinsa, iqtisodi halicha barqaror bo‘lmagan O‘zbekiston uchun loyiha jiddiy yuk bo‘lishi mumkin.

Xitoy teplovozi va yuk vagonlari

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistral temir yo‘li ishga tushishi bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Xitoy eksporti uchun muhim tranzit mamlakatlarga aylanadi.

O‘zaro savdo aloqalarida ko‘pchilik noteng deb hisoblovchi tendentsiya mavjud. Bunda O‘zbekiston asosan iste’molchi bozor va resurs yetkazib beruvchi, Xitoy esa innovatsion va ishlab chiqaruvchi tomon sifatida ko‘rinadi.

O‘zbekistonning Xitoyga eksportini asosan tabiiy qazilmalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil qiladi. Jumladan, so‘nggi Ostona cammitida ham elektr energiyasi savdosini yo‘lga qo‘yish alohida muhokama etilgan.

Shunga qaramasdan o‘zaro aloqalar rivojlanishda davom etmoqda. 2023 yilga kelib, Xitoy O‘zbekiston bilan savdo aylanmasida ilk bora Rossiyani ortda qoldirib, mamlakatning eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylandi. Xitoy texnologiyalari mintaqadagi zavod va fabrikalardan tortib, qishloq xo‘jaligigacha allaqachon yetib bormoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Toshkent yaqinidagi Demonstratsiya bog‘i ushbu hamkorlikni namoyon etadi. Bu yerda Xitoyda ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida parvarishlangan 6 000 ta olma daraxti o‘smoqda. Ular mahalliy navlarga qaraganda kattaroq meva beradi, shuningdek, shirinligi va tuzilmasi jihatidan yuqori sifatga ega.

Mevalardan tashqari, demonstratsiya bog‘ida sabzavotlar uchun issiqxonalar ham mavjud. Xitoy oshxonalariga xos yangi sabzavotlar bu yerda katta talabga ega. Issiqxonalar Xitoy ko‘magida qurilgan. Har bir issiqxona yarim tonnagacha hosil bera oladi.

Toshkent yaqinidagi Demonstratsiya bog‘idagi olmalar

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, Toshkent yaqinidagi Demonstratsiya bog‘ida Xitoyda ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida parvarishlangan 6 000 ta olma daraxti o‘smoqda.

Biroq, mintaqa uchun Xitoydan boshqa yana qanday hamkorlar mavjud?

Rossiya uch yildan oshibdiki Ukraina urushi bilan band. Bu federatsiyaning Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga bo‘lgan ta’sirini ham sezilarli kamaytirgan. Savdodagi raqamlar hamda ijtimoiy mulohazalar ayni fikrni yaqqol isbotlashi mumkin.

Jumladan, Rossiyaning mintaqaga bo‘lgan agressiv munosabati besh respublika uchun Xitoyni yanada jozibaliroq ko‘rsatyotgani tez-tez aytiladi.

So‘nggi vaqtlarga kelib, Yevropa va AQShning mintaqaga qiziqishi ortgan bo‘lsa-da, bu amaliyotda halicha sezilgani yo‘q. Aksincha, Rossiya-Ukraina urushi manzarasida ko‘pgina mahalliy kompaniyalar hanuz G‘arbning sanksiyalar nishoni ostida turibdi. AQSh esa Tramp hukumatga qaytishi bilan mintaqa uchun qator yangi cheklovlarni joriy qildi.

Garchi Samrqand sammiti kabi uchrashuvlar o‘zaro munosabatlarda ijobiy siljishdan belgi bergan esada, ayrim mutaxassislar Yevropa hanuz mintaqaga yaqinlashishda ikkilanayotganini, Xitoy esa allaqachon amaliy qadamlar qo‘yayotganini aytadi.

Yevropa rahbarlari Samarqandda

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Garchi Samrqand sammiti kabi uchrashuvlar o‘zaro munosabatlarda ijobiy siljishdan belgi bergan esada, ayrim mutaxassislar Yevropa hanuz mintaqaga yaqinlashishda ikkilanayotganini aytadi.

Siyosiy tahlilchi Yunis Sharifli yillardirki? Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlarini o‘rganib keladi. Uning fikricha, ayni vaqtda mintaqa uchun Xitoydan boshqa eng ma’qul keladigan iqtisodiy hamkorni topish anchayin qiyin.

"Yevropa Ittifoqining hozirgi qiziqishi, o‘ylaymanki, faqatgina Rossiya-Ukraina urushiga bog‘liq. Agar urush tugaydigan bo‘lsa, men ayni qiziqish hozirgiday davom etadi deb o‘ylamayman. Sababi, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha shartnomalar imzolanganiga qariyb 20 yil bo‘lyotgan bo‘lsa, biz atigi bir necha o‘rinlardagina o‘sishni ko‘rdik. Ammo Xitoy mintaqada allaqachon amaliy faol. Agar urush bo‘lmaganda, Yevropa Ittifoqi mintaqaga qiziqish bildirmagan bo‘lardi. Xitoy bo‘lsa, 2013 yildan buyon mintaqada faollashishni boshlagan. Buni biz barcha sohalarda, qishloq xo‘jaligida, sanoatda, gaz va neft eksportida ham ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga, biz Tojikistonda ko‘rayotganimiz kabi Xitoy allaqachon mintaqaning xavfsizlik tizimiga ham kirib kelmoqda. Hech bir davlat Rossiya bilan yaqinlashishni istamaydi. Rossiyaning o‘zi esa urush bilan band. Yevropa Ittifoqi va AQShga keladigan bo‘lsak, ha, ular bu borada faollik ko‘rsatyapti. AQSh nodir metallarga qiziqish bildirmoqda. Yevropa Ittifoqi esa boshqa sohalarda ham yo‘llar izlayapti. Ammo bu qiziqish juda cheklangan va halicha amaliyotda ko‘ringani yo‘q. Xitoy esa mintaqaga juda ko‘p imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Ammo mintaqa hukumatlari iloji boricha tezroq ko‘p vektorli tashqi siyosatga o‘tishi kerak. Sababi, hozirgi vaqtda Xitoy bilan aloqalarni muvozanatlashtirish mumkin bo‘lsa-da, ammo bu uzoq muddatda har tomonlama qaramlikka olib kelishi mumkin."

Xalqaro geosiyosiy maydondagi taranglik oshib borar ekan, O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari ham turli tomondan qaraganda farqlicha talqinda qolmoqda. Aksar kuzatuvchilar mamlakat uchun ayni vaqtda Xitoy eng ma’qul iqtisodiy hamkor ekanligini aytsa, tadqiqotlar aholi orasida ushbu munosabatlarga nisbatan salbiy qarash ortib borayotganini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, hukumatlar orasida qo‘shma loyihalar hamda shartnomalar vaqt sayin ortib bormoqda.