Rossiya: Nega ko‘pxotinlik so‘nggi besh yillikning eng keskin bahslaridan biriga aylandi?

rossiya

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, So‘nggi yillarda Rossiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi yanada kamayib, demografik inqiroz sezilarli kuchaygan.
    • Author, Sohiba Hayot
    • Role, Mustaqil jurnalist
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi 25 yillikda eng past ko‘rsatkichga tushdi. Demografik inqiroz avj olar ekan, "ko‘pxotinlik yechimi" o‘rtaga chiqqan.

Bu davr mobaynida mamlakatda o‘lim hollari 4,83% ga ortgan.

So‘nggi 5 yilda Rossiya aholisi 1 milliondan ziyodga kamaygan.

Bu davr mobaynida 2 milliondan ziyod rossiyalik mamlakatni tark etgan.

Rosstat 2017 yildan beri Rossiyada aholi tabiiy o‘sishi kuzatilmayotganini qayd etgan.

Aloqador mavzular:

Inqirozga qarshi kurash

Rossiya demografik inqiroz yoqasida ekan, hukumat bu masalani parlamentda tez-tez muhokama qilib, tug‘ilishni rag‘batlantirish, ijtimoiy yordamlar va sog‘liqni saqlashga katta e’tibor qaratish haqida bong ura boshladi.

O‘tgan yilning o‘zida shaxsan rezident Putin kamida uch marta Rossiyada demografik vaziyatni yaxshilash va tug‘ilishni rag‘batlantirishga qaratilgan aniq takliflar bilan bu muammoni kun tartibiga olib chiqqan.

Rossiya parlamenti esa "bola tug‘maslik" hayot tarzini targ‘ib qilishni taqiqlaydigan qonun loyihasini muhokama qilgan.

"Tug‘ilishni rag‘batlantirish va oilaviy qadriyatlarni himoya qilish" qonuni, "Oilaviy kapital" (subsidiya) ga oid qonun, oilalarga ikki yoki undan ortiq bola tug‘ish uchun davlat tomonidan moliyaviy yordam hamda tug‘ilish uchun soliq imtiyozlari berish ko‘rib chiqilgan.

putin

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Vladimir Putin Sankt-Peterburgda go‘dakni o‘pmoqda. U doim Rossiya aholisini ko‘proq bola ko‘rishga chaqirib kelgan.

Vladimir Putin o‘tgan yilning dekabridagi chiqishida Rossiyada demografik vaziyatni o‘zgartish uchun shart-sharoitlarni 2025 yilning o‘zidayoq yaratish kerakligini uqtirgan.

U bu borada mavjud vaziyatdagi o‘zgarishlarni murakkab vazifa deb atagan, ammo tug‘ilishning o‘sishiga erishish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan.

"Jahon miqyosidagi demografik inqirozni hisobga olgan holda, Rossiyani ham qamrab olgan bu masalada davlatning eng muhim yo‘nalishi va harakatlari oilaga va tug‘ilishga ko‘mak berishdir", degan Putin.

Shu bilan birga, prezident "ob’ektiv sabablar tufayli, barchasi bizga bog‘liq emas" deb ta’kidlagan ham.

Demografik inqirozning mamlakatdagi siyosat va hukumatga tegishli qismini esa Rossiya prezidenti tilga olmagan.

Kutil(ma)gan fatvo

Aholi soni va tug‘ilishning kamayib borayotgani borasida kechgan davlat darajasidagi muhokamalar manzarasida Rossiya Diniy ishlar boshqarmasi Rossiyada diniy ko‘pxotinlilikka ruxsat berilganini e’lon qilgan.

"Rossiya musulmonlari diniy idorasi (DUM RF) Ulamolar Kengashi rossiyalik musulmonlarga agar er va xotinlar o‘rtasida adolatli va teng munosabat bo‘lsa, to‘rtgacha diniy nikoh tuzishga ruxsat berdi, deya xabar bergan 20 dekabrь kuni RIA Novosti Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov ma’lumotiga tayanib.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar Kengashi raisi o‘rinbosari o‘rinbosari va Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov ushbu fatvo "Rossiya musulmon jamiyatida ko‘p xotinlik masalasi" haqida qo‘mitaning 17 dekabrь kungi kengaytirilgan yig‘ilishida qabul qilinganini ma’lum etgan.

Ildar Alyautdinov fatvoni izohlarkan, ko‘pxotinlik "har bir ayolga adolatli va teng munosabatda bo‘lish sharti bilan" ekanini ta’kidlagan.

ayollar

Surat manbasi, TASS

Surat tagso‘zi, Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov ko‘pxotinlik "har bir ayolga adolatli va teng munosabatda bo‘lish sharti bilan" ekanini ta’kidlagan.

Muftiyning so‘zlariga ko‘ra, bu shartni bajarish bir necha mezonlar bilan aniqlanadi.

Ular orasida har bir ayoliga teng darajada moliyaviy ta’minot berish, har biriga alohida uy taqdim qilish va erkakning barcha ayollari bilan belgilangan tartibda teng vaqt o‘tkazishi, rafiqasidan boshqa oilasi borligini berkitmasligi kabi shartlar mavjud.

Bu shartlar bajarilmagan taqdirda, erkakka ko‘pxotinlikka ruxsat berilmasligi aytilgan.

"Erkakning bir vaqtning o‘zida ikkinchi, uchinchi yoki hatto to‘rtinchi diniy nikohni tuzish imkoniyati haqida qaror qabul qilindi. Bu, agar xotinning sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabablar, reproduktiv yoshning tugashi yoki boshqa ob’ektiv sabablar, masalan, xotinning jinsiy layoqatsizligi tufayli farzand ko‘rish qobiliyati yo‘q bo‘lsa, qabul qilinadi. Shuningdek, agar xotin bola tug‘ishni istamasa, bu holat ham hisobga olinadi", degan Alyautdinov.

Bahslar kuchaydi va…

Diniy boshqarmaning bu fatvosi shu kuniyoq Rossiya OAVlarida keng tarqalgan va keskin bahsu munozaralarni yuzaga keltirgan.

Huquqshunoslar bu fatvoning Rossiyaning amaldagi qonunlariga xilof ekani haqidagi dalillarni ilgari surishgan.

Muftiy Alyautdinov "Bu fatvo tartiblari Rossiya "Oila kodeksi" o‘rnatgan qonunlarning o‘rnini bosmaydi, balki faqat diniy nikohda bo‘lgan er va ayolning huquq va burchlarini tushuntiradi", deya izoh bergan.

Nashrlar Rossiya qonunlari bir nikohni, ya’ni ZAGSda tuzilgan nikohni tan olishini ta’kidlarkan, Ulamolar kengashi "Diniy nikohda bo‘lgan ayolning huquqlari yuridik jihatdan mustahkamlanmagan. Bizning fatvomiz bunday ayollarning ham huquqlarini saqlash uchun kerakli harakatlarni amalga oshirishga yordam beradi", degan.

Rossiya Davlat dumasi Musulmonlar diniy boshqarmasiga Konstitutsiyaga rioya qilish zaruriyati eslatgan.

TASS
Rossiya Federatsiyasining barcha fuqarolari... dunyoviy qonunlarimizga muvofiq yashashadi. Moskva muftiysining bayonoti bizning oilaviy qonunchiligimiz tamoyillariga zid.
Nina Ostanina
Rossiya Davlat dumasi deputati (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ulamolar Kengashining fatvosiga keskin tanqid bilan chiqqan Rossiya Davlat dumasi deputati Nina Ostonina Rossiya dunyoviy davlat ekanini va davlatning fuqarolarning diniy hayotiga aralashish huquqi yo‘qligini ta’kidlagan va o‘z navbatida, ular ham dunyoviy qonunlarga rioya qilishi kerak, deya murojaat qilgan.

Parlament vakili Konstitutsiyaga muvofiq yashash qaysi dinga e’tiqod qilishlaridan qat’iy nazar, barcha rossiyaliklar uchun majburiy ekanini eslatgan.

"Rossiya Federatsiyasining barcha fuqarolari Kaliningraddami, yo Dog‘istonda, Tuva yoki Kamchatkada yashasalar ham, dunyoviy qonunlarimizga muvofiq yashashadi. Moskva muftiysining bayonotlarida aytilgan narsalar bizning oilaviy qonunchiligimiz va Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillariga ziddir", degan Nina Ostonina.

Fatvo "qaytib" olindi

5 kun davom etgan bu rezonansli mavzuga Rossiya Bosh prokuraturasi nuqta qo‘ygan.

Rossiya Bosh prokuraturasi Musulmonlar Diniy Boshqarmasi raisiga bir necha ayol bilan nikoh tuzishni ma’qullaydigan diniy qaror (fatvo) bo‘yicha taqdimnoma kiritdi, deya xabar qilgan RIA Novosti o‘z manbalariga tayanib.

"17 dekabrь kuni Musulmonlar Diniy Boshqarmasi Ulamolar Kengashining "Rossiya musulmonlar jamiyatida ko‘p ayollik masalasi" mavzusidagi diniy xulosasi amaldagi qonunchilikka va davlat yuritayotgan oila siyosati asoslariga, shuningdek, Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini saqlashga ziddir. Yuqoridagi sabablarni inobatga olib, Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy idorasi raisiga qonun buzilishini bartaraf etish uchun taqdimnoma kiritildi", deya agentlik manbasidan iqtibos keltirgan nashr.

Shuningdek, Bosh prokuratura Rossiya Federatsiyasining Oila kodeksi boshqa bilan nikohda bo‘lib turgan shaxslar orasida yana boshqa o‘zaro nikohni qayd etishni ma’qullamasligini ta’kidlagan.

qodirov

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ko‘pxotinlikni ochiq qo‘llab-quvvatlaydigan rossiya siyosatchilaridan biriligi bilan ma’lum.

Shu bilan birga diniy tashkilotlar o‘zlarining ichki nizomlariga muvofiq harakatlarini Rossiya qonunlariga zid bo‘lmagan holda, "E’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar haqida"gi federal qonunga ko‘ra faoliyat ko‘rsatishi lozimligi eslatib o‘tilgan.

Bunga javoban, Rossiya Musulmonlar Diniy Boshqarmasi raisi Ulamolar kengashi qarorini bekor qildi.

"RF Musulmonlar Diniy Boshqarmasi Ulamolar kengashi fatvoni "qaytarib oldi". Allohning irodasiga ko‘ra, Ulamolar kengashi bahsga kirishdan ma’no ko‘rmaydi", deya yozgan boshqarma rais o‘rinbosari Shamil Alyautdinov shu kuni o‘zining Telegramʼdagi kanalida.

Urush bilan bog‘liqmi?

rossiya

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Demografik inqiroz mavzusi muhokamasi Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan yanada kuchaygan. Ochiq manbalardan urushda vafot etgan erkaklar rasmiy sonini topish hozircha imkonsiz. Ammo BBC Rus xizmati Mediazona nashri bilan birgalikda yuritadigan mustaqil hisoblagich shu vaqtga qadar urushda o‘lgan 90 mingdan ziyod rossiyalik harbiy shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiyada ko‘pxotinlik mavzusi keng miqyosda 1999 yildan beri qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Eng jiddiy bahslar Ingushetiya Respublikasi prezidenti Ruslan Aushevning farmonidan boshlangandi.

U o‘shanda o‘lkada "Erkaklar uylanish huquqiga ega bo‘lib, to‘rtta ayol bilan nikoh tutishlari mumkin" deya ko‘pxotinlikni qonun bilan belgilab qo‘ygandi.

2000 yilda Rossiya Oliy sudi bu farmonini mamlakat qonunlariga zid deya bekor qilgan.

Shundan so‘ng, ko‘pxotinlik masalasi bir necha bor siyosatchilar va boshqa shaxslar tomonidan ko‘tarilgan.

Jumladan, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov, LDPR ning sobiq rahbari, marhum Vladimir Jirinovskiy ham bu mavzuni kun tartibiga olib chiqqan, ammo urinishlar samarali bo‘lmagan.

Bu gal ham Rossiya Musulmonlar Diniy Boshqarmasi rasman chekingani bilan, amalda muhokamalar davom etmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar Diniy Boshqarmasi raisi Ravil Gaynutdin ko‘pxotinlikka ruxsat beruvchi fatvoni Rossiya-Ukraina urushi bilan bog‘lab izohlagan.

"Marhum musulmon jangchilar bor"

"Fatvo qabul qilish dunyoviy qonunchilikka aralashish bo‘ladimi? Albatta, yo‘q, chunki bu yerda gap fuqarolik nikohi haqida emas, balki diniy nikoh haqida bormoqda. Bu musulmon jamiyatining ichki ishi bo‘lib, ibodatning bir turi sifatida faqat dinning ichki qoidalari bilan tartibga solinadi", — deya ta’kidlagan Gaynutdin jamoatchilik tomonidan fatvoga bo‘lgan tanqidlarga javoban yozilgan bayonotda.

Ulamoning ta’kidlashicha, diniy nikohda tug‘ilgan bolalarning otalari ayollarini davlatdan yordam talab qilishga majbur qilmay, ularni ta’minlashi kerak.

Avval ayollar va bolalarni himoya qilish vaji keltirilgan bo‘lsada, Rossiya ta’biri bilan "maxsus harbiy operatsiya" atalmish Ukrainaga bosqin mavzusi bu muhokamaga aralashtirilmagandi.

Tanqidlardan keyin diniy boshqarma raisi Rossiya-Ukraina urushi oqibatlaridan so‘z ochgan.

ayollar

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Muftiy "iymondosh singillar"dan Ulamolar kengashining qarori ma’nosini o‘sha zahoti batafsil yetkazmagani uchun uzr so‘ragan.

"Lekin boshqa vaziyatlar ham bor. Bizning musulmon jangchilarimiz, maxsus harbiy amaliyotga yuborilganda, xavf darajasini to‘liq anglagan holda, o‘zlarining oilalariga kim g‘amxo‘rlik qilishi haqida savol berishmoqda. Rossiya musulmonlarida qadimdan shu qabul qilinganki, halok bo‘lgan kishining xotiniga Haqning izmi bilan, marhumning aka yo ukasi uylanadi. Ushbu nikohdan tug‘ilgan bolalar katta oilaning himoyasi ostida o‘ssin, jamiyat tomonidan ijtimoiy muhofaza bo‘lsin", — dedi Gaynutdin.

Muftiy "iymondosh singillar"dan Ulamolar kengashining qarori ma’nosini o‘sha zahoti batafsil yetkazmagani uchun uzr so‘ragan.

Garchi Musulmonlar Diniy boshqarmasi musulmon jangchilar vafoti ham Rossiya demografik statistikasining bir qismi ekanini aytmagan bo‘lsada, marhum jangchilarning ayollari va bolalariga ijtimoiy himoya va yordam, nasllarining davom ettirilishi masalalari tilga olingan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Rossiya aholisining 15 milliondan ziyodini musulmonlar tashkil qiladi. Ular orasida Rossiya Ukraina urushida ishtirok etayotgan musulmon askarlar va qurbon bo‘lganlar soni ma’lum emas.

So‘nggi besh yil davomida Rossiya aholisi 1,043,341 kishiga kamaygan.

Shu davr mobaynida 2,5 million kishi mamlakatni tark etgan, o‘lim hollari esa 4,83% ga ortgan.

Tahlilchilar demografiya inqirozi 2022 yildan, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng keskinlashganini bildirishmoqda.

Ochiq manbalardan mamlakatdan chiqib ketganlar va urushda vafot etganlarning aniq sonini topish hozircha imkonsiz.

Ammo 2024 yilga kelib demografiyani yaxshilash uchun sa’y harakatlarning hukumat darajasida urinishlari, bu mavzuning kun tartibidan tushmayotgani vaziyatning tobora jiddiylashib borayotganini ko‘rsatadi.