"Istovchilar koalitsiyasi": Ittifoqchilar Ukrainaga tinchlikparvar emas, balki "ishonch kuchlari"ni yubormoqchi (video)

Surat manbasi, PA Media
Britaniya payshanba kuni "istovchilar koalitsiyasi"ning yuqori lavozimli harbiy rahbarlari ishtirokidagi yopiq yig‘inga mezbonlik qilgan. Ular Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish rejasini ishlab chiqishmoqda.
20 dan ortiq davlat ushbu jarayonga jalb etilgani taxmin qilinadi.
Bosh vazir Keyr Starmer bu yig‘inga yetib kelishdan oldin Britaniyaning yangi avlod yadroviy qurollangan suv osti kemalaridan biriga tamal toshi qo‘yish marosimida qatnashgan.
London shimoliy-g‘arbida joylashgan Nortvudda o‘tgan yopiq uchrashuvda Ukrainaga yuborilajak tinchlikparvar kuchlarni shakllantirish rejasi hamda ushbu g‘oya amalda qanday ishlashi mumkinligi masalasi muhokama qilingani aytilmoqda.
Britaniya matbuoti yig‘inga Avstraliya, Albaniya, Belgiya, Ispaniya, Kanada, Latviya, Litva kabi 26 davlatga tegishli harbiy uniforma kiygan shaxslar qatnashganini xabar qilgan.
Biroq bu yig‘ilishda qatnashgan hamma davlat ham Ukrainaga o‘z kuchlarini yuborishga rozilik berganini anglatmaydi – ularning ayrimlari allaqachon bu ishga qo‘l urmasligini ma’lum qilgan.
Shunga qaramay, BBC'ning mavzudan xabardor muxbirlari Londondagi uchrashuv bilan G‘arbning Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish rejasi amaliy bosqichga ko‘tarilganini bildirmoqda.
"Ishonch kuchlari"
"Istovchilar koalitsiyasi" deya atalayotgan Ukrainaga o‘z qurolli bo‘linmalarini yuborishi kutilayotgan davlatlar guruhiga Britaniya va Frantsiya boshchilik qilmoqda.
Biroq koalitsiya a’zolari o‘z kontingentini "tinchlikparvar" emas, balki "ishonch kuchlari" deb atashni ma’qul ko‘rmoqda.
G‘arb davlatlarining mazkur birlashgan qo‘shinlari rasmiy ravishda "Ukrainadagi ko‘p millatli kuchlar" (Multinational Force Ukraine) deb nomlanadi.
MFU Ukraina uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini kafolatlab, uzoq muddatga uning xavfsizligiga ishonch bag‘ishlashi lozim, degan qarash o‘rtaga tashlangan.
"Istovchilar koalitsiyasi" asosiy e’tiborni Ukrainani havo himoyasi bilan va uning Qora dengizdagi xavfsiz ishtirokini ta’minlashga qaratmoqchi.

Surat manbasi, State Emergency Service of Ukraine
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bundan tashqari, yirik shaharlar, portlar va energetika infratuzilmasini himoya qilish maqsadida taxminan 20 ming kishilik quruqlikdagi kontingentni joylashtirish ham rejalanmoqda.
Shu bilan birga, Moskvaga G‘arb qo‘shinlari tajovuzkor tahdid tug‘dirmasligini namoyish etish maqsadida MFU'ni Ukraina sharqi – Rossiya bilan chegaradosh hududlarga joylashtirmaslik masalasi ham ko‘rilayotgani xabar qilingan.
Rossiya nima deydi?
Britaniya mudofaa vazirining o‘rinbosari Lyuk Pollardning so‘zlariga ko‘ra, "istovchilar koalitsiyasi" Ukraina bu harakatlarda "barqaror tinchlik, qayta tiklash va qayta qurollanish"ni ta’minlay oladigan ishonchli kuchni ko‘rishini istamoqda.
"[Vladimir] Putin agar Ukrainada g‘alaba qozonsa, u to‘xtab qolmaydi. Agar u, yillar davomida o‘zi istab kelgandek, butun Ukrainani bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘lsa, qurollarini yangilab, ta’sir va hukmronligini kengaytirishi mumkin bo‘lgan hududlarni qidira boshlaydi," degan Pollard BBC'ga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat Britaniya va uning yevropalik hamkorlari manfaatlariga mutlaqo mos kelmaydi.

Surat manbasi, TASS
Kreml Ukrainaga nafaqat Yevropa, balki boshqa har qanday tashqi kuchlar joylashtirilgan taqdirda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini bir necha bor ma’lum qilgan.
Rossiya bunday kuchlarni tinchlikparvar, deb atab bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
Moskvaning fikricha, BMT yoki NATO kabi tashkilotlar bayrog‘i ostidagi tinchlikparvar kuchlar odatda xolis bo‘ladi, ikki tomonning ham roziligi bilan harakat qiladi va faqat o‘zini himoya qilish uchungina kuch ishlatadi.
Ukrainadagi ko‘p millatli kuchlar esa Kiev tomonida harakat qiladi, deya hisoblamoqda Rossiya.
Ukrainaga aynan qanday kuchlar yuborilishi mumkin?
Ukraina Qurolli kuchlari deyarli bir million harbiy xizmatchidan iborat.
BBC manbalarining xabar berishicha, payshanba kuni shtab boshliqlarining yopiq majlisida asosan Ukrainada yetishmayotgan imkoniyatlarni qanday qilib xalqaro kontingent orqali qoplash mumkinligi muhokama etilgan.
Eng avvalo gap aviatsiya haqida bormoqda. Koalitsiya oldida o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin Ukraina osmoni xavfsizligini ta’minlash uchun qaysi davlatlar harbiy uchoqlar ajratishi mumkinligi haqida qaror olish masalasi turibdi.
Qora dengizdagi xavfsizlikni ta’minlash rejasi esa ikki asosiy qismdan iborat: kema qatnovi yo‘llarini imkon qadar tez va to‘liq minalardan tozalash, shuningdek harbiy-dengiz amaliy guruhini yaratish.
Ayni paytda eng katta mavhumlik – bu Amerika qandaydir havo, sun’iy yo‘ldosh yoki razvedka yordami ko‘rsatishi yo yo‘qligi noaniq ekani.
Hozircha Vashington bunday vositalar bilan yordam berishga tayyor emasligini bildirgan.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Yevropa strategiyasi Amerikaga suyanib qolishni to‘xtatish va kelajakda o‘z kuchi bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini qidirishdan iborat.
Biroq "istovchilar koalitsiyasi" rejalarining amalga ko‘chishi Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olinishiga bog‘liq.
Garchi Qo‘shma Shtatlar bu borada nekbin kayfiyatda bo‘lsada, Ukrainada ko‘pchilik Rossiya jangovar harakatlarni to‘xtatmoqchi ekaniga ishonmayotir.












