Puerto-Riko, Panama, endi Kosta-Rikada: AQSh deportatsiya ro‘yxatidagi o‘zbekistonliklarning holi nima kechmoqda?
AQShda ommaviy deportatsiya boshlanib, bir guruh noqonuniy muhojirlar fevral boshida Puerto-Rikoda qamoqqa olingan. Yana bir guruh esa Panamada tutqun saqlanmoqda. Har ikki holatda O‘zbekiston fuqarolari borligi aytiladi, ammo Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona o‘zbekistonliklarning soni va shaxsini aniqlay olmagan. Qariyb uch haftadan beri ular qanday sharoitda ekanligi ham noma’lum.

Surat manbasi, Getty Images
Donald Trampning saylovoldi targ‘ibotlari orasida eng shov-shuvlilaridan biri bu uning ommaviy deportatsiya rejasi edi. AQSh prezidenti Oq Uyga kelishi bilanoq ayni va’dani amalga oshirishga kirishdi.
2025 yilning 26 yanvarida noqonuniy muhojirlarni aniqlash, qo‘lga olish va tegishli mamlakatlarga jo‘natish boshlandi.
Tramp adminstratsiyasining ushbu tashabbusi ko‘pchilik mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Jumladan, Xitoy, Pokiston va Eron deportatsiya yuzasidan hamkorlikni rad etgan.
O‘zbekiston esa bu borada ijobiy kelishuvga ega.
Unga ko‘ra, AQShda qolishi noqonuniy deb topilgan o‘zbekistonliklar haqida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasiga xabar berilishi kerak. Deportatsiya o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladi.
Biroq, so‘nggi kunlarda AQShda qamoqqa olingan va chiqarib yuborilgan O‘zbekiston fuqarolari haqida Bosh konsulxona ogohlantirilmagan.
Xorijiy matbuotlarda ba’zi o‘zbekistonlik muhojirlar ayni vaqtda Puerto Rikada qamoqda ekanligi aytiladi. Yana bir qismi Panamadagi mehmonxonada tutqun saqlanmoqda.
Jami 400 dan ortiq muhojirlar orasida qancha o‘zbekistonlik borligi ma’lum emas. Ularning keyingi taqdiri esa savol ostida qolmoqda.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi.
Vazirlik mulozimlariga ko‘ra, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ayni masalada surishtiruv ishlari olib bormoqda.
Ammo maqola nashrga tayyorlanyotgan vaqtga qadar bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Puerto-Rika qamoqxonasida: 3-fevral
3 fevral kuni Puerto-Rikoda immigratsiya qonunlarini buzganlikda gumonlanib, 100 kishi qo‘lga olingan. Ularning orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi aytiladi.
Holat yuz berganiga qariyb uch hafta bo‘libdiki, O‘zbekiston elchixonasi qamoqqa olingan o‘zbekistonliklarning soni va shaxsini aniqlay olmagan.
TIV vakilining aytishicha, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra bunday hibsga olishlar hamkorlikda qilinishi kerak edi.
"Noqonuniy muhojirlar deportatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar hukumati bir necha yildan beri hamkorlik qiladi."
"Qo‘lga olinganlarning sud qarori chiqqach, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonamiz fuqarolarimizni Nyu-York-Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga qaytarib kelgan. Bu faqat hozir emas, balki har doim shunday bo‘lib kelgan", deydi O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov.
Ammo so‘nggi haftalarda yuz bergan voqealar O‘zbekiston tomoni uchun "kutilmagan" bo‘lgan. Puerto-Rikoda qamoqqa olingan o‘zbekistonliklar haqida Tashqi Ishlar vazirligi ham yangilik sahifalari orqali xabar topgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Ushbu hibsga olishlar 26-yanvardan boshlangan operatsiyalarning bir qismi bo‘lgan. Ayni vaqtda bunday reydlar butun AQSh bo‘ylab o‘tkazilgani aytiladi.
Puerto-Riko AQSh hududi bo‘lib, u yerda Vashingtondan keladigan ko‘plab federal qoidalar amal qiladi.
"2025 yil 3 fevral holatiga ko‘ra, Puerto-Riko va Virjiniya orollarida hibsga olingan shaxslar soni 100 kishini tashkil etadi. Ular orasida O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Gvatemala, Ekvador kabi davlatlar fuqarolari bor", deyiladi AQSh tomoni bayonotida.
Hibsga olingan shaxslar Puerto-Rikodagi Deportatsiya Amaliyotlari Byurosida ushlab turilibdi.
Biroq, qariyb uch haftadan beri ular qanday sharoitda saqlanyotgani Bi-bi-siga ma’lum emas. Shuningdek, hibsdagilar qachon qaysi davlatga chiqarib yuborilishi ham ochiqlanmagan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu borada hanuz surishtiruv olib borilyotganini aytadi.
Panama mehmonxonasiga: 12-fevral

Surat manbasi, Getty Images
O‘tgan hafta AQShdan deportatsiya qilingan 299 nafar muhojir Panamaga yuborilgan. Ular Dekapolis mehmonxonasiga joylashtirilgan.
Tramp ma’muriyatining rejasiga ko‘ra, qo‘lgan olinganlar o‘z mamlakatlariga qaytarilishi kerak. Ammo tutqun saqlanyotgan 300ga yaqin muhojirdan faqat 171 nafari o‘z mamlakatlariga qaytishga rozi bo‘lgan.
Qolganlarini yanada mavhum kelajak kutmoqda. Ularning aksariyati siyosiy qochqinlar ekanligi aytiladi.
O‘zbekiston fuqarolarining qanchasi mamlakatga qaytishga rozi bo‘lgan yoki bo‘lmagani va qanchasi siyosiy qochqin maqomida ekanligi ma’lum emas.
Panama hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, bu guruh muhojirlar vaqtincha joylashtiriladigan Daren viloyatidagi lagerga ko‘chiriladi.
Mehmonxona Panama milliy havo-dengiz xizmatining og‘ir qurollangan a’zolari bilan o‘rab olingan. Bino ichida va tashqarisida qat’iy xavfsizlik choralari ko‘rilgan.
Deportatsiya qilinganlar mehmonxonaga joylashtirilganidan buyon o‘n kun vaqt o‘tgan. Ammo ular bilan muloqotda bo‘lishning iloji bo‘lmagan.
Tutqundagilar uchun sharoitlar qanchalik ta’minlangani va ularga qanday munosabatda bo‘lishyotgani haqida ham rasmiy izoh berilmagan.
Ammo tarmoqlarda tarqalgan tasvir va videolarda muhojirlar yordam so‘rayotgani aks etadi. Mehmonxona derazalarida "Help us" (Yordam bering) yozuvli qog‘oz va bannerlarni ko‘rish mumkin.
Bi-bi-si Dekapolis mehmonxonasi va Panama hukumati bilan bog‘lanib, muhojirlar qanday sharoitda saqlanyotgani haqida so‘radi, ammo hech qanday javob olmadi.
Tahlilchilarning aytishicha, Dekapolisda saqlanyotgan muhojirlar uchun advokat xizmati kerak.
Biroq, Panama hukumati deportatsiya qilinganlarga bunday imkoniyat berilmasligini ochiq aytgan.

Surat manbasi, Reuters
Rasmiy Toshkent nima qilmoqchi?
Ayni vaqtda mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari AQShning deportatsiya ro‘yxatiga kiritilgan.
Kuzatuvchilar qo‘lga olinganlarning ogohlantirishsiz qamoqda saqlanyotgani yoki Lotin Amerikasiga yuborilgani O‘zbekiston uchun xavotirli signal ekanini ta’kidlaydi.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati vaziyatga har tomonlama oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi.
Vazirlik matbuot kotibining ta’kidlashicha, ayni masalalarda o‘rganishlar davom etmoqda. Biroq, qancha o‘zbekistonlik Puerto-Rikoda qamoqda ekanligi va Panamadagi mehmonxonada tutqun saqlanyotgani vazirlikka ma’lum emas.
Shuningdek, unga ko‘ra, ayni voqealar yuz berishi bilan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi Qo‘shma Shtatlar Xavfsizlik Departamentiga so‘rov kiritgan. Ammo hali javob olmagan.
"Biz bu yangiliklar chiqishi bilan [3 va 12 fevral voqealari], Xavfsizlik Departamentiga so‘rov kiritganmiz. Hozirda vaziyatga aniqlik kiritilishini kutyapmiz".
"O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, hibsga olishlar va deportatsiya bizni [O‘zbekiston tomonini] ogohlantirilmasdan qilinmasligi kerak. So‘nggi voqealar kutilmagan bo‘ldi", deydi TIV matbuot kotibi.
AQSh tomoniga ko‘ra, 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant deportatsiya xavfi ostida turibdi. Ular Immigratsiya va bojxona nazorati agentligi tizimida deportatsiya to‘g‘risidagi yakuniy qarorni olgan.
Ammo hozirda hibsda bo‘lmagan 14 million norezident ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi vakili ayni xabarni shubha ostiga oladi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lganlar soni taxminan 100 kishiga yetadi.
"So‘nggi vaqtlarda bu mavzu ommalashdi. Lekin raqamlar matbuotda aytilyotgandek 1000 ga yaqin emas".
"Aslida, deportatsiya bilan bog‘liq umumiy vaziyat o‘zgarmagan. Raqamlar avvalgi yillardagi bilan qariyb bir xil", deydi u.
Biroq, yanvar oxiridan beri yuz bergan hibsga olishlar va deportatsiya holatlari avvalgilaridan bir nechta o‘rinlarda farq qiladi.
Shu paytgacha noqonuniy deb topilgan muhojirlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga jo‘natilgan. Bu safar munosabat keskin o‘zgargan.
3-fevralda Puerto-Rikoda bir qancha (aniq soni ma’lum emas) o‘zbekistonlik qamoqqa olingan. Bu haqida Bosh kunsulxonaga xabar berilmagan.
O‘tgan hafta Panamaga yuborilgan va hozir tutqunlikda saqlanyotganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bor. Ammo Bosh konsulxona ularning shaxsiga hanuz aniqlik kirita olmagan.
20-fevral kuni Kosta-Rikaga jo‘natilgan davlatlar fuqarolari ro‘yxatida ham O‘zbekistonni ko‘rish mumkin.
Bu uch holat Tramp ma’muriyatining deportatsiya rejasi amalga ko‘chganidan keyingi to‘rt hafta ichida yuz bergan voqealardir. Ayni ommaviy deportatsiya rejasi qanday davom etishi esa noma’lum.















