Trampning yangi "chegara podshosi" immigratsiyaga qanday yondashadi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Reychel Luker
- Role, BBC News, Vashington
- O'qilish vaqti: 4 daq
Donald Tramp yanvar oyida inauguratsiyadan keyin mamlakat chegaralariga mas’ul etib immigratsiya bo‘yicha veteran rasmiy Tom Homanni tayinlaydi.
Huquqni muhofaza qilish va chegarada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan Homanning noqonuniy immigratsiyani kamaytirish rejalari - Tramp saylov kampaniyasining asosiy siyosati - qanday amalga oshirilishi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ladi.
U ushbu vazifaga qanday yondashadi?
Sobiq politsiyachi va AQSh Immigratsiya va Bojxona Nazorati (IBN) sobiq direktori bo‘lgan Homan AQSh chegarasidagi immigratsiyani "11 sentyabr voqealaridan beri ushbu mamlakat [AQSh] duch kelgan va biz tuzatishimiz kerak bo‘lgan milliy xavfsizlik borasidagi eng zaif nuqta", deb ta’riflagan.
U yozda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar Milliy Qurultoyida AQShdagi noqonuniy muhojirlarga murojaat qilib, "Yaxshisi hozirdan narsalaringizni yig‘ishtirishni boshlang", degan edi.
Ammo uning "chegara podshosi" sifatidagi roli qanday shakllanishi hali aniq emas, chunki immigratsiyani boshqarish bir nechta hukumat agentliklari o‘rtasidagi hamkorlikni talab qiladi.
Biroq, u chegara bo‘yicha qanday yondashuvni qo‘llashi mumkinligi haqida bir nechta fikrlarni ma’lum qilgan.
Biz maqsadli ravishda hibsga olamiz. Kimni hibsga olishimiz kerakligini o‘zimiz bilamiz. Ularni tergov jarayonlari asosida qaerdan topishimiz mumkinligi ham ma’lum.
Bayden siyosatlarini bekor qilish
Tramp saylovidan oldin oktyabrь oyida CBS Newsʼning 60 Minutes dasturiga bergan intervyusida Homan mamlakatda noqonuniy yashayotgan jinoiy bo‘lmagan muhojirlarni nishonga olishni ko‘zlayotganini bildira turib, avvalo "jamoat xavfsizligiga tahdidlar" va "milliy xavfsizlikka tahdidlar"ni bartaraf etishni ustuvor vazifaga aylantirishini aytgandi.
Bu kabi yondashuv Bayden ma’muriyatining xavfli jinoyatchilar, milliy xavfsizlikka tahdid qilishi mumkin bo‘lganlar va yaqin orada chegarani kesib o‘tuvchilarni deportatsiya qilishni ko‘zda tutuvchi siyosatidan tubdan farq qiladi.
Hozirgi Bayden siyosati AQShda yashayotgan, biroq hech bir jinoyat sodir etmagan hujjatsiz muhojirlarni himoya qiladi.
Deportatsiyalarni osonlashtirish uchun maqsadli hibsga olishlar
Homan hibsga olish va deportatsiya qilishda maqsadli yondashuv qo‘llanilishini aytgan.
Homandan oktyabrь oyidagi intervyusida deportatsiyalar qanday amalga oshirilishi haqida so‘ralganida, “Biz mahallalarda ommaviy tozalashlar qilmaymiz. Kontsentratsion lagerlar ham qurmaymiz. Bularning hammasini o‘qib chiqdim va bu fikrlar — ahmoqlik", deya javob bergan edi.
"Biz maqsadli ravishda hibsga olamiz. Kimni hibsga olishimiz kerakligini o‘zimiz bilamiz. Ularni turli tergov jarayonlari asosida qaerdan topishimiz mumkinligi ham ma’lum", deb qo‘shimcha qilgan edi u.
Oilalarni birgalikda deportatsiya qilish
Homan Trampning minglab muhojir bolalarni ota-onalaridan ajratib qo‘ygan ziddiyatli "nol bag‘rikenglik" siyosatida ham muhim rol o‘ynagan edi.
Ota-onalari sud qilinayotganda bolalar boshpana markazlariga yuborilishini nazarda tutadigan, biroq ularni qayta birlashtirishni kafolatlamaydigan bu siyosat omma orasida jiddiy norozilikka sabab bo‘lgandi.
Homan ushbu tushunmovchiliklarga olib kelgan siyosat memorandumini yozmaganini aytadi, ammo u uni imzolagan uchta mansabdor shaxslardan biri edi. U memorandumni "hayotlarni saqlab qolish umidida" imzolaganini ta’kidlaydi.
Homan ushbu siyosatni qayta tiklashga urinmasligini bildiradi.
Oilalarni ajratmasdan deportatsiya qilish mumkinmi, degan savolga javoban esa buning o‘rniga oilalar "birgalikda deportatsiya qilinishi" mumkinligini aytadi.
Ish joylarida ommaviy immigratsiya hibsga olishlari
Homan shuningdek, ish joylarida ommaviy immigratsiya hibsga olishlarini qayta tiklashga, ya’ni Bayden 2021 yilda to‘xtatgan ish joylarini nazorat qilish operatsiyalarini qayta amalda qo‘llashni xohlashini ta’kidlaydi.
Dushanba kuni Fox Newsʼning Fox & Friends dasturida "Deportatsiyaga qarshi chiqadiganlar haqida nima qilish kerak?" degan savolga u shunday javob berdi:
"Sizda boshpana talab qilish huquqi bor. Sudьyani ko‘rish huquqi bor. Biz buni amalga oshiramiz. Ammo oxirida agar sudьya siz uyga qaytishingiz kerakligini aytsa, biz sizni uyga qaytarishimiz ham kerak".
Homan qanaqa politsiyachi va chegarachi bo‘lgan?
62 yoshli Homan o‘z karierasini Nyu-York shtatida politsiyachi sifatida boshlagan, so‘ngra chegara patruli agenti bo‘lib xizmat qilgan — bu haqda u tez-tez gapiradi.
"Men chegara patruli agenti edim. Forma kiyib yurardim", deydi u dushanba kuni Fox & Friendsʼda. "Forma kiyganimdan faxrlanaman... Men IBNning birinchi direktori bo‘ldim, bu lavozimga xizmat yo‘llaridan ko‘tarilganman".
Sobiq prezident Barak Obama uni 2013 yilda IBNning deportatsiya bo‘limi boshlig‘i etib tayinlagan. Bu agentlik rekord darajada ko‘p deportatsiyalarni amalga oshirgan davr edi.
Homanning ishi unga Prezident mukofotini, davlat fuqarolik xizmatidagi eng yuqori e’tirofni keltirdi.
Tramp 2017 yilda, lavozimiga kirishganidan ikki hafta o‘tgach, Homanni IBNning vaqtinchalik direktori etib tayinladi va u bu rolni 2018 yilgacha davom ettirdi.
Tramp keyinchalik uni agentlikning doimiy direktori lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi, ammo Senat bu nomzodni tasdiqlashga xafsala qilmadi.
Hozirda Fox Newsʼda ishtirokchi bo‘lib xizmat qilayotgan Homan konservativ Heritage Foundation jamg‘armasiga mehmon tadqiqotchi sifatida qo‘shilgan va ultra-konservativ siyosat taklifi bo‘lgan Project 2025ʼda faoliyat olib bormoqda.
Unda AQSh-Meksika chegarasida devor uchun moliyalashtirishni ko‘paytirish, yanada kuchli chegara politsiyasi operatsiyasini yaratish va immigrantlarga qo‘shimcha to‘lovlar kiritish kabi takliflar bildirilgan.
Tramp saylov kampaniyasi davomida o‘zini ushbu dasturdan uzoqlashtirdi.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002















