Markaziy Osiyo 'NATO'sini tuzsa bo‘ladimi?

Surat manbasi, Qozog'iston Mudofaa vazirligi
Qozog‘istonlik va o‘zbekistonlik ekspertlar ishtirok etgan muhokamada Markaziy Osiyo mudofaa ittifoqini barpo etish chaqirig‘i yangradi.
Qozog‘istondagi xususiy Exclusive.kz veb nashri Markaziy Osiyodagi vaziyat, mintaqa mamlakatlarining harbiy salohiyatiga bag‘ishlangan bahs tashkil qildi.
Muhokamada Qozog‘istondagi S5+ Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi direktori Quat Dombay, harbiy ekspert Daulet Jumabekov, O‘zbekistondagi "Bilim karvoni" nodavlat ilmiy muassasasi eksperti Zokir Usmonov qatnashdilar.
Onlayn muloqotda tahlilchilar Rossiyaning tarixiy jihatdan kuchli ta’siri va Xitoyning mintaqadagi besh sobiq Sovet respublikalari bilan iqtisodiy va harbiy aloqalarining ortib borayotgani fonida Markaziy Osiyo davlatlarining mudofaa qobiliyatini muhokama qildilar.
Qozog‘iston va O‘zbekiston armiyalaridagi modernizatsiya jarayoni haqida fikr bildirgan harbiy ekspert Daulet Jumabekov shunday dedi:
"Biz joylashgan geosiyosiy hudud – ikki kuchli davlat orasida – muvozanatni saqlash zarurligini taqozo etadi. Faqat bir tomonga to‘liq yon bosish strategik jihatdan noto‘g‘ri. Lekin boshqa tomonga to‘liq yuz burish ham xato. Qozog‘iston uchun esa turli mamlakatlar bilan munosabatlar va xaridlarni keng qamrovda saqlash muhim."
"Shu bilan birga, ochiq tan olishimiz kerakki, Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekistonnikidan farq qiladi. Biz hali ham KXShT (Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti) a’zosimiz – bu tashkilot, mening fikrimcha, o‘z vazifalarini to‘liq bajarmayapti. Ayniqsa, bugungi asosiy tahdid, menimcha, shimoldan – ya’ni biz ittifoqda bo‘lgan davlatdan kelmoqda. Shuning uchun strategik jihatdan to‘g‘ri qadam – mintaqaviy mudofaa ittifoqini shakllantirish va boshqa tashqi siyosiy o‘yinchilar bilan yangi aloqalar o‘rnatish bo‘ladi", dedi qozog‘istonlik harbiy tahlilchi Daulet Jumabekov.
Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi (C5+) direktori Quat Dombay esa quyidagicha izoh berdi:
"Men Markaziy Osiyo davlatlari mudofaa sohasidagi diversifikatsiyada har xil tezlikda rivojlanayotganlariga qo‘shilaman. Menimcha, bu borada O‘zbekiston Qozog‘istondan tezroq rivojlanmoqda. Qozog‘iston esa hali ham Rossiya qurollariga katta darajada tayanadi. Bunday sharoitda Xitoy qurollariga yo‘nalishni o‘zgartirish mantiqan to‘g‘ri. Birinchidan, logistika va xarajat nuqtai nazaridan Xitoy zamonaviy, biroq arzon texnologiyalarni taklif qiladi. Ikkinchidan, Xitoy tomoni faqat uskunalar emas, balki texnologiyalarni ham hamkorlariga berishga tayyorligini ko‘rsatmoqda."

Surat manbasi, .
Toshkentning Xitoydan beshinchi avlod harbiy samolyotlarini sotib olish rejasi haqida fikr bildirgan Jumabekov shunday dedi:
"Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘istonga ta’sir darajasi butunlay boshqacha. O‘zbekiston ancha qulayroq holatda – u Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga ega emas. Qozog‘iston esa ancha yaqin munosabatda: biz nafaqat KXShT, balki Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi a’zosimiz. Bizda deyarli ochiq chegaralar, odamlar va tovarlar erkin harakati mavjud. Bu esa iqtisodiydan tortib siyosiygacha bo‘lgan ta’sir vositalarining keng doirasini yaratadi. Menimcha, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi tomonidan Xitoy qurollarini ommaviy xarid qilish ehtimoli juda past. Bunday qarorlar siyosiy darajada to‘xtatilishi mumkin – shunchaki "hojat yo‘q" deyishadi va masala yopiladi."
Exclusive.kzning, "demak bizga mintaqaviy xavfsizlikning umumiy strategiyasi kerakmi yoki harbiy ittifoq", degan savoliga Daulet Jumabekov shunday javob qaytardi:
"U yoki bu shaklda birlashish chindan ham mintaqa manfaatlariga to‘g‘ri keladi, degan fikrga qo‘shilaman. Biroq bunday loyihaning realligi haqida gapiradigan bo‘lsak, afsuski, men buni dargumon deb hisoblayman".
"Men Rossiyaning Qozog‘istonga ta’siri katta ekaniga qo‘shilaman. Lekin bu ta’sir aslidagiga qaraganda ham haddan ziyod kuchli deb qabul qilinadi. Rossiya ta’siri onglarda o‘tiripti, ammo o‘tgan yildan boshlab Xitoy Qozog‘iston va O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigiga aylandi. Va bu trend bundan keyin yanada kuchayaveradi. Rossiya oldingidek geosiyosiy davlat emas. Biz buni Suriya, Janubiy Kavkaz misolida, Qorabog‘ atrofidagi vaziyatda ko‘rayapmiz", dedi C5+ markazi direktori Quat Dombay.












