Muhammad ismi Angliya va Uelsda yana mashhurlashdi

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ
Muhammadmi yoki Nuh?
So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, Muhammad Angliya va Uelsdagi ota-onalar uchun eng maqbul tanlov bo‘lgan. O‘tgan yili besh mingga yaqin bolaga Muhammad ismi qo‘yilgan.
Muhammad 2016 yildan beri o‘g‘il bolalar uchun eng yaxshi ismlar o‘nligidan joy egallab keladi.
Ammo, Milliy Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Muhammad ismi ko‘pchilik uchun sevimli Nuh (Noya)ni ham ortda qoldirib ketgan.
Angliyaning faqat uch mintaqasidagina Muhammad ota-onalar eng ma’qul ko‘ruvchi ismlar yuqori o‘nligiga kira olmagan.
Aloqador mavzular:
Muhammad, Mohammed va Mohammad
Britaniya Milliy Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Muhammad ismi ko‘pchilik uchun sevimli Nuh (Noya)ni ham ortda qoldirib ketgan.
Mohammed va Mohammad ham Angliya va Uelsda o‘g‘il bolalarga eng ko‘p qo‘yilayotgan yuzta ism ro‘yxatidan joy olgan.
Milliy Statistika boshqarmasi esa, yozilishidagi farqqa qarab, ularni alohida ism sifatida ko‘radi.
Ammo, shunda ham, Muhammad ismining boshqa shakldagidalari o‘tgan yili ota-onalar o‘rtasida ancha ommabop bo‘lgan.
O‘z o‘rnida ta’kidlash joiz, Muhammad dunyodagi eng mashhur ismlardan biri ham sanaladi.
Agar, ayrim hisob-kitoblarga tayanilsa, ismi Muhammad bo‘lganlarning soni dunyo bo‘ylab 150 million kishidan ortadi.
Aksariyat musulmon oilalar o‘g‘il farzandlarini Islom dini payg‘ambariga hurmat ma’nosida uning ismi bilan atashni xohlashadi.
Postsovet hududidagi eng yirik musulmon davlati bo‘lgan O‘zbekistonda ham Muhammad ismi keng tarqalgan.
Islom dinida Allohga sifat berilgan nomlar bilan atalgan va atalayotgan chaqaloqlar ham ko‘p.
O‘zbekistonliklar orasida ham bolaga berilayotgan ism uning kelajakda qanday inson bo‘lib yetishishiga ta’sir qilishiga oid qarash keng tarqalgan.
Islom Buyuk Britaniyada ikkinchi yirik din hisoblanadi.
Britaniya Germaniya va Frantsiyadan keyin Yevropaning eng katta sondagi musulmon jamoasi istiqomat qiluvchi uchinchi davlati bo‘ladi.
Rasmiy hisob-kitoblarda hozir Britaniyadagi musulmonlarning soni uch millionga yaqin ekani aytiladi.
Bu musulmonlarning eng katta foizi Angliya hisobiga to‘g‘ri keladi.
Ularning orasida Britaniyada turli ish, yumush va tahsilda band yuzlab o‘zbekistonliklar ham bor.
Agar rasmiy diniy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga tayanilsa, Muhammad – to‘xtovsiz, tinimsiz, hamisha maqtaladigan, maqtovga munosib sifatlari, maqtovli xislatlari, maqtovga loyiq amallari va taqdirlanarli ishlari juda ham ko‘p, butun faziyatlar egasi, degan ma’noni anglatadi.
Oliviya, Chorshanba, Yakshanba va Kuz...

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ
Qizlar orasida esa, eng mashhur ismlar Oliviya, Ameliya va Isla bo‘lib chiqqan.
Yuqori uchlikka kirgan bu ismlar 2022 yildan buyon o‘zgarishsiz qolayotgani bilan mutaxassislar e’tiborini o‘ziga jalb qilgan.
Angliya va uelslik ota-onalarning tanlovlari orasida, bundan tashqari, o‘sha yili chiqargan musiqiy albomlari, qilgan gastrollari va bergan shov-shuvli kontsertlari boismi, Rianna bo‘ladimi yoki Elton, ayrim yulduz qo‘shiqchilarning ismlari, haftaning ba’zi kunlari va yilning xos mavsumlari nomlari ham borligi ko‘rilgan.
Kechayotgan yilning eng mashhur ismlariga oid ma’lumotlarning aniq qachon e’lon qilinishi hozircha ma’lum emas.












