Mintaqaga suv taqchilligi tahdid solmoqda – O‘zbekiston qanday omon qoladi?

Qurigan daryo
O'qilish vaqti: 6 daq

Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi daryolarning ekologik xavfsizligini ta’minlash uchun BMT aralashuvini so‘radi. Mutaxassislar, bundan so‘ng suv taqchilligi yanada jiddiylashadigan Markaziy Osiyoda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv muhimligini ta’kidlashadi.

“Diqqat, Bi-bi-si” dasturimizning bu galgi soni O‘zbekistondagi suv muammosiga bag‘ishlandi.

O‘zbekistondagi suv muammosiga sovetlar quritgan Orol dengizi va global iqlim o‘zgarishi asosiy sababchilardan ekanligi aytiladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Markaziy Osiyoda aholisi eng ko‘p bo‘lgan mamlakat suv muammosi yildan yilga kuchayib borayotgan mintaqalar qatorida. O‘zbekiston 2030 yilga qadar jiddiy suv taqchilligi bilan yuzlashuvchi 33 davlatdan biriga aylanishi ehtimoli borligi aytiladi.

Jahon Bankining prognoz qilishicha, yana 25 yildan so‘ng, bugun O‘zbekiston ehtiyojini qondirayotgan asosiy daryolar suvi 20 foizga kamayadi. Shu vaqtga borib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan ehtiyoj esa 25 foizga oshishi kutilmoqda.

Infografika

Ekspertlar bunday umidsiz kelajak bugun shundoq ham suv muammosidan aziyat chekayotgan O‘zbekiston qishloqlari aholisi ahvolini yanada qiyinlashtirishi va o‘z-o‘zidan mamlakat iqtisodiy o‘sishiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantiradi.

O‘zbekiston ahli boshiga kelayotgan ushbu jiddiy suv taqchilligi muammosi sabablari faqat mamlakatga bog‘liq emas. Foydalaniladigan suv manbalarining beshdan to‘rt qismi O‘zbekistondan tashqarida - qo‘shni davlatlar hududida shakllanadi. Ulardagi abadiy muzliklar esa shiddat bilan erib bormoqda.

12 noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bakuda BMTning iqlim o‘zgarishi masalasiga bag‘ishlangan an’anaviy yillik konferentsiyasi – COP29 ish boshladi.

Ushbu nufuzli xalqaro yig‘inda chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi bugungi kunning asosiy tahdidiga aylanib qolgani hamda bu tahdid geosiyosiy tanglikning kuchayishiga bevosita ta’sir qilayotganini ta’kidladi.

Marhum Islom Karimov hali 2012-yildayoq kelajakda Markaziy Osiyoda suv bois hatto urushlar yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirgan edi.

suv

Birinchi hukumatdan farqli o‘laroq Mirziyoyev ma’muriyati suv masalasida qo‘shnilar bilan murosa qilish yo‘lini tanlagani ko‘rinadi. Umuman olganda, o‘zbek hukumati iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, suv taqchilligi muammosini chuqur his qilayotgani, yangi voqelikka moslashish yo‘lida imkon qadar choralar izlayotgani ko‘zga tashlanadi.

Bir vaqtning o‘zida o‘zbek hukumati sovetlardan qolgan og‘ir meros – Orol qurishi oqibatlarini bartaraf etishda yolg‘iz qolganini ham ta’kidlaydi.

Orolda vaziyat qanday?

Bir vaqtlar ekinzor bo‘lgan bu dalalar o‘rnini to‘qayzor qoplagan
Surat tagso‘zi, Bir vaqtlar ekinzor bo‘lgan bu dalalar o‘rnini to‘qayzor qoplagan

Qurigan dengiz tubidagi bugungi vaziyatni yaqinda ko‘rib qaytgan Bi-bi-si muxbiri Shodiyor Sayf, bir vaqtlar minglab gektar joylarni egallagan Mo‘ynoqdagi paxtazor va boshqa ekin yerlarning o‘rnini bugun cheksiz to‘qayzor egallagani hayratlanarli ekanligi aytadi.

“Suv yo‘qligi natijasida voz kechilgan ekin maydonlarini tabiat yana o‘z domiga qaytarib olayotganiga guvoh bo‘ldim. Daryo suvi kanallar orqali Orol tubidagi ovul va tumanlarga yetib borishi uchun hukumat sholipoyalarni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Bu sholi bilan shug‘ullanadigan dehqon va tadbirkorlarning ildiziga zarba bergan bo‘lsa-da, rasmiylar qaysidir ma’noda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishibdi”, deydi u.

Kanal va ariqlar orqali bir necha yildan beri suvsiz qolayotgan ovul va tumanlarga bu yil suv yetib borgan. U yerdagi aholi yana bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorva bilan kengroq shug‘ullana boshlaganini aytishmoqda.

BBC.COM/UZBEK
Iqlim o‘zgarishining keskin

oqibatlariga moslashish uchun O‘zbekistonga 2060-yilga qadar

  • 46 milliarddollardan

  • 60 milliard dollargacha mablag‘ kerak bo‘ladi.

Manba: Jahon banki

Ya’ni hukumat katta-katta maydonlarga sholi ekish orqali daromad ko‘rish va mahalliy odamlarning farovonligi kabi qiyin tanlov qarshisida qolgan.

“Lekin bu yil yog‘ingarchilik odatdagidan ko‘p bo‘lgani hisobga olish kerak. Tolibon Qo‘shtepa kanalini to‘liq ishga tushirsa va yil seryog‘in kelmasa Orol bo‘yidagi suv bilan bog‘liq muammo yana-da keskinlashishi mumkin”, deydi Shodiyor Sayf.

Mirziyoyev nega BMT aralashuvini istayapti?

Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, President.uz

Bokudagi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev aynan suv masalasiga e’tibor qaratdi.

“Mintaqamiz misolida aytib o‘tmoqchimanki, bir avlod ko‘z o‘ngida Orol dengizining butunlay yo‘qolishi sayyoramiz miqyosidagi fojiaga aylandi. Shu o‘rinda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish tarafdorimiz”, degan Mirziyoyev.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston prezidenti bejizga daryolar ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar haqida gapirmaganini aytishadi.

Amu va Sirdaryodan suv ichadigan Markaziy Osiyo davlatlarida suvni qanday taqsimlash, qishda yirik suv omborlarida ushlab turib yozda berish borasida o‘zaro tortishuvlari bundan oldin ham bo‘lgan.

Biroq shunday bo‘lsa-da, tomonlar o‘zaro va xalqaro kelishuvlar asosida bu daryolardan foydalanib kelayotgandi.

Ammo Afg‘onistonda hukumat almashinuvi ortidan bu maydonga yangi iste’molchi qo‘shildi.

Tolibon Qo‘shtepa kanali qurilishini o‘zining priroritet loyihalariga aylantirdi va uni jadal qaziy boshladi.

Qo‘shtepaning betonlashtirilmasdan qurilishi va Tolibonning qo‘shnilar istaklarini inobatga olmasdan davom etayotgani qo‘shnilarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Chunki o‘zbek mulozimlari ba’zan ochiq, ba’zan esa ma’lumot sizdirish orqali kanal borasida Afg‘oniston bilan bir to‘xtamga kelinmaganini bildirib kelmoqda.

Bu borada Tolibon keskin fikr bildirmayotgan bo‘lsa-da, tomonlar biror kelishuvga erishayotganligi borasida ham biror belgi ko‘rinmayapti. Mirziyoyev aynan shuning uchun BMT aralashuvini istayotgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.

Isrof bo‘layotgan suv

O‘zbekistonda suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyojiga ketadi.Hukumat suv muammosidan yaxshi xabardor, vaziyatni yumshatish yo‘lida allaqachon choralar ham ko‘ra boshlagani aytiladi.

Masalan, o‘tgan yili noyabrda prezident 2024-yilni kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil deb e’lon qilgan edi.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 36 foiz suv isrof bo‘lmoqda. Mutaxassislar, suv tanqis bo‘lgan davlat uchun bu katta raqamligini aytishadi.

Suv yo‘qotilishi natijasida O‘zbekiston iqtisodi har yili 5 milliard dollar boy berayotgani aytiladi.

Hukumat minglab chaqirim kanallarni betonlashni o‘z oldiga maqsad qilgan va bu yil bu borada sezilarli ishlar qilinganini ta’kidlamoqda.

Lekin kuzatuvchilar, O‘zbekiston bu ishlarni allaqachon boshlashi kerakligini aytishadi. Bundan tashqari mintaqaga xos bo‘lgan suv zahiralaridan foydalanishda samarasiz boshqaruv suv isrofidagi eng jiddiy omillardan biri sanaladi.

Bundan tashqari tog‘lardagi muzlarning jadal erishi va qisqa vaqtda ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida mintaqada erta bahorda sel kelishi holatlari ko‘paygan. Bu sellar oldingi yillarga qaraganda yanada vayronkor va yanada ko‘proq kelmoqda.

O‘zbekiston o‘z oldiga ushbu sel suvlaridan ham samarali foydalanish uchun 10 suv ombori qurishni reja qilgan. Erta bahorda yig‘ilgan suvlar yoz davomida ziroatchilikda ishlatilishi va shu bilan suvga bo‘lgan ehtiyojning bir qismi qondirilishi mumkin.

Shu o‘rinda suv omborlaridan borasidagi xavotirlarni ham inobatga olish kerak bo‘ladi.

Bundan 4 yil oldin suv to‘plash maqsadida qurilgan Sardoba suv omborining yorilib ketishi oqibatida texnogen ofat kelib chiqqan. Undan O‘zbekiston va qo‘shni Qozog‘iston ham zarar ko‘rgandi. Kuzatuvchilar suv omborlari qurishida uning sifatli qurilishi va eksplutatsiya borasida jiddiy choralar ko‘rilishi lozimligini aytishadi.

Umuman, bu kabi ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarning barchasiga katta pul kerak. Jahon Bankining taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining bunday keskin oqibatlariga moslashish uchun O‘zbekistonga 2060 yilga qadar 46 milliarddan 60 milliard dollarga qadar mablag‘ zarur bo‘ladi.

Bu rivojlanayotgan mamlakatlar qatorida bo‘lgan O‘zbekiston uchun juda katta summa. Lekin bunga dunyo yordam beradimi, degan masala turibdi.

Boy davlatlar to‘lasinmi?

BMT bosh kotibi Antonio Gutterish iqlim uchun pulni ayamaslik kerakligini ta’kidladi

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock

Surat tagso‘zi, BMT bosh kotibi Antonio Gutterish iqlim uchun pulni ayamaslik kerakligini ta’kidladi

Mutaxassislar hozirda kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishining asosiy sababchilari boy davlatlar, deydi.

Ularning shiddat bilan o‘sayotgan iqtisodiyoti atmosferaga misli ko‘rilmagan darajada issiqxona gazlarini chiqarmoqda, global isish oqibatlaridan aziyatni esa kambag‘al davlatlar chekmoqda.

Shu jihatdan hozir O‘zbekiston yuzlashib turgan bu jiddiy iqlim muammosiga mamlakat aybdor emasligi aytiladi.

12 noyabrda Bokuda boshlangan COP29 ning kun tartibidagi asosiy masala ham jabrdiyda davlatlarga yangi iqlim sharoitlariga moslashishiga yordam berish yo‘lida ko‘proq mablag‘ topishdir.

BMT bosh kotibi Antonio Gutterish iqlim uchun pulni ayamaslik kerakligini ta’kidladi.

“Yo‘qotadigan vaqt qolmadi. Iqlim borasida bir narsa deyish mumkin - dunyo to‘lov to‘lashi kerak, aks holda, bu qarz insoniyat gardaniga tushadi. Hurmatli mehmonlar, bunday murakkab vaziyatda siz va sizning hukumatlaringiz faqat haqiqat izidan borishi lozim. iqlim ga pul ajratish - bu xayriya emas, balki investitsiya. Iqlim borasida chora ko‘rish - bu ixtiyoriy emas, balki hayot-mamot masalasi. Ikkalasi ham insoniyat yashay oladigan dunyoni saqlab qolish va Yer yuzidagi har bir xalqning farovon kelajagi uchun mutlaqo muhim. Vaqt o‘tib bormoqda. Men sizga ishonaman”, degan u.

Olimlar nima deydi?

Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov
Surat tagso‘zi, Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov

Mutaxassislar yangi iqlim sharoitiga moslashish choralari faqat suv tejashdan iborat bo‘lib qolmasligi zarurligini ta’kidlaydi. Masalan, sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli yangi ekin navlarini yaratish, ularni qishloq xo‘jaligida keng joriy etish dehqonchilik ham iqtisodiyotda, ham aholi hayotida muhim rol o‘ynovchi O‘zbekiston uchun juda ahamiyatli. Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov aynan shu masala yuzasida yillardan buyon ish olib boradi.

Rasulov iqlim o‘zgarishi nafaqat qurg‘oqchilik, sho‘rlanish, sahrolashish kabi asoratlarni keltirib chiqarayotgani, balki o‘simliklarni kasallantirayotganini ham aytar ekan, O‘zbekistonda tilga olingan bu muammolarning ilmiy yechimlari mavjud ekanini tilga oladi.

“Ilmiy tadqiqotlarimizda, birinchi o‘rinda, suv resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish masalasi qo‘yilgan. Biz tadbiq etayotgan biopolimerlarning xususiyati suvni saqlash, suvni biriktirish va muayyan bir joyda, tuproqda uzoq muddat saqlashga imkon beradigan texnologiyani yaratish ustida ish olib borayapmiz”, deydi u.

Olim agar bu ilmiy yechimlar o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilmasa, iqlim o‘zgarishi avvalo oziq-ovqat muammosini keltirib chiqarishidan ogohlantiradi. U O‘zbekiston yomg‘ir va qor suvlaridan oqilona foydalanish texnologiyalarini joriy qilish zarurligini urg‘ulaydi.

“Hozir har qachongidan-da O‘zbekiston suv resursini oqilona foydalanish, bundan tashqari mintaqaga yog‘adigan qor, yomg‘irdan foydalanish texnologiyalariga juda katta ehtiyoji bor. Sababi iqlim o‘zgarishlari natijasida yer osti suvlarining kamayishi yoki sathning o‘zgarishi va intensiv bug‘lanish. Bu intensiv bug‘lanish ortidan tuproq sho‘rlanishi yuzaga kelayotgani va sho‘rlanish – o‘simliklarning o‘sishi va hosildorligiga salbiy ta’sir etayotgani Bu kompleks masalalar”.

Baxtiyor Rasulov hozir O‘zbekistonda ilmiy loyihalar yetarlicha moliyalashtirilayotgani, yoshlar ham ilm-fanga qiziqayotgani, zaruriy ilmiy yechimlar ishlab chiqilayotgani, faqatgina ularni amaliyotga joriy etish masalasi oqsayotgani haqida gapiradi. Uning ta’kidlashicha, hozir O‘zbekiston sharoitida aynan mahalliy sharoitlarga mos yangi navlar joriy etish og‘ir kelajakni yumshatuvchi asosiy yechimlardan bo‘lishi mumkin.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002