O‘zbekistonda ikki muhim voqea: jamiyat ikkisiga ham ishonmaydimi?

Parlament saylovida ovoz berayotgan Komil Allamjonov

Surat manbasi, Telegram/Komil Allamjonov

O'qilish vaqti: 2 daq

27 oktyabr kuni o‘zbekistonliklar parlament saylovida ovoz berdilar. Mamlakatning siyosiy hayoti uchun o‘ta muhim ushbu voqea mustaqil O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan siyosiy suiqasd iddaosi soyasida qoldi.

Siyosatchilar, O‘zbekistondagi bu yilgi saylov yangi: parlament a’zolari majoritar va proportsional tizim bo‘yicha saylanadilar va siyosiy partiyalarga ko‘proq qudrat beriladi, demoqdalar, ammo jamiyatda yangi parlamentning ijroiya hokimiyati “yo‘rig‘idan” chiqoladigan parlament bo‘lishiga shubhalar allaqachon bildirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin uning matbuot kotibi, axborot siyosati uchun mas’uli sifatida tanilgan Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabar sarlavhasidanoq asosan ishonchsizlikni uyg‘otdi.

26 oktyabr – parlament saylovida targ‘ibotu tashviqot taqiqlanadigan “sukunat kuni” edi, lekin erta tongdan Internet ijtimoiy tarmoqlari “Allamjonovga suiqasd” sarlavhalariga to‘lib ketdi.

O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi o‘qotar quroldan foydalanilgani, bir gumondor hibsga olingani haqidagi xabarni tarqatdi, inson hayotiga suiqasd va o‘qotar quroldan foydalanish bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

So‘ng polittexnologiya strateglari Bosh prokuratura “holat” deb atagan hodisa O‘zbekiston siyosiy hayotidagi saylovdek muhim voqeani soyada qoldirishi mamlakat obro‘siga “to‘g‘ri kelmasligi”ni anglab qoldilar va prokuratura yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlikka tortilish mumkinligidan ogohlantirish bilan chiqdi.

O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilida lavozimini egallab turgan yoki lavozimidan chetlatilgan siyosatchiga suiqasd hodisasi kuzatilmagan.

Saylov arafasidagi xabar hukumatdagilarni “shokka solgani”ni aytadilar o‘z ismi-sharifi ochiqlanishini istamaydigan rasmiylar.

Ayrimlar buni spektakl degan taxminlarni ham ilgari surishdi.

BBC O'zbek
Oddiy odamlar ham Karimov davriga qaytmoqda, ya’ni rasmiy minbardagi bayonotlarga ortiq ishonishmayapti...
Mustaqil jurnalist
O'zbekiston (bbc.com/uzbek)

O‘zbekistonni biladigan ham xorijdagi chet ellik yoki o‘zbekistonlik, ham mamlakat ichkarisidagi ko‘plab tahlilchilarning fikri esa shunday: sobiq rasmiyga hujum Prezident Mirziyoev oilasi ichida borayotgan hokimiyat uchun ichki kurashdir.

Prezident Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng so‘z erkinligi “darvozalarini ochdi”, qo‘shni mamlakatlar bilan bordi-keldini yaxshiladi, diniy erkinliklarni berdi.

Ammo xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari, Yangi O‘zbekiston 2019 yildan eski O‘zbekiston “yo‘lini tanladi”, “gaykalar yana qotirila boshladi”, degan xulosaga kelayaptilar.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, jurnalist va blogerlarning “og‘zi yopilayapti”, “birinchi oila” mavzusiga tabu qo‘yilgan, prezident, uning qarindoshlari va qonunchilik mavzusida chiqishlarni tasavvur qilish mushkul.

Yozda esa xorijiy matbuot, Prezident Shavkat Mirziyoev 2040 yilgacha hokimiyatda qoladigan bo‘ldi, deb yozdi.

Toshkentdagi mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, “ O‘zbekistonda matbuot erkin emas. Ichki bo‘ladimi yoki tashqi – muxolifatga yo‘l yo‘q. Ekogolik partiya bor, ammo Boysundagi gaz zaharlashini mavzusida hatto ular ham jim... Hokimiyat uchun kurash ichkarida ketayotganday. Oddiy odamlar ham Karimov davriga qaytmoqda, ya’ni rasmiy minbardagi bayonotlarga ortiq ishonishmayapti...”

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002