Tahlil: O‘nlab yillik e’tiborsizlikdan so‘ng nega Markaziy Osiyo Mo‘g‘uliston sari yuzlanmoqda?

Surat manbasi, president.uz
Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston zaminiga oyoq qo‘ygan O‘zbekistonning ilk prezidenti bo‘ldi. Undan oldinroq Turkmaniston prezidentining ham Mo‘g‘ulistonga borishi mintaqa davlatlari o‘nlab yillar e’tiborsiz qoldirgan davlatga nima sababdan yuzlanyapti, degan savollarni paydo qildi.
Poytaxt Ulan-Bator iyun oyida ikki Markaziy Osiyo rahbarini qabul qildi, deb yozadi eurasianet.org nashri.
"So‘nggi bir necha yil davomida Markaziy Osiyo davlatlari chegaraviy nizolarni hal etish va o‘zaro savdo aloqalarini mustahkamlashga asosiy e’tiborni qaratdi. Endi esa ular Mo‘g‘ulistonni ham o‘z iqtisodiy qamroviga qo‘shishga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda — bu mamlakat mintaqa bilan kuchli madaniy va tarixiy aloqalarga ega bo‘lsa-da, hozirgacha savdo hamkori sifatida deyarli unutilib kelayotgan edi", deyiladi maqolada.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24–25 iyunь kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorga amaliy tashrif buyurdi — bu mustaqillik yillarida O‘zbekiston rahbari tomonidan amalga oshirilgan ilk tashrif hisoblanishi aytilmoqda.
Mirziyoyev bu tashrifni "do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda tarixiy voqea" deb baholadi.
Ushbu tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi, konchilik, atrof-muhitni muhofaza qilish, to‘qimachilik sanoati va turizm sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator kelishuvlar imzolangan.
Mirziyoyevning aytishicha, O‘zbekiston Ulan-Batorda savdo markazi tashkil etib, uni "kompleks sheriklik uchun moddiy baza" sifatida faoliyat yuritishiga erishmoqchi. Bundan tashqari, yaqinda ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari boshlanishi ham ma’lum qilindi.
"Bu yo‘l xarajatlarining 5 baravargacha pasayishiga olib keladi. Hozir, Olma-ota orqali uchish 1000 dollarga to‘g‘ri keladi. Prezidentlar uchrashuvida madaniy-gumanitar aloqalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’at ahli uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi. Eslatib o‘taman: Bobolarimiz qoldirgan eng ko‘hna yozma meros - O‘rxun yodgorliklari Mo‘g‘uliston yerlarida. Uni tadqiq qilishda boshqa ellardan orqada qolmasligimiz kerak", deb yozadi tilshunos olim Anvar Bo‘ronov.
Mo‘g‘ulistonga ilk logistika
Prezident tashrifi arafasida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston orasida ilk yuk tashish xizmati muvaffaqiyatli amalga oshgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston sobiq Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning yozishicha, O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy–Mo‘g‘uliston yangi koridori orqali birinchi yuk tashuv 20 iyun kuni muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
O‘zbekistondan chiqqan pilot yuk mashinalari Qirg‘iziston, Xitoy orqali Mo‘g‘ulistonga yetib borgan va 4500 chaqirim masofani bosib o‘tgan. Yuklar 8 kunda manziliga yetib borgan va 1,5 ming metrgacha balandlikdagi Tog‘li Oltoy hududi orqali o‘tgan.
"Jahon logistikasi qayta shakllanayotgan bir paytda ushbu koridor an’anaviy savdo yo‘llariga strategik alternativani taklif etadi, yetkazib berish muddatlarini qisqartiradi, logistika xarajatlarini optimallashtiradi, O‘zbekiston va hamkor davlatlar uchun iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaydi", deb yozadi Vladimir Norov.
Mo‘g‘ulistonga qiziqayotgan Markaziy Osiyo

Surat manbasi, president.uz
eurasianet.org ning yozishicha, O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga qiziqish bildirgan yagona Markaziy Osiyo mamlakati emas. Iyun oyi boshlarida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham Ulan-Batorda tantanali qabul qilindi.
"Garchand Berdimuhamedovning tashrifi ko‘proq rasmiyatchilik va tantanalar bilan o‘tgan bo‘lsa-da, ikki davlat rasmiylari 2026–2028 yillarni qamrab oladigan siyosiy aloqalar, transport logistikasi va savdo sohalarida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha anglashuv memorandumlarini imzoladi".
Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi madaniy umumiyliklar bir necha asrlarga — xususan, XIII asrda Yevroosiyo hududidagi Oltin O‘rda hukmronligi davriga borib taqaladi.
"Ko‘chmanchi an’analar va sobiq Sovet Ittifoqi davridagi umumiy totalitar tajribaga qaramasdan, mustaqillikning dastlabki 30 yilida mazkur mamlakatlar o‘rtasida jiddiy diplomatik aloqalar rivojlanmadi", deydi nashr.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Maqolada yozilishicha, Mo‘g‘uliston o‘tgan yili mintaqa bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish tashabbusini o‘z qo‘liga oladi. Prezident Uxnaagiyn Xurelsux 2023 yil iyunida Markaziy Osiyo poytaxtlariga safar qilgan, oktyabrь oyida esa Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi bilan borgan edi.
Iyun oyida Ulan-Batorda o‘tkazilgan mintaqaviy savdo forumida Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Dorjxand Togmid shunday dedi:
"Mo‘g‘uliston endilikda Markaziy Osiyoning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Biz endi kuzatuvchi emasmiz".
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mo‘g‘uliston Sharqiy Osiyodan Yevropagacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ta’minlovchi "O‘rta koridor" tarmog‘ida "ko‘prik" vazifasini o‘taydi. Shu bilan birga, u kelgusi oylarda savdo to‘siqlarini bartaraf etish uchun normativ-huquqiy baza va standartlarni muvofiqlashtirishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlagan.
Geografiya hanuz savdo rivoji uchun asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari ham, Mo‘g‘uliston ham dengiz portlaridan uzoqda joylashgan. Mo‘g‘uliston esa umuman Rossiya va Xitoy bilan o‘ralgan. Ulan-Batorda so‘zga chiqqan Mirziyoyev "dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar sifatida ekspertlarni keng jalb qilgan holda samarali transport yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirishga kelishib" olinganini ma’lum qildi.
Markaziy Osiyo – Mo‘g‘uliston munosabatlarini mustahkamlashda AQSh va Yevropa Ittifoqi ham katta qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatmoqda. AQShning Mo‘g‘ulistondagi elchisi Richard Buangan 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forumda shunday dedi:
"Mintaqaviy hamkorlik bu strategik tanlov emas — u uzoq muddatli taraqqiyot va farovonlik uchun zaruratdir. Mo‘g‘uliston Markaziy Osiyo va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida savdoni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin".












