O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Londonda. Nega Britaniya to‘satdan Markaziy Osiyoga qiziqib qoldi?

O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Londondagi uchrashuvlardan birida.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyoning besh davlati ishtirokidagi S5+1 formatidagi uchrashuvda qatnashish uchun Londonga keldi.
    • Author, Ibrat Safo
    • Role, BBC News Uzbek muxbiri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Markaziy Osiyoning beshta davlati: Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning tashqi ishlar vazirlari bugun Londonda S5+1 formatida Britaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Lekin, Britaniya hukumatlari tarixan Markaziy Osiyoni asosan ahamiyatsiz bir chekka hudud sanaganlar va shu sabab, o‘zaro yuqori darajali safarlar kam bo‘lgan. Xususan, O‘zbekiston davlat rahbari Britaniyaga birinchi va oxirgi marta 1993 yilda safar qilgan. Unga mana 33 yil bo‘ldi.

Beshta Markaziy Osiyo davlati Sovet Ittifoqi 1991 yilda qulashi ortidan mustaqil bo‘lgan bo‘lsa-da, Britaniyada bu hudud Rossiyaning "chorbog‘i"dek qabul qilingan. Ba’zi britan ziyolilari hanuz unga 19-asrdan qolgan "Katta o‘yin" kontekstida qaraydi. Unda Britaniya va Rossiya imperiyalari o‘rtasidagi raqobat britanlarning ruslarga mag‘lubiyati bilan yakun topgan edi.

Terrorizmga qarshi urush doirasida Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan Markaziy Osiyo 2000 yillarda G‘arb uchun xavfsizlik sohasida sherikka aylandi, lekin Tolibon 2021 yilda Afg‘onistonni to‘liq qo‘lga olishi bilan bu sheriklik susaydi.

The City
Gary Yeowell/Getty
Britaniya va Markaziy Osiyo o'rtasida o'sayotgan savdo

  • $3,4 milliard 2023

  • $4,6 milliard 2024

  • $6,6 milliard 2025 prognozi

Source: Gov.uk (bbc.com/uzbek)

Britaniya parlamentining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi uch yil avval chiqargan hisobotida hukumatning Markaziy Osiyoga bo‘lgan munosabatini «butkul nomaqbul» deya qoraladi, va u asosan «reaktiv» va «qisqa muddatli» qarorlarga asoslanganini tanqid qildi.

«Chorrahadagi davlatlar: Britaniyaning Markaziy Osiyo bilan aloqalari» deb nomlangan bu hisobot mualliflari hukumatni Markaziy Osiyoga nisbatan aniq, hamda «qadriyatlarga asoslangan yondashuv»ni ishlab chiqishga chaqirdi. «Bu yondashuv u yerda Xitoy va Rossiya bilan raqobatlashish emas, balki Markaziy Osiyo rahbarlariga muqobil tanlovni berishga asoslanishi kerak», deyildi hisobotda.

Buning ortidan britan rasmiylarining O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyoga safarlari ko‘paydi. Lekin, Xitoy va Rossiyaga muqobil bo‘lgan tanlovni berish oson kechmasligi ayon.

Rossiya va Xitoy - hali ham mintaqada ustun ikki qudratli davlat. Rossiya u yerda katta siyosiy ta’sirga ega bo‘lsa-da, iqtisodiy jihatdan Xitoy markaziy osiyoliklar uchun eng yirik savdo sherigiga aylangan.

Undan tashqari, bu mintaqa Rossiya uchun Ukraina urushidan keyin qabul qilingan G‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishga qulay joy bo‘lib xizmat qilyapti. Iqtisodiga katta zarar yetgan Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari orqali o‘ziga zarur mahsulotlarni olish uchun «parallel import sxemasi»ni ishga tushirgan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bundan yaxshigina xabardor – u bu borada «qozoqlar va o‘zbeklar bilan faol muloqotda» ekanini aytgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Nega Britaniya aynan hozir bu yiroq hududga qiziqyapti?

"Standard Chartered" banki bosh direktori bilan uchrashuv.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, S5+1 formatidagi uchrashuv arafasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov biznes sohasidagi qator shaxslar bilan, jumladan, "Standard Chartered" banki bosh direktori Saif Malik bilan muzokaralar o‘tkazdi.
  • Birinchi sabab – Breksit.

Britaniya 2016 yilda Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqar ekan, iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tuta boshladi. Bu qiyinchiliklar ortidan u yangi bozorlarni qidirishga tushdi va, xususan, Markaziy Osiyo bilan ham munosabatlarida o‘zgarishlar yuz berdi. "Rivojlanayotgan davlatlar bilan savdo sxemasi" doirasida Britaniya 2021 yilda yangi tariflar dasturini tatbiq qildi va O‘zbekiston minglab mahsulotlarga 0% tarif bilan unga qabul qilingan ilk davlat bo‘ldi.

Breksitdan avval O‘zbekiston Britaniyaning savdo sheriklari orasida hatto top 100 davlat qatoriga kirmagan bo‘lsa, hozirda 68-o‘ringa chiqqan. Britaniyaga o‘zbek eksportining eng katta qismini oltin, kumush va mis tashkil qiladi, lekin oxirgi yillarda meva va sabzavotlar, paxta va to‘qimachilik mahsulotlari va hatto sigaretlar uchun qog‘ozlar eksporti ham oshgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Britaniyaning eng yirik savdo sherigi Qozog‘iston bo‘lib qolyapti.

Breksit tufayli Britaniya Yevropadan tashqarida ishchi kuchini qidirishga majbur bo‘ldi va O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston fuqarolariga britan ish bozoriga kirish uchun vizalarni yengillashtirdi. Markaziy osiyoliklar bu yerda mavsumiy viza bilan asosan qishloq xo‘jaligi sohasida ishlayapti, lekin Tashqi ishlar qo‘mitasiga ko‘ra, chilangar, elektrik va tibbiyot xodimlarini ham taklif qilishga chaqiriqlar bor.

  • Ikkinchi sabab – muhim minerallar.

Markaziy Osiyo litiy, uran va nodir metallarga juda boy. Britaniya esa o‘zining yashil energiyaga o‘tishi va xay-tek sanoati uchun ana shu minerallar va metallarga muhtoj. Markaziy Osiyo po‘lat ishlab chiqarish va batareyalar uchun zarur bo‘lgan marganets va xrom zaxiralari bo‘yicha ham dunyoda eng yuqori o‘rinlarda turadi.

2025 yil noyabrida Prezident Tramp noyob minerallar haqida kelishish uchun Oq Uyda Markaziy Osiyo rahbarlarini qabul qildi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2025 yil noyabrida Prezident Tramp noyob minerallar haqida kelishish uchun Oq Uyda Markaziy Osiyo rahbarlarini qabul qildi.

O‘zining «Nigoh 2035: Muhim minerallar strategiyasi»da Britaniya bu moddalarning uzluksiz ta’minot zanjirini o‘rnatishni eng ustuvor masala qilib belgilagan.

Markaziy Osiyoning boy zaxiralariga allaqachon boshqalar ham ko‘z tikkan: o‘tgan noyabrda Prezident Donald Tramp Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan Vashingtonda C5+1 sammitini o‘tkazdi. Undan asosiy maqsad – AQShning Xitoyga qaramligini tugatish uchun nodir yer elementlari va muhim minerallarni Markaziy Osiyodan olish.

  • Uchinchi sabab – yumshoq kuch.

Britaniya endi bir vaqtlar dunyoning aksar qismini boshqargan yirik qudrat emasdir, ammo uning ta’lim sohasidagi xalqaro obro‘yi katta. Markaziy Osiyoda ham Britaniya universitetlariga hurmat yuqori va London bundan o‘zining milliy manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini biladi. Oxirgi yillarda Britaniya va Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasida mustaqil sheriklik oshgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirining 2024 yilda Markaziy Osiyoga qilgan safari ortidan mintaqa talabalari uchun Chevening Scholarship grantlari ikki baravarga ko‘paytirildi.

Londonda joylashgan British Foreign Policy Group tadqiqot markaziga ko‘ra, ta’lim bora-bora savdo va xizmatlar almashinuvini ham rag‘batlantiradi. Masalan, Britaniyaning moliyaviy xizmatlariga ham Markaziy Osiyoda ishtaha katta.

Universitet talabalari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Markaziy osiyolik talabalar uchun grantlar 2024 yilda ikki baravar ko‘paytirildi.

Savdo elchisi Lord Jon Alderdis shu oy Toshkentga borganida, Britaniya Markaziy Osiyo bilan savdo aloqalarini yanada kuchaytirishini e’lon qildi. Xususan, unga ko‘ra, rasmiy London eksport kafolatlari va «mas’uliyatli konchilik» uchun mintaqaga qariyb 5,5 milliard dollar va’da qildi.

«Qadriyatlarga asoslangan yondoshuv»

Britaniya Markaziy Osiyo bilan munosabatlari o‘z qadriyatlariga asoslanishini istaydi. Britan qadriyatlari deganda, jumladan, demokratiya, qonun ustuvorligi, shaxsiy erkinliklar, so‘z erkinligi, hamda boshqa dinlarga va jinsiy ozchiliklarga hurmat va bag‘rikenglik tushuniladi.

Lekin, Britaniya o‘zining iqtisodiy strategiyasi va Markaziy Osiyodagi inson huquqlari borasida fikr bildirish o‘rtasida nozik muvozanatni saqlashi kerak bo‘ladi. Bu - qiyin vazifa. Qiyos qilsak, Xitoy va Rossiya markaziy osiyolik prezidentlarga inson huquqlari haqida va’zxonlik qilishmaydi va bu o‘zaro munosabatlar silliqroq kechishiga sabab bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlarining bari, turli darajada bo‘lsa-da, avtoritar davlatlar. Freedom House ning oxirgi hisobotlarida bu mintaqa dunyodagi eng repressiv hududlar ro‘yxatida qolgan va beshta davlat ham «erkin emas» deya qayd etilgan.

Bir vaqtlar kamroq repressiv deb ko‘rilgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham, tashkilotga ko‘ra, endi mintaqadagi avtoritarizm trendiga to‘liq qo‘shilishgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda prezident muddatini qayta boshlash uchun qilingan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar avtokratik hukmronlikni yanada mustahkamlagan, erkin matbuot qattiq nazorat qilinadi va sudlar mustaqil emas.

Britaniya elchisi Kreyg Marrey.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Britaniya elchisi Kreyg Marreyning O‘zbekistondagi inson huquqlarini ochiqchasiga tanqid qilishi diplomatik mojaroga sabab bo‘lgandi.

Xo‘sh, oxirgi 10 yil ichida olti marta bosh vazirini o‘zgartirgan demokratik Britaniya bularga qanday qaraydi? 2000-yillar boshlarida britan elchisi Kreyg Marrey O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini ochiqchasiga tanqid qilgani yirik diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan va Marrey ishdan olingandi.

Qadriyatlarga asoslangan yondashuvga bo‘ysunsa, Britaniya Markaziy Osiyodagi nodemokratik o‘zgarishlar va inson huquqlari haqida ochiqcha gapira oladimi?

Yana-da qizig‘i, Markaziy Osiyo liderlari unga quloq soladimi? Chunki, Britaniya oxirgi yillarda xorijiy davlatlarga moliyaviy yordam byudjetini keskin kesishi bilan o‘z mavqeini susaytirgan. Britan tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, rasmiy London Markaziy Osiyoga 2024-2025 yillarda atigi 20 million dollarcha moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Byudjet qisqarishlaridan avvalgi xarajatlarga qaralsa, masalan birgina Tojikiston uchun London yiliga 25-27 million dollar ko‘mak pulini ajratar edi.

Prezident Tramp iqtisodiy manfaatlar yo‘lida inson huquqlariga oid xavotirlarni chetga surib qo‘yayotgan bir paytda, Britaniya markaziy osiyoliklar bilan qanday diplomatiyani olib borishini kuzatish qiziq bo‘ladi.