Turkiyaning “qattiqqo‘l” prezidenti korruptsiyaga qarshi kurashayotganini, raqiblar esa muxoliflar ovozi o‘chirilayotganini aytadi

Police officers use pepper spray on a demonstrator wearing dervish clothes, during a protest
Turkiya: "Qattiqqo‘l" prezident Erdo‘g‘an korruptsiyaga qarshi kurashayotganini, raqiblar esa muxoliflar ovozi o‘chirilayotganini aytadi
    • Author, Orla Gerin
    • Role, Bosh xalqaro muxbir
    • Reporting from, Istanbul
  • O'qilish vaqti: 8 daq

2025 yil 23 aprel kuni Turkiyaning eng yirik shahri 13 soniya davomida 6,2 magnitudali zilziladan silkindi. Zarba shunchalik kuchli bo‘ldiki, Istanbulda 151 kishi tahlikadan uylaridan tashqariga sakragan. Jarohatlanganlar bo‘ldi, ammo o‘lim holatlari qayd etilmadi.

Biroq shahar meri Ekrem Imamo‘g‘li – 2019 yilda ilk bor rahbarlikka saylangan – o‘z shahriga yordam qo‘lini cho‘za olmadi.

U shaharning g‘arbiy chekkasidagi Silivri tumanida, qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada panjara ortida edi – buni qarangki, zilzilaning epitsentriga yaqin joyda.

Imamo‘g‘liga bir qator korruptsiya ayblovlari qo‘yilgan, o‘zi ularni qat’iy rad etadi. Uning o‘z ta’biri bilan aytganda, «Kafkacha ayblovlar».

Uning tarafdorlari fikricha, merning «haqiqiy aybi» faqatgina Turkiya rahbari Rajab Tayyib Erdo‘g‘anga 2028 yilga belgilangan prezidentlik saylovlarida eng katta tahdid bo‘lganidir.

Zilzila kuni u bilan birga bo‘lgan Marmara qamoqxonasidagi ko‘pgina boshqa mahbuslar ham Erdo‘g‘anning 22 yillik hukmronligi davrida unga qarshi chiqqanlari uchun ozodlikdan mahrum qilinganlar edi. Ularning ayrimlari shunchaki tinch namoyishchilar bo‘lgan.

Hali ham ko‘pchilik bu joyni Silivri deb ataydi. U haqda muxoliflar yo‘qotiladigan joy sifatida xalq orasida keng tarqalgan ibora bor: «Silivri hozir sovuq».

Tanqidchilar ta’kidlashicha, Erdo‘g‘an dastlab G‘arbga yuzlangan islohotchi bo‘lgan, ammo keyingi yillarda u zamonaviy sultonga aylanib, inson huquqlarini toptadi, noroziliklarni bostirdi va sudlarni qurolga aylantirdi.

Istanbul hokimi Ikram Imamo‘g‘li

Surat manbasi, YASIN AKGUL/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Oktyabrdan beri Jumhuriyatchi Xalq partiyasiga aloqador 500 dan ortiq kishi hibsga olingan

Bu oyda qamoqdagi shahar meri, uning Respublikachi xalq partiyasi (CHP) yetakchilari, tajribali advokatlar va talabalar alohida ishlar bo‘yicha sud oldida turibdi.

«Erdo‘g‘an Turkiyani Rossiya uslubidagi avtokratiyaga aylantirish yo‘lida ulkan qadam tashladi», deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti (MEI) katta tadqiqotchisi, turkiyalik Gonul Tol.

«Uning ko‘zlagan maqsadi – saylov qutisi ahamiyatsiz bo‘lgan Turkiya… raqiblarini u o‘zi tanlaydigan Turkiya».

O‘tgan oktyabrdan beri CHP bilan bog‘liq 500 dan ortiq kishi hibsga olingan.

Prokurorlar mer va uning hamkorlarini pora olish, tenderlarni soxtalashtirish, tovlamachilik va terrorizm bilan aloqada ayblamoqda.

President Recep Tayyip Erdoğan meets with Ukrainian President Volodymyr Zelensky in Istanbul

Surat manbasi, Ozan Guzelce/ dia images via Getty Images

Surat tagso‘zi, Erdogan has fingers in many pies - including Russia, Ukraine. (Pictured meeting President Zelensky in Istanbul)

Biroq markazchi va sekulyar yo‘nalishdagi CHP ushbu hibslarni siyosiy sabablarga asoslangan va muxolifat ovozini o‘chirishga qaratilgan deb hisoblaydi. Partiya barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Ayrimlar savol qo‘ymoqda: Turkiya demokratiyasi ochiqdan-ochiq hujum ostida qolgan bir paytda, xalqaro hamjamiyat nega jim? Ehtimol, Erdo‘g‘anning Rossiya, Ukraina, Suriya va NATO bilan bo‘lgan ko‘p qirrali aloqalari Yevropa yetakchilarini u bilan janjallashishdan tiymoqdami?

AQSh prezidenti Donald Trampning inson huquqlariga ko‘z yumishi Erdo‘g‘anga keng yo‘l ochib bermoqdami?

"Adolat chegaralarini buzish"

Mart oyida yuzlab politsiya uning uyini o‘rab olganida, hibsga olish arafasidagi mer Imamo‘g‘li xotirjam bo‘yinbog‘ini bog‘lab, tarafdorlariga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoq videosini yozib olishda davom etgan edi.

"Biz katta zulmga duch keldik, – dedi u. – Lekin… men bosh egmayman".

U mustahkam va jasur edi – va «Erdo‘g‘an uchun halokatli tahdid», deydi AQShdagi Vashington institutidagi Turkiya tadqiqot dasturi direktori Soner Jagaptay.

«U xarizmatik, odamlarga yaqin, Erdo‘g‘andek konservativ, biroq shu bilan birga sekulyar. U ko‘p jihatdan jozibali nomzod».

Ammo panjara ortida uning ta’siri ancha cheklangan.

Istanbul hokimi dastaklovchilari Jumhuriyatchi Xalq partiyasi tashkil etgan norozilik yurishida ishtirok etmoqdalar

Surat manbasi, Burak Kara/Getty Images

Surat tagso‘zi, Istanbulning muxolif hokimi hibsga olinishi Turkiyada oxirgi yillardagi eng yirik norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi

Uning hibsga olinishi aynan CHP – Turkiyaning eng yirik muxolifat partiyasi uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish arafasida sodir bo‘ldi. (Qamoqqa olinganidan keyin ham partiya uni nomzod qildi.)

Imamo‘g‘lini qamash mamlakatda so‘nggi o‘n yildan ziyod vaqt ichidagi eng yirik hukumatga qarshi namoyishlarga sabab bo‘ldi. Asosan yoshlar – «Erdo‘g‘an avlodi» va boshqa yetakchini ko‘rmaganlar ko‘chalarga oqib chiqishdi.

«Ko‘pchilikning toqati bitdi, – dedi Istanbullik 21 yoshli yigit. – Ular adolat chegaralarini buzdi».

Yana biri esa buni «demokratiyamizga bevosita hujum» deb baholadi.

Hukumat ko‘pincha tinch o‘tgan namoyishlarni taqiqladi, ammo to‘xtata olmadi.

Istanbuldagi tartibsizliklar rimliklar qurgan akveduk yonida kechdi. Erdo‘g‘anning politsiya qo‘shinlari arklar ostida dubinka, ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlar bilan saflandi.

Yosin Oqgul yuzida gaz maskasi bilan politsiyachilar qarshisida so‘fiyona raqsda gir aylandi

Surat manbasi, YASIN AKGUL/AFP

Surat tagso‘zi, Yosin Oqgul yuzida gaz maskasi bilan politsiyachilar qarshisida so‘fiyona raqsda gir aylandi

Ko‘plab xalqaro nashrlar birinchi sahifaga qo‘ygan surat esa quyidagi edi: politsiya qalampirli gaz bilan hujum qilmoqda, yagona namoyishchi – an’anaviy so‘fiy kiyimida gaz niqobi taqqan «aylanayotgan darvesh».

Suratga olganidan bir necha soat o‘tib, AFP axborot agentligi fotomuxbiri Yosin Oqgul uyida hibsga olindi, qo‘llari hali ham ko‘z yosh chiqaruvchi gazdan achishib turgandi. Bir nechta yetakchi fotojurnalistlar ham ushlandi.

Namoyishlardan so‘ng taxminan 2 ming kishi, ko‘pi tong oldi reydlarda qo‘lga olindi. Ulardan 800 dan ortig‘i "ruxsatsiz namoyishlarda ishtirok etganlik"da ayblandi.

Hozir Turkiyada hibsga olinish "eng oson ish", deydi Gonul Tol. «Faqat bitta tvitni yoqtirish yoki Facebook'da Erdo‘g‘anni tanqid qilgan postga layk bosishning o‘zi kifoya».

22 yoshli talaba namoyishchi Esila Ayya esa Turkiya rahbarini diktator deb atagan plakat ko‘targani uchun hibsga olindi. (Prezidentni haqorat qilish Turkiyada jinoyat hisoblanadi.) Agar ayblov tasdiqlansa, u to‘rt yilgacha qamalishi mumkin.

Ikram Imamo‘g‘li prezidenlik kurashida Erdo‘g‘an uchun juda kuchli raqib deb ko‘riladi

Surat manbasi, YASIN AKGUL/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ikram Imamo‘g‘li prezidenlik kurashida Erdo‘g‘an uchun juda kuchli raqib deb ko‘riladi

Hibslar davom etmoqda

Istanbuldagi Sabanji universiteti siyosatshunoslik bo‘yicha dotsent Berk Esen fikricha, ko‘plab turklar hozir o‘zini sovuq muhitda his qilmoqda. U mamlakatda «siyosat, fuqarolik jamiyati, akademiya va OAVda muxolifatga nisbatan kuchli bosim va zo‘ravonlik» mavjudligini ta’kidlaydi.

Biroq u Turkiya «hali to‘liq avtokratiya emas… hali ham norozilik uchun oz bo‘lsa-da, joy bor», deya qo‘shimcha qiladi.

Shunga qaramay, hibslar to‘xtamayapti. CHP'ning 100 dan ortiq a’zosi hali ham qamoqda qolmoqda.

Prezident aytishicha, CHP «korruptsiya botqog‘ida» qolgan, uning tarmoqlari «sakkizoyoq qo‘llaridek Turkiyaning boshqa hududlari va xorijga uzangan».

Biroq Human Rights Watch vakili Emma Sinkler-Vebb boshqa «sakkizoyoq»ni ko‘radi – bu hukumatning o‘zi.

Uning aytishicha, hukumatning «juda ko‘p va uzun qo‘llari bor, ular hamma joyga cho‘ziladi». «Tanqidchilar va muxolifatga qarshi hujum qilish – hukumatning aniq maqsadi. Adliya tizimiga ishonch butunlay yo‘qolgan, u tobora siyosiy qurol sifatida ko‘rilmoqda, hibslar esa muxolif ovozlarni o‘chirish uchun ishlatilmoqda».

Namoyishchilar Istanbul hokimi Imamo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishida qatnashayaptilar

Surat manbasi, Ugur Yildirim/ dia images via Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Erdo‘g‘an Jumhuriyatchi Xalq partiyasini "korruptsiya botqog‘iga botgan" deb ayblaydi

«Prokurorlar va sudьyalar hamisha "tepadan ko‘rsatma" kutmoqda», deydi u.

Hukumat esa adliya tizimi mustaqil va xolis ekanini ta’kidlaydi.

"U qattiqqo‘l – juda zukko"

Istanbul meri Silivrida qamoqda qolar ekan, xalqaro hamjamiyatning e’tibori boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan – asosan G‘azodagi Isroil urushi va Ukrainadagi Rossiya urushiga.

Bu esa tahlilchilar fikricha, prezident Erdo‘g‘anga ustunlik bermoqda.

U Vladimir Putin, Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp bilan nisbatan yaxshi munosabatlarga ega.

«Bu holatda bo‘lgan ko‘p yetakchilarni eslay olmayman, – deydi Berk Esen. – Menimcha, u xalqaro maydonda o‘zini kelishuvchi, qo‘l siqadigan va muzokara qila oladigan siyosatchi sifatida ko‘rsatishni yoqtiradi».

AQSh Prezidenti Donald Tramp Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anni olqishlamoqda

Surat manbasi, Alex Wong/Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Erdo‘g‘an Prezident Tramp bilan yaxshi munosabatlaridan mamnun deyiladi

Erdo‘g‘an ayrim muvaffaqiyatlarga ham erishdi – masalan, 2022 yil iyulida Rossiya bosqinidan keyin besh oy to‘xtab qolgan Ukraina g‘alla eksportlarini Qora dengiz orqali qayta yo‘lga qo‘yishda vositachilik qildi. Shu yil u Kiev va Moskva vakillarini 2022 yildan beri ilk bor yuzma-yuz muzokaralar uchun qabul qildi.

«Har kim uning Rossiya va Ukrainadagi rolini maqtayapti, – deydi doktor Tol. – G‘arb yetakchilari uni Yevropa mudofaasini qurishda asosiy shaxs sifatida ko‘rmoqda. Tramp esa uning ichki siyosatiga umuman e’tibor bermaydi. Shu sababli Erdo‘g‘an o‘zini erkin his qilmoqda».

Uning aytishicha, Trampning Oq uyga qaytishi «mintaqaviy avtokratlar o‘zini kuchli his qiladigan xalqaro muhitni yaratdi».

Vashington institutidan doktor Jagaptay fikricha, Tramp ichki siyosatga ko‘proq e’tibor qaratgani uchun Erdo‘g‘an hozir kengroq harakat imkoniyatiga ega. Ularning munosabatlari «Trampning ilk prezidentlik davridan beri shakllangan alohida rishtaga ega».

«Men uni hurmat qilaman, u ham meni hurmat qiladi, – degan edi Tramp Erdo‘g‘an haqida. – U qattiqqo‘l va juda zukko».

Turkiya, Istanbul shahri xaritasi
Surat tagso‘zi, Istanbul Osiyo qit’asi bilan Yevropa qit’asini ayirib turadigan Bosfor bo‘g‘ozida joylashgan

Erdo‘g‘anning geosiyosiy joylashuvi ham qulay – Turkiya hududi qisman Osiyoda, qisman Yevropada joylashgan, ikki qit’ani bog‘lovchi ko‘prik.

Uning qo‘lida boshqa kuchli kartalar ham bor – xususan, qo‘shni Suriyadagi ta’siri. U yerda g‘olib tomonni qo‘llab-quvvatlab, 2023 yil dekabrida prezident Bashar Asadni ag‘dargan islomchi isyonchilarga yordam berdi.

Shuningdek, u NATOdagi yagona musulmon davlat rahbari, alyansdagi eng yirik ikkinchi armiya va 85,6 million aholiga ega mamlakat yetakchisi. Bu yerdagi voqealar ham Sharq, ham G‘arb uchun muhim ahamiyatga ega.

«Erdo‘g‘an davrida Turkiya o‘zining ko‘p qirrali jihatlarini juda samarali qo‘llayapti, – deydi doktor Jagaptay. – Suriyani barqarorlashtirish haqida bo‘ladimi yoki Ukrainada urushdan keyingi holat haqida bo‘ladimi YeI bilan munosabatlarda Turkiya o‘rta qudrat sifatida yaxshi o‘ynayapti…»

Saylov qutisi daxlsizligi

Erdo‘g‘an qudrat sohibi – unga maydon berilgan, ammo had bor, deb hisoblaydi ayrim tahlilchilar.

U qilmaydigan ish – navbatdagi prezidentlik saylovlarini bekor qilish, deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti tarix va xalqaro munosabatlar professori O‘nur Ischi.

«Tarixan turk xalqi saylov qutisining daxlsizligiga juda hassos va uni cheklashga urinish jiddiy oqibatlarga olib keladi», deydi u.

Turkiyada saylovlar odatda o‘sha kuni erkin o‘tadi, ammo undan oldingi jarayonlar mutlaqo adolatli emas.

O‘yin maydoni tekis emas: asosiy OAVning ko‘pchiligi hukumat tarafdori. Hukumatni qo‘llamaydiganlar esa qattiq bosimga uchraydi.

2023 yildagi prezidentlik saylovida Erdo‘g‘an ushbu suratdagi qizil galstukli Qilichdaro‘g‘lini 52.18% ovoz bilan yutdi

Surat manbasi, Burak Kara/Getty Images

Surat tagso‘zi, 2023 yildagi prezidentlik saylovida Erdo‘g‘an ushbu suratdagi qizil galstukli Qilichdaro‘g‘lini 52.18% ovoz bilan yutdi

2023 yildagi oxirgi saylovda Erdo‘g‘an ozgina farq bilan, muxolifat nomzodi Kemal Kilichdaro‘g‘liga qarshi 52,18% ovoz to‘plab g‘alaba qozondi.

Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlar uning kelgusi saylovda Imomo‘g‘lidan yutqazishi mumkinligini ko‘rsatgan. Ammo shahar meri hali ham qamoqda, bir nechta sud ishlariga tortilgan va muxolifat ehtimol boshqa nomzod chiqarishga majbur bo‘ladi.

71 yoshli, ikki muddatlik prezident sifatida Erdo‘g‘an qayta nomzod bo‘lishga haqli emas, ammo bu masalani muddatidan oldin saylov chaqirish yoki yangi konstitutsiya qabul qilish orqali hal qilishi mumkin.

«Qayta saylanishga yoki yana lavozimga tushishga qiziqishim yo‘q», degan edi u may oyida.

Biroq siyosatshunos Esen bunga ishonmaydi: «U tirik ekan, prezidentlikka yana nomzod bo‘ladi».

Turkiya politsiyasi safi oldida Turkiya bayrog‘ini hilpiratib turgan namoyishchi

Surat manbasi, KEMAL ASLAN/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Muxolifat protestlariga qaramasdan, aksar turkiyalik saylovchilar Erdo‘g‘anning "Adolat va Taraqqiyot" partiyasini Turkiya iqtisodiyotini zamonaviylashtirdi va dunyoviy respublikada Islom diniga katta yo‘l ochdi deb dastaklaydilar

Zamonaviy Turkiyada eng uzoq hukmronlik qilgan rahbar sifatida Erdo‘g‘anning sadoqatli tarafdorlari ko‘p. Ko‘plab konservativ saylovchilar uning Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) orqali mamlakatni rivojlantirgani va dunyoviy respublikada islomni qo‘llagani uchun minnatdor.

Saylovlar oldidan prezident tarafdorlari yig‘ilishida bu sadoqat yaqqol namoyon bo‘lgan.

Tarafdorlardan biri – Aysha O‘zdo‘g‘an yetakchisining har bir so‘zini eshitish uchun yonboshida xassa erta kelgan.

«Erdo‘g‘an men uchun hamma narsa, – deydi u keng tabassum bilan. – Ilgari shifoxonalarga yetib borolmasdik, hozir transport bor. U yo‘llarni yaxshiladi, masjidlar qurdi».

Ammo uning Turkiya demokratiyasiga ta’siri haqida-chi?

«Demokratiya jiddiy zarar ko‘rgan, ammo o‘lmagan, – deydi Sinkler-Vebb. – Demokratiya hali ham jonli, demokratik tamoyillar va saylovlarga bog‘langan holda yashayapti».

«Muxolifat ham juda chidamli», qo‘shib qo‘yadi u.

Soner Jagaptay esa donar kebab sotuvchisi kesayotgan aylanma sixdagi go‘shtni misol keltiradi.

«Men uchun bu Erdo‘g‘an davridagi Turkiya demokratiyasiga o‘xshaydi. U oxirgi 20 yilda uni oz-ozdan kesib oz qoldirdi».

Biroq u qo‘shimcha qiladi: «Erdo‘g‘an davridan olingan saboq shuki – demokratiyani yo‘qotish uzoq vaqt oladi».

Biz prezidentning kommunikatsiya idorasiga rasmiy izoh uchun murojaat qildik, ammo javob olmadik.

Biroq BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etilgan hisobotida Turkiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat «inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etishda qat’iy turdi… va qonunchilikda xalqaro standartlarga moslashish yo‘lida sa’y-harakatlarni davom ettirdi», deb ma’lum qildi.

Hisobotda yana shunday deyiladi: mamlakat «fuqarolik jamiyati, jumladan, inson huquqlari himoyachilari uchun qulay sharoit yaratish uchun hech qanday chora ko‘rmadi».

Biroq bu gaplar Silivri qamoqxonasi kameralarida jonsiz yangraydi.