"Ular oilamning o‘limi uchun kuylashdi": farzandlarini yo‘qotgan otaning g‘azabi Isroil jamiyatidagi bo‘linishni fosh etdi

«Juda g‘azabdaman», deydi 67 yoshli Qosim Abu al-Hija.
Shanba kuni Shimoliy Isroilda ularning uyiga Eron raketasi tushib, beton bino butunlay quladi va uning to‘rt nafar oila a’zosi halok bo‘ldi. Guvohlar aytishicha, zarbadan keyin kitoblar, kiyimlar, bolalar o‘yinchoqlari va inson tanasi bo‘laklari ko‘chaga sochilib ketgan.
Raketa urilgach, butun ko‘cha zulmatga cho‘mdi. Qutqaruvchilar qon izlari bo‘ylab yurib, jasadlarni topishdi.
Halok bo‘lganlar Qosimning qizi – 45 yoshli Manar Xatib, ikki nabira qizi – 20 yoshli Shada va 13 yoshli Hala hamda yana bir qizi – 41 yoshli Manal Xatib edi. Ular birga yashagan uydagi ikkita mustahkam xavfsizlik xonasidan biriga yetib olishga ulgurishgan edi, ammo ballistik raketa aynan o‘sha xonani nishonga olgan.
Oila Shimoliy Isroildagi asosan arablar yashaydigan Tamra shahrida istiqomat qilishgan.
Ular halok bo‘lganidan bir necha daqiqa o‘tib, internetda videotasvir paydo bo‘ldi. Unda osmonda uchayotgan Eron raketalari ko‘rinadi. Raketalardan biri Tamraga tushayotgan paytda, kimdir ibroniy tilida: «Qishloqqa, qishloqqa!» deb baqiradi. Keyin esa bir guruh odam kuylab, chapak chalib, «Qishlog‘ing kuysin!» deb hayqiradi.

«Ular mening oilam boshiga tushgan fojeani qo‘shiq qilib kuylashdi», deydi Qosim, qarindoshlari orasida o‘tirib, bosiq ohangda.
Bu videoda ultramillatchi yahudiylar arablar haqida kuylaydigan mashhur haqoratli qo‘shiqdan parcha bor edi. Videotasvirlar Isroilda keskin qoralandi. Prezident Isaak Herzog uni «jirkanch va sharmandali» deb atadi.
Ammo Qosim va Tamra jamoasi g‘azabini qo‘zg‘ayotgan sabab faqat bu emas.
Isroilning arablar ko‘pchilikni tashkil qiladigan boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, 38 ming aholisi bor Tamrada bitta ham jamoat uchun bombapanoh yo‘q.
Taqqoslash uchun, yaqin atrofdagi yahudiylar ko‘pchilikni tashkil etadigan Karmiel shahrida (aholisi 55 ming) 126 ta jamoat bombapanohi bor.
Tamra aholisi bu tengsizlik haqida yillar davomida shikoyat qilib kelgan. Livan chegarasidan atigi 25 kilometr janubda va Hayfa shahridan 10 kilometr sharqda joylashgan bu shahar, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Hizbulloh guruhi raketalari xavfi ostida yashab keladi. 2024 yil oktabr oyida Hizbulloh raketasining zarbasi bir ayolni og‘ir yaralagan edi.
Umuman olganda, Isroilda aholining qariyb chorak qismi bombadan saqlanish boshpanasiga ega emas. Ammo Isroil Davlat nozirining 2018 yilda e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, yahudiy bo‘lmagan mahalliy jamoalar hududida bu ko‘rsatkich deyarli 50 foizga teng.
«Ko‘p yillardan beri arab mahalliy hokimiyatlari davlatdan infratuzilma, jumladan, favqulodda holatlarga tayyorgarlik borasida ham ancha kam mablag‘ olmoqda», deydi Isroil Demokratiya Instituti (IDI) vakili Lital Piller.
Uning ta’kidlashicha, mavjud boshpanalar «kam, yomon saqlangan va aksariyat hollarda uzoq muddat qolishga yaroqsiz».
Bi-bi-si ushbu masala yuzasidan izoh olish uchun Isroil Mudofaa vazirligiga murojaat qildi.
Isroil arablarining aksariyati o‘zlarini «Isroilning falastinlik fuqarolari» deb atashni afzal ko‘radi. Qonun bo‘yicha ular yahudiy fuqarolar bilan teng huquqlarga ega bo‘lsa-da, ko‘pchilik davlat tomonidan kamsitilayotganliklarini va o‘zlariga ikkinchi darajali fuqarolar kabi munosabatda bo‘lishayotganini doimiy ta’kidlab keladi.
1990–91 yillardagi Fors ko‘rfazi urushi paytida Iroq raketalari Tel-Aviv va Hayfaga tushgach, Isroil hukumati barcha yangi turar joy binolarida mustahkam xavfsizlik xonasi – Mamad bo‘lishini majburiy qilib belgilagan edi.

Biroq faollar ta’kidlashicha, arab jamoalari qat’iy qurilish cheklovlariga duch keladi. Bu esa noqonuniy qurilishlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan, natijada ko‘plab uylar xavfsizlik xonasisiz qurilgan.
Tamra shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, uylardan atigi 40 foizida xavfsiz xona mavjud, qolganlar esa raketa hujumi bo‘lsa, qo‘shninikiga yugurishga majbur. Ammo ko‘pincha ogohlantirish vaqti shu qadar qisqaki, bunga ulgurishmaydi.
«Farq juda keskin, – deydi Tenglik va hamkorlik bo‘yicha arab-yahudiy markazi vakili Ilan Amit. – Men Quddusda yashayman. Har bir binoda bombapanoh bor. Har bir mahallada ham jamoat boshpanasi mavjud».
Tamrada tun tushishi bilan odamlarning telefonlariga vahimali ogohlantirish chiqadi: «Yaqin atrofdagi himoyalangan joyda qoling». Shundan so‘ng sirena ovozlari yangraydi va haligina shanba kungi hujumdan o‘ziga kelgan odamlar yana vahimaga tushadi. Onalar bolalarini bag‘riga bosadi, odamlar baqirib ko‘chaga yuguradi. Bir nechta oila bitta xavfsizlik xonasiga tiqiladi. Kimdir yig‘laydi, kimdir jilmayadi, boshqalar esa titrab, jim turadi. Bir erkak ko‘zlarini yumib, duo qiladi. Boshlarida esa ketma-ket portlashlar yangraydi.
Isroildagi badaviy arab jamoalarining ahvoli bundan ham og‘ir. Ularning aksariyati Negev cho‘lidagi rasmiy maqomga ega bo‘lmagan qishloqlarda yashaydi. Qishloqlar tan olinmagani bois, u yerda umuman boshpana qurilmagan.
2024 yil aprel oyida Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv vaqtida halok bo‘lgan yagona qurbon ham shunday qishloqlardan birida yashagan qizaloq edi. U Eron raketasining bo‘lagi boshiga tegib og‘ir jarohat olgan, bir yil davomida kasalxonada davolangach, hayotdan ko‘z yumgan edi.
Boshpanalar yetishmasligi faqat arab jamoalari bilan cheklanmaydi – Tel-Aviv janubidagi ayrim kambag‘al yahudiy jamoalarda ham bu muammo dolzarb.

Ibroniy Universiteti yaqinda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yahudiy isroilliklarning 82,7 foizi Eronga qarshi hujumni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, arab isroilliklarning 67,9 foizi bunga qarshi chiqqan. Bundan tashqari, arab isroilliklarning 69,2 foizi zarbalardan qo‘rqqanini bildirgan, 25,1 foizi esa umidsiz ekanini aytgan.
«Arab jamiyati o‘zini e’tibordan chetda, ortda qolgan his qiladi, – deydi Ilan Amit. – Ta’lim va bandlikda katta tafovutlar bor. Xavfsiz boshpanalar borasida esa bu tafovut yanada kattaroq.»
Tamra shahar hokimligi vakili Adel Xatib shunday deydi: «Bu fojea yuz berganidan beri odamlar ichida g‘azabni aniq his qilish mumkin.»
«Biz eng zarur narsalardan ham bebahramiz, – deydi Xatib. – Aksariyat arab jamoalarida madaniyat uylari, tadbirlar o‘tkaziladigan markazlar yoki jamoat binolari yo‘q.»
Rasmiy Isroil statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda arab aholining 42,4 foizi qashshoqlik darajasidan past sharoitda yashagan. Bu ko‘rsatkich Isroilning umumiy aholisi orasidagi qashshoqlik darajasidan ikki baravar yuqori.
So‘nggi yillarda bu tafovutlarni kamaytirish bo‘yicha ba’zi urinishlar bo‘lgan. 2021 yilda Isroilning oldingi hukumati arab jamiyatini rivojlantirish uchun besh yillik dasturni qabul qilgan edi.
«Biz ayni damda o‘rta ta’lim, oliy ta’lim va bandlik sohalaridagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan katta ijtimoiy-iqtisodiy sakrash bosqichida edik», deydi Amit.
Ammo Isroil tarixidagi eng keskin o‘ng qanot koalitsiyasi – hozirgi hukumat bu dasturga ajratilgan mablag‘larni asta-sekin kamaytira boshladi va resurslarni boshqa tomonga yo‘naltirdi.
Bu qisqartirishlarning ba’zilari G‘azo sektoridagi urush tufayli byudjet qayta ko‘rib chiqilganda yuz berdi. Bu urush 2023 yil 7-oktabrda HAMAS boshchiligida Isroilga uyushtirilgan hujumga javoban boshlangan edi. O‘sha kuni taxminan 1 200 kishi halok bo‘lgan, 251 nafari garovga olingan.
«Bu hukumat, oddiy qilib aytganda, besh yillik rejaga to‘sqinlik qilmoqda – uni to‘laqonli amalga oshirishga yo‘l bermayotir», deydi Amit.
«So‘nggi bir yarim yil davomida arab jamiyati o‘zini orada qolgan holatda his qildi: bir tomondan ular hukumat siyosati tufayli aziyat chekmoqda, boshqa tomondan esa G‘azo va G‘arbiy Sohildagi birodarlari urush tufayli jabr ko‘rmoqda», deya qo‘shimcha qiladi u.
Qosim Abu al-Hija oilasining vayronaga aylangan uyi oldida 16 yoshli qo‘shnisi Muhammad Usmon shunday deydi: «Hamma g‘azabda, hamma g‘amda.»
U Shada haqida gapirib, shunday deydi: «U umrining hammasini o‘qishga bag‘ishladi. Eng zo‘r bo‘lishni xohlardi. Otasi yurist edi, u ham otasiga o‘xshashni orzu qilardi. Bu orzularning barchasi shunchaki yo‘q bo‘lib ketdi.
Ular baxtli oila timsoli edi… Endi men ularni xotirlayotganimda ularning parchalari ko‘z oldimga kelyapti.»
Dafn marosimi oldidan o‘tkazilgan yig‘inda o‘nlab jamoa a’zolari to‘planib, bir-birlarini quchib, qo‘l siqadi, qahva va choy ichib, sukutda motam tutadi.
«Bombalar arabni yoki yahudiyni tanlamaydi, – deydi Qosim, – Bu urushni to‘xtatishimiz kerak. Darhol to‘xtatish kerak.»
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:












