Hamas "genotsid strategiyasi" sifatida jinsiy zo‘ravonlikni qo‘lladi, deydi Isroil guruhi

Jinsiy zo‘ravonlik holatlarning ko‘pchiligi Nova musiqiy festivalida sodir bo‘lgani xabar qilinadi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Jinsiy zo‘ravonlik holatlarning ko‘pchiligi Nova musiqiy festivalida sodir bo‘lgani xabar qilinadi.
O'qilish vaqti: 2 daq

Hamas Isroilga 2023 yil 7 oktyabrida qilgan hujumida "genotsid strategiyasining bir qismi" sifatida jinsiy zo‘ravonlikni qo‘lladi, deya iddao qiladi isroillik ayol huquqshunos va gender ekspertlaridan tashkil topgan guruh.

"Dina loyihasi" o‘z hisoboti jinsiy zo‘rlash harakati jabrdiydasi va G‘azoda garovda ushlangan 15 sobiq asirlarning ko‘rsatmalari, hamda jinsiy tajovuzlarning guvohlari ko‘rsatmalariga asoslanganini aytadi.

Guruh o‘z hisobotida "hatto jinoyatchi shaxsini aniqlash imkonsiz bo‘lgan holda ham, bu jinoyatlarni sudga tortish uchun huquqiy asos"ni taqdim qiladi.

Hamas ayollarga qarshi jinsiy zo‘ravonlikni qo‘llagani yoki ayol asirlarni tahqirlaganini rad qiladi.

Ammo, 2024 yil martida o‘z ishini yakunlagan BMT missiyasi 7 oktyabrь hujumida qator joylarda "mojaroga-bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik" yuz berganiga "ishonchli asoslar" borligini xulosa qilgan.

Unga ko‘ra, bu zo‘ravonliklarga jinsiy zo‘rlash va guruh bo‘lib jinsiy zo‘rlash kiradi. BMT missiyasi, shuningdek, asirlar jinsiy zo‘ravonlik, jumladan zo‘rlash va jinsiylashgan qiynoqlarga tortilganiga "ishontiruvchi ma’lumotlar" mavjud.

Isroil tomonidan o‘ldirilishlaridan avval Hamasning uch lideri Xalqaro jinoyat sudining prokurori tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlar, zo‘rlash va boshqa jinsiy zo‘ravonliklarda ayblangandilar.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

7 oktyabrda Hamas va unga ittifoqchi Falastin qurolli guruhlarining yuzlab a’zolari Isroil janubiga hujum qilib, 1 200 odamni o‘ldirishgan va 251 odamni garovga olganlar.

Isroil bunga javoban G‘azoga qarshi boshlagan harbiy operatsiyasida 57 500 dan ortiq odam o‘ldirildi, deydi Hamas yurituvchi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ogohlantirish: jinsiy zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik tafsilotlari bor

Dina loyihasi 7 oktyabrdan keyin jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari uchun adolatga erishish maqsadi bilan ochilgan. Unga huquqshunos olim Rut Halperin-Kaddar, huquqshunos va sobiq bosh harbiy prokuror Sharon Zagagi-Pinyas, sobiq sudya va bosh prokuror muovini Nava Ben-or asos solganlar.

Seshanba kuni chop qilingan hisobotga ko‘ra, u "Hamas genotsid sxemasining bir qismi, hamda Isroil jamiyatini qo‘rqitish va insoniy qadr-qimmatini toptash maqsadida, jinsiy zo‘ravonlikdan taktik qurol sifatida foydalanganini aniqladi".

Mualliflar keng ko‘lamli manbalar, jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi postlardan tortib, yozib olingan ko‘rsatmalar, sud-tibbiy dalillar, vizual va audio ko‘rsatmalarni o‘rganganlarini aytishadi.

Report
Reuters
Hamas genotsid sxemasining bir qismi, hamda Isroil jamiyatini qo‘rqitish va insoniy qadrini toptash maqsadida, jinsiy zo‘ravonlikdan taktik qurol sifatida foydalangani aniqlandi.
Dina loyihasi
Isroillik huquqshunoslar guruhi (bbc.com/uzbek)

Hisobot jabrdiydalar shaxsini ochiqlamagan, lekin ularning ismi-sharifi keltirilgan xabarlarni ilova qilgan. Ulardan biriga ko‘ra, 7 oktyabrda Nova musiqiy festivaliga bo‘lgan hujumdan omon qolgan ayol Dina loyihasiga o‘ziga qarshi jinsiy zo‘rlash harakati bo‘lgani va jinsiy hujum bo‘lganini aytgan.

Hisobotda aytilishicha, 15 sobiq asirlardan biri jinsiy amalni qilishga majburlangani, undan oldin jinsiy tahqirlangani, hamda og‘zaki va jismoniy jinsiy tegajoqlikka uchraganini aytgan. U, shuningdek, majburan yalang‘och yechintirilganini aytgan. Yechintirilish yana olti asir tomonidan ham xabar qilingan.

15 asirlardan deyarli barchasi og‘zaki va ba’zi jismoniy tahqirlashlar, jumladan "jinsiy organlarga ularning roziligisiz tegish"ni xabar qilganlar. Olti nafari majburiy nikoh tahdidlarini olganlarini ham aytganlar.

Asirlar orasidagi ikki erkak majburan yechirtirilganlari va yalang‘och holda jismoniy tahqirlanganlari, biri esa tanasidagi barcha sochni qirganini so‘zlagan, deyiladi hisobotda.

Dina loyihasiga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlikni ko‘rgan va eshitgan odamlarning ko‘rsatmalari 7 oktyabrda bunday jinoyatlar "keng va muntazam" bo‘lganini namoyish qiladi.

Hisobotga ko‘ra, besh guvoh kamida to‘rtta alohida holatda guruh bo‘lib jinsiy zo‘rlash holati bo‘lgani; yetti nafari kamida sakkizta zo‘rlash va qator jinsiy hujum holatlari bo‘lgani; besh nafari kamida uchta alohida jinsiy hujum holatlari bo‘lgani; uch nafari uchta holatda kesish yuz berganini xabar qilganlar.

Bu holatlarning to‘qqiztasi Nova musiqiy festivalida, ikkitasi Nahal Oz harbiy bazasida, bittasi 232-magistral yo‘lida, va to‘rttasi G‘azodagi tutqunlik vaqtida yuz bergani aytilgan.

Ilk tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi 27 xodim "oltita hududda jinsiy zo‘ravonlik alomatlarini yaqqol ko‘rsatuvchi" o‘nlab holatlarni xabar qilganlar, deydi hisobot – Nova festivali, 232-yo‘l, hamda Beeri, Alumim, Nahal Oz va Reim kibbuttslarida.

Hisobot, shuningdek, "aksar qurbonlar abadiy tinchlantirilgani"ni, ya’ni ular yo 7 oktyabrda o‘ldirilgani yoki gapirishga ruhiy madori qolmaganini aytadi.

Hisobotning xulosasiga ko‘ra, adolat "nafaqat individual jabrdiydalar uchun, balki kengroq tamoyillarni mustahkamlash uchun muhim: ya’ni mojaro davridagi jinsiy zo‘ravonlik – xalqaro qonunlarning jiddiy tarzda buzilishi, jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi, va xalqaro hamjamiyat bu kabi jinoyatlarning jazosizlik bilan amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaydi".