Isroil - Eron urushida ikki shifoxona bombalanishi: dunyoni xabardor qilish nega muhim?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Parizod Nobaxt
- Role, Bi-bi-si Fors xizmati
- O'qilish vaqti: 4 daq
Oxirgi kunlarda ko‘p eronliklar - ham mamlakat ichkarisidagilar, ham xorijdagi diaspora vakillari ikki o‘xshash fojeaning jahon ommaviy axborot vositalaridagi yoritilishdagi keskin kontrastdan o‘zlarining g‘azablarini ijtimoiy tarmoqlarda izhor etdilar.
Isroildagi Biirsheba shifoxonasi bombalanishi shu zahoti dunyodagi yirik xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiboriga tushdi, bu haqda juda batafsil xabar tarqata boshladilar.
Ayni paytda bundan atigi bir necha kun ilgari Eron g‘arbidagi Kirmonshoh shifoxonasiga ham hujum qilingan, ammo bu xabar global yangilik doiralarining kam diqqatini tortdi.
Bu, azob-uqubat qanchalar tan olinishida notenglik yuz berayapti, ko‘plar rad etilayaptilar va qadrlari yerga urilayapti, degan his ortib borayotganini ko‘rsatayapti. Bu, shuningdek, boshqa bir muhim savolni ham ko‘tarayapti: nega dunyo ayrim fojealarni ko‘radi, boshqalarini esa ko‘rmaydi?
Bu savollarning javobi nafaqat geoyosisatda, balki axborotga qo‘l yetishi, uning ko‘rinishi va axborotdan strategik foydalanishga qodir bo‘lishga ham bog‘liq.
Isroil matbuotni yaxshi tushunadi. Isroil hukumati va harbiy institutlari xorij matbuoti bilan muloqotning yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizimini ishlab chiqqan.
Mabodo biror yirik hodisa ro‘y bersa, xorijiy muxbirlar - allaqachon Tel-Aviv yoki Quddusda joylashganlari - zudlik bilan hodisaa joyiga eltib boriladilar.
Ularga tasvirga olishlariga, savol berishlariga va qurbonlar yoki rasmiylar bilan suhbatlashlariga izn beriladi. Bu global yangilik doiralarini ozuqa bilan ta’minlashning tez, shaffof va ishlab chiqilgan yo‘li.
Bu tartib G‘azoga tatbiq etilmaydi, hudud ichkarisida harakatlanishga Isroil ruxsat bermaydi, xalqaro axborot jamoalarining o‘sha yerning o‘zidan turib xabar tarqatishlariga izn yo‘q.
Informatsiya vakuumi

Surat manbasi, .
Boshqa tomondan Eron xorijiy jurnalistlar uchun deyarli butkul yopiq mamlakat. Hatto hozir ham Bi-bi-si jurnalistlarining Tehrondan turib xabar tarqatishlari uchun ularga viza berilgani yo‘q. Mamlakat ichkarisidagi eronlik reportyorlar uchun ham cheklovlar qattiq, senzura keng yoyilgan.
Kirmonshohdagi portlashdan keyin tarqalgan suratlar mobil telefonlarida olingan, ancha xira, qorong‘i fotolar bo‘ldi. Matbuot uchun brifing, jurnalistlar uchun axborot tarqatish yoki hodisa joyidan jonli efir bo‘lgani yo‘q.
Muammo ildizi yanada chuqurroq.
Isroilda 24 soat mobaynida sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar, dron videolari va Tel-Aviv osmonidan jonli efirlar keng tarqalgan. Bunga zid Eronda informatsiya vakuumi joy olgan - mamlakat ichkarisida olingan aksar videolar fuqarolar tomonidan yashirincha mobil telefonlarida yozib olinadi, ulanishi beqaror Internetga joylashtiriladi va shu zahoti o‘chirib tashlanadi.

Surat manbasi, Reuters
Keyingi muhim jihat, rasmiy raqamlar. Biirshiba shifoxonasiga hujum bo‘lganida Isroil rasmiylari darhol jarohatlanganlar raqamini e’lon qildi, so‘ng bemorlarning haqidagi ma’lumotni yangilab turdi, hujumga bog‘liq boshqa axborotni taqdim etdi.
Eronda esa Isroil hujumlarining dastlabki to‘lqinlaridan ikki kun o‘tib, sog‘likni saqlash vazirligi butun mamlakat bo‘ylab qurbonlar soni 224 ga yetdi, deb xabar tarqatdi.
O‘shandan buyon kim qaerda qanday halok bo‘lgani ma’lumoti ham, muayyan joy, shu jumladan, Kirmonshoh shifoxonasi bilan bog‘liq ishonchli yangilik ham tarqatilgani yo‘q.
Rasman aniqlik kiritilmagan sharoitda yagona axborot manbasi motamdagi oilalarning o‘z farzandlari, onalari va boshqa tinch qurbonlar haqida Internetda e’lon qilgan postlari bo‘lib qoldi - ular davlat hosil qilgan sukunat bo‘shlig‘ini to‘ldirdi.
Hozirgi paytda esa butun Eronda Internet o‘chgan. Bir paytlar xorijdan imkonli bo‘lgan axborot agentliklarining veb-saytlari "ochilishi qiyin", ba’zilari umuman ochilmaydi. Davlatga qarashli veb-saytlarga yuklangan foto va videolar mamlakat tashqarisida ko‘pincha ochilmaydi. Ko‘p holatlarda hatto bosh sahifa ham yuklanmaydi.
Buning oqibatida shifoxonalarning bombalanishidek hodisalarni yoritishda muvozanat buziladi.
Eronning matbuot ustidan qattiq nazorati va Internet muhitini filtrlashi xorijiy jurnalistlarga hodisa joyidan axborot tarqatishni va mahalliy matbuot uchun erkin faoliyat yuritishni mushkullashtirgan.
Bunday sharoitda hodisaning bor miqyosini qamrab olish - insoniy talofatlar, kontekst va oqibatlarini anglab yetish deyarli imkonsiz ishga aylanadi. Bu esa o‘z navbatida global muloqotda Eronning "ziyoniga ishlaydi".
Raketa qatori aytadigan gapi ham muhim bo‘lgan urush sharoitida Eron o‘zining ovozini o‘zi "bo‘g‘ib qo‘ygan".












