O‘zbekiston Islomiy harakati yana O‘zbekiston uchun tahdidga aylanadimi? Video

- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 27 daq
Afg‘onistondagi o‘zbekistonlik jangarilar kuchayishning yangi imkoniyatini topishdimi?
Jahon miqyosidagi yangilik shu kunlarda O‘zbekiston va mintaqa xavfsizligi bilan bog‘liq yangi xavotirlarni ham paydo qilmay qolmadi...
O‘zbekistonlik jangarilarning 'qurollanayotgani' ma’lum bo‘ldi – bu O‘zbekiston uchun tahdidmi? Tafsilotlari uchun videomizni ham tomosha qiling:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Afg‘oniston dunyoning O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston - uch Markaziy Osiyo davlatiga chegaradosh davlati bo‘ladi.
Dunyoning boshqa o‘nlabi qatorida eng yirigi ilova qator O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan, jang qilgan va hozir ham jon saqlab kelayotgan sanoqli mamlakatlaridan biri.
O‘zbekiston Islomiy harakati eng so‘nggida to‘lig‘icha bay’at keltirgan Yaqin Sharqdagi IShID guruhining bugungi kundagi eng jangovar va eng halokatli qanoti sifatida e’tirof etilayotgan Xuroson qanoti qayta kuchayishga muvaffaq bo‘lgan va bu Markaziy Osiyo hukumatlarida allaqachon jiddiy xavotirlarni paydo qilib bo‘lgan davlat.
Uzoq yillik urushlar girdobidagi, so‘nggi chorak asrning o‘zida Afg‘oniston Tolibon harakati misolida bir jangari guruh ikki bor hokimiyatni egallagan yagona mintaqa mamlakati.
Afg‘oniston Tolibon harakati yaqin-yaqingacha mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan, ja’mi a’zolari va tarafdorlarining soni 200 mingdan ortishi aytilgan, qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay esa, muvaqqat hukumati mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish rejasini oshkora bayon qilgan tashkilot.
Turli jangari guruhlarning qanchalik kuchaygani fonida 2001 yilning 11 sentyabr kuni Nyu-Yorku Vashingtonga qarshi uyushtirilgan va xuddi o‘sha paytda O‘zbekiston Islomiy harakatining ham yaqin ittifoqchisi ko‘rilgan "al-Qoida" amalga oshirgani da’vo qilingan qo‘shaloq hujumlar sabab, Afg‘onistondagi tan olinmagan dastlabki tuzumi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tomonidan ag‘darilgan, bu galgisining taqdiri ham qudratga qaytishidan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tib hamki, hanuz noayon qolayotgan, o‘zi takroran rad etib kelayotgan bo‘lsa-da, oxirgi paytlarda rahbariyati orasida ichki nizolar kuchayib borayotgani aytiluvchi harakat.
Boshqa tomondan, Afg‘onistonda qudratga qaytishidan hech qancha o‘tmay, yakka o‘zi jadal qurib, bitkazishga kirishgan va Markaziy Osiyo davlatlari barchasining jiddiy xavotirlariga sabab ziddiyatli Qo‘shtepa kanali ham voqealarning so‘nggi rivoji fonida alohida e’tiborga molik yana bir masala bo‘ladi.
Chunki aynan suv resurslari taqsimoti ham suvga chanqoq mintaqada urushga yetaklashi mumkin bo‘lgan eng hassos muammolardan biri sifatida ko‘riladi.
Shu kabi bir manzarada Bi-bi-si manbalarining xabar berishicha, Afg‘onistonda AQSh harbiylari tomonidan qolgan, sobiq afg‘on hukumat kuchlariga berilgan va Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilgan yarim million qurol yo‘qolgan, sotilgan yoki kontrabanda yo‘li bilan boshqa jangari guruhlar ixtiyoriga o‘tkazilgan.
AQSh Afg‘onistonda qiymati $7 milliard dollarga teng harbiy texnika qoldirgan bo‘lsa, ularning 70 foizi Tolibon nazoratiga o‘tgan.
Sobiq afg‘on mulozimining o‘z ism-sharifini ochiqlamaslik sharti bilan Bi-bi-siga aytishicha, 2021 yilda Afg‘onistonda qayta hokimiyatni egallashi va mamlakatning G‘arb tomonidan dastaklangan amaldagi hukumati qulashi ortidan, Tolibon aksariyati Amerika Qo‘shma Shtatlarining puliga kelgan bir millionga yaqin qurol-aslaha va harbiy jihozni qo‘lga kiritgan.
Agar Bi-bi-si o‘rgangan ma’lumotlar va ayrim G‘arb nashrlaridagi xabarlarga tayanilsa, ularning orasida harbiy samolyotlar, o‘nlab qiruvchi vertolyotlar, katta sondagi zirhli mashinalar, kichik yuk ulovlari, tanklar, tanklarga qarshi raketalar, o‘n minglab himoyaviy qurollar, o‘n mingdan ortiq havo-er tasnifidagilari ilova millionlab o‘q-dori va raketalar, aloqa vositalari, o‘q o‘tmas bronijeletlar, ko‘zni chalg‘ituvchi harbiy liboslargacha bor.
Aynan Afg‘onistondagisi Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixidagi eng uzoq urush bo‘lgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining joriy yil fevral oyidagi hisobotida ta’kidlanishicha esa, "al-Qoida"ning O‘zbekiston Islomiy harakati kabi hamkorlari ham Tolibon qo‘liga o‘tgan qurol-aslahaga imkonli bo‘lishgan yoki ularni qora bozordan xarid qilganlar.
O‘zbekiston Islomiy harakati bo‘ladimi, Sharqiy Turkiston Islomiy harakati va yoki Yamandagi "Ansarulloh" – xalqaro tashkilot maxsus qo‘mitasi hisobotida ular qo‘lga kiritgan qurol-aslaha, harbiy jihoz turi va soni hozircha ochiqlanmagan.
Bu kabi jangari guruhlar orasida IShIDning Xuroson qanoti yoki O‘zbekiston Islomiy harakatining sobiq a’zolari asos solgani aytiluvchi hamda "al-Qoida" tarmog‘iga ham aloqador ko‘riluvchi Islomiy Jihod Ittifoqi va yo-da "Imom Buxoriy" katibasining bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas, Birlashgan Millatlar Tashkiloti maxsus qo‘mitasining hisobotida ularning nomi alohida tilga olinmaydi.
Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlaridagi tahlillarga tayanilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan qolgan harbiy aslaha Afg‘onistonni jangari guruhlar uchun qurol-yarog‘ omboriga aylantirgan.
Ular chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonda paydo bo‘lgan xavfsizlik bo‘shlig‘i isyonchilik, chegaraosha terrorizm va Janubiy Osiyo hanuz iskanjasida bo‘lgan mintaqaviy qudratlar o‘rtasidagi o‘yinni kuchaytirgan.
"Qayta sotilgan bu qurol-aslahalardan ayrimlari Kashmirdagisidan tortib, Yaqin Sharqdagi mojarolarga qadar kirib borgan".
Mazkur xabar va bayonotlarga Afg‘onistonga chegaradoshlari ilova mintaqa davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo voqealarning so‘nggi rivoji afg‘on tuprog‘ida biror bir xorijiy askarning hozirligi bo‘lmagan, kattayu kichik minbarlardan yangrayotgan bayonotlari mazmuniyu, o‘tkazib kelayotgan turli harbiy mashg‘ulotlari misolida Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi birdek Afg‘oniston tahdididan hanuz jiddiy xavotirda ekanliklari ko‘rilayotgan va rasman tan olinmaganiga qaramay, eng avvalo mintaqa xavfsizligi o‘yida ular hammasi Tolibon bilan muloqotu aloqalarini kuchaytirayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
So‘nggi bir necha oyning o‘zida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya hattoki birinchilardan bo‘lib Afg‘oniston Tolibon harakatini ketma-ket o‘zlarining "terrorchi tashkilotlar ro‘yxati"dan chiqarishgacha borishgan, bu kabi kutilgan va kutilmagan qarorlari bilan dunyo bo‘ylab sarlavhalarga ham chiqishgan.
Ularning Tolibon muvaqqat hukumati bilan allaqachon turli yirik mintaqaviy loyihalar rejasiyu ijrosida ekanliklari ham ko‘rilgan.
Voqealarning Afg‘onistondagi AQSh texnikasi bilan bog‘liq so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, allaqachonoq xuddi shu loyihalar taqdirini xavf ostiga qo‘yishi mumkin, degan qo‘rquvlarga ham zamin yaratib bo‘lgan.
Rossiyaning tajovuzidan oldin AQSh Afg‘onistondagi vertolyotlaridan ayrimlarini Ukrainaga berganiga oid xabarlar ham olingan.
Buning ortidan Rossiya qurol-yarog‘ ilinjida Tolibonga murojaat qilganiga oidlarini esa, Oq uy rad etib chiqqan.
Aks-sadolar

Surat manbasi, Getty Images
Ayni manzarada Pokiston ayni masalada o‘zining rasmiy munosabatini bildirgan Afg‘onistonga chegaradosh birinchi mintaqa davlati bo‘lgan.
Rasmiy Islomobod Afg‘onistonda qoldirilgan AQSh texnikasidan qanchalik xavotirda ekanliklarini shu yil boshida rasman va oshkora bayon qilgan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi, "Afg‘onistonda AQSh zamonaviy qurol-aslahasining borligi mamlakatlari va uning fuqarolari xavfsizligi uchun jiddiy tashvish tug‘dirishi"ni ta’kidlagan.
Matbuot kotibining ayni xususdagi rasmiy bayonotida aytilishicha, "bu qurollar terrorchi tashkilotlar, jumladan, Pokiston Tolibon harakati tomonidan Pokistonda teraktlar uyushtirish uchun ishlatilgan".
Unga ko‘ra, "Afg‘onistonning amaldagi hukumatini bu qurol-aslahalar yanglish qo‘llarga tushib qolmasligi uchun barcha lozim choralarni ko‘rishga ham undashgan".
Aynan so‘nggi paytlarda Pokistonga Afg‘onistondan chegaraosha hujumlar kuchaygan, Pokiston Tolibon harakatining qanchalik faollashib borayotgan ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi tanglikni kuchaytirayotgan eng dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Pokiston va Afg‘oniston chegarasidagi chegaraosha hujumlar ham uch Markaziy Osiyo davlati ilova uning boshqa qo‘shnilari chegaralari xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
So‘nggi xabarlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliy qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalar monitoringi ekspertlarining Afg‘onistonda hanuz 20 dan ortiq terrorchi guruh faoliyat yuritayotgani mamlakat barqarorligi, shuningdek, Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarning xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirganiga oid xulosalari manzarasida ham olingan.
Ularning shu yil fevral oyidagi hisobotlarida ta’kidlanishicha, "al-Qoida" tarmog‘i qo‘shni davlatlarda o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Islomiy harakati kabi xorijiy mintaqaviy terrorchi tashkilotlar bilan ham hamkorligini rivojlantirishga intilgan.
"Tolibon butun Afg‘oniston bo‘ylab boshpanalar bo‘ladimi yoki tayyorgarlik jamloqlari – tarmoqning mamlakatda o‘rnashib olishiga qulay shart-sharoit yaratishga intilgan".
AQSh prezidenti Donald Tramp esa, yangi ma’muriyati a’zolari bilan ilk yig‘inida hatto Afg‘onistonda qiymati $85 milliard dollarga teng zamonaviy qurol-aslaha qolganligini ham iddao qilgan.
"Afg‘oniston dunyodagi eng ko‘p harbiy texnika sotayotgan davlat ekanini aytib, o‘zi qo‘ygan nega ekani savoliga, chunki ular biz qoldirgan texnikani sotishyapti", - deb javob bergan.
"Ishonasizmi? Ular 777 000 ta miltiq, 70 000 zirxli qoplamali ... yuk ulovlari va transport vositalarini sotishmoqda... bizniki bo‘lgan va biz ularga qoldirgan 70 000 ta mashina. Menimcha, biz ularni qaytarib olishimiz kerak", - deb aytgan Tramp.
Ammo, ayni mavzuni yaqindan o‘rgangan Bi-bi-si Dariy xizmati xodimlariga ko‘ra, bu pullar tayyorgarlik ishlari va maoshlarga ham sarflangani bois, Tramp keltirayotgan raqamlar bahsli.
Ularning ta’kidlashlaricha, Afg‘oniston, shuningdek, Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot institutining o‘tgan yilgi eng yirik qurol-yarog‘ eksport qiluvchi 25 davlat sirasiga kirmagan.
AQShning Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha maxsus Bosh nazoratchisi (SIGAR) tomonidan qayd etilgan qurollar soni esa, Bi-bi-si manbalari keltirganidan kamroq, ammo u o‘zining 2022 yilgi hisobotida bu xususda aniq ma’lumot ololmaganini tan olgan.
Lekin o‘n yildan ortiqroq vaqt mobaynida "Mudofaa vazirligining Afg‘onistondagi jihozlarni nazorat qilish jarayonida kamchiliklar va muammolar bo‘lgani"ni ham qo‘shimcha qilgan.
SIGAR, shuningdek, AQSh Davlat departamentini "Afg‘onistonda qoldirilgan jihozlar va mablag‘lar haqida cheklangan, noto‘g‘ri va kechikib ma’lumot berish"da ham ayblagan.
Qo‘shma Shtatlar urush zonalarini tark etganida ko‘pincha og‘ir texnikasini ortda qoldiradi, bunga asosiy sabab ularni qaytarish qiymati o‘zini oqlamasligi ekani aytiladi.
2010 yillar boshlarida esa, Afg‘onistondan chiqishga hozirlik ko‘rayotgan AQSh va NATO kuchlarining ulkan miqdordagi harbiy texnikasining katta qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qoldirishni rejalayotganiga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatgan, o‘shanda bundan tashvish bildirgan tomon Rossiya bo‘lgandi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘shanda "terrorga qarshi urushi"da Amerika Qo‘shma Shtatlarining harbiy bazalariga o‘z hududlaridan joy bergan ikki Markaziy Osiyo davlati ham bo‘lishgan.
2015 yilning boshida inson huquqlari bilan bog‘liq abgor vaziyat sabab, O‘zbekistonga kiritgan qurol-yarog‘ eksporti embargosini bekor qilishidan bor-yo‘g‘i uch yil o‘tib, rasmiy Vashingtonning O‘zbekistonga uch yuzdan ortiq minaga chidamli pistirmadan himoyalangan (MRAP) zirxli transport vositalarini berayotgani hatto G‘arbda ham sarlavhalarga chiqqan yangilikka aylangan.
Ukraina urushining ilk yilida esa, poytaxt Toshkentdan Amerika tomoni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar qo‘shinlariga 50 dona Polaris MRZR rusumidagi yengil-taktik jangovar ulovlarni hadya qilganiga oid xabarlar olingan.
Tramp istagi...

Surat manbasi, Reuters
Tramp Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan o‘zining siyosatini ochiqlamagan.
Ammo qudratga qaytishi arafasida va qaytganidanoq Afg‘oniston masalasida eng ko‘p e’tibor qaratgan nuqtalardan biri aynan u yerda qolgan AQSh harbiy texnikasi bo‘lgani ko‘rilgan.
AQSh va NATO boshchiligidagi ittifoq kuchlari yigirma yillik harbiy hozirliklari ortidan Afg‘onistonni 2021 yilning avgustida butkul tark etishgan.
Aynan Donald Trampning ilk prezidentligi davrida rasmiy Vashington va Afg‘oniston Tolibon harakati o‘rtasida imzolangan ilk "tarixiy bitim" bunga imkon bergan, xuddi shu kelishuv, boshqa tomondan, toliblarning yana qudratga qaytishiga ham yo‘l ochgan.
Ammo ijrosi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Demokratchi prezidenti Joy Bayden boshqaruvi paytiga to‘g‘ri kelgan xuddi shu ommaviy safarbarlik qanchalik shosha-pisha va pala-partish amalga oshirilgani bilan butun dunyoning e’tiborini o‘ziga tortgan.
Bu va o‘shanda Afg‘onistonda qoldirilgan katta miqdordagi AQSh harbiy texnikasi masalasi keyinchalik Respublikachi va Demokratchi jamloq o‘rtasida o‘zaro ayblov mavzusiga aylangan, sabablari maxsus o‘rganilgan, qator tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Tramp o‘sha paytda Afg‘onistonda qoldirilgan AQSh harbiy texnikasi masalasiga ikkinchi bor prezidentlikka qaytishi arafasida ham, qaytishi bilanoq ham e’tibor qaratgan.
U har ikki gal ham AQSh bu harbiy texnikani ortga qaytarishi kerakligini ta’kidlagan.
Izohi esa, ulardan ayrimlarining Tolibon tomonidan harbiy paradlar chog‘ida g‘alabalari timsoli sifatida ko‘z-ko‘z qilinishiga toqat qila olmasligi mazmunida bo‘lgan.
Trampdan o‘shanda Afg‘onistondan ortga safarbarlikni rejalagan harbiy zobitlarga chora ko‘rish-ko‘rmasliklari ham so‘ralgan.
Shu yil fevral oyida esa, Tramp bunga aloqador bo‘lgan harbiy generallarning "har bittasi" ketishi kerakligini aytganiga oid xabarlar ham olingan.
Trampning AQSh harbiy texnikasini ortga qaytarish lozimligi haqidagi chiqishlari o‘shanda ayrim G‘arb nashrlarida bu hatto Afg‘onistonning qayta ishg‘olini taqozo etishi mumkinligiga oid talqinlarga ham turtki bergan.
Tolibonning 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshlaridagi Afg‘onistondagi ilk tuzumini ham AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari qulatishgan.
O‘shanda rasmiy Vashingtonning "terrorga qarshi urushi"ga Markaziy Osiyo davlatlari ham birdek bosh qo‘shishgan.
Bunga o‘shanda 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorku Vashingtonga uyushtirilgan va aynan Tolibon harakatining Afg‘onistondan boshpana topgan eng yaqin ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog‘ining hozirda marhum lideri Usama bin Lodin ayblangan qo‘shaloq hujumlar sabab bo‘lgan.
Donald Tramp, boshqa tomondan, agar o‘z harbiy texnikalarini qaytarmasa, Afg‘onistonga Amerika Qo‘shma Shtatlarining barcha moliyaviy ko‘maklarini kesib qo‘yishlari bilan ham po‘pisa qilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Tolibon qudratga qaytishi ortidan ham, Afg‘onistonning eng yirik tashqi donoriligicha qolayotgan yagona davlat bo‘ladi, ular berib kelayotgan moliyaviy yordamlar miqdori bir necha milliard dollarga baholanadi.
Afg‘onistondagi qolgan siyosiy fraktsiyalar bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqarib, hokimiyatni kuch bilan egallashi va inklyuziv hukumat tuzish ilova xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy talablarni bajarmay kelayotgani bois, mamlakatga yirik miqdordagi boshqa xorijiy ko‘maklar to‘xtatilgan va hanuz tiklanmagan, Afg‘onistonning chetdagi milliardlab dollarlik aktivlarining ham deyarli barchasi muzlatilganicha qolayotir.
Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston esa, so‘nggi yillarda nufuzli xalqaro hisobotlarda aynan u yerdagi ijtimoiy, iqtisodiy vaziyat sabab, millionlab sondagi aholisi ochlikka yuz tutishi, mamlakatning o‘zi "Yer yuzining jahannami"ga aylanishiga oid jiddiy xavotirlarga sabab davlatlardan biri bo‘ladi.
Xuddi shu ehtimolning ham mintaqa xavfsizligiga ta’siri Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari qolib, bugungi kunda, hatto, Rossiyaning ham chuqur tashvishlariga molik masalasi ekani ko‘riladi.
Bularning barchasi bois, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga yirik miqdordagi xorijiy moliyaviy ko‘maklar mamlakatning o‘zi qolib, butun mintaqa uchun ham eng hassos mavzulardan biri bo‘ladi.
Boshqa tomondan, Pentagonning Afg‘onistondagi eng hassos va ilg‘or AQSh harbiy texnikasining aksariyati yaroqsiz ahvolga keltirib, tashlab ketilganiga oid izohlari ham ular bilan bog‘liq so‘nggi paytlarda bo‘y ko‘rsatayotgan xavotirlarni arita olmagan.
"Al-Qoida"ning O‘zbekiston Islomiy harakati kabi hamkorlari ham Tolibon qo‘liga o‘tgan qurol-aslahaga imkonli bo‘lishgani yoki ularni qora bozordan xarid qilganliklariga oid Birlashgan Millatlar Tashkilotining shu yil fevral oyidagi hisobotiga bu jangari guruhlarning munosabati ham hali-hanuz ko‘zga tashlanmaydi.
Tolibon nima deydi?

Surat manbasi, Getty Images
Tolibon "urush o‘ljasi" ekanini aytib, ulardan birortasini ortga qaytarish niyati yo‘qligini bayon qilgan.
AQSh Prezidenti Donald Trampning Afg‘onistondagi AQSh harbiy texnikasi bilan bog‘liq chiqishlariga muvaqqat Tolibon hukumatining munosabati bosh so‘zchisi Zabihulloh Mujohid nomidan yangragan.
Bu haqda Afg‘oniston davlat televideniesi orqali gapirgan Zabihulloh Mujohid, "mazkur qurol-aslahalarni sobiq hukumatdan qo‘lga kiritganliklari, ulardan mamlakatni himoya qilish va har qanday tahdidlarga qarshi kurashish uchun foydalanishlari"ni aytgan.
Tolibonning kattarib borayotgan armiyasi asosan xuddi shu texnikaga tayanadi, ulardan ayrimlari o‘tgan uch yil ichida Afg‘onistonda qudratga qaytishlarining sanasi munosabati bilan uyushtirib kelayotgan harbiy paradlarida ham namoyish etadi, o‘z g‘alabalarining timsoli sifatida ko‘rsatishni xush ko‘radi.
Xabarlarga ko‘ra, AQShning qurollaridan samarali foydalangan Tolibon qisqa vaqtning o‘zida jang qilishga qodir armiya tuzib, "Milliy qarshilik jabhasi" va IShIDning Xuroson qanoti kabi raqib guruhlardan ustunlikka erishgan.
Lozim malakaga ega odamlari yo‘qligi bois, hali "Black Hawk" rusumidagi qiruvchi vertolyotlar kabi zamonaviy AQSh harbiy texnikasini qo‘llashgacha bormagan bo‘lsa-da, o‘zining harbiy amaliyotlarida "Hamvi" kabi zirxli ulovlari va ayniqsa, M4, M16 kabi yengil qurol-yarog‘laridan allaqachon bemalol foydalanayotir. Amerikaning minaga chidamli pistirmadan himoyalangan ulovlari,.. va samolyotlar kabi ba’zi og‘ir naqliyot vositalarini ta’mirlash va ishlatishga ham muvaffaq bo‘lgan.
So‘nggi oylarda ayrim nufuzli G‘arb nashrlarida bo‘y ko‘rsatgan xabarlarda aytilishicha esa, AQSh harbiy texnikasini ortga qaytarmaslik ahdida qat’iy bo‘lgan Tolibon, aksincha, IShIDning Xuroson qanotiga qarshi kurashishlari uchun o‘zlariga yanada ko‘proq yarog‘, o‘q-dori va zamonaviy qurollar kerakligini ham aytgan.
Rasmiy Vashington bilan 2021 yilda imzolagan o‘sha "tarixiy" bitim shartlariga asosan esa, Afg‘oniston Tolibon harakati biror bir guruhning afg‘on tuprog‘idan turib, chetga hujum uyushtirishiga imkon bermaslik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan va bu ahdiga sodiq ekanini izchil ravishda takrorlab keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023 yilgi hisobotida aytilishicha, Tolibon mahalliy qo‘mondonlarga ular qo‘lga kiritgan AQSh qurollarining 20 foizini o‘zlarida qoldirishga ruxsat bergan, bu esa Afg‘onistonda qora bozorlarning gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan.
Xalqaro tashkilotga ko‘ra, "qudratni mustahkamlash uchun mahalliy qo‘mondonlar va jangchilar o‘rtasida qurol sovg‘a qilish keng qo‘llaniladi. Qora bozor esa, Tolibon uchun boy qurol-aslaha manbai bo‘lib qolmoqda".
Bu qo‘mondonlar Tolibonga aloqador bo‘lishsa-da, ularning aksariyat hollarda o‘z mintaqalarida anchayin mustaqil ekanliklarini ham ayni mavzu manzarasida alohida e’tibor topgan, urg‘ulangan nuqtalardan biriga aylangan.
Qandahordagi sobiq jurnalistning Bi-bi-siga aytishicha, Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan keyin bir yil davomida u yerda ochiq qurol-yarog‘ bozori faoliyat yuritgan, keyin esa, u WhatsApp ga ko‘chgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu onlayn bozorda badavlat shaxslar va mahalliy qo‘mondonlar eski va yangi AQSh aslahalari hamda asosan ular tomonidan dastaklangan kuchlar tomonidan qoldirilgan harbiy jihozlar bilan savdo-sotiq qilishadi. Bu jihozlarning ko‘pchiligi ham qurol-yarog‘lar ekani aytiladi.
Ammo ayni mazmundagi xabarlarda ular mijozlarining kimliklari, bu bozorning kattami-kichikligi va qanchalik faol ekani ochiqlanmaydi.
Tolibon hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat esa, Bi-bi-siga bu qurol-aslahani asrash va saqlashga jiddiy yondashishlarini aytgan.

Asos va hassos masala

Tolibon hukumati Afg‘onistondagi AQSh harbiy texnikasi yuzasidan o‘ta hassos.
2021 yilda afg‘on uchuvchilari tomonidan havo hududlarini buzib, O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochilgan o‘nlab AQSh harbiy aviatexnikasining taqdiri ham o‘zi Afg‘onistonda qudratga qaytgan so‘nggi to‘rt yilcha vaqt ichida Tolibon hukumati diqqat-e’tiborida turgan eng asos masalalardan biri ekani ko‘riladi.
Bu xususda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi har qanday muhokama yoki kelishuv tafsilotlariga befarq emas, munosabatini uzoq kuttirmaydi va oshkora bildirib keladi.
Orada Afg‘oniston muvaqqat Mudofaa vaziri ayni masala yuzasidan mintaqa davlatlariga ogohlantirish bilan chiqishgacha borgan.
Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid AQSh harbiy avitexnikasi olib qochilgan davlatlar ularni Afg‘onistonga qaytarishmasa, "buning oqibatlariga yuz tutishlari" bilan po‘pisa qilgan.
U, o‘shanda "bizni majbur qilishmasin, yaxshilik bilan qaytarishsin, hafsalamizni pir qilishmasin", derkan, "qo‘limizdagi bor imkoniyatlardan foydalanib, kuchimizni ko‘rsatib qo‘yamiz", degan so‘zlargacha qo‘llagan.
Tolibon muvaqqat Milliy Mudofaa vazirining ayni mazmundagi bayonoti ortidan, O‘zbekiston tomoni mazkur aviatexnika Amerikaning mulki ekani va ularga qaytarilishini aytib chiqqan.
Pentagon vakili ularning "Tolibon foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmasligiga ishonch" ham bildirgan.
Ammo Amerika tomonining bu o‘zlarining mulklari ekani va rasmiylarning ulardan aksariyati O‘zbekiston ixtiyoriga topshirilganiga oid bayonotlari ham Tolibon hukumatini mazkur aviatexnikani Afg‘onistonga qaytarish talabidan qaytara olmagan.
Vazirlik shu yil fevral oyida "Black Hawk" rusumidagi yetti qiruvchi vertolyotning O‘zbekistondan Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilganiga oid xabarlardan Islomiy Amirlik xavotirda ekanligini bildirgan.
Tolibon Mudofaa vazirligi o‘zining so‘nggi bayonotida ham mazkur vertolyotlarning Afg‘onistonga tegishli ekanini qayta bayon qilgan.
Ular sobiq ma’muriyat mulozimlari qochgan paytda, O‘zbekistonga o‘tib qolgani va Afg‘onistonga qaytarilishi kerakligini yana bir bor ta’kidlagan.
O‘zlarining bu vertolyotlarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilishini "hech qanaqasiga qabul qila olmaslik"larini ham bildirgan.
Tolibon Mudofaa vazirligi buning sababini "Afg‘oniston xalqi o‘z haqqini himoya qilish va talab qilish huquqiga ega ekani, shuning barobarida, qo‘shni davlatlar ham afg‘onlarning huquqlarini hurmat qilishlari shart" ekanligi bilan izohlagan.
Ammo, shunday derkan, mintaqadagi biror bir mamlakatdan alohida nom tutmagan, aks-holdagi oqibatlariga ham xosan to‘xtalmagan.
Vazirlik o‘zining bayonoti so‘nggida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ushbu vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarish yo‘lida har xil to‘siqlar yaratishning o‘rniga, ularni afg‘onlarga qaytarishni talab qilgan.
Tolibon Mudofaa vazirligining so‘nggi bayonotida yangragan da’vat va talablarga rasmiy Toshkent va rasmiy Vashington munosabati hozircha ma’lum emas.
2010 yil boshlarida esa, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonda qo‘llanilgan Amerika harbiy texnikasini hali ham qo‘lga kiritishlari mumkinligi, biroq ular bu yo‘lda paydo bo‘lgan raqobatda o‘z janubiy qo‘shnilari – Afg‘oniston, Hindiston va Pokistonga yutqizib qo‘yishayotganiga oid xabar ham bo‘y ko‘rsatgandi.
Donald Trampning so‘nggi AQSh prezident saylovidagi g‘alabasi Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining ham e’tiboridan chetda qolmagan.
O‘shanda Tolibon hukumatining muvaqqat Tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqqan.
"Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat "AQSh-Tolibon munosabatlarida sezilarli taraqqiyotga erishish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun real qadamlar tashlashiga umid qilayotganlik"larini aytgan.
Tolibon yangi AQSh ma’muriyati bilan aloqalarini yangidan boshlash, Afg‘onistonning chetda muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik aktivlariga imkonli bo‘lish va hukumatining rasman tan olinishini istaydi.
Tramp qudratga qaytgan qisqa vaqtning o‘zida tomonlar bir emas, bir necha bor mahkumlarni almashishga ham ulgurishgan.
Bu ham so‘nggi oylarda Tramp ma’muriyati va Tolibon Afg‘onistoni bilan bog‘liq xalqaro miqyosda sarlavhalarga chiqqan yangiliklarga aylangan.
Afg‘oniston Suriya va Iroq bilan birga dunyoning O‘zbek jangari guruhlari eng ko‘p jang qilgan uchta davlatidan bittasi bo‘ladi.
Ular o‘z vaqtida Afg‘oniston Tolibon harakati barobarida aynan "al-Qoida"ning yaqin ittifoqchilari sifatida ko‘rilishgan.
Xalqaro harbiy doiralarda eng yirik O‘zbek jangari guruhiga nisbat berilgan O‘zbekiston Islomiy harakati esa, keyinchalik Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga ham bay’at keltirgan.
Bugun uning eng halokatli ekani aytiluvchi Afg‘onistondagi Xuroson qanoti saflarida ham Markaziy Osiyoliklar oz emas.
Guruh so‘nggi yillarda, ayniqsa, Tojikiston fuqarolarini ko‘proq yollashga intilayotgani, hozir "yollayotgan odamlarining yarmi" ularning hissasiga to‘g‘ri kelishi yaqinda ayrim yetakchi G‘arb nashrlari sarlavhalariga ham chiqqan.
Islomiy Jihod Ittifoqi bo‘ladimi yoki "Imom al-Buxoriy" katibasi - mintaqa hayotida bo‘y ko‘rsatgan yangi O‘zbek jangari guruhlarining aksariyatiga ham O‘zbekiston Islomiy harakati sobiq a’zolari tomonidan asos solingani aytiladi.
Agar, ikkinchi hukumati ham xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmasa, mamlakatda iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashsa, Tolibon xuddi 90-yillarda bo‘lganidek, Afg‘onistonda yana turli terrorchi guruhlarning kuchayishiga yo‘l ochishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.
O‘zbekiston Islomiy harakati
Antonio Justotstsi
Xalqaro ekspert

Surat manbasi, scrinshot
O‘zbekiston Islomiy harakati jihodchilar olamida ancha payt eng tanilgan nomlardan biri bo‘lgan.
2001 yilda Pokistonning Vaziristonidan boshpana topgach, harakat "al-Qoida"ga juda yaqinlashadi.
Amerikaning harbiy amaliyoti ortidan, Tolibonning jihodini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Ammo 2009-2010 yillarga kelib, "al-Qoida" yetakchilari va Qandahor Toliboni orasidagi tanglik yanada jiddiy tus oladi.
O‘zbekiston Islomiy harakati bunga ularning Arab ittifoqchilaridan ko‘ra ancha keskin munosabat bildiradi.
Jihodchilar safida Tolibon muzokaralar yo‘li bilan kelishuvga intilayotgan haqida mish-mishlar tarqala boshlagach, O‘zbekiston Islomiy harakati toliblarning Kvetta Sho‘rosi bilan aloqalarini uzadi.
Harakat buning ortidan o‘zini "Haqqoniy" tarmog‘i va yangi bo‘y ko‘rsatayotgan Peshovar Sho‘rosi bilan uyg‘unlikda ko‘ra boshlaydi.
2012 yilga kelib, O‘zbekiston Islomiy harakati uchta yetakchisini yo‘qotadi:
2001 yilda Juma Namangoniy, 2009 yilda Tohir Yo‘ldosh va 2012 yilda Abu Usmon Odil o‘ldiriladi.
Xuddi shu paytda O‘zbekiston Islomiy harakati saflarida bo‘linish boshlanadi.
Harakat yig‘ilib, o‘zining yangi yetakchisini saylarkan, eng ko‘p ovozni Abu Usmon Odilning muovini bo‘lgan Usmon G‘oziy oladi.
Tohir Yo‘ldoshning o‘g‘illaridan biri - Abdul Aziz esa, bunga rozi bo‘lmaydi, ammo e’tirozi besamar qolgach, harakat saflaridan ajralib chiqadi.
2014 yilda Pokiston hukumat kuchlari mamlakatning qabilalar yashovchi mintaqalarida Pokiston Tolibon harakatiga qarshi maxsus harbiy amaliyotga qo‘l uradi.
Harbiy amaliyot Usmon G‘oziyni 350-400 nafar jangarisi bilan birga Pokistondan Afg‘onistonning janubiy-sharqiy Zobul viloyatiga o‘tishga majbur qiladi.
Abdul Aziz esa, 150-200 tacha odami bilan sharqiy Kunarga keladi, ammo keyinchalik Afg‘onistonning shimoli-g‘arbiga ketadi.
2015 yilda mintaqada IShID jangari guruhining Xuroson qanoti bo‘y ko‘rsatadi.
Usmon G‘oziy Afg‘onistonda ekan, o‘z guruhi bilan birga IShIDga to‘lig‘icha bay’at keltiradi.
Shundan keyin Tolibonning IShID va O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilarini Zobuldan siqib chiqarishga qaratilgan yirik amaliyoti qarshisida qoladi.
O‘zbekiston Islomiy harakati Zobulda juda og‘ir talafotlar beradi, ko‘plab oila a’zolari bilan birga Usmon G‘oziy o‘zining ham o‘ldirilgani aytiladi.
Usmon G‘oziy allaqachon IShIDga qo‘shilishga qaror qilgan bo‘lsa-da, aynan Zobuldagi janglar harakatning Tolibonga qarshi adovatini yanada kuchaytiradi.
Harakat omon qolgan jangarilarining aksariyati IShIDning Xuroson qanoti saflariga kirishadi.
IShID Xuroson qanotining ayrim sara bo‘linmalari xuddi shu jangarilardan tashkil topadi va ular ancha-muncha xudkush hujumchi ham yetkazib berishadi.
Afg‘oniston shimoli-g‘arbida o‘zining guruhi bilan yakkalanib qolgan Abdul Aziz esa, qanchalik tanqidga tutmasin, 2015 yilda o‘zini Tolibon harakatining yangi lideri, deb e’lon qilgan Axtar Muhammad Mansurga bay’at keltirishga majbur bo‘ladi.
O‘zbekiston Islomiy harakatining omon qolgan ayrim jangarilari esa, "al-Qoida" va Tolibonga moyil boshqa guruhlar himoyasi ostida Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatida to‘planishadi.
IShID Xuroson qanoti 2019-2020 yillarda Afg‘oniston sharqida ustma-ust og‘ir mag‘lubiyatga uchrashi va ko‘plab Markaziy osiyoliklarning guruhga o‘z ishonchlarini yo‘qotishlari ortidan, ularga yana boshqalar ham qo‘shilishadi.
2021-2022 yillarda Afg‘oniston shimoli-g‘arbi, shimoli-sharqi va Kunar(eng kichigi)da O‘zbekiston Islomiy harakatining uchta guruhi yuzaga keladi.
Ammo Abdul Aziz 2020 yil noyabrida o‘ldirilgani bois, ular yetakchisiz edi.
O‘zbekiston Islomiy harakatini birlashtirib, yana bitta guruhga aylantirish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.
Ammo harakatning shimoliy-g‘arbiy tarmog‘i Tolibonning kuchli bosimi ostida qoladi.
Tolibon ularni o‘zining Islomiy Amirligi bilan yangi bitim shartlarini qabul qilishga undaydi.
Mazkur bitim O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilarining Markaziy Osiyoda jihod g‘oyasidan voz kechishlari, boshqa joyga ko‘chib o‘tishlari va Tolibon mas’ullarining nazorati ostida bo‘lishga ko‘nishlarini ko‘zda tutadi.
Harakatning shimoliy-g‘arbiy tarmog‘iga millati o‘zbek bo‘lgan mahalliy toliblar xayrixohlik qilishadi.
Ular, balki, saflaridagi "al-Qoida" tarafdorlari bu vaziyatga chek qo‘yar, degan umidda Tolibon rahbariyatining buyruqlarini qayta-qayta e’tiborsiz qoldirishadi.
2022 yilning 31 iyulida Afg‘onistonda "al-Qoida" yetakchisi Ayman az-Zavahiriyning o‘ldirilishi va unga aksariyat toliblarning munosabati, aftidan, O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilari uchun tub burilish nuqtasi bo‘ladi.
Bu ularni Tolibon global jihodga ortiq ro‘yxushlik bermaydi, degan fikrga yetaklaydi.
Chunki O‘zbekiston Islomiy harakati bo‘linmalarini toliblar orasida yurgan va az-Zavohiriyning izidan tushishga amerikaliklarga Tolibonning ayrim yetakchilari va qanotlari yordam berganiga oid gap-so‘zlar hamda ayblovlardan bexabar, deb bo‘lmasdi.
Nima bo‘lganda ham, shu voqealardan keyin O‘zbekiston Islomiy harakatining shimoliy-g‘arbiy bo‘linmasi tarqala boshlaydi.
A’zolari asta-sekinlik bilan Afg‘oniston shimoli-g‘arbidan g‘oyib bo‘lishadi.
Ular barchasining hozir aniq qaerda ekanliklari ma’lum emas.
Ammo salmoqli qismi IShIDga qo‘shilish uchun aniq Afg‘oniston shimoli-sharqiga ko‘chib o‘tgan.
Yana O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilaridan ayrimlarining Pokistonga yoki Afg‘onistonning Pokiston Tolibon harakati nazorati ostidagi sharqi va janubi-sharqiga yo‘l solishayotganiga oid gap-so‘zlar ham chiqdi.
So‘nggi oylarda Badaxshonda "al-Qoida" nazorati ostida bo‘lganlaridan ba’zilarining IShID tomoniga o‘tganiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatdi.
Joriy yilning bahoriga kelib, Afg‘oniston shimoli-g‘arbida O‘zbekiston Islomiy harakati jangarilari deyarli qolmadi.
Harakatning yana birlashish va Markaziy Osiyoda jihod qilish rejalarini qayta boshlash istiqbollari yo‘qqa chiqdi. (Bu Tolibon Amirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriqni ham anglatgan bo‘lardi).
Bu bilan harakatning o‘ziga yangi lider tanlash imkoniyati ham amalga oshmadi.
"Al-Qoida" ham ularni uzoq muddatga himoya qilishga qodirdek ko‘rinmaydi.
Chunki tarmoq o‘ldirilgan yetakchisi Ayman az-Zavohiriyning o‘rniga rasman yangisini tayinlash va Eronning vasiyligidan qutilishga muvaffaq bo‘lmadi.
O‘zbekiston Islomiy harakati qolgan-qutgan jangarilari vaqt o‘tgan sayin yo‘qolib borayotgandek ko‘rinadi, ya’ni Tolibon bilan urush istiqboliga shubha bilan qarashlariga qaramay, eski a’zolarining aksariyatida IShIDga qo‘shilishdan boshqa yaxshiroq tanlov yo‘q.
Ammo yuzlabi Afg‘oniston va yana yuzlabi Suriyada o‘ldirilganidan keyin harakatning hozirgi va avvalgi a’zolari orasida IShIDning g‘oyasiga ishtiyoq deyarli so‘nib bo‘lgan.
Aslida, IShID saflariga qo‘shilgan sobiq a’zolarining asosiy qismi unchalik faol emas va guruh Xuroson qanotining yetakchilari bilan vaqti-vaqti bilan san-manga ham borib turadi.
Tolibonga taslim bo‘lish istiqboliga esa, jiddiy qaralmaydi, chunki ishonch yo‘q, bunga Tolibon qo‘lga olingan o‘zbekistonlik IShID a’zolarini O‘zbekiston hukumatiga topshirgani haqidagi mish-mishlar bir misol.
Shu kabi chorasiz ahvolda bo‘lgan IShID Xuroson qanoti saflaridagi O‘zbekiston Islomiy harakati sobiq a’zolarining aksariyati, balki, yaxshiroq imkoniyat bo‘y ko‘rsatib qolar deya, Badaxshonning olis vodiylarida yashirinib yurishibdi.
Islomiy Jihod Ittifoqi

Surat manbasi, skrinshot/illyustrativ
Ochiq manbalarda imkonli bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, unga 2002 yilda O‘zbekiston Islomiy harakatidan ajralib chiqqan va "al-Qoida" tarmog‘ining global jihodiga qo‘shilishning o‘rniga e’tiborini O‘zbekistonga qaratish istagida bo‘lgan jangarilar tomonidan asos solingan.
Yangi tashkil topgan paytda nomi Islomiy Jihod guruhi, deb atalgan.
O‘sha paytda Pokistonning Shimoliy Vaziristonidan boshpana topgan, Mir Ali shahrini o‘zining tayanch nuqtasi qilgani aytiladi.
2004 yilda O‘zbekistonda uyushtirilgan qator portlashlarga mas’ul ko‘rilgan. Guruhning o‘zi bu xususda bayonot bilan chiqqan, unda bu kabi amaliyotlarining yana davom etishini ham da’vo qilgan. O‘shanda AQSh va Isroilning O‘zbekistondagi elchixonalari hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi idorasi nishonga olingan.
Xuddi o‘sha yillari uning O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiyada ham yacheykalari borligiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
AQSh hukumati Islomiy Jihod Ittifoqini o‘sha paytda O‘zbekiston hukumatini ag‘darishni maqsad qilib olgan "Al-Qoida"ga aloqador tashkilot, deb tasvirlagan. Guruh Tolibonga ham aloqadorlikda ko‘rilgan.
O‘z nomini Islomiy Jihod Ittifoqiga o‘zgartirgan yili guruh AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi tomonidan "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritilgan.
BMT Xavfsizlik Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, guruhni Najmiddin Jalolov va Suhayl Bo‘ronov tashkil etgan hamda boshqargan. (Kengash ular har ikkisining ham hozirda hayot emasligini bildirib o‘tgan – tahr.).
2008 yilda AQSh Moliya vazirligi ham ikkovlonning ham hisoblarini muzlatib qo‘yishga qaror qilgan.
Ular 2009 yilning aprelida Birlashgan Millatlar Tashkilotining "al-Qoida" tarmog‘i va Tolibonga aloqasi bor shaxslar, deya ro‘yxatiga kiritgan.
BMTning Sanksiyalar qo‘mitasi bu ikki kishi "al-Qoida" jamloqlarida minalar va portlovchi moddalar bo‘yicha maxsus mashqlar olgani hamda Tolibon safida Pokiston va Afg‘onistonda jang qilganini yozgan.
Buning ortidan, Islomiy Jihod Ittifoqi Yevropada yashaydigan musulmonlarni ham go‘yoki o‘z saflariga yollashga urinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Josuslik xizmatlari guruhning Yevropadagi faoliyatidan xavotirda ekani aytilgan.
Ammo "Islomiy jihod ittifoqi"ning tuzilishi va maqsadlari haqida ko‘p narsa ma’lum emas.
Yevropa hukumatlari ham Bo‘ronov va Jalolovning o‘zlari Afg‘oniston-Pokiston chegarasida harbiy tayyorgarlik jamloqlarini ochib faoliyat yuritishayotgani va jumladan, yevrrpalik musulmonlarni ishga yollab, radikallashtirmoqda, degan xavotirda bo‘lishgan.
O‘sha yillari Islomiy Jihod Ittifoqi haqidagi ma’lumotning aksari uning o‘ziga tegishli ekani aytiladigan veb sahifadan olingan, bu internet sahifa Turkiyada ekani va aynan shu yerda guruh internetga videolar, nutqlar va boshqa materiallarni joylashtirishi ishonilgan.
Guruh chop etgan ma’lumotlar va qilgan amaliyotlarga qarab, u nafaqat O‘zbekiston, balki G‘arbda ham o‘z nishonlariga ega deya xulosa qilish mumkin bo‘lgan. Ammo, shu bilan birga, buning ko‘pi bashorat ekani ham ta’kidlangan.
Terror mutaxassislari guruh asosan Pokiston Vaziristonida joylashgan va 200 tacha a’zosiga ega xolos, deb bilishgan.
"Islomiy jihod ittifoqi"ning ajralib chiqqani aytiladigan O‘zbekiston Islomiy harakati bilan ham qanday aloqasi borligi noaniq.
2007 yilning sentyabrida germaniyalik mas’ullar Islomiy Jihod Ittifoqining AQSh va Germaniyadagi mo‘ljallarni nishonga olishga qaratilgan fitnasini fosh etishgani hamda guruhning uch a’zosini qo‘lga olganliklarini ma’lum qilishadi.
2009 yilda Germaniyada guruh a’zolari ustidan mahkama jarayoni ham bo‘lib o‘tadi.
Islomiy Jihod Ittifoqi 2008 yilda Afg‘onistondagi Xavfsizlikni ta’minlash xalqaro kuchlari (ISAF)ga qaratilgan ko‘plab hujumlarga ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan, xuddi o‘sha yili amerikaliklarning Afg‘onistondagi qo‘riqlov postiga ham hujum qilgan.
Guruh 2009 yilda Andijonda uyushtirilgan portlashga ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqan.
2009 yilda o‘zbekistonlik ekanligi aytilgan Najmiddin Jalolovning Pokistonning shimoliy-g‘arbiy Vaziriston mintaqasida amerikaliklar tomonidan uyushtirilgan raketa hujumida halok etilganiga oid xabarlar olingan.
BMT Xavfsizlik Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2004 yilda guruhning Buxoroda uyushtirilgan hujumlarga aloqadorlikda ayblanib, qo‘lga olingan a’zolaridan biriga ko‘ra Najmiddin Jalolov Afg‘oniston Tolibon harakatining hozirda marhum hamasoschisi va dastlabki lideri Mulla Umarni o‘zining yetakchisi, deb bilgan. "Al-Qoida" tarmog‘ining hozirda marhum rahbari Usama bin Lodinga bevosita aloqasi bo‘lgan.
Najmiddin Jalolov tarmoqning Afg‘onistonning Xost viloyatidagi lagerida minalar va portlovchi moddalar bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Bo‘ronov bilan birga Afg‘oniston va Pokistonda Tolibonni qo‘llab, harbiy amaliyotlarda ham ishtirok etgan.
Pokiston Qurolli kuchlarining Vaziriston mintaqasida olib borgan 2014 yilgi yirik harbiy amaliyotlari va Tolibonning Afg‘onistonda qudratga qaytishi ortidan Islomiy Jihod Ittifoqiga nima bo‘lganiga oid ishonchli ma’lumotlar imkonli emas.
Ammo, ochiq manbalarga ko‘ra, guruh orada Afg‘oniston Tolibon harakatining 2016 yilda AQSh dron hujumida o‘ldirilgan yangi rahbari Axtar Mansurga bay’at keltirgan.
Bu ma’lumotlarda da’vo qilinishicha, Ilimbek Mamatov boshchiligidagi guruh hozir 200-250 nafarcha a’zosi bilan Afg‘onistonning Badaxshon, Bag‘lon, Qunduz va Taxor viloyatlarida faoliyat yuritadi.
Bi-bi-si ochiq manbalardagi bu ma’lumotlarni mustaqillari orqali tasdiqlashga imkonli bo‘lganicha yo‘q.
Xuddi shu manbalarda iddao qilinishicha, Islomiy Jihod Ittifoqi "Hay’at Tahrir ash-Shom" jihodchi guruhi nazorati ostida Suriyada ham faoliyat yuritgan.
Suriya va Iroq ham dunyoning Afg‘onistondan keyin turli O‘zbek jangari guruhlari boshpana topgan, urushgan va jon saqlab kelgan uchta davlatidan ikkitasi bo‘ladi.
Imom al-Buxoriy katibasi

Surat manbasi, http://buhoriy.com
AQSh Davlat departamenti ularni "al-Qoida"ning ittifoqchisi va Yaqin Sharqdagi o‘zbek jangarilaridan iborat eng katta guruhga nisbat bergan.
BMT Xavfsizlik Kengashiga ko‘ra, katibaga 2011 yilda Afg‘oniston-Pokiston chegarasida, O‘zbekiston Islomiy harakati saflaridan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan asos solingan.
U Suriyada 500 nafargacha xorijlik terrorchi jangarilarga bosh. Aksariyatini O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Shimoliy Kavkaz mintaqasilik Rossiya fuqarolari tashkil etishadi.
Xavfsizlik Kengashi nazdida liderlari Markaziy Osiyoga hujumlarini rejalashtirish uchun Afg‘onistonni yangi platsdarm sifatida ko‘radi.
2016 yildan boshlab, tayyorgarlik jamloqlarini ochish va yangi yollanganlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish maqsadida jangarilari Suriyadan Afg‘onistonning shimoliy Faryob, Bodg‘iz va Jauzjon viloyatlariga safarbar etilishgan.
"Imom al-Buxoriy" katibasining Afg‘onistonda 80-100 tacha jangarisi bor, deydi BMT Xavfsizlik Kengashi.
Shunday ekan, Afg‘onistonda qolayotgan katta miqdordagi AQSh harbiy texnikasi Afg‘oniston Tolibon harakatini qanchalik kuchaytirgan? Afg‘onistondagi bu harbiy jihozlar hozir Markaziy Osiyo uchun qanchalik katta tahdid? Ularni qaytarib olish uchun yana Afg‘onistonga qayta bostirib kirishgacha borishi mumkinmi? Agar, shunday bo‘lsa, buning oqibati mintaqa uchun nimani anglatadi? Agar, harbiy jihozlarini qaytarib olish uchun AQSh hukumati yirik miqdordagi yillik moliyaviy yordamini to‘xtatib qo‘ysa, buning oqibati Afg‘oniston va mintaqa uchun qanday bo‘lishi mumkin? Bu masalada Markaziy Osiyo davlatlarining mavqei qanday bo‘lishi kerak, ular qanday yo‘l tutishlari lozim? Bi-bi-si O‘zbek xizmati Afg‘onistondagi AQSh harbiy texnikasi bilan bog‘liq so‘nggi oylarda bo‘y ko‘rsatayotgan xabarlar manzarasida xuddi shu kabi savollar bilan Tolibon va mintaqaviy masalalar bo‘yicha qator xalqaro ekspertlarga murojaat qildi:
Bu qurol-yarog‘larni turli guruhlar sotib olishlari mumkin. Ammo, so‘zsiz, buning uchun sizga pul kerak. Men hozir O‘zbekiston Islomiy harakatida pul ko‘p, deb o‘ylamayman.
Savol: Bu harbiy texnika Tolibonni qanchalik kuchaytirgan?
Antonio Justotstsi: Bilasizmi, men bu raqamlarga shubha bilan qarayman. Yarim millionga yaqin qurol-aslaha yo‘q, yo‘qolgan, chunki ularga nima bo‘lganini hech kim bilmaydi. Zaxirada juda ko‘p narsalar bor, hatto Tolibonning o‘zi ham uning son-sanog‘ini bilmaydi, shu bois ham, menimcha, bu xususda aniq bir narsa deb bo‘lmaydi. Qancha bor, qanchasi yo‘qotilgan...Sobiq afg‘on Qurolli kuchlari saflarida xizmat qilgan ko‘pchilik o‘zining qurol-aslahasini Tolibonga topshirmagan. Shu bois, ulardan ayrimlari haligacha mamlakatning qaeridadir yashirilgan bo‘lishi mumkin. So‘zsiz, hozirgi isyonchi kuchlar ham bu qurol-aslahalardan foydalanishadi. Ya’ni, ayniqsa, muxolif guruhlar a’zolari, sobiq askarlar yoki sobiq armiya harbiylarining qurollari hanuz o‘zlarida. IShID ham bu qurol-aslahalardan ayrimlarini sotib olgan bo‘lishi mumkin. Chunki ulardan ko‘pchiligi qora bozordan joy topgan. Ya’ni, Afg‘onistonni tark etayotgan askarlarga odam qochoqchilari yoki politsiyaga berishlari, shuningdek, yo‘ldagi boshqa xarajatlari uchun pul kerak bo‘lgani bois, ulardan ko‘pchiligi o‘z qurol-yarog‘larini qora bozorda sotishgan. Ayrimlari esa, toliblarning o‘zlari tomonidan sotilgan. Tushunishimcha, hatto Tolibon manbalariga ko‘ra ham, ba’zilari Pokiston Tolibon harakatining qo‘mondonlariga xayriya qilingan. Bundan tashqari, Pokiston Tolibon harakatining bu qurol-aslahalarni qora bozordan xarid qilishga ham qurbi yetadi. Qora bozorda bunday qurol-yarog‘lar ko‘p ekaniga shubha yo‘q, lekin yarim million....Agar, shuncha qurol-yarog‘ ochiqda bo‘lganida edi, Pokiston Tolibon harakati 15 ming nafar odami bilan jang qilmayotgan bo‘lardi. Shu bois ham, men bu raqamlarga shubha bilan qarayman. Chunki bu sobiq afg‘on hukumati qurolli kuchlari qo‘lida bo‘lgan yengil qurollarning ko‘pchiligi, agar deyarli hammasi bo‘lmasa ham, hozir qora bozorda ekani yoki berib yuborilganini anglatadi. Men Tolibon hamma qurol-aslahani o‘zgalarga berib yuboradi, degan fikrdan yiroqman. Agar ulardan bundan avval 120 mingta qurol-aslaha bo‘lgan bo‘lsa, hozir qurolli kuchlarining safi yanada kengaygan. Agar politsiya kuchlarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, ularni qurollantirish uchun birgina Tolibonning o‘ziga kamida 300 mingta qurol-aslaha lozim. Shuning uchun ham, menimcha, yarim million bu juda katta raqam. Ammo Afg‘onistondan kelayotgan qurol-yarog‘lar qora bozorlarda to‘lib ketgan. Shunday ekan, ularni ko‘pchilik odam sotib oladi. Albattaki, ularning orasida isyonchilar ham bor va menimcha, faqat Pokiston Tolibon harakati emas. Ular bilan birga Pokiston hukumatiga qarshi jang qilayotgan boshqa guruhlar, ayrim kichikroq guruhlar va ba’zi mustaqil qo‘mondonlar ham bor. Shunday ekan, ular birga asosiy oluvchilarni tashkil etishadi. So‘nggi bir necha yilda ularning soni ortib borayotgani ham aniq. Boshqalar esa, bunga shubha bilan qarashadi. Chunki Pokiston Tolibon harakati chiqarib tashlanganida, xarid qilishga imkonli "al-Qoida" va boshqa guruhlarning soni ancha kam. Shu bois, ular shuncha qurol-yarog‘ni yutib yubora olishmaydi. Menimcha, Tolibon ham Afg‘oniston hududida bo‘lishlariga izn bersa-da, boshqa guruhlarning haddan ziyod kuchayib ketishlarini istamaydi. O‘zbekiston islomiy harakatiga kelsak, u ortiq yaxlit bir guruh sifatida mavjud emas, bo‘linib ketgan. Bundan tashqari, Imom al-Buxoriy katibasi bor, keyin yana ba’zi bir tojik guruhlari, uyg‘urlar....Bu odamlar, odatda, Tolibon tomonidan qattiq qo‘riqlanadi. Men joriy vaziyatda ular o‘z saflarini jiddiy kengaytirishga imkonli, deb o‘ylamayman. "Al-Qoida" bunga biroz imkonli bo‘lgan bo‘lsa ham, a’zolari soni haliyam bir necha yuz yoki minglarda chegaralanadi. Shunday ekan, so‘z katta miqdordagi qurol-yarog‘lar haqida ketganda, bu sonlar hech narsani anglatmaydi. Ammo qurol-yarog‘ ko‘pligi bois, narxlari nisbatan arzon. Bu esa, ayrim guruhlar uchun ularni xarid qilib, saqlab qo‘yishlari uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Chunki siz odam yollab, saflaringizni kengaytiradigan bo‘lsangiz, buni aniqlashning biror bir belgisi bo‘ladi. Ammo siz qurol-yarog‘larni ko‘zdan panaga yashirib, saqlab qo‘yadigan bo‘lsangiz, uning aniq sonini aytish oson bo‘lmaydi. Risk bo‘ladi, to‘g‘rimi? Misol uchun, Baluj isyonchilari ham ko‘p qurol-yarog‘ xarid qilishayotgani bizga ma’lum. Hatto Balujistondagi qora bozorda ham Afg‘onistondan kelayotgan qurol-yarog‘ ko‘p. Shunday ekan, ularni turli guruhlar sotib olishlari mumkin. Ammo, so‘zsiz, buning uchun sizga pul kerak. Men hozir O‘zbekiston Islomiy harakati yoki Afg‘onistondagi boshqa guruhlarda pul ko‘p deb o‘ylamayman. "Al-Qoida", Pokiston Tolibon harakati, Balujlarda esa, aniq mablag‘ bor.
Savol: Afg‘onistondagi bu harbiy jihozlar hozir Markaziy Osiyo uchun qanchalik katta tahdid?
Antonio Justotstsi: Agar, miqdoriga kelsak, ha, Afg‘onistonda katta hajmdagi AQSh harbiy texnikasi qolgan. Ammo, shuni ham unutmasligimiz kerakki, hali tuzum o‘zgarayotgan paytdayoq ulardan aksariyati ta’mirlab bo‘lmas ahvolda edi. Ko‘plab Hamvilar, qurolli zirhli ulovlar ham ishdan chiqqandi. To‘g‘ri, ular qurolli zirhli ulovlar. Ammo yengil qurollangan, ko‘proq isyonchilikka qarshi kurashda qo‘l keladi. Boshqa bir davlatga qarshi urushda emas. Deylik, ular tankka o‘xshagan urushadigan harbiy texnika emas. Tolibon ulardan bir qanchasini ta’mirlay oldi. Ammo, oradan vaqt o‘tib, ularning ham ehtiyot qismlari muammosi chiqadi. Toliblarga ehtiyot qismlarini esa, hech kim bermaydi. Tolibon hali boshdanoq yuz tutgan yana bir muammo - yoqilg‘i. Buncha katta sondagi ulovning harakatlanishi uchun sizga juda ko‘p yoqilg‘i kerak bo‘ladi. Buning uchun esa, ko‘p pul lozim. Ammo Tolibonda buncha pul yo‘q. Shu bois ham, bu zirhli ulovlardan ko‘p foydalanmaydi, ularni asosan harbiy paradlarda namoyish etadi. Tolibonga katta miqdorda meros qolgan va eng qo‘l kelayotgani esa, kichik yuk mashinalari. Lekin ular ham jangovar texnika emas. Tashish, yurishga mo‘ljallangan. Toliblar ulardan harakatlanish maqsadida foydalanishadi. Faqat shu. Havo kuchlariga kelsak, ular shundoq ham to‘liq shay ahvolda emasdi. Tuzum o‘zgarayotgan paytda ta’mir va qarovning yaxshi emasligi bois, ko‘plab samolyot va vertolyotlar ishdan chiqib bo‘lgandi. Bu texnika, jihozlarning ahvoli asosan xorijiy pudratchilarga bog‘liq bo‘lgan. Ular esa, ortiq Afg‘onistonda emas. Toliblar bir qancha vertolyotlarni safga qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi, lekin, shunda ham, ko‘pchiligi yaroqsiz. Yana kattagina sondagisi afg‘on uchuvchilari tomonidan ayrim Markaziy Osiyo davlatlariga olib qochilgan. Ulardan bir nechtasi orada amerikaliklarga qaytarilgan. Ammo qolganlari hanuz o‘sha yerda. Shunday ekan, Tolibonning Havo kuchlari ham asosan yuk vertolyotlaridan iborat. Ularda Amerika va Rossiyaniki bo‘lgan bir nechta yuk vertolyotlari bor. Ulardan ayrimlari pulemyot va raketa uchirgichlar bilan jihozlangan. Ammo ular ham asosan isyonchilarga qarshi kurashda qo‘l keladi, boshqa bir davlat bilan urushishda emas. Toliblarda amerikaliklardan qolgan bir necha qiruvchi vertolyotlar bor. Lekin qolgan boshqalari yaroqli ahvolda emas. O‘q-dori, yetarlicha uchuvchilari yo‘q. Tolibon uchuvchilarni tayyorlash harakatida, ammo bu uzoq vaqt talab qiladigan jarayon. Qo‘shnilari misolida olsak, Tolibon hozir asosan Pokiston bilan urushayapti. Ya’ni, o‘zaro chegarada ko‘p to‘qnashuvlar yuz berayapti. Toliblar bu to‘qnashuvlarda asosan bitta qurol – to‘plardan foydalanishayapti. Ammo bu to‘plar ham Rossiyaniki. Tez orada bu to‘plar o‘qlarining ham tagi ko‘rinib qolsa kerak. Menimcha, toliblar sobiq afg‘on armiyasidan meros qilib olgan eng qimmatli aslaha – katta miqdordagi M(Em)-4 rusumidagi qurollar. Chunki bu qurollar tungi ko‘rish moslamasi bilan jihozlangan. Bu sizga, misol uchun, isyonchilarga qarshi tungi reydlarda qo‘l keladi, sizga katta ustunlik beradi. Hozir mintaqada xuddi shunday qurolga ega isyonchilar ham bor. Misol uchun, Pokiston Tolibon harakati ham ularga ega. Siz bu qurollarni qora bozordan topa olasiz. Chunki Tolibonning qo‘liga tushmagan harbiy jihozlarning aksariyati o‘g‘irlangan yoki kontrabanda qilingan. Shunday ekan, isyonchi bo‘lsangiz, siz ularni xarid qila olasiz. Lekin qo‘shni davlatlarga tahdid nuqtai nazardan olganda, bu qurollarning harbiy qiymati ham deyarli yo‘qqa teng. Bundan tashqari, Tolibonning mintaqada eng yirik armiyaga ega bo‘lish rejasi ham xom xayol. Chunki mintaqada Pokiston eng katta armiyaga ega, 100 millionga yaqin harbiysi bor. Keyin Eron. Tolibon hatto ularning yaqiniga ham kelolmaydi. Hatto, eng yirik armiyaga ega bo‘lgan taqdiringizda ham, bu siz ularni boshqa bir davlatga qarshi safarbar eta olishingizni anglatmaydi. Buning uchun sizga bazalardan chetda faoliyat yurita olishingizni ta’minlovchi logistika tizimi zarur bo‘ladi. Hatto o‘z davlatingiz hududida amaliyot olib borishingiz uchun ham busiz iloji yo‘q. Bu esa, pul degani. Chunki kimdir sizni yoqilgi, suv, oziq-ovqat bilan ta’minlashi kerak . Tolibon esa, hatto isyonchilarga qarshi kurashga ham katta sondagi harbiysini safarbar etayotgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i bir necha mingini tashlayapti. Aksariyatini bazalarning o‘zida ushlab turibdi. To‘g‘ri, ular vaqti-vaqti bilan Pokiston bilan to‘qnashuvlarda ishtirok etishadi, ammo, shunda ham, Tolibon katta sondagi harbiysini doimiyga Pokistonda bilan chegarasiga joylashtirmagan. Chunki bu mablag‘ talab qiladi. Shunday ekan, Tolibon Qurolli kuchlarining qo‘shni davlatlarga tahdidi deyarli nolga teng. Chunki logistika bilan bog‘liq sabablar – yoqilg‘i, hamma narsa taqchilligi tufayli ular katta bo‘ladimi yoki kichik, biror bir armiyani o‘zga bir tuproqda ushlab tura olishmaydi. Ular o‘tmishda qolib ketishgan. Jang qilish, to‘p va yengil qurol-aslahalarni ishga solishni boshlasangiz, alal-oqibat o‘q-doringiz qolmaydi. Yangisini sotib olishingiz kerak bo‘ladi, buning uchun esa, pul kerak. Shuning uchun ham, biror bir yirik mojaroni moliyaviy imkonlari ko‘tarmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlari haqida gapirar ekanmiz, menimcha, ular mazkur janjal, ushbu mojaroga umuman bosh suqmasliklari lozim. Iqtisodiy hamkorlikka eʼtibor qaratganliklari tuzuk.
Savol: Ularni qaytarib olish uchun yana Afg‘onistonga qayta bostirib kirishgacha borishi mumkinmi?
Alisher Ilhomov: Tramp va ma’muriyatining xatti-harakatlarini oldindan bashorat qilish juda qiyin. Ular masalan, urush olib borish, mamlakatlarga hududiy da’volar nuqtai nazaridan oqilona bo‘lmagan qarorlar, qadamlarga borishmoqda. Ular milliy suvereniteti va xalqaro huquqqa zid esa-da, deylik, Kanadani Amerikaning bir qismi sifatida ko‘rishni xohlashlari, bundan tashqari, Grinlandiyani ham o‘z nazoratlari ostiga olishni istashlariga imo-ishoralar qilishayotir. Bu kabi bir manzarada, albatta, hech bo‘lmaganda ritorik darajada qandaydir tajovuzkor qadamlar bo‘ladi. Ammo masala bunda emas. Masala o‘z maqsadiga yetishish uchun aytilayotgan so‘zlarning qanchalik amaliy qadamga aylanishi-aylanmasligida. Qiymati qandaydir 7 milliardlik harbiy texnika uchun Afg‘onistonga yana qo‘shin yuborish, boshqa bir mamlakatga bostirib kirish, qandaydir harbiy harakatlarni boshlash oxir-oqibat Amerika Qo‘shma Shtatlariga bir necha bor qimmatga tushadi. Agar riyoziyotda kuchli bo‘lishsa, ular buning o‘zlariga qanchaga tushishini hisoblab chiqishlari ham mumkin. Chunki bu davlatga oldin ham bostirib kirishgan. 2001 yil 11 sentyabr hujumlariga javoban Afg‘onistonga kirish va u yerdagi tuzumni o‘zgartirishga qaror qilishgan. Ammo alal-oqibat hech narsaga erisha olishmagan. Faqat yuz milliard dollarlab pullarini xarjlashgani qolgan. Ta’bir joiz, bu yana eshagidan tushovi qimmatga o‘xshagan gap bo‘ladi. Shunday ekan, mantiqan aytganda, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan qandaydir bosqin yoki harbiy aralashuv bo‘lishi dargumon. Men bunday deb o‘ylamayman. Bundan tashqari, ayniqsa, o‘zida qolgan qurol-yarog‘lar nazarga tutilganida, Tolibon ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu kabi harbiy aralashuviga ancha yaxshi qarshilik ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bois, ish qandaydir qurolli to‘qnashuvgacha yetib bormaydi. Biz hozir buning Tramp ma’muriyati tomonidan faqat ritorika darajasida ekanini kuzatayapmiz.
Savol: Agar, harbiy jihozlarini qaytarib olish uchun AQSh hukumati yirik miqdordagi yillik moliyaviy yordamini to‘xtatib qo‘ysa, buning oqibati Afg‘oniston va mintaqa uchun qanday bo‘lishi mumkin? Ekspert sifatida Afg‘onistonda qolgan katta miqdordagi AQSh harbiy texnikasi bilan bog‘liq mojaro yechimini nimada ko‘rasiz?
Alisher Ilhomov: Hech nimada. Qo‘shma Shtatlarning ushbu harbiy texnika "o‘lja" ekani va ularning ishg‘oli Afg‘onistonga yetkazgan ziyonga tovon sifatida o‘sha yerda qolishi faktiga ko‘nishi kerak bo‘ladi. Tramp bunga majbur bo‘ladi. Chunki Tramp hozir o‘zi norizo yoki yovqarash mavqe’da bo‘lgan davlatlarga nisbatan nima qilayapti – ularga faqat yangi bojlar bilan tahdid qilmoqda. Eng yomon holatda bu iqtisodiy jazo choralari bo‘lishi mumkin. Demak, u Afg‘onistonga qarshi qandaydir bojlar kiritadigan bo‘lsa, bu hech qanday samara bermaydi. Chunki Afg‘oniston shundoq ham Amerikaga deyarli hech narsa eksport qilmaydi. Lekin xalqaro moliyaviy tashkilotlarning ayrim kanallarini to‘sishi, ular Afg‘onistondagi banklarga pul, kredit bera olmasligi, u yerga sarmoyalar bormay, sarmoyaviy loyihalar amalga oshmasligi mumkin. Ha, u Afg‘onistonning global resurslarga yo‘lini to‘sib qo‘yishi mumkin. Afg‘onistonning esa, o‘zi bilan chegaralanib qolgan, rivojlanish emas, faqatgina "omon qolish"ga asoslangan iqtisodiga tayanishdan boshqa narsa qolmaydi. U bu mamlakatning rivojlanish istiqbollariga ham g‘ov bo‘la oladi. Ammo iqtisodiy jihatdan yashab qolish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqara olmaydi. Bundan tashqari, Afg‘oniston Xitoy bilan, boshqa davlatlar, jumladan, Pokiston bilan ikki tomonlama hamkorlik nuqtai nazaridan qandaydir munosabatlarni rivojlantirishi mumkin. Bu Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan kiritilishi yoki kuchayishi mumkin bo‘lgan salbiy jihatlarni qoplaydi.
Savol: Sizningcha, mazkur masalada Markaziy Osiyo davlatlarining mavqei qanday bo‘lishi kerak, ular qanday yo‘l tutishlari lozim?
Alisher Ilhomov: Bu Trampning har qanday tajovuzkor xatti-harakatlariga qarshi yana bir dalil. Tolibon bilan qiyoslanganda, ikki yovuzdan ko‘proq yovuzlik tug‘dirayotgani aynan IShID bo‘ladi. Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlari haqida gapirar ekanmiz, menimcha, ular mazkur janjal, ushbu mojaroga umuman bosh suqmasliklari lozim. Ular AQShning $7 milliard dollarlik harbiy texnikasi bilan bog‘liq mashmashalardan uzoqroq turganliklari ma’qul. Buning o‘rniga, ko‘proq qandaydir iqtisodiy hamkorlik masalalariga e’tibor qaratganliklari tuzuk. Ya’ni, masalan, O‘zbekiston uchun Afg‘oniston hududi orqali janubiy dengizlar - Pokiston portlariga chiqish o‘ta muhim. Menimcha, Pokiston ham bundan manfaatdor bo‘ladi. Ular shu narsaga urg‘u berishlari va Afg‘onistonga nisbatan siyosatlarini shuning atrofida qurishlari kerak. Afg‘onistonni o‘zining iqtisodiy rivojlanishi masalalariga ko‘proq jalb qilish lozim. Agar ular hozir harbiy texnika masalaga aralashadigan bo‘lishsa, bu Afg‘oniston bilan Markaziy Osiyo yoki Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashishiga olib kelishi ehtimoli bor. Bu esa, Afg‘onistonning amaldagi rahbariyatining yanada eksremist qanotiga erk berishi va ularni qo‘zg‘ashi mumkin. Bilamizki, Afg‘onistondagi hukumat yaxlit emas. Oralarida iqtisodiy rivojlanishni afzal bilayotgan yetakchilari barobarida "Haqqoniy"ga o‘xshash anchayin eksremist mavqe’da bo‘lganlari ham bor. Ular hatto o‘zlarining xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan ham tanilganlar. Shuning uchun ham, ularning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan qandaydir tajovuzkorona siyosatni boshlashlariga qandaydir asos bermaslik lozim. Biz qandaydir qo‘shma iqtisodiy hamkorlik masalalariga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Ayniqsa, asosiy loyiha sifatida ikkita – Afg‘oniston osha Pokistonning janubiy portlariga yo‘l va suv resurslaridan foydalanishga qaratilgani bo‘lishi kerak. Hozircha Tolibon suv masalasida hamkorlikka borayotgani yo‘q. Lekin diplomatik yo‘llar, iqtisodiy ta’sir vositalari bilan Afg‘onistonni bu sohada ham hamkorlikka undash kerak. Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari nuqtai nazaridan eng yomon stsenariy Afg‘onistonda qandaydir yangi qurolli mojaroning boshlanishi bo‘ladi. Biz so‘nggi yigirma yildan ortiqroq vaqt davomida guvoh bo‘lgan tarix yana takrorlanadi. Shuning uchun ham, e’tiborni tinchlikni saqlash, davlatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratishimiz, Markaziy Osiyo chegaralarini kengaytirishi mumkin bo‘lgan yagona iqtisodiy makonga qaratishimiz lozim.
Mazkur materialni tayyorlashda Bi-bi-si Dariy xizmati surishtiruvi natijalari, xodimlari Yusuf Rasuliy va Ziyo Shahriyor hammuallifligidagi maqoladan ham foydalanildi.












